scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

SHAM' VA PARVONA "HAYRAT UL-ABROR"DA

Turdiyeva Shodiya Xusniddin qizi

Full text

3 103 4 7.2 SHAM’ VA PARVONA “HAYRAT UL-ABROR”DA Turdiyeva Shodiya Xusniddin qizi O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Toshkent, 100149, O‘zbekiston Respublikasi e-mail: shturdiyev[email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17903948 Annotatsiya. Sharq mumtoz adabiyoti o‘zining obrazlar xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Mumtoz adabiyot, ayniqsa, tasavvuf adabiyoti uchun obraz she’r mazmunini ochib beradigan asoslardan biri. Xususan, Navoiy ijodida obrazlar muhim ahamiyatga ega. Shoir ijodida ko‘plab obrazlar singari mug‘bacha, darvesh, orif, zohid, obid, soqiy, sufiy, gul, bulbul, oshiq, ma’shuq, raqib, ag‘yor, yor, may, murid, murshid, jom, sham’ va parvona obrazlaridan keng foydalangan. Bu obrazlardan sham’ va parvona shoirlarning ijod namunalarida turli mazmunlarni ifodalagan holda ko‘p uchratish mumkin. Navoiy ijodida istifoda etilgan sham’ va parvona obrazlari ushbu maqolada tahlil etildi. Bunda obrazlarning ma’noviy qatlam jihatidan boyligi, turli tashbehlar orqali bayt mazmunining yoritilishi, ijodkorning so‘zlardan foydalanish mahoratiga alohida ahamiyat berildi. Shoirning “Hayrat ul-abror” dostonida foydalanilgan sham’ va parvona obrazi tahlil qilindi hamda baytlarning ma’nosi sharhlandi. Bu obrazlarning asardagi o‘rni belgilandi. Kalit so‘zlar va iboralar: tasavvuf, ramziylik, sham’, parvona, obraz, tashbeh, salaf, timsol, bayt, misra, oshiq, yor. Аннотация: Классическая восточная литература отличается многообразием образов. Для классической литературы, особенно суфийской, образ является одной из основ, раскрывающих содержание поэзии. В частности, образы имеют большое значение в творчестве Навои. Как и многие другие образы, широко использовали в своих произведениях образы мугбача, дервиша, арифа, отшельник, обида, саки, суфийский, цветок, соловей, влюбленный, любовница, противник, враг, друг, вино, студент, учитель, джама, свечей и пропеллер. Эти образы можно встретить во многих примерах творчества поэтов свечи и пропеллер, выражая различные значения. В данной статье проанализированы образы свечой и пропеллер, использованные в творчестве Навои. При этом особое значение придавалось богатству образов в духовном плане, раскрытию содержания стиха посредством различных аллегорий и мастерству автора в словесном творчестве. Проанализированы образы свечой и пропеллера, использованные в произведениях поэта, истолкован смысл стихов. Определено место этих образов в произведении. Ключевые слова: суфизм, символизм, свеча, пропеллер, образ, метафора, предшественник, символ, двустишие, стих, влюбленный, друг. Abstract. Classical Eastern literature is distinguished by its variety of images. Classical literature, especially for mystical literature, the image is one of the foundations that reveal the meaning of poetry. In particular, images are of great importance in Navoi’s work. Like many other images in their works, widely used the images of mughbacha, dervish, orif, a hermit, obid, cup-bearer, sufi, flower, nightingale, sweetheart, lover, rival, enemy, sweetheart, wine, novice, murshid, goblet, widely