scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

ISTAK-ISMLAR YOKI DEZIDERATIVLAR

Sabohat Kenjayeva

Full text

3 68 4 7.2 ISTAK-ISMLAR YOKI DEZIDERATIVLAR Sabohat Kenjayeva, QarDU O‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17903877 Annotatsiya. Maqolada o‘zbek antroponimiyasida istak-ismlar (deziderativlar) tizimi tahlil qilinadi. Istak-ismlar farzandning sog‘-salomat bo‘lishi, yaxshi fazilat va baxt-saodatga ega bo‘lishi, kuch-qudrat, ilm-fan va martaba yuksalishi kabi motivlar asosida shakllanganligi misollar orqali ko‘rsatiladi. Shuningdek, turkiy xalqlarda ismlarning motiv va semantik o‘xshashliklari, hayvonlar va qushlar nomi, nur va oy so‘zlari orqali ifodalangan ijobiy tilaklar tahlil qilinadi. Kalit so‘zlar: istak-ismlar, deziderativlar, antroponimiya, ism motivatsiyasi, o‘zbek ismlari, turkiy antroponimika. Abstract. The article analyzes the system of desiderative names (wish-names) in Uzbek anthroponymy. It demonstrates how these names are formed based on motivations such as a child’s health and well-being, moral qualities, happiness, strength, scholarly and career success. The study also highlights semantic similarities among Turkic peoples’ personal names, including names derived from animals and birds, and positive wishes expressed through the elements “nur” (light) and “oy” (moon). Keywords: desiderative names, wish-names, anthroponymy, name motivation, Uzbek personal names, Turkic anthroponymy. Аннотация. В статье анализируется система желательных имён (дезидеративов) в узбекской антропонимии. Показано, как эти имена формируются на основе мотивов: здоровье и благополучие ребёнка, хорошие качества, счастье, сила, образование и карьерный рост. Также рассматриваются семантические сходства имён у тюркских народов, включая имена, образованные от названий животных и птиц, и положительные пожелания, выраженные через элементы «нур» (свет) и «ой» (луна). Ключевые слова: желательные имена, дезидеративы, антропонимия, мотивация имени, узбекские имена, тюркская антропонимия. Kirish. O‘zbek antroponimik tizimining muhim qatlamlaridan birini istak-ismlar yoki deziderativlar tashkil etadi. Bu turdagi nomlar bolaning tug‘ilishi jarayonida ota-ona va yaqinlar tomonidan bildirilgan niyat, tilak va orzularning bevosita ifodasi sifatida shakllanadi. Nom tanlash jarayonida ko‘pincha chaqaloqqa nisbatan ijobiy munosabat, umid, ishonch va xohishlar asosiy motiv bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun istak-ismlar mazmunan keng, funksional jihatdan barqaror hamda semantik qirralari boy bo‘lgan antroponimik birliklarni tashkil qiladi. Bunday ismlarda sog‘liq, baxt, osoyishtalik, fazilat, qudrat, ilm va nasiba kabi ijtimoiy-axloqiy qadriyatlar asosiy semantik markaz sifatida namoyon bo‘ladi. Istakismlarning shakllanishi orqali nafaqat oilaviy tilak, balki xalqning dunyoqarashi, mentaliteti va madaniy qadriyatlari ham aks etadi. Shu bois deziderativlar o‘zbek onomastikasida motivatsion tuzilishi aniq, ma’no jihatdan esa xilma-xil bo‘lgan lingvomadaniy hodisa