NAZAR ESHONQULNING "BAHOVIDDINNING ITI" HIKOYASI KOMPOZITSION QURILISHI
Full text
3 124 4 7.2 NAZAR ESHONQULNING “BAHOVIDDINNING ITI” HIKOYASI KOMPOZITSION QURILISHI Shohrux Nuraliyev, Toshkent shahar Yunusobod tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi xodimi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17903972 Annotatsiya:Mazkur maqolada zamonaviy o‘zbek nasrining yirik vakillaridan biri Nazar Eshonqul asarlarining o‘ziga xos poetikasi va uslubi borasida, xususan, muallif adabiy-estetik qarashlarining tizimliligi va bu tizimlilikning ko‘lami kengligi, ijodkor hikoyalari tahlilining xilma-xil adabiy fikrlarni vujudga keltirishi matndagi ramz va obrazlarning salmog‘i bilan bog‘liq ekanligi, adib hikoyalarining kompozitsion qurilishi tahlil etilgan. Maqolada yozuvchining “Bahoviddinning iti” hikoyasi xususida so‘z boradi. Tahlil davomida esa adabiyot nazariyasi, badiiy tafakkur va ijtimoiy hayot mutanosibligi ilmiy aspektda o‘rganilgan. Kalit so‘zlar: kompozitsiya, badiiy tafakkur, adabiyot nazariyasi, radiorejissor, radiopyesa, nafs, tarixiy voqea, mif, obraz, it, ijtimoiy hayot, fojiaviylik, borliq, tasvir vositasi, vafodor qul, ramz. Abstract: This article analyzes the unique poetics and style of the works of one of the great representatives of modern Uzbek prose, Nazar Eshonkul, in particular, the systematicity of the author’s literary and aesthetic views and the breadth of this systematicity, the fact that the analysis of the author’s stories creates a variety of literary thoughts related to the weight of symbols and images in the text, and the compositional structure of the writer’s stories. The article discusses the writer's story “Bahoviddin’s Dog”. During the analysis, the scientific aspect of the correlation of literary theory, artistic thought and social life is studied. Keywords: composition, artistic thought, literary theory, radio director, radio play, ego, historical event, myth, image, dog, social life, tragedy, being, means of depiction, loyal servant, symbol. Аннотация: В данной статье анализируется своеобразная поэтика и стиль произведений Назара Эшонкула, одного из крупных представителей современной узбекской прозы, в частности, системность литературно-эстетических взглядов автора и широта этой системности, связь анализа рассказов писателя с возникновением разнообразных литературных идей, весом символов и образов в тексте, композиционное построение рассказов писателя. В статье обсуждается рассказ писателя “Собака Бахауддина”. В ходе анализа с научной точки зрения изучалось соотношение теории литературы, художественного мышления и общественной жизни. Ключевые слова: композиция, художественное мышление, теория литературы, радиорежиссер, радиопьеса, желание, историческое событие, миф, образ, собака, общественная жизнь, трагедия, бытие, средство изображения, верный раб, символ. Kirish. Adabiyotshunoslik ilmidan ma’lumki, “kompozitsiya (lot. compositio – tuzib chiqish, tartibga solish) – aniq g‘oyaviy-badiiy niyat taqozosiga ko‘ra badiiy unsurlarning asar to‘qimasidan joy olishi, asar qismlari, boblari va epizodlarining o‘rinlashish tartibi, obrazlarning bir tizimiga uyushuvi, ularning o‘zaro muomala-munosabatlarining ifodalanish tarzi, tasvir vositalarining muayyan maqsadga xizmat qilishi, tasvirda muvofiqlik va meʼyordir. Qisqasi, kompozitsiya yozuvchi niyati asosida asar badiiy to‘qimasining tuzilishi”, [1; 136] degan tushunchani anglatadi.