used candle or propeller images. These images can be found in many examples of the works of candles or propellers poets, expressing various meaning. The images of candles and propellers used in the poet’s poem “Khairat ulabror” were analyzed, and the meaning of the verses was commented on. In this case, special importance was attached to the richness of the images in terms of the spiritual layer, the illumination of the content of the verse through various allusions, and the skill of the artists in using words. The images of the candle and the propeller used in the poet’s works were analyzed and the meaning of the verses was interpreted. The meaning of these images in the work was defined. 3 104 4 7.2 Key words or phrases: Sufism, symbolism, candle, propeller, image, allusion, predecessor, symbol, byte, verse, lover, place. Kirish. Sharq mumtoz adabiyoti, xususan, tasavvuf adabiyotida obraz va timsollar muhim ahamiyatga ega. Sharq adabiyotida an’anaga aylangan xamsanavislikda ham obraz, timsollarga alohida e’tibor qaratilgan. Bu adabiyot vakillari ramziy obrazlardan mahorat bilan foydalangan. Istifoda etilgan ko‘plab obrazlar qatori sham’ va parvona bu adabiyotda faol qo‘llanilgan. “Xamsa” tarkibidagi dostonlarda obrazlar turli rakurslardan tasvirlanadi, ularga yangi ma’no yuklanib, baytlar badiiyati yanada boyitilgan. Shu jihatdan ular davr adabiyotida muhim ahamiyatga ega. Mutasavvif olim I.Haqqulov ham o‘zining dissertatsiyasida obraz haqida quyidagi fikrlarni bildiradi: “ She’rning ruhiy va g‘oyaviy mohiyati esa obrazlarda ochiladi.”[1.108] Ustozning obraz haqidagi fikrlaridan uning asarda naqadar muhim ahamiyatga egaligini ko‘rsatadi. Adabiyotlar tahlili. Jahon adabiyotshunosligida sham’ va parvona obrazlari alohida tadqiqot obyekti sifatida Turkiyada o‘rganilgan. Xususan, Fatma Kopuz Chetinkaya 2016yili “Fors adabiyotida sham’ va parvona” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Gunay Alpay ham sham’ va parvona masnaviylari yuzasidan o‘zining tadqiqotlarini olib borgan. Dr. Sadik Armutlu ham sham’ va parvona masnaviylari bo‘yicha qator tadqiqotlarni amalga oshirgan. Tadqiqotlarda asosiy e’tibor masnaviylarga qaratilgan bo‘lib, poetik obrazlarning ma’noviy qatlamlari ma’lum darajada o‘rganilgan. O‘zbek mumtoz adabiyotida ramzillik va obrazlar muhim ahamiyatga ega. Har bir ijodkor obrazlarni o‘zining tasavvuri, e’tiqodidan kelib chiqgan holda ma’noviy boyitib boradi. Sham’ va parvona obrazlari ham shu tarzda boy ma’noviy qatlamlarga ega bo‘l borgan. Ularning badiiy asarda alohida ahamiyatga egaligiga qaramasdan, bu obrazlarning o‘zbek adabiyoti tarixidagi o‘rnini belgilash yuzasidan yetarli tadqiqotlar olib borilmagan. Garchi sham’ va parvona obrazlari monografik jihatdan o‘rganilmagan bo‘lsa ham Haqqulov I., Rafiddinov S., Salimov I., Eshonqulov H., Mamatqulova T., Bozorova N., Hamroyeva D., Mullaxo‘jayeva K., Qobilova Z., Mamadaliyeva Z., Jumanov R.,Qobilov U. kabi olimlar o‘zlarining nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarida biroz to‘xtalib o‘tgan.[2.282] Olimov Sultonmurod, Sharipov Sharofiddin kabi olimlarning kitoblarida ham bu obrazlar haqida bahs yuritilgan.