ADABIY PORTRETDA IJODKOR SHAXSIYATINING INTERPRETATSIYASI
Full text
3 119 4 7.2 ADABIY PORTRETDA IJODKOR SHAXSIYATINING INTERPRETATSIYASI Dildora Bahriddinova, Oʻzbekiston Milliy universiteti Jurnalistika va oʻzbek filologiyasi fakulteti doktoranti E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17903968 Annotatsiya: Ushbu maqolada adabiy tanqidchi Umaraali Normatov tomonidan yaratilgan Erkin Vohidovga bagʻishlangan “Koʻngillarga koʻchgan sheʼriyat” nomli portreti tahlil qilinadi. Ilmiy tadqiqotda adabiy portret janrining nazariy asoslari, biografik va estetik jihatlari ko‘rsatib beriladi. Portretda shoir shaxsiyati poetik, milliy va falsafiy kontekstda qay darajada ochib berilgani ilmiy tahlil qilinadi. Kalit soʻzlar: adabiy portret, biografik yondashuv, estetik tahlil, ijodkor shaxsi, davr fojeasi, sheʼriyat, gʻazal, devon, qasida, doston, kontsepsiya. Abstract. This article analyzes the literary portrait of the poet Erkin Vohidov created by literary critic Umaraali Normatov under the title “Poetry that Moved into Hearts”. The research explores the theoretical foundations of the literary portrait genre, as well as biographical and aesthetic approaches. The article provides a scholarly analysis of how the poet's personality is revealed within poetic, national, and philosophical contexts. Keywords: literary portrait, biographical approach, aesthetic analysis, creative personality, tragedy of the era, poetry, gazal, divan, qasida, dastan, concept. Аннотация. В данной статье анализируется литературный портрет поэта Эркина Вохидова, созданный литературным критиком Умарали Норматовым под названием “Кўнгилларга кўчган шеърият”. Научное исследование освещает теоретические основы жанра литературного портрета, а также биографические и эстетические подходы. В портрете подвергается научному анализу степень раскрытия личности поэта в поэтическом, национальном и философском контексте. Ключевые слова: литературный портрет, биографический подход, эстетический анализ, личность творца, трагедия эпохи, поэзия, газель, диван, касыда, дастан, концепция. Kirish. Adabiy portret - adabiyotshunoslikda ijodkor shaxsiyatning o‘ziga xos tabiati va ruhiy dunyosiga chuqurroq nazar tashlashga qaratilgan janr bo‘lib, u esseistika, adabiy tanqid va biografiya elementlarining o‘zaro kesishgan nuqtasida namoyon bo‘ladi. Bunday portretlar odatda faqat adibning ijodiy merosini tavsiflash bilan chegaralanib qolmasdan, uning shaxsiy olami, ruhiy qiyofasi, hayotiy va intellektual jihatlarini ham aks ettiradi. Shu jihatdan, adabiy portretda muallif pozitsiyasi, subyektiv idrok va estetik baholash asosida badiiylashtirilgan tahlil ustuvorligi ko‘zga tashlanadi. Unda nafaqat ijodkor haqida ma'lumotlar, balki mulohazalar, estetik xulosalar va umumlashmalar mujassam bo‘ladi. Ushbu maqola O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov shaxsiyati va ijodining adabiy talqinini o‘rganishga qaratilgan bo‘lib, taniqli adabiyotshunos olim Umarali Normatovning u haqida yozgan adabiy portretini tahlil qilishga bag‘ishlanadi. Maqsad - portret orqali adib shaxsiyati qanday interpretatsiya qilinganini, muallif qanday biografik va estetik yondashuvlardan foydalanganini, shuningdek, adabiy portret janrining ilmiy va badiiy