3 125 4 7.2 Tadqiqot metodologiyasi. Mazkur tadqiqotda Nazar Eshonqulning “Bahoviddinning iti” hikoyasining kompozitsion qurilishini tahlil qilishda adabiyot nazariyasi, badiiy tafakkur va tasavvufiy estetik yondashuv metodlaridan foydalanildi. Adabiyotlar tahlili. XXI asr o‘zbek adabiyoti nasrida adabiy-tanqidiy tafakkur qirralari, o‘rganilayotgan masalalar maydoni kengayib borayotganini ko‘rish mumkin. Badiiy tafakkurdagi yangilanish hodisasi adabiyot ilmida estetik qarashlarning shakllanishini, ularning takomillashishini taʼminlamoqda. Bugungi davr adabiy tanqid erishgan yutuqlardan biri shundaki, bu davrda badiiy-estetik tafakkur taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan adiblar hayoti va ijodini, badiiyatini, shaxsiyatini, dunyoqarashini, janrlararo o‘zgarishlarni, adabiy oqim va yo‘nalishlarni eminerkin, boricha talqin va tadqiq etishga keng imkon yaratildi. Yozuvchilarimiz ijodidagi mifologik, diniy, falsafiy, psixologik qarashlar imkon qadar keng miqyosda tahlil qilinib, badiiyat nuqtayi nazaridan baholanib kelinmoqda. Mifologik, tarixiy voqealarni umumsharq falsafasidan kelib chiqib talqin etish, ijtimoiy muammolarning ildizida nafs, loqaydlik, moddiy neʼmatlarga mukkasidan ketish kabi inson tabiatidagi salbiy xususiyatlarni ko‘rish, ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurashda inson hayotini ifodalash kabi sifatlar adabiyotning azaliy mavzularidan biri bo‘lib, bu mavzular doirasida badiiy asarlar yaratish bugungi hikoyanavislikning muhim shartlaridan biri bo‘lib kelmoqda. Nazar Eshonqulning zamonaviy g‘arb adabiyoti namunalaridan puxta xabardorligi, shu bilan birga, ko‘hna Sharq adabiyoti, mifologiyasi, xalq og‘zaki ijodini yaxshi bilishi va bu ikkisini o‘z ijodida uyg‘unlashtira olishi adib hikoyalarining badiiyatini taʼminlaydi. “Obraz yaratishda ijodkorning badiiy sintezga murojaat etishi butun bir tarixiy davr (makon va zamon)ning yaxshi va yomon xislatlarini o‘zi yaratmoqchi bo‘lgan obraz qiyofasida aks ettirishga imkon beradi” [2; 112]. Baʼzi kishilarda bir-biriga zid bo‘lgan xislatlar bir xilda mavjud bo‘ladi. Bu xislatlarning ijobiy qutbi tabiiy bo‘lsa, salbiy qutbi ijtimoiy nohaqliklar va adolatsizliklar tufayli shakllanadi. Ijobiy xislatlar qay darajada kuchli bo‘lsa, keyin shakllangan salbiy xislatlar ham shu darajada kuchli namoyon bo‘ladi. Ana shu qutblarning shakllanishida davr – muhitning taʼsiri kuchli, albatta. Tahlil va natijalar. Nazar Eshonqulning noan’anaviy va noodatiy tarzda talqin etilgan “Bahoviddinning iti” hikoyasining kompozitsion qurilishi haqida o‘z fikrmulohazalarimizni bayon etar ekanmiz, asarda nafs tushunchasining hikoya bosh qahramoni radiorejissor hayotiy qismati timsolida akslantirilishini, keyingi hayotini shaytoniy nafsni yengishga va ilohiy ruh tuyg‘ulari bilan yashashga astoydil kirishgan insonning aqliy salohiyati tadqiq qilinishini, soddaroq qilib aytganda, bosh qahramonning voqea davomida ruhan itga yaqinlashib, so‘ng g‘ayritabiiy holatda itga aylanib ketishi majoziylashtirilganligini ta’kidlash lozim. Filologiya fanlari doktori, professor U. Jo‘raqulovga ko‘ra, “umumlashtirib qaralganda hikoyada inkor va begonalashuv jarayoni badiiy voqelanadi. Odam jamiyatdan qaytib uzlatga chekinadi”[3; 224]. Mavjud