[3.80] Bu tadqiqotlarda sham’ va parvona obrazlari cheklangan doirada tadqiq etilgan. Hofiz Sheroziy ijodi doirasida sham’ va parvona obrazlari o‘zbek olimlari tomonidan o‘rganilmagan. Tadqiqot metodologiyasi. Mazkur tadqiqotda sham’ va parvona obrazlarining “Hayrat ul-Abror” asaridagi badiiy va ma’noviy qatlamlarini o‘rganishda bir nechta ilmiy metodlardan foydalangan: 1. Qiyosiy-tipologik metod: Sham’ va parvona obrazlarini turli adabiy traditsiyalar (o‘zbek, turk, fors) bilan taqqoslab, ularning umumiy va o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlashga imkon berdi. 3 105 4 7.2 2. Qiyosiy-tarixiy metod: Obrazlarning tarixiy rivojlanishi, tasavvufiy va xamsanavislik an’analaridagi o‘rni, o‘zbek mumtoz adabiyotidagi konteksti solishtirma tahlil qilindi. 3. Struktur tahlil metodi: Sham’ va parvona obrazlarining asardagi struktural vazifasi, she’riy va masnaviy kontekstdagi o‘zaro bog‘liqligi, ramziy va ma’noviy qatlamlari tahlil qilindi. Ushbu metodlarning uyg‘un qo‘llanilishi obrazlarning badiiy funksiyasini, tasavvufiy mazmunini va o‘zbek mumtoz adabiyotidagi o‘rnini chuqur anglash imkonini berdi. Tahlillar va natijalar. Alisher Navoiy ijodi tasavvuf adabiyotida badiiyati, g‘oya va mazmuni bilan ajralib turadi. Shoir asarlarida badiiy so‘z qo‘llash mahorati, obraz va timsollar tasviri hamda ma’noviy boyligi, she’riy san’atlardan betakror tarzda foydalanganligi, mazmundagi teranlik birlamchidir. Navoiy asarlaridagi har bir obraz va timsol bir-biridan farqlanadi. Asarlarda istifoda etilgan obrazlar mazmunan boyitilgan, qo‘shimcha ma’nolar yuklangan. Shoir tomonida faol qo‘llanilgan gul, bulbul, rind, soqiy, may, oy, quyosh, sarv, oshiq, yor, ko‘ngil, zohid, orif, murid, murshid obrazlari singari sham’ va parvona ham mutafakkir ijodida muhim ahamiyatga ega. Sham’ va parvona Navoiyning nafaqat devonlarida, balki dostonlarida ham faol qo‘llanilgan. Navoiy o‘zining “Xamsa” asarida ushbu obrazlardan mohirona foydalangan. Xususan, “Hayrat ul-abror”da ularni turli rakurslardan tasvirlanganini ko‘rish mumkin. Shoir kitobat san’ati orqali Allohni madh etar ekan, asarning hamd qismida sham’ obrazini qo‘llaydi: Har “alif”ikim eridur jon aro, Sham’ o‘lub ul toza shabiston aro.[4.14] Bu baytda yangi qorong‘ulikdagi sham’ deya Allohni tasvirlaydi. Shoir Allohni ta’riflashda sham’ obrazini nafaqat mohiyatiga, balki bu timsolning moddiy o‘laroq ko‘rinishi, funksiyasiga ham e’tibor bergan. Arab harifi hisoblangan “alif” ham Allohning ramzi (bunda u bir, yakka, yagona, sherigi yo‘q degan ma’no ifodalaydi) bo‘lib, uning sham’ bilan birga qo‘llanilishi tasvirni yanada kuchaytirgan. Qolaversa, sham’ning moddiy ko‘rinishi ham “alif”ga o‘xshab tik. Baytdan anglashilgan umumiy ma’no esa Allohning sifatlari tasviridir. Uning yakka-yu yagonaligi, nurdan iboratligi va bu nurning olamlarni yoritib turishidir. Bu tasvirning asosi Qur’on oyatlariga tayanadi. Ya’ni Allohning nurdan iboratligi haqidagi oyatga asoslangan holda tasavvuf shoirlari unga nisbatan sham’ obrazidan foydalanishgan. Boshqa bir baytda esa Allohning yagonaligi, har narsadan oldin uning borligi, azaldan abadga qadar mavjudligi, o‘ziga ko‘zgu sifatida bu olamni yaratgani hamda ular orasida insonni o‘zgacha muhabbat bilan yaratgani haqida so‘z yuritar ekan sham’ va parvona obrazlaridan foydalanadi: Yorumayin sham’ ila koshonae, Kuymay aning ishqida parvonae.