TURLI MAMLAKATLARDA O'QITUVCHILARNI TAYYORLASH VA ULARNING MALAKASINI OSHIRISH TIZIMINING TAQQOSIY TAHLILI.
Abstract
Maqolada turli mamlakatlarda o‘qituvchilarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi tahlil qilingan. Zamonaviy ta’lim jarayonida pedagogning kasbiy kompetensiyasi va uzluksiz rivojlanishi muhim omil sifatida baholanadi. Finlyandiya, Yaponiya va AQSh tajribalari O‘zbekiston tizimi bilan qiyoslanib, o‘xshash hamda farqli jihatlar aniqlangan. Tadqiqot natijalari o‘qituvchilar malakasini oshirishni takomillashtirish va xalqaro tajribalarni milliy sharoitga moslashtirishda amaliy ahamiyat kasb etadi.
Full text
ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 12 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 136 TURLI MAMLAKATLARDA O’QITUVCHILARNI TAYYORLASH VA ULARNING MALAKASINI OSHIRISH TIZIMINING TAQQOSIY TAHLILI. Ne’matullayeva Gulasal Yashnarovna Pedagogika va Psixalogiya ta’lim yo’nalishi 3 - bosqich talabasi. https://doi.org/10.5281/zenodo.17841597 Annotatsiya. Maqolada turli mamlakatlarda o‘qituvchilarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi tahlil qilingan. Zamonaviy ta’lim jarayonida pedagogning kasbiy kompetensiyasi va uzluksiz rivojlanishi muhim omil sifatida baholanadi. Finlyandiya, Yaponiya va AQSh tajribalari O‘zbekiston tizimi bilan qiyoslanib, o‘xshash hamda farqli jihatlar aniqlangan. Tadqiqot natijalari o‘qituvchilar malakasini oshirishni takomillashtirish va xalqaro tajribalarni milliy sharoitga moslashtirishda amaliy ahamiyat kasb etadi. Kalit so‘zlar: o‘qituvchi tayyorlash, malaka oshirish, uzluksiz ta’lim, kasbiy kompetensiya, taqqosiy tahlil, xalqaro tajriba, ta’lim sifati. Kirish. Zamonaviy ta’lim tizimi innovatsion islohotlar, raqamli transformatsiya va global integratsiya jarayonlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ushbu jarayonlarda o‘qituvchi shaxsining kasbiy kompetensiyasi hal qiluvchi omil sifatida namoyon bo‘ladi. Pedagog kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini uzluksiz oshirib borish — ta’lim sifatini, samaradorligini hamda xalqaro raqobatbardoshligini ta’minlovchi muhim strategik yo‘nalishdir. Bugungi kunda dunyo miqyosida o‘qituvchilarni tayyorlashning ilmiy-metodik asoslarini takomillashtirish, pedagogik amaliyot va nazariyani uyg‘unlashtirish masalalari keng muhokama etilmoqda. Rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, samarali o‘qituvchi tayyorlash tizimi ilmiy asoslangan seleksiya, amaliyotga yo‘naltirilgan o‘quv dasturlar va uzluksiz malaka oshirish mexanizmlariga tayangan holda tashkil etiladi. Shu nuqtayi nazardan, Finlyandiya, Yaponiya va AQSh kabi mamlakatlarning pedagogik tajribalari O‘zbekiston ta’lim tizimi uchun muhim nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy ta’lim tizimida o‘qituvchini tayyorlash va uning kasbiy kompetensiyasini rivojlantirish jarayoni har bir mamlakatning ta’lim siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Dunyoda ilg‘or pedagogik tajribaga ega bo‘lgan mamlakatlar — Finlyandiya, Yaponiya va AQSh — bu borada o‘ziga xos samarali tizimlarni shakllantirgan. Quyida ularning o‘qituvchi tayyorlash va malaka oshirish tizimlari ilmiy nuqtayi nazardan tahlil qilinadi. Finlyandiya tajribasi: Finlyandiya ta’lim tizimi dunyoda eng muvaffaqiyatlilardan biri sifatida tan olingan bo‘lib, uning asosi sifatida o‘qituvchilarni tayyorlashning chuqur ilmiyuslubiy modeli turadi. Pasi Sahlbergning “Finnish Lessons” asarida qayd etilishicha, Finlyandiyada o‘qituvchi bo‘lish uchun magistr darajasiga ega bo‘lish majburiy bo‘lib, bu talab butun ta’lim tizimini yuqori ilmiy asosga ko‘taradi (Sahlberg, 70-bet). O‘qituvchilar universitetlarda faqat pedagogik nazariyani emas, balki kognitiv psixologiya, rivojlanish psixologiyasi, didaktika, pedagogik diagnostika, inkluziv ta’lim, fan metodikasi kabi chuqur ilmiy yo‘nalishlarni o‘rganadi. Shuningdek, har bir bo‘lajak o‘qituvchi ilmiy tadqiqot olib borishi shart bo‘lganligi sababli, Finlyandiya o‘qituvchilari ilmiy izlanish madaniyatiga ega bo‘ladi, amaliyotga yangicha yondashuvlar kiritadi va o‘z faoliyatini tahlil qilishga o‘rganadi.
ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 12 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 137 Finlyandiyada amaliyot ham juda kuchli tashkil etilgan. O‘qituvchilar tayyorlanadigan pedagogika universitetlari o‘zlariga qarashli “laboratoriya maktablari”ga ega bo‘lib, talabalarning katta qismi aynan shu maktablarda real dars berish, kuzatuv, dars tahlili, muammoli vaziyatlarni baholash kabi ko‘nikmalarni rivojlantiradi. O‘qituvchilar tayyorlashda ustoz-shogird tizimi kuchli bo‘lib, har bir talaba tajribali mentor bilan ishlaydi. Finlyandiyada malaka oshirish tizimi “uzluksiz professional rivojlanish” tamoyiliga asoslanadi. Har bir o‘qituvchi yil davomida ilmiyamaliy seminarlar, treninglar, malaka oshirish kurslarida qatnashadi. Eng muhimi, bu jarayon majburiy nazorat yoki attestatsiya shaklida emas, balki o‘qituvchining ichki ehtiyoji sifatida yo‘lga qo‘yilgan. Ta’lim tizimining butun mafkurasi “o‘qituvchi ta’limning yuragi” degan g‘oyaga tayanadi. Shuning uchun Finlyandiya tajribasi o‘qituvchi kasbini yuqori maqomda saqlash, ularga mustaqillik berish va katta ishonch bildirish bilan ajralib turadi. Yaponiya tajribasi: Yaponiya ta’lim tizimi nafaqat samaradorligi, balki intizom va professional yondashuvi bilan dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Bu tizimda o‘qituvchi kasbi eng nufuzli kasblardan biri sanaladi, o‘qituvchilikka kirish esa juda qiyin va tanlovli jarayondir. Talabgorlar pedagogika universitetlarida puxta tayyorgarlikdan o‘tadi: ular pedagogik psixologiya, didaktika, sinfni boshqarish, o‘quvchilarda motivatsiya shakllantirish, madaniy qadriyatlar asosida tarbiya kabi fanlarni o‘rganadi. O‘qituvchilarning amaliyot jarayoni murakkab bo‘lib, ularda sinf boshqaruvi, dars syomkasi, darsni rejalash, dars jarayonini tahlil qilish kabi ko‘nikmalar mustahkamlanadi. Yaponiya tajribasining eng diqqatga sazovor jihati — “lesson study” metodidir. Yoshida tomonidan chuqur o‘rganilgan bu metodda o‘qituvchilar birgalikda darsni loyihalash, uni o‘qituvchi tomonidan o‘tkazilgan holatda kuzatish, videoga olish, muhokama qilish va takomillashtirish bilan shug‘ullanishadi (41-bet). Bu jarayon o‘qituvchilar orasida hamkorlik madaniyatini, tanqidiy fikrlash, refleksiya va kasbiy o‘sishni kuchaytiradi. Yaponiya o‘qituvchilari uchun har yili majburiy malaka oshirish kurslari mavjud. Bundan tashqari, o‘qituvchilar o‘z faoliyati davomida muntazam ravishda seminarlarda, tadqiqot loyihalarida, pedagogik klub va assotsiatsiyalarda ishtirok etadi. Ularning professional rivojlanishi doimiy ravishda baholanib boriladi. Eng muhim tomoni, o‘qituvchi ijtimoiy hurmat va yuqori maosh bilan ta’minlangan, bu esa kasbning nufuzi va motivatsiyasini oshiradi. AQSh tajribasi: AQSh ta’lim tizimi federativ tuzilishga ega bo‘lgani uchun o‘qituvchilarni tayyorlash jarayonida har bir shtat o‘z talablari va standartlariga ega. Shunga qaramay, AQSh bo‘ylab o‘qituvchi tayyorlashning umumiy konsepsiyasi sertifikatlash, akkreditatsiya va nazariya– amaliyot uyg‘unligi tamoyillariga asoslangan. Darling-Hammondning “Teacher Education