3 126 4 7.2 voqelikdagi qonuniyatlar, mezonlar va taqiqlardan yuz o‘giradi. Mazkur hikoyada ramz, obraz, it, nafs, tasavvuf, shayton, sujet, muhit, jamiyat, muhabbat, tanlov, muharrir kabi tayanch unsurlar asarning kompozitsion qurilishiga zamin yaratgan. Hikoya ustuni bo‘lib “Koinot bilan maʼnaviy, energetik va hatto, jismoniy darajadagi aloqani mashaqqat bilan qidirib topish” [4; 28] masalasi xizmat qilmoqda deyish mumkin. Bu asar orqali butun insoniyat tafakkurining kuch-qudrati u yaralgandan buyon o‘z-o‘zini va o‘zi yashayotgan olamni anglashga safarbar etilganiga yana bir bor amin bo‘lamiz. Hikoya mohiyati, albatta, ramzlar ortidagi maʼnolarni ilg‘aganimizdagina oydinlashadi. Dastavval, asar epigrafiga diqqat qaratsak: “...Shayx u go‘zalning jamolini ko‘rish umidida yor ko‘chasidagi itlar orasiga qo‘shildi...” “Mantiq-ut-tayr” asaridan olingan ushbu jumla asarga qanday yondashish kerarligini belgilab beradi. Yaʼni “Mantiq-ut-tayr” asari Farididdin Attor qarashlarining, irfoniy g‘oyalarining tarannumi hisoblanadi. Navoiy taʼbiri bilan aytganda, Attor “haqiqat tariqining” yo‘lchisi. U bu yo‘lda – Alloh vasliga yetishuvda inson g‘arib, kamtar, xokisor bo‘lishini taʼkidlaydi. Zero, Alloh buyukligi oldida inson bir zarra, ammo, ayni paytda, ana shu zarrada Yaratganning jilvasi bor. Demakki, Attor jumlasi ortida dunyo ilmlaridan bahramand shayx yor (Alloh)ga bo‘lgan ishq, Uning ulug‘ligi va barcha narsani bilguvchiligi oldida aqli noqis, ojiz va notavon bir itchalikdir. Tasavvuf adabiyotining ulkan namoyondasi Navoiyda esa shunday bayt bor: “Itingdur shohlar, yo‘qtur Navoiy itcha ollingda, Alar ittin ko‘pu bu it ayog‘i tufrog‘idan kam” [5; 207]. Yaʼni: “Alloh, sening cheksiz qudrating oldida shohlar iting kabidir, men esa sening oldingda itcha ham emasman; balki, shohlarning martabasi itdan balandroqdir, ammo mening martabam itning oyog‘i ostidagi tuproqdan ham pastroqdir!”. Ta’kidlash o‘rinliki, tasavvuf ilmiga ko‘ra inson maʼnaviy kamolotga erishishi, Alloh bilan birlik hosil qilishi uchun faqir bo‘lishi, nafsning barcha ko‘rinishlaridan o‘zni tiyishi kerak. Albatta, biz “Bahoviddinning iti” hikoyasini tasavvufiy ruhda yozilgan asar demoqchi emasmiz. Asarda inson o‘zining kimligini anglashi, ezilgan, tahqirlangan qalbining kechinmalariga quloq tutishi, maqsadsizlikdan bezovta ruhining hali o‘zi yetib bormagan uzoq-yaqin manzillariga nazar tashlashi lozimligiga ishora qilinayotganligiga e’tiboringizni qaratmoqchimiz, xolos. Kompozitsiya tushunchasi badiiy asarning barcha sathlariga birdek taalluqli, uning qaysi sathi haqida gap ketmasin, qurilishining ayni shu aspekti diqqat markazida turishini, rivoya subyektlarining maqsadli almashinib turishini, personajlar sistemasining bosh, ikkinchi darajali va yordamchi personajlar tarzida darajalanishini, sujetning zamon yoki sabab-natija munosabatidagi aloqadorlikka qurilishini, voqealarning yuz berish va hikoya qilinish vaqtini, turli makon va zamonda kechayotgan voqealarning o‘zaro bog‘liqligini, makoniy va zamoniy o‘zgarishlarning sodir bo‘lishini inobatga olsak, “Bahoviddinning iti” hikoyasining kompozitsiyasi – butun asar davomida ko‘p bora tilga olinadigan, bosh qahramon sifatida qaralayotgan rejissor va it obrazlari misolida umumiy tasavvurni shakllantirishga xizmat qiladigan unsurlar asosiga qurilgan. Rejissorning kundalik hayoti