[4.18] 3 106 4 7.2 Shoir hali hech narsa yaratilmaganida, paydo bo‘lmaganida, ya’ni sham’ koshonani yoritmaganida, parvona uning ishqida kuymagan vaqtlarda ham Haq bor bo‘lganligi haqida yozadi. Baytda sham’ va parvona majoziy ma’noda qo‘llanilgan. Ular orasidagi munosabat, ishqi ilohiy bo‘lib, Haq borligida u ham hali paydo bo‘lmagan. Munojatdan anglashilgan mazmun esa barcha narsa va yaratiqlardan oldin Allohning borligidir. Sham’ koshonani yoritmasdan, unga parvona oshiq bo‘lmasdan, hali ishq olovi yonmasdan oldin, barcha yaratiqlarning avvalida ham u mavjud bo‘lgan. Shoir osmon jismlari, Allohning kuch-qudrati, uning osmon jismlari va tabiat hodisalarini boshqarishi, g‘azabidan butun koinot kulga aylanishi, muruvvatidan obod bo‘lishi haqidagi baytda sham’ obrazini qo‘llaydi: Gunbadi mino bila toqi sipehr, Kim anga sham’ anjum erur, shamsa – mehr.[4.20] Navoiy osmon va uning yoritqichlarini ta’riflaydi, ularni sham’ga o‘xshatadi. Salaflari ijodida ham osmon jisimlarini sham’ga o‘xshatish holatlari kuzatiladi. Bunda shoir sham’ning atrofni yoritish xususiyatiga e’tibor qaratiladi. Ya’ni osmon yoritqichlari Alloh tomonidan yaratilgan sham’ bo‘lib, atrofni yoritishi nazarda tutilgan. Yulduzlar, quyosh, oy falakdagi sham’lardir. Dostonda shoir tomonida keltirilagan na’tlarda ham sham’ obrazini uchratish mumkin: Zoviyai jismg‘a har zotdin, Ruh yoqib sham’ bu mishkotdin.[4.31] Har zotning tanasiga ruh misoli sham’ yoqilgani kabi joy oldi. Sham’ obrazi jon ma’nosida qo‘llanilgan bo‘lib, ruhning tanaga kirishini sham’ni yoqishga o‘xshatadi. Sham’ atrofga issiqlik, yorug‘lik taratgani kabi ruh ham tanani isitadi. Sham’ obrazini tanadagi ruh sifatida tasvirlash nafaqat Navoiy ijodida, balki uning salaflari ijodida ham uchraydi. Shoir Muhammad (s.a.v) sifatlarini keltirar ekan bir necha baytlarda sham’ obrazidan foydalanadi. Dastlab uning yuzini quyosh sham’iga o‘xshatadi: Ey sharaf avjida yuzung sham’i mehr, Soyadek ul sham’g‘a niliy sipehr.[4.31] Shoir yorga (Muhammad s.a.v.ga) murojaat qilib, uning yuzini sham’i mehr, quyoshga o‘xshatadi. Ul sham’ga (Muhammad s.a.v.) zangori osmon go‘yo soyadek. Bu tasvir orqali payg‘anbar yuzining nurliligi, bu nur olamni yoritishi, hatto osmon uning oldida soya kabi ekanligi, osmon yoritqichlarining nuri ul sham’dan nurafshon emasligi ta’riflanadi. Shoir na’tlarda sham’ni turli ma’nolarda, alohida va birikmaviy shaklda qo‘llaydi. Sham’i shabiston, sham’i islom, sham’i mehr kabi ko‘plab birikmalardan mahorat bilan foydalanadi. Asarning muqaddimasida qo‘llanilgan sham’ obrazi asosan quyosh, oy, osmon jismlari, yulduzlar, Alloh va payg‘ambarni ifodalab keladi. Navoiy na’t sham’ni 3 107 4 7.2 yulduz ma’nosida ham istifoda etgan. Muhammad (s.a.v.) shu qadar nurli ediki, uning nuri oldida tunni yorituvchi oy hamda yulduzlar hijolat tortgani tasvirlanadi: Sham’i Zuhal zulmatini nur etib, Zangiyi shabrangni kofur etib.