scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

BEHBUDIYSHUNOSLIK QIRRALARI

Qo'chqorova Marhabo Xudoyberganovna

Full text

3 15 4 7.2 BEHBUDIYSHUNOSLIK QIRRALARI Qo‘chqorova Marhabo Xudoyberganovna, O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17903787 Annotatsiya: Maqolada hozirgi adabiy tanqidchilikda alohida soha sifatida shakllangan behbudiyshunoslik qirralari, uning shakllanishi, bu sohada yirik monografik tadqiqotlar yaratgan olimlarning ishlariga qisqa obzor berildi. Behbudiyshunoslik shartli ravishda 4 ta davrga ajratildi. Kalit so‘zlar: Mahmudxo‘ja Behbudiy, jadidchilik harakati, behbudiyshunoslik, noshir, maorif islohotchisi, birinchi dramaturg, mufti. Abstract: This article provides an overview of the aspects of Behbudiy studies, which has emerged as a distinct field within contemporary literary criticism. It briefly examines the formation of this field and the major monographic research works produced by scholars. Behbudiy studies are conditionally divided into four periods. Keywords: Mahmudkhoja Behbudiy, Jadid movement, Behbudiy studies, publisher, educational reformer, first playwright, mufti. Аннотация: В статье представлен обзор основных аспектов бехбудиёведения, которое в современной литературной критике сформировалось как самостоятельная область. Кратко рассмотрены этапы становления данной отрасли и монографические исследования, созданные ведущими учёными. Бехбудиёведение условно разделено на четыре периода. Ключевые слова: Махмудходжа Бехбудий, джадидское движение, бехбудиёведение, издатель, реформатор просвещения, первый драматург, муфтий. Kirish. Mahmudxo‘ja Behbudiy milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotining liderlaridan biri, birinchi o‘zbek dramasi asoschisi, dramaturg, publisist, darsliklar muallifi, noshir, qozi, mufti darajasiga ko‘tarilgan diniy va dunyoviy ilmlarni baravar egallagan katta bilim egasidir. O‘zbek jadidchilik harakatining “karvonboshisi” deb ta’riflangan Behbudiy hazratlari xalq hayotini maktab, teatr, matbuot vositasi bilan isloh etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Shu oliy istak va maqsadlari yo‘lida ko‘pgina ishlarni amalga oshirib, millat ma’naviyati ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan jadid ma’rifatparvari, millat oydinidir. O‘zbek adabiy tanqidchiligida qodiriyshunoslik, cho‘lponshunoslik, hamzashunoslik kabi jadidshunoslik sohalari qatorida behbudiyshunoslik ham ajralib chiqdi, bu tadqiqotchilik yo‘nalishining tor doiradagi mutaxassis olimlar pleyadasi shakllandi. Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodining milliy va xorijiy adabiyotshunoslikda o‘rganilishini shartli ravishda davriy nuqtai nazaridan 4 ga ajratdik. Bular: 1. Behbudiy vafotidan so‘ng, XX asrning 1920-yillarida mahalliy matbuotda yozilgan zamondoshlar xotiralari, maqolalar, marsiya-she’rlar; 2. XX asrning 1970-1990-yillari oralig‘ida yaratilgan adabiyotshunos olimlarning dastlabki ilmiy tadqiqotlari; 3. Istiqlol davrida yaratilgan ko‘lamli ilmiy tadqiqotlar; 4. Xorijiy behbudiyshunoslik. 