3 127 4 7.2 bevosita mehnat faoliyati bilan bog‘liq holda ishxona, bosh muharrir, muharrir, ovoz rejissorlari, xo‘jalik xodimlari va allaqanday tanlovga radiopyesani yozish jarayoni voqealari bilan kechsa, itning kundalik turmushi shahardagi bog‘, har kuni kelib shu bog‘da uvillash, oh-u nola chekish, keyinchalik rejissor bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan makon va zamon orasida botiniy his hamda zohiriy akslanishdagi uyg‘unlik bilan tasvirlanadi. Hikoyada tashqi dunyo bilan o‘z ichki olamining qarama-qarshiliklariga ega, o‘zini maʼlum qobiqlarga o‘rab olgan, hayotdan zavqlanishdan to‘xtagan, tiriklikning, mavjudlikning asl qiymati nima ekanligi, qay maqsadda, nega yashayotganiga javob topa olmagan inson qiyofasi kutilmagan shakl va uslubda – it ramzida gavdalantiriladi. Ilmiy manbalardan ma’lumki, Sharq falsafasida, xususan, tasavvuf adabiyotida barcha tirik mavjudot Alloh qudrati oldida zaif, shu bilan birga, har bir tirik jon go‘zalligi Asl go‘zallikning tajallisi hisoblanadi va bu go‘zallik majozlar orqali akslantiriladi. Bir qarashda hikoyaning asosiy qahramonini ramziy ma’noda it deya aytish ham mumkin. Chunki bosh qahramonning tilidan keltirilgan ushbu “…O‘shanday lahzalarda men bir narsani bilib qoldim: ko‘zimni yumishim bilan mening ichimdan nimadir tashqariga sakrab chiqib ketar, menga o‘sha sakrab chiqib ketgan narsa itday bo‘lib tuyular, ammo mening ichimda it nima qiladi, deya bu shubhani inkor etardim. Asta-sekin boqqa kelishim bilan ichimdan sakrab chiqib ketgan sharpaning itga o‘xshashligiga ishona boshladim”, – degan fikrlari badiiy tahlilimizni dalillaydi. Qolaversa, rejissorning itga muhabbat qo‘yishi, bir-birlariga o‘rganib qolishlari, inson ichki “men”ining real borliqda ikkinchi nusxa sifatida gavdalantirilishi asarning mazkur ikki qahramoni – rejissor va itni bitta bosh qahramon sifatida anglashimizga yordam beradi. Filologiya fanlari doktori, professor I. Haqqulovning “Evrilish tovushi” maqolasida bir rivoyat keltiriladi: “Naql qilinishicha, mashhur shayx Abu Bakr Shibliy (vafoti 946) dan “Tariqatdagi ilk yo‘lboshchingiz kim?” deb so‘ralganda, u “Bir itdir” deb so‘zini shunday davom ettirgan ekan: “Bu it suvsizlikdan o‘lim yoqasida tik turardi. U suv ichish uchun ne zamon ariqqa yaqinlashsa, suvda o‘z aksini ko‘rar va undan qo‘rqardi. Chunki o‘zining suratini u boshqa bir itniki deb o‘ylardi. Ammo tashnalik oxiri zo‘r kelib, it o‘zini suvning ichiga otdi... Ana shundan so‘ng “boshqa kuchuk” yo‘qligiga inondi. It bilan o‘rtadagi borliq orasiga kirgan itning “o‘zga manligi” uning yo‘liga to‘siq paydo etgan edi. Men ahvolimning aynan shu itga o‘xshashini, yaʼni yo‘limdagi eng katta to‘siq nafsim ekanini angladim... Xullas, mening birinchi yo‘lboshchim shu it bo‘ldi. Asosiy yo‘lga qanday qadam tashlash lozimligini menga bir kuchuk ko‘rsatdi” [6; 112]. Nafsni tasavvuf adabiyotida it qiyofasida tasavvur qilinishida shu singari fikr va eʼtiroflar taʼsir o‘tkazganligi ehtimoldan yiroq emas. Asarni tahlil qilish davomida hikoyaning kompozitsion qurilishi va badiiy estetikasini ta’minlashda tanlangan obyektni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Negaki, rejissor va itning ilk to‘qnashuvi, azaliy va qadimiy tovushning eshitilishi bevosita tabiat – xiyobon