around the World” tadqiqotiga ko‘ra, AQShda o‘qituvchi bo‘lish uchun nafaqat pedagogik ta’limni tugatish, balki shtat tomonidan belgilangan maxsus imtihonlardan o‘tish — sertifikat olish kerak (Darling-Hammond, 292-bet).m AQShda pedagoglar tayyorlash tizimi amaliy ko‘nikmalarga juda katta e’tibor qaratadi. Talabalar pedagogika fakultetida o‘qish davomida maktablarda kuzatuv darslari, amaliy mashg‘ulotlar, yordamchi o‘qituvchi sifatida faoliyat olib boradi. Ular real sinflarda turli yosh guruhi, ehtiyoj va madaniy muhitga mansub o‘quvchilar bilan ishlashni o‘rganadi. Bu tizim o‘qituvchini amaliyotga tez moslashadigan, tashabbuskor va innovatsion fikrlaydigan mutaxassis sifatida shakllantiradi.
ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 12 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 138 AQShda malaka oshirish tizimi juda rivojlangan va xilma-xildir. O‘qituvchilar professional rivojlanish uchun grantlar, qisqa muddatli kurslar, sertifikatlash dasturlari, onlayn treninglar, universitetlar bilan hamkorlik loyihalarida qatnashadi. Shuningdek, o‘qituvchilar faoliyati muntazam ravishda baholanib boriladi: bu baholash o‘qituvchining malakasini oshirish yo‘nalishlarini aniqlashda yordam beradi. AQSh tajribasi innovatsiyalarga ochiqligi, o‘quvchi individual ehtiyojiga moslashish, o‘qituvchini professional tadqiqotchi sifatida shakllantirishga yo‘naltirilgani bilan ajralib turadi. Taqqosiy tahlil: Finlyandiya, Yaponiya va AQSh ta’lim tizimlari o‘qituvchilarni tayyorlash va ularning kasbiy malakasini oshirish jarayonida o‘ziga xos tamoyillar, ustuvor yo‘nalishlar va yondashuvlarga ega bo‘lsa-da, ularni birlashtiruvchi umumiy jihatlar ham mavjud. Bu davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, zamonaviy o‘qituvchi tayyorlash jarayoni faqat nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmasdan, amaliyotga yo‘naltirilganlik, uzluksiz ta’lim, ilmiy yondashuv va o‘qituvchining kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash kabi ko‘p omillarnı o‘zida mujassam etishi zarur. Umumiy o‘xshash jihatlar: Birinchidan, uchala davlat ham o‘qituvchini tayyorlashda amaliy ko‘nikmalarni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Finlyandiyada laboratoriya maktablarida, Yaponiyada "lesson study" orqali, AQShda istiqbolli o‘qituvchilik (student teaching) tizimi orqali talabalarning amaliyotga tayyorligi kuchaytiriladi. Bu esa o‘qituvchining real maktab muhitiga moslashuvini osonlashtiradi. Ikkinchidan, har uch mamlakatda uzluksiz kasbiy rivojlanish (continuous professional development — CPD) tizimi mustahkam yo‘lga qo‘yilgan. Finlyandiya o‘qituvchisi o‘z ehtiyojidan kelib chiqib malakasini oshirsa, Yaponiyada malaka oshirish jamoaviy tadqiqotlar orqali amalga oshadi, AQShda esa professional kurslar va sertifikatlar tizimi mavjud. Bu tajribalar o‘qituvchining kasbiy kompetensiyasini muntazam ravishda yangilab borishga xizmat qiladi. Uchinchi umumiy jihat — o‘qituvchilik kasbining nufuzi va ijtimoiy qadriyat sifatida e’tirof etilishi. Finlyandiyada o‘qituvchi eng yuqori ishonchga ega kasblardan