3 16 4 7.2 Adabiyotlar tahlili. Avvalo, birinchi tasnif bo‘yicha, Mahmudxo‘ja Behbudiyning sirli o‘limi masalasi ochiqlangach, 1920 yillarda Vasliy, Sayyid Ahmad, S.Ayniy, Cho‘lpon, Vadud Mahmud, Hoji Mulla Nodir, Faxriddin Rojiy, Abdusalom Azimiy, Abdulhamid Azamat, Hoji Mu’in, Laziz Azizzoda, Erturk, G.Andreyev va boshqalarning “Mehnatkashlar tovushi”, “Tong”, “Zarafshon”, “Maorif va O‘qitg‘uvchi”, “Milliy Turkiston”, “Turkistonskiye Vedomosti”, “Izvestiya SIK Turkestana”, “Nauka i Prosveщyeniye” gazeta va jurnallarida chop qilingan Behbudiy zamondoshlarining xotira, maqola, marsiya she’rlarini sanash mumkin. Xususan, shu o‘rinda xalqimiz qalbini larzaga solgan Cho‘lponning “Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasi” marsiya she’rini eslash o‘rinli. Cho‘lpon qatorida o‘sha davrda Vadud Mahmudning “Ay dohiy”, Hoji Mullo Nodirning “Olamni xarob etdi”, Faxriddin Rojiyning “Yodovorlik” marsiya she’rlari ham 1920yillarda yaratilgan. Tahlil va natijalar. Behbudiyning zamondoshi Mustafo Cho‘qayning “Istiqlol jallodlari” xotira kitobida u haqda qisqa ma’lumotlar uchraydi. Xotiranavis Mahmudxo‘ja Behbudiyning “baland bo‘ylik”, “ko‘k ko‘zli” ekanligini ta’kidlaydi. M.Cho‘qay “Turkiston milliy muxtoriyati”ni qo‘llagan va bu yo‘lda ko‘p jonbozliklar ko‘rsatgan qozoq ma’rifatparvari va siyosiy arbobdir. U sovet hukumatining tazyiqidan qochib, muhojirlikda Fransiya va Germaniyada yashagan. Umrining oxirida M.Cho‘qay konslagerlarda yuqumli kasallikka chalinadi hamda Berlindagi “Viktoriya” kasalxonasida tepkili terlama (tif)dan 1941 yil 27 dekabrida vafot etadi. U Berlindagi turk musulmonlarining Tempelxof qabristonida 1942 yil 2 yanvarida dafn etiladi. Shu o‘rinda M.Cho‘qayning Behbudiy haqida yozgan qisqa parchalarini “Istiqlol jallodlari” memuar asaridan keltiramiz: “Bizning turkistonliklardan ko‘k ko‘zli, uzun bo‘yli Mahmudxo‘ja Behbudiy bilan kalta bo‘yli Ubaydullo Xo‘ja ko‘zga tashlanar edi” [1.28]. Ikkinchi bir o‘rinda esa memuarist Behbudiyning vafot etganligiiga ishora qilgan: “Shaxsan mening nomzodim uch yerdan: Sirdaryo, Samarqand va Farg‘onadan qo‘yilgan edi. Samarqand viloyati Milliy Markaz boshida marhum mufti Xo‘ja Behbudiy afandi turardi” [1.93]. Ikkinchi tasnif bo‘yicha, Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodiga doir tarixiy haqiqatlar, asarlarining qaytadan tiriltirilishi kabi ko‘pdan-ko‘p masalalar, XX asrning 7080-yillaridan e’tiboran, Solih Qosimov, Ahmad Aliyev, Sh.Turdiyev, N.Karimov, B.Qosimov kabi qator olimlarning tadqiqotlarini sanash mumkin. Uchinchi tasnif bo‘yicha, Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodini o‘rganish, monografik tadqiqotlar, dissertatsiyalar, risolalar yaratish ishlari asosan, 1991-yildan boshlab, ya’ni Istiqlol davri yillarida nihoyatda jadallashdi. Shuningdek, Behbudiy asarlarining qayta to‘ldirilgan nashrlari amalga oshirildi. O‘zbekistonda Istiqlol davri behbudiyshunoslik sohasida A.Aliyev, M.Rahmonov, Sh.Turdiyev, N.Karimov, B.Nazarov, I.Gʻafurov, B.Qosimov, S.Ahmedov, H.Boltaboyev, H.Saidov, Sh.Rizayev, Z.Abdurashidov, 3 17 4 7.2 P.Ravshanov, D.Alimova, D.Rashidova, N.Avazov, Z.Ahrorova, Sh.Ochilov, R.Sharipov, N.Egamqulova