3 128 4 7.2 bilan bog‘liq, aslida. Barcha yaratiqlar kabi inson ham tabiatning bir bo‘lagi, uning bag‘rida o‘zlikni anglash esa sun’iy tarzda yaratilgan, dunyoning moddiyati bilan bezatilgan makonlardan birmuncha afzalroqdir. Umuman olganda, Nazar Eshonqul asarlari markazida ruhiyati siniq, maʼnaviy jihatdan ezilgan, asosan so‘qqabosh, yashashdan, odamlardan ko‘ngli qolgan, hayotga alamzadalik bilan qaraydigan qahramonlar turadi. Ammo muallif ularning kechmishini batafsil bayon etib o‘tirmaydi. Adib tushkunlik o‘pqoniga tushib qolgan qahramonlarining ziddiyatli kechinmalarini turli tashbehlar orqali badiiy-falsafiy tahlil etib, ularning abgor qiyofasi – tashqi ko‘rinishini har xil o‘xshatish, sifatlashlar vositasida chizib ko‘rsatadi. Qolaversa, Nazar Eshonqul o‘z asarlarida inson qalbida dafʼatan yuz beradigan o‘zgarishlarni sanʼatkorona poetik mahorat bilan aks ettiradi. U sinovli dunyo jumboqlariga javob izlagan bebaho qahramonlarining dard, iztirobga to‘la o‘y-kechinmalarini qalamga olish orqali har bir kishining insonlik darajasi uning ruhiyati, maʼnaviy dunyosi va irodasiga bog‘liqligini ko‘rsatadi. Isteʼdodli adib hayot muammolariga javob izlab, mushohada yuritish, o‘z-o‘zi bilan muttasil munozara qilish har bir inson uchun o‘zini anglash va hayot mazmunini tushunishning muhim omili ekanini asoslab beradi. Qahramonlar esa dilidagi dard tufayli ko‘pchilik eʼtibor qilmaydigan haqiqatlarni anglab oladi va ulardan boshqalar bexabar ekanidan iztirob chekadi. Adibning turkum hikoyalarida insonning ichki olami haqida so‘z yuritiladi va botinidagi haqiqatni kishining o‘zidan boshqa birov ko‘ra olmasligi taʼkidlanadi. Aytish joizki, odam va it vujudining birikishi – nafsning astasekinlik bilan o‘zlikka qaytish darajalarini ochiqlab bermoqda. Nafs – shaytoniy ish ekanligi yozuvchining diqqat markazidan uzoqlashmaydi. Qahramon tobelik, xo‘rlik, zorlik va iztiroblarni birgina shu qo‘tir bosgan it timsolida o‘nglanishga yuz tutayotgan insonning botiniy istaklari yanglig‘ ichki bir his yordamida akslantirishga kirishadi. Bog‘ va uy orasida kechayotgan real hayot oqimidagi ichki istaklar mung va dard ovozida itning holini o‘z vujudida anglashini taqozo etadi. It hamisha xokisor va sergak, eshituvchi va gapiruvchi suhbatdosh jonivor sifatida uning hayotida alohida o‘rin egallay boshlaydi. Biz esa hech bir vaqt nafsning qay tomonlama va shaklda namoyon bo‘lishini, sodda qilib aytganda, favqulodda bizni bezovta qilishini oldindan bilmaymiz. Afsuski, shaytoniy istaklar vujudimizni qay yo‘sin egallab olishini oldindan sezish qudratiga ham ega emasmiz. Hikoya kompozitsiyasini to‘g‘ri talqin etishimizda ana shu jihatlarga e’tibor qaratishimiz esa tafakkurimiz uchun foydadan holi bo‘lmaydi. Bundan tashqari yozuvchining “Bahoviddinning iti” hikoyasi kompozitsiyasida metamorfoza, ya’ni evrilish asar so‘nggida ko‘zga tashlanadi. Hikoyada rejissorning itga aylanib qolishi muallif uslubiga xos ramziy-timsoliy tasvir bo‘lib, bu haqida adabiyotshunos olim B. Jovliyev shunday yozadi: “Qahramon “it”ning tovushi bilan o‘zining kibridan voz kechadi, oddiy insoniylik qiyofasiga – ilohiy maqomga qaytadi. Vafo, sadoqat, faqirlik, komillik mumtoz adabiyotda ma’naviy yetuklik timsoli sifatida