3 120 4 7.2 xususiyatlari qanday ekanini ochib berishdir. Maqolada munaqqidning badiiy-nazariy uslubi, Erkin Vohidov haqidagi mulohazalari, shoir ijodiy merosiga qanday estetik mezonlar asosida yondashuvi tahlil qilinadi. Mazkur tahlil asosida adabiy portret janrining ilmiy jihatlari, adabiyotshunoslikdagi o‘rni va badiiy talqin imkoniyatlari haqida xulosalar chiqarish ko‘zda tutiladi. Tadqiqotda adabiy portret janrining nazariy asoslari zamonaviy va klassik adabiyotshunoslik doirasida shakllangan muhim ilmiy qarashlar asosida tahlil qilindi. Adabiyotlar tahlili va metodologiya. V.G. Belinskiy tomonidan adabiy tanqidga xos subyektiv-estetik yondashuv, D.S. Lixachyovning shaxs va davr o‘rtasidagi madaniymatniy aloqalarni ochib beruvchi konseptsiyasi, L.Grossmanning adabiy portret orqali yozuvchi shaxsiyati va ijodiy yo‘nalishi, estetik qarashlarini tadqiq etishga oid g‘oyalari, V.Vulfning adabiy biografiya va portretlar haqidagi nazariy mulohazalari, shuningdek, Sh.Ahmedovaning tarixiy-biografik yondashuv asosida adabiy portret yaratish haqidagi qarashlari ushbu janrni chuqur tushunish va izchil tadqiq etishda metodologik asos sifatida xizmat qildi. Shuningdek, Erkin Vohidov haqidagi adabiy portretni o‘rganishda bir necha ilmiy metodlar qo‘llanildi. Avvalo, immanent tahlil asosida portret matnida qo‘llangan ifoda uslubi, til vositalaridan foydalanish imkoniyatlari, stilistik vositalar tahlil qilindi. Biografik tahlil orqali Vohidovning hayotiy yo‘li, ijodiy shakllanish bosqichlari, adabiy muhit va tarixiy kontekst bilan bog‘liq jihatlari yoritildi. Portretdagi estetik ideal, badiiy obrazlar tizimi, go‘zallik mezonlari va adabiy qadriyatlarning talqiniga e'tibor qaratdi. Mazkur yondashuvlar uyg‘unligi U.Normatov tomonidan yaratilgan portretni faqat faktologik ma'lumotlar yig‘indisigina emas, balki estetik-badiiy anglash modeliga aylantiradi. Bu portretda shaxs va ijod birligi, mualliflik nigohi va davr ruhi o‘zaro uzviylikda namoyon bo‘ladi. Shu tariqa, Erkin Vohidov haqidagi adabiy portret zamonaviy adabiyotshunoslikda badiiy ijod va ijodkor shaxsiyati, davr va shaxs munosabatlarini tahlil qilishda samarali vosita sifatida namoyon bo‘ladi. Portret atamasi (fr.portrairetasvirlamoq) adabiyotshunoslik lugatlarida ikki xil ma’noda izohlanadi. Birinchisi badiiy asarda to‘laqonli “inson obrazini yaratish va uning xarakterini ochish vositalaridan biri” [1] bo‘lsa, ikkinchisi tanqidchilikda keng tarqalgan yozuvchi hayoti va ijodini yorituvchi tanqidiy asarlar bo‘lib, ular adabiyotshunoslikda adabit portret nomi bilan yuritiladi. Biz ushbu tadqiqotimizda atamaning uhsbu ma’nosini nazarda tutamiz. Adabiy portret - adabiyotshunoslik va adabiy tanqidning gibrid janri bo‘lib, u bir vaqtda biografiya, esseistika va estetik tahlil xususiyatlarini o‘zida birlashtiradi. Bu janr orqali yozuvchi yoki adib shaxsiyati, uning ijodiy dunyosi va tarixi faqat ma’lumotlar orqali emas, balki obrazli tafakkur orqali ifodalanadi. Adabiy portret real shaxsga bag‘ishlanadi, lekin u tanqidiy, g‘oyaviy, uslubiy tahlil va tahlillar asosida yuzaga chiqadi. Adabiy portret janri Yevropa adabiyotida XIX asrda ayniqsa rivojlandi. Fransuz adabiyotida Sharl Sent-Byov adabiy portret janrining asoschisi bo‘ldi. U “adabiy portret” (“portrait littéraire”) iborasini ilk bor