kabi olimlarning tadqiqotlari yaratildi. To‘rtinchi tasnif bo‘yicha, xorijdagi behbudiyshunoslik ham o‘zbek behbudiyshunosligidan aslo kam emas. Xususan, Mahmudxo‘ja Behbudiyning birgina “Padarkush” milliy fojiasi o‘nlab xorijlik turkolog olimlarning tadqiqotlarida tadqiq etildi. Jumladan, “Padarkush” milliy fojiasi va ilk o‘zbek dramaturgiyasi haqida Zaki Validiy To‘g‘on, Tohir Chag‘atoy, Ibrohim Yorqin, Mehmet Saroy, Nodir Davlat, Temur Ko‘jao‘g‘li, Germaniyada Johannas Benzing, Boymirza Hayit, Ingeborg Baldauf, Amerikada Edvard Olvorot, Rossiyada A.N.Samaylovichlar tadqiqot va maqolalar yaratishgan. Mamlakatimizda Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodini o‘rganish, targ‘ib etish, xalqimizga tanitish ishlari ikki yo‘sinda kechmoqda. 1. Behbudiy asarlarining nashrlarini tayyorlash va chop etish ishlari (B.Qosimov, S.Ahmadning bu sohadagi jonbozliklarini eslash darkor); 2. Behbudiy hayoti, ijodi, fojiaviy qismatiga doir fakt va ma’lumotlarning to‘ldirilishi, tadqiq etilishi, asarlari va adib ijtimoiy-siyosiy, maorif, nashriyot sohasidagi keng qamrovli faoliyati xususida tadqiqotlar yaratish ishlari. Behbudiyshunoslik sohasida adib biografiyasi, hayoti, ijodi, serqirra adabiy, ijtimoiysiyosiy faoliyatini yoritishda B.Qosimov, A.Aliyev, N.Karimov, S.Ahmad, N.Avazov, R.Sharipov tadqiqotlari qimmatli ahamiyatga ega bo‘ldi. Xususan, bu sirada B.Qosimovning “Mahmudxo‘ja Behbudiy”, “Karvonboshi” nomli akademik uslubda yozilgan adabiy portret va “Mahmudxo‘ja Behbudiy. Tanlangan asarlar”ga yozilgan “Kirish so‘z” maqolalarini ko‘rsatish mumkin. A.Aliyevning “Mahmudxo‘ja Behbudiy” risolasi va “Ma’naviyat, qadriyat va badiiyat” kitobiga kirgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” adabiy portretlarini eslash o‘rinli. Istiqlol davri behbudiyshunoslik sohasida ayniqsa, ikki katta olim akademik N.Karimov hamda S.Ahmadlarning “Mahmudxo‘ja Behbudiy” nomli monografik tadqiqotlarni alohida e’tirof etish lozim. Har ikki olimning monografik asarlari adib ismi sharifining sarlavhaga chiqarilishi bilan o‘xshashlik kasb etadi. N.Karimovning “Mahmudxo‘ja Behbudiy. Hayoti. Faoliyati. Taqdiri” mongrafiyasi 2022 yil Toshkentda “Akademnashr”da chop qilindi. S.Ahmadning “Mahmudxo‘ja Behbudiy. Hayoti, faoliyati, vafoti” monografiyasi 2024 yilda “Info Capital books” nashriyotida bosmadan chiqdi. Har ikki olim Behbudiy tarjima holi, asarlari, adabiy, ijtimoiy-siyosiy faoliyati, pedagogik ishlari, Behbudiy va milliy teatr masalasiga doir g‘oyatda jiddiy tadqiqotlarini yaratishgan. R.Sharipovning behbudiyshunoslik sohasidagi o‘nlab maqolalari hamda “Behbudiy dahosi” risolasida adibning siyosiy-huquqiy qarashlari, siyosiy publisistikasi, jadidchilik va teatr san’ati, Behbudiyning maorif sohasidagi islohotlari masalalariga alohida diqqat qaratilgan hamda tadqiq etib berilgan [2.90]. Shu qatorda Z.Abdurashidov hamda uning 3 18 4 7.2 shogirdi N.Egamqulovalarning “Mahmudxo‘ja Behbudiy va uning “Oyina” jurnali” monografiyasini ta’kidlab ko‘rsatmoqchimiz. Mualliflar mazkur monografik tadqiqotda XIX-XX asr Turkiston ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayotida katta o‘rin tutgan Mahmudxo‘ja Behbudiy faoliyatining ayrim nuqtalariga e’tibor qaratishgan. Xususan, bu tadqiqotda Behbudiyning ustozi Gaspirinskiy bilan munosabatlari hamda “Oyina” jurnalining muharriri sifatidagi faoliyati o‘rganilgan [3.164]. Shuningdek, N.Avazovning nomzodlik hamda doktorlik ishlari ham Behbudiy hayoti, ijodi, faoliyati masalasini ancha teran o‘rganishda asqotadigan ilmiy tadqiqotlardan bo‘ldi. Olimning “Behbudiy ijodida millat va milliyat masalalari talqini” nomli fan doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan tadqiqot behbudiyshnuoslik sohasidagi eng so‘nggi yirik ishlardan biridir. Germaniyalik olima Ingeborg Baldaufning “Mahmudxo‘ja Behbudiy Falastinda”, “Mahmudxo‘ja Behbudiy va uning “Oyina” jurnali” ilmiy tadqiqotlari ham behbudiyshunoslik sohasidagi alohida sahifalardir [4.164]. Xorijiy behbudiyshnuoslik sohasida professor Shuayib Qoraqoshning “Turkistonda ilk teatrchilik faoliyati va “Padarkush” pyesasi” hamda “Turkiston jadidchilik harakatining birinchilaridan Mufti Mahmudxo‘ja Behbudiy afandi” tadqiqotlarini ham alohida ta’kidlash lozim [5.72]. Behbudiy asarlarini to‘plab, nashr etish va adib asarlarini xalqimizga tanitish va targ‘ib etish ishlarida B.Qosimov hamda S.Ahmad nashrga tayyorlagan “Tanlangan asarlar” hamda 2 jildliklari adabiy jamoatchilik orasida yaxshi qabul qilindi. B.Qosimov nashrga tayyorlagan “Tanlangan asarlar” shu kunga qadar qayta-qayta chop qilindi. Nihoyat, S.Ahmad tomonidan Behbudiyning ancha mukammal, to‘ldirilgan ikki jildligi chop etilishi behbudiyshnuoslik sohasidagi katta ishlardan bo‘ldi. Istiqlol davri yillarida ikki katta olim akademik N.Karimov va S.Ahmad taqiqotlari o‘zining mukammalligi va Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlarining hayoti, faoliyati va vafoti muammolarini atroflicha qamrab olgani bilan ahamiyatga ega. Istiqlol davri behbudiyshunosligi adib hayoti va ijodiga doir ko‘pgina muammoli masalalarga yechim topdi. Behbudiy biografiyasiga doir adib tug‘ilgan sana masalasida adabiyotshunosligimizda uch xil qarash mavjud edi. Bu haqda akademik N.Karimov o‘zining “Mahmudxo‘ja Behbudiy. Hayoti. Faoliyati. Taqdiri” monografiyasida (Toshkent, Akademnashr, 2022) shunday deydi: “Shunday qilib, Behbudiy hayoti va adabiy faoliyati bilan shug‘ullangan adabiyotshunoslarning bir qismi esa u 1874 yilda, ikkinchi qismi esa 1875 yilda dunyoga kelgan deb hisoblaydilar”. Olim juda to‘g‘ri ta’kidlaganidek, Behbudiyning tavallud sanasi haqida 1873, 1874, 1875 yillar olimlarimizning tadqiqotlarida ko‘rsatib kelinadi. Bunday chalkashlikning kelib chiqishiga sabab, Behbudiyning qizi Parvin Behbudiy otasining tavallud sanasini “1873 yil Samarqand shahrining Yomini qishlog‘ida” deb ko‘rsatishida. (adabiyotshunos Solih Qosimov bilan suhbatida). 