3 129 4 7.2 sharhlanadi. Bu fazilatlardan uzoq yashayotgan zamonaviy kasb egasi bo‘lmish rejissor tashlandiq bog‘ga qaytgach, bu yerda “it” qiyofasidagi o‘zligiga duch keladi. O‘zligi bilan uchrashgan qahramon faqir va gadoy bo‘lsa ham bir umr o‘zligi bilan qolishni ma’qul ko‘radi”. Hikoyadagi ziyoli, tayinli ishiga ega, jamiyatning faol a’zosi bo‘lgan shaxs nega metamorfozaga yuz tutadi? Aslida, shakl o‘zgarsa ham mohiyat o‘zgarmaydi. Yer yuzidagi har bir mavjudlik Allohning bir aksi ekan, shu aks yakunda asliyatga ergashadi, qaytadi, u bilan birlashadi. Bu qaytish, albatta, o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Buning uchun nafs barham topishi yoki tarbiyalanishi, ma’lum bir yo‘lni tanlashi, ma’rifat hosil etilishi kerak. Bu bosqichlar esa pir-murshidlik an’anasida qaror topadi. Komillik darajasiga erishish uchun bu yo‘lni o‘zidan avval bosib o‘tgan pirlardan yordam so‘raladi. Har holda, ozmiko‘pmi tasavvuf ilmidan boxabar bo‘lganimiz ana shunday fikrlarimizni ilgari surishga zamin yaratmoqda. Xulosa. Muxtasar aytganda, adib Nazar Eshonqul asarlarini tahlil qilar ekanmiz, ushbu ijodning jozibasi nafaqat yozuvchi ifoda uslubida, balki xayol va hayotning shartli ifodasi bo‘lgan ramzlar vositasida ham namoyon bo‘lishini anglaymiz. Yozuvchi asarlaridagi ramzni anglash, nafaqat u yaratgan ijod, balki bugungi nasrimiz xususiyatlari haqidagi xulosalarga ham dahl etadi. Nazar Eshonqul hikoyalaridagi qiyofalar tasvirida esa insonni anglashga va bu anglash orqali u haqidagi ilmlarni boyitishga, uni qayta kashf etishga bo‘lgan badiiy maqsad yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. Ana shu ulug‘ maqsadga intilish samarasi o‘laroq badiiy adabiyotimiz sarhadlari turfa obrazlar, o‘zgacha go‘zal asarlar bilan kengayib bormoqda. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Бобоев Т. Адабиётшунослик асослари. – Тошкент: Ўзбекистон, 2002. – 560 б. 2. Имомова Г. Назар Эшонқул ҳикояларида бадиий синтезнинг уйғунлашуви. Ҳозирги адабий жараён масалалари мавзусидаги халқаро илмий-назарий анжуман материаллари. ЎзФА – Тошкент: Фан, 2022. – 200 б. 3. Жўрақулов У. Назарий поэтика масалалари: муаллиф, жанр, хронотоп. – Тошкент: Ғ. Ғулом номидаги НМИУ, 2015. – 358 б. 4. Камилова С. XX аср охири – XXI аср бошлари рус ва ўзбек адабиётида ҳикоя жанри поэтикасининг ривожи. Докторлик диссертацияси автореферати. – Тошкент, 2016. – 92 б. 5. Алишер Навоий. Наводир уш-шабоб. – Тошкент: www.ziyouz.com кутубхонаси, 393-ғазал. – 382 б. 6. Ҳаққулов И. Эврилиш товуши. Ҳозирги адабий жараён масалалари мавзусидаги халқаро илмийназарий анжуман материаллари. ЎзФА – Тошкент: Фан, 2022. – 200 б. 7. Улуғов А. Бебаҳо одамлар образи. Ҳозирги адабий жараён масалалари мавзусидаги халқаро илмий-назарий анжуман материаллари. ЎзФА – Тошкент: Фан, 2022. – 200 б. 8. Йўлдошев Қ. ва Носирова Қ.нинг адабий суҳбати. Бугунги адабий жараёнга бир назар. http://sevdora.blogspot.com/2020/12/blog-post_15.html. – Тошкент, 2020.