[4.36] Payg‘anbarimizning nuri Zuhal sham’ining zulmatini ravshan etadi, tun kabi qora odamni oq qiladi. Uning nuri nafaqat yulduzlaru oyni xira qiladi, balki qalbi tun kabi qora odamlarni ham oqlikka burkaydi. Bu nur ko‘ngilni ravshan, tunni yorug‘ qiladi. Yulduzlar orasida eng yorug‘laridan biri bo‘lgan Zuhal ham uning yuzining nuridan xira bo‘ladi. Sham’ obrazidan dostonning asosiy qisimlarida ham turli ma’nolarda mahorat bilan foydalanilgan. Dostonning Nizomiy Ganjaviy va Xusrav Dehlaviyga bag‘ishlangan qismida sham’ obrazidan foydalangan holda shoirni tasvirlaydi: Sham’ kibi bazm furuzanda ul, Bazm furuzandau so‘zanda ul.[5.12] Navoiy Dehlaviyni sham’ga o‘xshatadi va uni bazmni yorituvchi deydi. Shoir nafaqat bazmni yoritadi, balki ularni kuydiradi. Dehlaviyning ijodi adabiyot ahlining majlisini yoritish bilan birga, misoli sham’ kabi kuydiradi, o‘zi ham kuyadi. Shoirning sham’ga o‘xshatilishi uning ijodi adabiyotda naqadar ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi. Sham’ning shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi, asosan ularning o‘z davrining muhim kishilaridan biri ekanligini ham ko‘rsatgan. Shoir nafaqat osmon jisimlari-yu shaxslarni, balki ko‘ngilni ta’riflashda ham sham’ va parvona obrazlaridan foydalanadi. Sirlar to‘la xazina bo‘lgan ko‘ngilga erishish uchun bosib o‘tilishi kerak bo‘lgan yo‘llarni tasvirlaydi: Goh qilib sham’g‘a parvonaliq, Goh pari ishqida devonaliq.[6.27] Solik o‘zi istagan ko‘ngil holiga erishish uchun uzoq va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tishi kerak bo‘ladi. Bu yo‘lda goh sham’ atrofida aylanadigan parvona, goh biror pari ishqida devona bo‘lish kerak bo‘ladi. Ko‘ngilni poklash, unda Allohning tajallisini ko‘rish uchun murid murshidi bosib o‘tgan yo‘llardan o‘tishi lozim. Solik ishqda parvona kabi devonavorlik bilan ustozni ko‘rsatgan yo‘ldan yurib sham’ga (Allohga) intilmog‘i kerak. Sham’ va parvonaning ilohiy ishqni tasvirlashi haqida shoirlar ijodida ko‘plab misollar mavjud. Shoir asarning bir qancha o‘rinlarida sham’ obrazi keltirilib, ko‘ngilni ta’riflashda foydalanilgan: Halqa dema, balki mudavvar lagan, Sham’ – aning mash’alai anjuman. [6.36] Navoiy ko‘ngilni jannat qushi va u uchib yurgan birinchi chamandagi (osmondagi) oy yaxlit bir javhar bo‘lib, olam uning markazi, o‘zi esa uni o‘rab turgan dengiz deydi. Shoir bu oyni tasvirlar ekan, uni halqa dema, balki aylana lagan deydi, bu sham’ barcha 3 108 4 7.2 anjumanlarning mash’alidir. Ko‘ngilning qushga o‘xshatilishi tasavvuf she’riyatida an’anaga aylangan tasvir bo‘lib, uning sham’ bilan birga qo‘llanilishi bayt badiiyatini yanada oshirgan. Shoir oyni bir o‘rinda laganga o‘xshatsa, boshqa bir o‘rinda uni anjumanlarni yorituvchi sham’, mash’alga o‘xshatadi. Shoir keyingi baytlarda ham ta’riflarni davom etadi. Avvaligi misralardagi sham’ anjumalarni yoritsa, quyidagi tasvirda gadolarning kulbalarini nurafshon etadi: Mash’al o‘lub hajr shabistonig‘a, Sham’i gado kulbai vayronig‘a. [6.36] Hajr shabistoniga mash’al, gadolarning vayron bo‘lgan kulbalariga sham’ bo‘ldi. Oy tunlari barchaga birdek nur sochadi, u nafaqat majlislarni, balki g‘ariblarning kulbalarini ham yoritadi. Oy hajrning qorong‘u tunlarni mash’ala, vayron kulbalarni sham’ misoli yoritadi. Oyning barcha yerni barobar yoritishi, vayronalarni obod etishi uning sifatidir. Asarning ko‘ngilning inson tanasiga sayohati haqidagi qismida sham’i baqo birikmasidan foydalaniladi: Sham’i baqo chun yorug‘ aylab ko‘zin, Anglabon ul saltanat ichra o‘zin.