sifatida alohida ilmiy ahamiyatga ega. 3 69 4 7.2 Metodlar va o‘rganilish darajasi. Istak-ismlarning antroponimik tizimdagi o‘rni haqida ilmiy qarashlar umuman olganda bag‘ishlov-ismlar va tavsif-ismlar bilan bog‘liq tadqiqotlarda ham tilga olinadi. Chunki deyarli barcha antroponimlarda nomlovchi subyektning ma’lum niyati yoki istagi mavjud bo‘lib, bu holat ko‘pincha bilvosita ifodalanadi. Bag‘ishlov-ismlarda tilak biror kuch, narsa yoki mavjudotga bog‘lash orqali berilsa, tavsif-ismlarda chaqaloqning belgi, fazilat yoki tashqi ko‘rinishiga oid tasavvurlar asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi. Istak-ismlarda esa tilakning bevosita ifodalanishi kuzatiladi: nomning ma’no-motivini to‘liq ravishda ota-ona va yaqinlarning chaqaloqqa bildirayotgan istagi tashkil qiladi. Masalan, farzandning jasur bo‘lib ulg‘ayishi istagi Jasur, Qo‘rqmas, Botir kabi ismlarda ochiq ifodalanadi. Ana shu xususiyat istak-ismlarni antroponimik tizimning mustaqil semantik guruh sifatida o‘rganishga asos yaratadi. Ushbu tadqiqotda istak-ismlar o‘zbek antroponimiyasi materiallari asosida tahlil qilindi. Asosiy metodlar sifatida quyidagilar qo‘llandi: tavsifiy-lingvistik tahlil – istak-ismlarning ma’no-motivatsiyasini aniqlash; semantik guruhlash – ismlarni asosiy tilak mazmunlariga ko‘ra tasniflash; qiyosiy yondashuv – istak-ismlarning bag‘ishlov va tavsif ismlaridan farqlovchi jihatlarini belgilash. Mavzu bo‘yicha mavjud ilmiy manbalarda istak-ismlarning umumiy talqini uchrasada, ularni tizimli semantik guruhlar asosida o‘rganish, motivatsion qatlamlarini alohida ajratish bo‘yicha materiallar yetarli darajada mukammal emas. Shu jihatdan mazkur tadqiqot istak-ismlarni alohida tip sifatida yoritishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Tadqiqot natijalari. O‘zbek antroponimiyasi fondida uchraydigan istak-ismlar mazmuniy-motivatsion jihatdan to‘qqiz asosiy guruhga ajralishi aniqlandi. Tahlil natijalarida ismlarning berilish asosida ota-onalarning farzandga nisbatan bevosita yoki bilvosita ifodalangan umidi, orzu-istaklari ustuvor omil ekani tasdiqlandi. 1. Sog‘u salomat ulg‘ayish istagini bildiruvchi ismlar. Bu turdagi ismlar chaqaloqning eson-omon o‘sishi, umrining barakali bo‘lishi bilan bog‘liq motivlarga tayangan. Masalan: Eson, Omon, O‘lmas, Umrzoq, Ko‘paysin, Tavakkal va boshqalar. 2. Yaxshi fazilatlar egasi bo‘lish istagini aks ettiruvchi ismlar. Bular bola kamolotida poklik, halollik, mehr-shafqat, ziyraklik kabi xususiyatlar mujassam bo‘lishini ko‘zda tutadi: Mehribon, Adolat, Ozoda, Pokiza, Zarifa, Mohira, Lutfiya, Karam, Muhsin, Himmat va boshqalar. 3. Baxt-saodat, yorqin kelajak istagini anglatuvchi ismlar. Nur, yorug‘lik va go‘zallik ramzlari bilan bog‘langan bu ismlar ota-onaning farzand baxtli bo‘lishi haqidagi tilagini aks ettiradi: Yorqin, Ziyo, Zuhro, Munavvar, Nurafshon, Oygo‘zal, Dilshod, Saodat, Sitora, Cho‘lpon kabi nomlar. 3 70 4 7.2 4. Kuch-qudrat, jasurlik motiviga asoslangan ismlar. Qadimiy turkiy an’analarga xos ravishda kuchli hayvon yoki qahramonlik tasavvurlari asosida yasaladi: Yo‘lbars, Sherbek, Qoplon, Bahodir, Jasur, Dalir, Haydar. 