biri, Yaponiyada eng nufuzli kasblardan, AQShda esa ijtimoiy ahamiyati juda yuqori bo‘lgan mutaxassislik sifatida ko‘riladi. Bu faktorlar o‘z navbatida o‘qituvchining motivatsiyasini, kasbga sadoqatini va sifatli ishlashga intilishini kuchaytiradi. O‘zbekiston ta’lim tizimi uchun uch davlat tajribasi shuni ko‘rsatadiki, zamonaviy o‘qituvchi tayyorlash jarayoni uchun kompleks yondashuv, ilmiy asoslanganlik, amaliyotga yaqinlik, uzluksiz rivojlanish va jamoaviy hamkorlik muhim omillardir. Bu tajribalarni O‘zbekiston ta’lim tizimiga moslashtirish quyidagilarni amalga oshirish imkonini beradi: o‘qituvchilar malakasini oshirish tizimini uzluksiz rivojlanish tamoyili asosida takomillashtirish; Finlyandiya tajribasidagi kabi ilmiy-tadqiqot faoliyatiga e’tiborni kuchaytirish; Yaponiya tajribasidagi “lesson study”ni O‘zbekiston maktablarida keng joriy etish; AQSh modelidan kelib chiqib, o‘qituvchilar uchun sertifikatlash va qayta tayyorlov tizimini modernizatsiya qilish; o‘qituvchining kasbiy nufuzini oshirish orqali ta’lim sifatiga ta’sir ko‘rsatish. Shu tariqa, mazkur taqqosiy tahlil O‘zbekiston uchun ham samarali yo‘nalishlarni aniqlab beradi va o‘qituvchilar tayyorlash tizimini xalqaro tajribalar asosida takomillashtirishga xizmat qiladi.
ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 12 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 139 Xulosa qilib aytganda o‘tkazilgan taqqosiy tahlil shuni ko‘rsatadiki, har bir mamlakatda o‘qituvchilarni ijtimoiy ehtiyojlarga muvofiq shakllangan. Finlyandiya, Yaponiya va AQSh tajribalarida o‘qituvchining kasbiy kompetensiyasini rivojlantirishga oid samarali yondashuvlar mavjud bo‘lib, ular o‘zaro umumiylik va farqlarga ega. Umuman olganda, xalqaro tajribalarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, o‘qituvchilarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish O‘zbekiston ta’lim tizimining raqobatbardoshligini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi. Foydalanilgan adabiyotlar 1. Pedagogika nazariyasi va tarixi: O‘qituvchilar tayyorlash va pedagogika fani ta’lim sohasi bakalavriat yo‘nalishi uchun darslik (M.X.Toxtaxodjayeva, S.Nishonova va boshq., Toshkent, 2010) 2. Pedagogik texnologiya va pedagogik mahorat (Tojiyev M., Ziyamuxamedov B., Toshkent, 2012) 3. OECD — TALIS (Teaching and Learning International Survey), 2018 (Results, Technical report, Teachers’ guide) — xalqaro taqqoslash va o‘qituvchilarni malaka oshirish bo‘yicha keng qamrovli ma’lumotlar. (TALIS — turli mamlakatlarda o‘qituvchilar tayyorlash, CPD va ish sharoitlari haqidagi eng yuqori darajadagi ma’lumot manbalaridan biri.) 4. Darling-Hammond, L.; Hyler, M.E.; Gardner, M. — Effective Teacher Professional Development (Learning Policy Institute, 2017) — samarali kasbiy rivojlanishning xususiyatlari va dalillarga asoslangan tavsiyalar. 5. Pasi Sahlberg — Finnish Lessons (kitob) va Finlandiya tajribasi haqidagi maqolalar — Finlyandiya oʻqituvchi tayyorlash tizimi. 6. “Teacher education around the world”, “Teacher Professional Development around the world” va boshqa jurnal maqolalari.