[6.45] Boqiylik sham’i uchun ko‘zini yorug‘ ayladi va u saltanatning ichida ekanligini angladi. Ko‘ngil inson tanasiga kirib, boqiylik sham’i, nuri Muhammadiy uning ko‘zlarini yoritadi. Manbalardan ma’lumki, Alloh Odam (a.s.)ni yaratgan va o‘z nuridan puflagan. Nuri Muhammadiya ham shundan kelib chiqqan. Shoirning bu bayti Qur’oni Karimning Nur surasi 35-oyati asosida yozilgan. Navoiy ijodida sham’ning ko‘plab birikmalarini uchratish mumkin. Hatto ular orasida boshqa shoirlarning asarlarida uchramaydigan birikmalar ham mavjud. Shoir har bir birikmani bayt mazmuniga mos ravishda badiiy mahorat bilan qo‘llaydi. Xayru ehson haqidagi maqolatda sahiylik haqida mulohaza yuritib, asl ehsonni farqlashni sham’ obrazidan foydalangan holda tasvirlaydi: Sham’ni kunduz yorutur beadad Mehr ziyosig‘a beray deb madad.[6.66] Kun bo‘yi sham’ni yoqib qo‘yadilar va bu bilan quyoshga yordam bermoqchi bo‘lishadi. Baytda noo‘rin saxiylik qiladigan insonlarning ishlari tasvirlangan. Aslida quyosh sham’ning yorug‘ligiga muhtoj emas, unga tunlari oy va yulduzlar muhtoj. Munosib odamga ehson qilmaslik esa kunni yoritgan quyoshga sham’ yoqib yordamlashishga o‘xshaydi. Shoir bu bilan ehsonni aslida kimlarga qilish kerakligini tushuntirishga urinadi. Kunduzi quyoshga sham’ yoqishning hojati bo‘lmagani kabi ehtiyojsizlarga ehson qilishni qoralaydi. Sham’ va yig‘ini ko‘plab ijodkorlar kabi Navoiy ham qator o‘rinlarda qo‘llaydi. Sham’ning erishini yig‘iga o‘xshatadi va adabni u orqali tasvirlaydi: Ravshan etib sham’ni har tun yig‘i, 3 109 4 7.2 Yelga berib g‘unchani xandonlig‘i,[6.73] Har tun yig‘lagani uchun sham’ yanada ravshanlashadi, gul esa kulganligi sabab shamol uchirib ketadi. Sham’ning erishi orqali yig‘i, ko‘z yosh to‘kishni tasvirlaydi va buni adabdan deb hisoblaydi. Tun bo‘yi yosh to‘kish orqali sham’ yana ham yorug‘roq nur sochadi. Baytda sham’ va gul bir-biriga qarama-qarshi qo‘yilib qiyoslanadi. Shoir nafaqat gul va sham’ni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yadi, balki yig‘I va kulguni ham tasvirlaydi. Rumiyning “Sham’dek yosh to‘kkil, ko‘ngil uying nurafshon bo‘lsin” degan fikirlariga ergashgan holda shoir sham’ning yoshlari sabab uy yanada nurafshon bo‘lganligini tasvirlaydi. Sham’ obrazidan ishq va shu kabilarni tasvirlashdan tashqari, qanoatni ham u yordamida tasvirlaydi: Sham’ki o‘z yog‘i bila qovrulur, Charx anga fonus kibi evrulur.[6.82] O‘z yog‘ida qovriladigan sham’ atrofida dunyo fonus kabi aylanadi. Qanoat haqidagi yuqoridagi misrada sham’ quyosh ma’nosida qo‘llangan. Bunda butun dunyo shu sham’ga (quyoshga) qanoat qilishi ko‘zda tutiladi. Sham’ o‘z o‘tida kuyganligi, jismi shu otash ichida bo‘lganligi uchun ham falak uning atrofida aylanadi. Navoiy qanoatli kishilarning tasavvurlarini, ichki dunyolarini tasvirlashda sham’ va parvona obrazlaridan unumli foydalanadi: Kun bo‘lubon vardi guliston anga, Oy bo‘lubon sham’i shabiston anga. [6.85] Kun uning gulistonida qizil gul bo‘lib, oy uning shabistoniga sham’ kabidir. Qanoatli odam bog‘da sayr qilgisi kelsa, falak gunbazi unga guliston, quyosh esa qizil gul bo‘ladi. Oy qorong‘u tunlarini nurafshon etadigan sham’ bo‘ladi. Bayt davomida sham’ va parvona munosabatlaridan tasvirda foydalaniladi: Anjumi shabgardg‘a bo‘lmay qaror. Sham’ aning atrofida parvonavor.