3 121 4 7.2 o‘z asarlaridan biriga sarlavha qilib qo‘yish orqali umumiy muomalaga kiritdi. Agar Onore Balzak yozuvchini “jamiyatning kotibi” deb bilgan bo‘lsa, Sent-Byov tanqidchini “ommaning kotibi” deb ataydi: “Men shunday da’vo qilishga jur’at qilaman, deb yozgan edi u, – tanqidchi – ommaning oddiygina kotibi, lekin u shunday kotibki, unga diktovka qilinishini kutmaydi, balki har bir tongda boshqalarning fikrlarini oldindan sezadi, taxmin qiladi va yozib oladi” [2]. Adabiy portret ko‘pincha tanqidiy fikrlar tarkibida keladi, biroq u alohida adabiy janr sifatida ham o‘z shakliga ega. Masalan, V.G. Belinskiy Lomonosov, Pushkin va Lermontov haqidagi maqolalarida adabiy portretning barcha jihatlarini namoyon etadi. Keyinchalik rus adabiy tanqidchiligida A. V. Lunacharskiy, V. Vorovskiy, Yu. Ayxenvald va I. Erenburg singari mualliflar bu janrni rivojlantirdi. L.Grossman bu janrni “insonning ijodiy qiyofasini ko‘rsatuvchi estetik-nazariy tahlil shakli” sifatida belgilaydi[3]. Uning fikricha, adabiy portret adabiy tanqidning mustaqil va yetuk janri bo‘lib, uning asosiy vazifasi adib ijodining falsafiy-ma’naviy asoslarini ochib berishdir. Natijalar. Adabiy portret adibning asarlarini baholash va tahlil qilish, ijodkor shaxsni muayyan tarixiy kontekstda ko‘rib chiqish, keng kitobxonlar ommasiga adibning hayoti va ijodi haqida bilim berish kabi fazifalarni bajaradi. Zamonaviy adabiyotshunoslikda adabiy portret janri, ayniqsa, Umaraali Normatov kabi munaqqidlar faoliyatida muhim ilmiynazariy ahamiyat kasb etadi. Munaqqidning “Ko‘ngillarga ko‘chgan she’riyat” nomli adabiy portreti 2006-yilda Erkin Vohidov tavalludining 70 yilligi arafasida nashr etilgan. Tajribali adabiyotshunos sifatida U.Normatov ushbu tadqiqotida shaxs, badiiy ijod va davr munosabatini yaxlit xolda tahlilga tortadi. U adibni ijodkor sifatidagina emas, jamiyat a’zosi sifatida ham ko‘rishga intiladi. Ushbu portretda biografik, poetik, falsafiy va ijtimoiy komponentlar uyg‘unligi ko‘zga tashlanadi. Unda muallif nafaqat Erkin Vohidovning hayot yo‘lini va ijodiy biografiyasini hikoya qiladi, balki uning shaxsiy dunyoqarashi, ruhiy qiyofasi, estetik ideallari va ijtimoiy-siyosiy pozitsiyasini bir butun badiiy-ilmiy tizim sifatida jonlantiradi. Shu jihatdan risola klassik biografik yondashuv, poetik tahlil va psixologiya elementlarini uyg‘unlashtirgan adabiy portret sifatida namoyon bo‘ladi. Munaqqid E. Vohidovni zamonaviy o‘zbek she’riyatining yirik namoyandalaridan biri sifatida talqin etar ekan, uning poetik dunyosiga kirishda faqat dalillar bilan cheklanmaydi, balki ijodkorning tadrijiy rivojini ham diqqat markaziga qo‘yadi. Lekin bu narsa risolada an’anaviy xronologik biografiya tarzida emas, balki davr va shaxsning o‘zaro munosabatini ko‘rsatuvchi, ijodkor, badiiy ijod va muhit uchligini ochib beruvchi omil sifatida namoyon bo‘ladi. Masalan, Erkin Vohidovning Farg‘onada tug‘ilib, maktab davridanoq adabiyotga oshno bo‘lgani, keyin Toshkent davlat universiteti filologiya fakultetida tahsil ko‘rgani qayd etiladi. Lekin U. Normatov bu ma’lumotlarni oddiy ma’lumotnoma tarzida emas, balki shoirning keyinchalik ijodiy qiyofasida namoyon bo‘ladigan izlanishlar, ijodkorga