3 19 4 7.2 S.Ahmad esa o‘zining “Mahmudxo‘ja Behbudiy. Hayoti, faoliyati, vafoti” (Toshkent, Info Capital Books, 2024) monografisiyada Behbudiyning tavallud sanasini keskin ravishda “1874” deb ko‘rsatadi. Albatta har bir olim o‘zi to‘g‘ri deb belgilagan tavallud sanani ma’lum asoslarga tayanib o‘z fikrlarini isbotlaydi. Masalan, bu asoslar: Turkiston maxfiy bo‘limining hujjati; Hoji Muin ma’lumoti; Behbudiyning qizi Parvin bergan ma’lumot; “Izvestiya TURSIK” va boshqa nashrlarni asos qilib olishadi. Akademik N.Karimov bu haqda maxsus to‘xtalgan. Behbudiyshunoslar B.Qosimov, A.Aliyev, Sh.Turdiyev, N.Karimov kabi olimlar yakdil ravishda Behbudiyning tavallud sanasini 1875 deb ko‘rsatishadi. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”da ham xuddi shu sana belgilangan[6.8]. S.Ahmad tadqiqotida Behbudiyning sirli o‘limi bilan bog‘liq holatlar ham o‘rganilib, “Rejalashtirilgan siyosiy qotillik” fasli so‘ngida shunday satrlarni bitgan: “Jinoyat prosessual kodeksida ijrochiga nisbatan yovuz ishni, tajovuzni amalga oshirishni niyat qilgan. Uyushtirgan, tashkillashtirgan shaxs jinoyatchi hisoblanadi. Demak, rus bolshevik mustamlakachilari Behbudiy va uning safdoshlarining qotili, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Vaqti-soati kelib Rusiyaning fitnasi sir-asrori to‘liq ochiladi...” [7.311]. O‘zbek adabiyotshunosligida behbudiyshunoslik mashaqqatli adabiy taraqqiyot bosqichini bosib o‘tdi. Natijada, behbudiyshunoslik alohida katta bir soha sifatida shakllandi, bu ishlar davom etyapti. Behbudiyshunoslik sohasida yechimini topmagan masalalar hali talaygina. Bular kelajakda yaratiladigan ilmiy tadqiqotlarda o‘z aksini topadi. Xulosa shuki, Turkiston muxtoriyatini, Turkiston mustaqilligini butun umr orzu qilib, shu oliy istaklari yo‘lida maorif, matbuot, teatr, adabiyot sohasida ko‘pdan-ko‘p samarali ishlar olib borgan Millat fidoiysi Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlari 44 yoshida Rusiya mustamlakachiligi siyosati tufayli qatl etildi. U millatni jaholatdan qutqarmoq istagida ko‘p zahmatlar chekdi. Shuning uchun ham u xalq orasida, ziyolilar orasida “Turkistondagi uyg‘onish va yangilik rahbari” (Hoji Mu’in iborasi), “Turkiston xalqining mehribon otasi” (Hoji Mu’in), “Turon elining bilga otasi” (Faxriddin Rojiy), “Turkiston yo‘lboshchisi” (Vadud Mahmud Samarqandiy) deb ulug‘landi. Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlarining Turkiston xalqi uchun qilgan ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-ijodiy, ijtimoiy-siyosiy faoliyati tarix sahifalarida zarhal harflar bilan ardoqlanib bitildi. U avlodlar qalbida abadiy yashaydi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Чўқай М. Истиқлол жаллодлари. – Тошкент: TRUST AND SUPPORT, 2022. – Б. 28. 2. Sharipov R. Behbudiy dahosi. – Toshkent: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, 2025. – 90 b. 3. Абдурашидов З., Эгамқулова Н. Маҳмудхўжа Беҳбудий ва унинг “Ойина” журнали. – Тошкент: Муҳаррир, 2019. – 164 б. 4. Балдауф И. ХХ аср ўзбек адабиётига чизгилар. – Тошкент: Маънвият, 2001. – 72 б. 5. Karakaş Ş. Özbek edebiyatı yazıları. – Ankara, 2012. – S. 45-110. 6. Ўзбекистон Миллий энциклопедияси. 2-жилд. Бешик-Гидрофизика. – Тошкент: “Ўзбекистон Миллий энциклопедияси” Давлат илмий нашриёти, - Б. 8. 7. Аҳмад С. Маҳмудхўжа Беҳбудий. – Тошкент: Info Capital Books, 2024. – Б. 311.