[6.85] Kechaning qorovullari bo‘lgan yulduzlarning sabru qarori qolmay, sham’ uning atrofida parvona kabi aylanadi. Qanoatli odam sham’ni parvonaga aylantiradi. Shoir bu bayt orqali qanoatli kishining robbi huzurida naqadar baland ekanligini ko‘rsatadi. Navoiy qanoat, qanoatli kishilar haqidagi qarashlari, fikrlarini sham’ va parvona obrazlari yordamida go‘zal tasvirlaydi. Shoir tasvirlarda bu obrazlarning xususiyatlarini turli rakurslardan yoritadi. Shoir bu obrazni vafoni tasvirlashda ham qo‘llaydi. Quyidagi bayt vafo haqida bo‘lib, uni tasvirlashda ham sham’ obrazidan unumli foydalanadi. Qator baytlarida qo‘llagan sham’li birikmalar singari quyidagi baytda ham ularni keltiradi: Har durining lam’asi sham’i farog‘, Ne duru, ne sham’, duri shabcharog‘.[6.89] 3 110 4 7.2 Baytda yulduzlar durga o‘xshatiladi. Har bir durning yorug‘ligi misoli farog‘at sham’idir. Ular na oddiy dur, na sham’dir, balki kechani yorituvchi durdir. Shoir asarida sham’ obraziga turli yangi ma’nolarni yuklashga harakat qiladi. Shoirlar ishq o‘tini tasvirlarda qator o‘rinlarda sham’ obrazidan foydalanadi. Navoiy ham dostondagi ishq o‘ti tasvirlarida bu obrazni qo‘llaydi. Ishqni har turli rakurslardan tasvirlgan shoir, uni insonning mavjudlik sababi sifatida ko‘radi. Ishqsiz nafaqat jahon, balki jon ham bo‘lmasligini tasvirlaydi. Ularni yanada to‘liqroq tasvirlashda sham’ obrazidan foydalangan shoir quyidagi baytni keltiradi: Ishq ayon qilmoq erur husn ishi, O‘ylaki o‘t sham’ ila yoqqay kishi. [6.102] Husnning ishi ishqni ayon qilishdir, misoli kishining sham’ bilan o‘t yoqishi. Baytda husn sham’ga o‘xshatiladi. Yorning husni oshiqdagi ishqni namoyon qilishi sham’ orqali o‘t yoqishga o‘xshaydi. Misralarda sham’ va husn parallel keltirilgan bo‘lib, ikkalasi ham o‘t yoqishga xizmat qiladi. Biri ishq olovini yoqsa, biri o‘tni yoqadi. Ishq inson hayotida muhim ro‘l o‘ynaydi, u tiriklik belgisidir. Ishq otashi qalblarni ilitadi sham’ atrofni isitgani singari. Ishq haqida fikr yuritilar ekan, kezib husn tanlaydigan ko‘ngil haqida so‘zlanadi. U ko‘ngil emas, bir parcha tosh deya shoir quyidagi misralarni keltiradi: Oni ko‘ngul demaki, bir pora tosh, Ne qizig‘ay sham’ o‘tidin xora tosh.[6.103] Husn tanlab, shu husn egasiga bog‘lanadigan ko‘ngilni ko‘ngil dema, u bir parcha toshdir. Sham’ o‘tidan xarsang tosh qayerdan ham qizisin. Bu misralar orqali ishqning ilohiyligi ko‘rsatilgan. Tashqi ko‘rinishga qarab bog‘langan ko‘ngilda haqiqiy ishq bo‘lmaydi va uni ishq o‘ti isitmaydi. Bunday ko‘ngil misoli bir tosh bo‘lib, sham’ uni qayerdan ham isitadi. Sham’ baytda ham husn, ham ishq o‘ti ma’nolarida qo‘llanilgan. Chin ishqdan bexabar ko‘ngilni husn sham’i isitmaydi. Sham’ obrazi bilan ko‘p o‘rinlarda tun, majlis, anjuman birgalikda qo‘llaniladi. Navoiy sham’ obrazini yoritqich ma’nosida ko‘p qo‘llagan. Quyidagi baytda u chiroq ma’nosida