3 122 4 7.2 muhitning ta’siri bilan ichki bog‘liqlikda talqin qiladi. Erkin Vohidov shaxsiyatin risolada ikki yo‘nalishda ochiladi: 1. Ijodkor sifatidagi qiyofasi. 2. Jamoat va davlat arbobi sifatidagi faoliyati. U. Normatov uning Oliy Kengash va Oliy Majlis deputati, Senat qo‘mitasi raisi sifatidagi ishlariga maxsus to‘xtalib o‘tadi. Bunda tanqidchi shoirning parlament minbaridan ham, she’riyat minbaridan ham inson sha’ni, millat manfaatini, xalq qadrini himoya qilganini ta’kidlaydi. Bu yondashuv portretni faqat estetik emas, balki ijtimoiyaxloqiy hujjat maqomiga ham ko‘taradi. Erkin Vohidov timsolida insonparvar davlat arbobi va falsafiy–ijtimoiy shoir modeli yaratiladi. Lekin adabiy portretning markazida, albatta, Vohidov she’riyati turadi. U. Normatov shoirning “Yoshlik” devoni, “Ruhlar isyoni” dostoni, “Inson” qasidasi, “Tirik sayyohlar” kabi asosiy to‘plam va dostonlarini mozaika tarzida tizib chiqadi. Tanqidchi bu kitoblarni shunchaki sanab o‘tmaydi, balki har bir bosqichni poetik evolyutsiya nuqtai nazaridan izohlaydi. Masalan, “Yoshlik devoni”ni u Erkin Vohidov poetik olamining ruhiy manifesti sifatida talqin qiladi. Bu yerda insonga ishonch, hayotga ishtiyoq, poklik va romantik orzu asosiy emotsional tonni tashkil qiladi. Keyingi to‘plamlarda esa hayot falsafasi, tarixiy fojialar, zamona bilan bog‘liq iztirob, insonning ma’naviy mas’uliyati mavzulari kuchayadi. Muhokama. U.Normatov ayniqsa 1960–1980-yillar she’riyatidagi “romantik avlod” fenomeni haqida so‘z ochar ekan, Erkin Vohidovni ana shu avlodning yetakchilaridan biri sifatida ko‘radi. Biroq tanqidchi romantiklikni faqat hissiy balandparvozlik sifatida emas, balki insoniy ideal, ma’naviy kamolot nuqtai nazaridan ko‘rish qobiliyati sifatida ta’riflaydi. E.Vohidov she’rlaridagi romantik kayfiyat – milliy o‘zlikka qaytish, tarixiy xotira, erkinlik istagi, inson sha’nini himoya qilish bilan chambarchas bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Shu ma’noda U.Normatov talqinida Vohidov romantizmi sovet mafkurasi doirasidagi rasmiy optimizmdan keskin farq qiladi. U ichki erkinlikka, ma’naviy mustaqillikka qaratilgan. Portretning muhim qirralaridan biri Erkin Vohidov poetikasidagi inson konsepsiyasini ochib berilishi. U. Normatov uchun insoniyat masalasi, ayniqsa, XX asrning fojealari – urushlar, totalitar rejimlar, mafkuraviy bosimlar fonida o‘ta muhim. Shu tufayli u E.Vohidov she’riyatidagi inson so‘zini oddiy lirik qahramon emas, balki axloqiy me’yor sifatida talqin qiladi. Shoir uchun inson vijdon, mas’uliyat, fidoyilik ramzidir. Inson qadrini kamsituvchi har qanday kuchga qarshi ma’naviy isyon uning poetik olamida asosiy g‘oya sifatida namoyon bo‘ladi, deya ta’kidlaydi tanqidchi. Bu xulosa she’rlardan keltirilgan misollar bilan mustahkamlanadi. Boshqa tomondan, portretda shoir obrazi ideallashtirilgan bir yoqlama “qahramonlashtirish” emas, balki ichki murakkabliklarga ega jonli obraz sifatida namoyon bo‘ladi. Masalan, u shoirning ba’zi she’rlarida zamon muammolariga munosabat, ikkilanishlar, ijodkor mas’uliyatidan kelib chiqadigan ruhiy og‘riqlar borligini ta’kidlaydi.