5. Martaba, mansab, yetakchilik istagini aks ettiruvchi ismlar. Bolaning kelajakda obro‘li, yuqori maqom egasi bo‘lishi tilagiga asoslanadi: Amir, Malik, Sardor, Sulton, Akbar, Ashraf, Jalol, Mehroj. 6. Ilm-ma’rifatga ega bo‘lish istagini bildiruvchi ismlar. Aql, zakovat, donolik kabi tushunchalarga tayangan: Alim, Dono, Oqil, Farzona, Olim, Mirza va boshqalar. 7. E’zozli, hurmatli inson bo‘lish istagini bildiruvchi ismlar. Bolaning nufuzli, qadrlangan inson bo‘lishi haqidagi niyat: Aziz, Mukarram, Muqaddas, Mo‘tabar, Shohista, Kamol, Mashhur kabi. 8. Rizq-nasibasi butun, farovon yashash istagini aks ettiruvchi ismlar. Nasiba, ne’mat, rizq bilan bog‘liq semantik maydon asosida shakllanadi: Nasiba, Ne’mat, Ro‘zi, Iris, Ko‘machboy. 9. Boylik, badavlatlik tilagi bilan yasalgan ismlar. Qimmatbaho buyumlar, boylik ramzlari asosida: Davlat, G‘ani, Gavhar, Dinor, Durbek, Kumush, Oltin, Javohir kabi nomlar. Tahlil shuni ko‘rsatadiki, istak-ismlarning aksariyati turkiy xalqlarga xos qadimiy nomlash an’analari bilan mushtarak bo‘lib, ularning mazmuniy asosida ota-onalarning ijobiy umidlari, baxt, farovonlik, qudrat, ilm va martaba kabi universal qadriyatlar mujassam. Shu bilan birga, ismlar tarkibida turkiy, arab va fors tillaridan o‘zlashgan leksemalarning faol qatnashgani ham aniqlandi. Xulosalar. Turkiy xalqlar antroponimiyasida uchraydigan ko‘plab qadimiy ismlar dastlab totemistik tasavvurlar, tabiat hodisalari, hayvonlar va qushlar bilan bog‘langan ma’naviy e’tiqodlar negizida shakllangan. Arslon, Yo‘lbars, Bars, Bo‘ri, Qoplon, Burgutboy, Shunqor, To‘ti kabi nomlar ilk bosqichda himoya, kuch, jasorat, qudrat ramzi sifatida talqin qilingan. Shuningdek, Emanboy, Qarag‘och, Chinor, Bayterak kabi nomlar muqaddas sanalgan daraxtlar yoki qadimiy kultlar bilan bog‘langan. Vaqt o‘tishi bilan mazkur e’tiqodlar asta-sekin zaiflashgan bo‘lsa-da, nomlarning semantik yadrosi saqlanib qolgan. Natijada, yuqoridagi ismlar zamonaviy o‘zbek va boshqa turkiy xalqlar ongida mardlik, botirlik, kuch-qudrat, qat’iyat kabi fazilatlarni ifodalovchi ramziy birlik sifatida yashashda davom etmoqda. Bugungi antroponimik amaliyotda bu nomlar diniy, totemistik yoki mifologik asoslardan ko‘ra ko‘proq estetik, ma’naviy va ijtimoiy qadriyatlarni aks ettiruvchi motivlar sifatida qo‘llanadi. Shu tariqa, turkiy antroponimlarning tarixiy ildizi chuqur bo‘lib, ularning bugungi mazmuni qadimgi madaniy qatlamlar, e’tiqodlar va ijtimoiy-psixologik tasavvurlar evolyutsiyasi orqali shakllanganligi aniqlandi. 3 71 4 7.2 Foydalanilgan adabiyotlar 1. Axmanova, O. S. Lingvistik terminlarning qisqa lug‘ati. Moskva: Sovetskaya entsiklopediya, 1966. 2. Besimov, Q. O‘zbek ismlari va ularning ma’nolari. Toshkent: Fan, 1991. 3. Boyce, M. Turkic Personal Names and Totemic Traditions. London: Routledge, 2007. 4. Doniyorov, X. Turkologiya asoslari. Toshkent: Fan, 2002. 5. G‘anieva, M. O‘zbek antroponimiyasi: tarixiy-madaniy qatlamlar. Toshkent: Akademnashr, 2018.