va shabiston bilan birgalikda qo‘llanilgan: Sham’ bo‘yi tuz kelib ayvon aro. Shohidi bazm o‘ldi shabiston aro. [6.108] Ayvonda yonayotgan sham’ning bo‘yi rost, kelishgan. Shuning uchun kechadagi bazmga guvoh bo‘ldi. Bu tasvirda e’tibor sham’ning tikligiga qaratiladi. U to‘g‘ri bo‘lganligi uchungina bunday maqomga erishadi. Shoir bu orqali to‘g‘rilikning borliqdagi o‘rnini tasvirlaydi, insonga ham shunday yashash kerakligini ta’kidlaydi. Inson hayoti davomida barcha amallarida rost bo‘lsa, sham’ kabi majlislarning suyuklisiga aylanadi. Navoiy kuchli mubolag‘a uchun ham sham’ obrazidan foydalanadi. Uni chiroq ma’nosida ishlatish asnosida quyoshni yashirishga qodirligi tasvirlanadi. Qalam haqidagi 3 111 4 7.2 bobda uning kuchi bilan sham’ quyoshni o‘z tubiga yashirishi haqida quyidagi baytda so‘zlanadi: Harza navo ichra qilib zahra fosh, Maxfi etib sham’ tubida quyosh.[6.127] Behuda navo ichra fosh etishga jasorat qiladilar, quyoshni esa sham’ning tubiga yashiradilar. Shoir bu o‘rinda sham’ni qo‘llash orqali qalam sohiblarining nimalarga qodir ekanligini tasvirlaydi. Ular borni yo‘q, yo‘qni esa bor qilib ko‘rsata olishlarini ta’kidlaydi. Sham’ning erishi ko‘z yosh to‘kishga o‘xshatilganligi uchun ko‘plab baytlarda unga qiyoslanadi. Shoirlar bu o‘xshashlikdan o‘z asarlarida unumli foydalanishgan. Navoiy ham bu halatdan quyidagi baytda mahorat bilan foydalanadi: Bir kecha Ayyubi xalaf masti roz, To‘kar edi sham’dek ashki niyoz.[6.141] Bir kecha Ayyub farzandi (izdoshi) ilohiy sirlardan mast bo‘lib sham’dek yosh to‘kar edi. Sham’ eriganda ko‘z yosh tomchilarini eslatadigan tomchilar paydo bo‘ladi. Shoir ham ilohiy sirlaardan mast bo‘lib yosh to‘kayotgan insonni, atrofni yoritish uchun eriyotgan sham’ga o‘xshatadi. Sharq adabiyotida yosh ko‘ngil ko‘zgusini tiniqlashtirishi ta’kidlanadi. Ko‘plab ijodkorlar sham’ kabi yosh to‘kib ko‘ngilni nurafshon qilish haqida yozganlar. Sham’ yonib yosh to‘kkani sayin yanada nurafshon bo‘ladi. Solik ham tinmay yosh to‘kish orqali ko‘ngil oynasini tozalaydi. U qanchalar toza bo‘lsa, Allohning tajallisi shunchalar ravshan ko‘rinadi. Ko‘z yosh va sham’ orasidagi o‘xshatish sharq adabiyotida bisyor. Sham’ni nafaqat yoshga o‘xshatadi, balki yosh to‘kayotgan kishini unga hamrohligi ham aytiladi: Ashk duri bahrig‘a pobast edi, Kuymak aro sham’g‘a hamdast edi. [6.141] Dur kabi ko‘z yoshlari dengiziga tutqun (g‘arq bo‘lgan), kuyishda sham’ga sherik edi. U sham’ kabi yosh to‘kar ekan, unga sherik bo‘lib kuyadi ham. Sham’ nur sochib, shu otashda o‘zi ham kuyadi. Solik ham u kabi yosh to‘kib, ilohiy ishqning otashida kuyadi. Kuyish va yosh to‘kishda ular ikkisi o‘xshashdir. Osmon sham’lari haqidagi fikrlarni davom ettirar ekan, shoir o‘z so‘zlarini o‘zi inkor qiladi. Osmon qavatlaridagi sayyoralarni dastlab sham’ga o‘xshatib, yana buni inkor ham etadi: Sham’ qayu sham’ki, fikrat tuni, Har biri bir mash’alaning uchquni. [6.183] Sham’ qaysi sham’ki, tafakkur kechasi har biri bir mash’alning uchqunidir. Bu sham’lar fikrat tunini yoritadi, ularning har biri mash’alaning uchqunlari singaridir. Ular shunchaki osmonni emas, balki tasavvurlarni nurafshon etadi. Ular qalbni, tafakkurni, shuurni, hayot yo‘lini yoritadi.