3 123 4 7.2 Tanqidchi ayrim she’rlarda o‘tmish va bugun munosabati, ma’naviy tanazzul, insoniylik qadriyatlarining yo‘qolish xavfi to‘g‘risidagi o‘y-tashvishlarni psixologik nuqtai nazardan izohlaydi. Shu orqali adabiy portret statikadan holi, jonli ruhiy jarayonni ifoda etuvchi janrga aylanadi. Risolada Erkin Vohidovning milliy ma’naviyat, til, tarix va an’analarga munosabati ham maxsus yoritiladi. U. Normatov uni milliy o‘zlikni anglash borasida yetakchi shaxslardan biri sifatida ko‘radi. Shoirning turkiy xalqlar taqdiri, til va islom sivilizatsiyasi hududidagi madaniyatlar o‘zaro bog‘liqligi haqidagi o‘ylari, til pokligi va milliy g‘ururni himoya qiluvchi maqolalari, tarjimalari va omma oldidagi chiqishlari tanqidchi tomonidan keng talqin etiladi. Natijada adabiy portret faqat bir shoir emas, balki butun bir tarixiy-ma’naviy makon – o‘zbek adabiy zamonaviyligining timsoliga aylanadi. Ushbu portret o‘zbek adabiy tanqidchiligi an’anasi kontekstida tekshirilganda, U. Normatovning munaqqiid sifatidagi novatorligi seziladi. XIX asr rus tanqidchiligidagi V. Belinskiyning A.Pushkin haqidagi portretlarda bo‘lgani kabi, u ham tanqidni “ijod xususidagi ijod” sifatida tushunadi. She’riyatni talqin qilar ekan, o‘zi ham badiiy so‘z kuchidan unumli foydalandi. Metaforalar, lirik chekinishlar, shaxsiy xotiralar portret matnida ilmiy tahlilga badiiy jozibadorlik bahsh etadi. U.Normatovning til uslubi ilmiy aniqlik va publitsistik ta’sirchanlik uyg‘unligidan iborat. U. Normatov “Ko‘ngillarga ko‘chgan she’riyat” portreti orqali 1960-1990-yillar o‘zbek she’riyatining mafkuraviy va estetik holati haqida ilmiy xulosalar beradi. Ijodkorning partiya mafkurasi doirasida yashashi, biroq ichki ma’naviy muqobil jarayonlar orqali haqiqat izlashi kabi masalalar sahifalar orasida yaqqol ko‘rinadi. Ikkinchidan, portret misolida adabiy tanqidning “shaxsshunoslik” funksiyasi ya’ni, ijodkor shaxsiyatini ma’naviy namuna sifatida tiklash vazifasi amaliy ko‘rinish oladi. Uchinchidan, munaqqidning o‘ziga xos tanqidiy metodi – biografizm, psixolgizm va poetik tahlilni uyg‘unlashtirish uslubi hozirgi o‘zbek adabiy tanqidchiligi metodologiyasini o‘rganishda muhim nazariy asos bo‘la oladi. Xulosa. “Ko‘ngillarga ko‘chgan she’riyat” risolasi Erkin Vohidov shaxsiyati va ijodini qamrab olgan, chuqur ilmiy asoslangan va badiiy jihatdan yuksak adabiy portretdir. Unda U. Normatov shoirning faqat biografiyasini emas, balki butun ma’naviy olamini ochib beradi. Shu ma’noda ushbu portretni nafaqat bir ijodkor haqidagi qaydlar, balki o‘zbek adabiy tanqidchiligida inson va she’riyat munosabatini yangi bosqichga ko‘targan ilmiybadiiy tadqiqot sifatida baholash mumkin. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Қуронов Д., Мамажонов З., Шералиева М. Адабиётшунослик луғати. –Тошкент, Akademnashr, 2013. –226. 2. Трыков В.П., Французкий литературный портрет XIX века, -Москва: Наука, 1999. –123. 3. Гроссман Л. П. Жанры художественной критики/ Борьба за стиль. Опыты по критике и поэтике. – Москва, 1927.С – 337. 4. Норматов У. Кўнгилларга кўчган шеърият. – Тошкент, 2006. 5. Норматов У. Шараф ва бурч // Нафосат гурунглари. –Тошкент, Муҳаррир, 2010. – Б.5. 6. Normatov U. Biobiblografiya. –T.: Mumtoz soʻz, 2021. –B.44.