ADABIY TA'SIR: SERGEY YESENIN VA ANVAR OBIDJON
Full text
3 172 4 7.2 ADABIY TA’SIR: SERGEY YESENIN VA ANVAR OBIDJON Mamatalimov Zafar Mamaraimovich, Alfraganus universiteti dotsenti, E-mail: [email protected] ORCID: 0009-0007-1628-1635 УДК: 821.512.133-1(092)(043.3) DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17918325 Annotatsiya: Ushbu maqolada O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon ijodiy kamolotida rus shoiri Sergey Yesenin she’riyatining ta’siri xususida mulohaza bildirilgan. Kalit so‘zlar: kolorit, meditativ nazm, lirik mayl, epitet, ruhiy holat, band, misra, masnaviy, tashbeh, majoz, istiora, parallel tasvir. Abstract: This article discusses the influence of the Russian poet Sergei Yesenin’s poetry on the creative development of the People’s Poet of Uzbekistan, Anvar Obidjon. The study reflects on the poetic elements, aesthetic parallels, and stylistic tendencies that shaped Obidjon’s lyrical maturation under the impact of Yesenin’s artistic worldview. Keywords: coloring, meditative poetry, lyrical tendency, epithet, psychological state, stanza, line, masnavi, simile, metaphor, allegory, parallel imagery. Аннотация: В данной статье рассматривается влияние поэзии русского поэта Сергея Есенина на творческое становление Народного поэта Узбекистана Анвара Обиджона. Анализируется воздействие поэтических элементов, эстетических параллелей и стилевых тенденций, которые сыграли роль в формировании лирического мышления Обиджона под влиянием художественного мира Есенина. Ключевые слова: колорит, медитативная лирика, лирическая направленность, эпитет, психическое состояние, строфа, строка, маснави, сравнение, метафора, аллегория, параллельный образ. Kirish. Qisqa umr kechirgan bo‘lsa-da, buloq suviday jo‘shqin, xalqona ohang singdirilgan quyma satrlari bilan jahon adabiyotida alohida o‘rin tutadigan Sergey Yesenin ijodi o‘zbek kitobxoniga ham begona emas. She’rlarida sharqona ruh ustuvorligidanmi, O‘zbekiston, aniqrog‘i, Toshkent, Samarqand kabi azim shaharlar bilan bog‘liq xotiralarini yoniq misalariga jo aylaganidanmi, xalqimiz uni o‘z shoiriday ardoqlaydi. O‘tgan asrning 70-80-yillaridan boshlab Yesenin she’riyatini o‘zbek tiliga o‘girish alohida bosqichga ko‘tarildi. Erkin Vohidov, Tilak Jo‘ra, Muhammad Yusuf, Xurshid Davron kabi zabardast ijodkorlar S.Yesenin she’rlarini mahorat bilan o‘zbek tiliga tarjima qildilar. Ayniqsa. “Erkin Vohidovning tarjimachilikdagi iste’dodi Sergey Yesenin she’rlarini o‘zbekchaga ag‘darishda alohida yarqirab ko‘rindi. Nihoyatda shirador tarjima bois Yesenin o‘zbekning o‘z shoiriga aylandi, o‘zbek she’riyatida yesenincha “sheva”li shoirlar paydo bo‘la boshladi” [1.169]. Shunday “yesenincha “shevali” shoirlar”dan biri Anvar Obidjondir. Tadqiqot metodologiyasi. Maqolada Sergey Yesenin va Anvar Obidjon ijodidagi poetik uyg‘unlik qiyosiy-tahliliy yondashuv orqali o‘rganildi. Tadqiqotda she’riy matnlarni qiyosiy tahlil, poetik va struktural tahlil, kontekstual va intertekstual yondashuvlar
3 173 4 7.2 qo‘llandi. Ushbu metodlar yordamida Yesenin ta’siri, Obidjon lirik olamidagi badiiy-estetik uyg‘unlik va adabiy ta’sir ilmiy asosda tahlil qilindi. Tahlil va natijalar. Gohida Anvar Obidjon ijodini dissertatsiya mavzusi o‘laroq monografik planda o‘rgangan tadqiqotchiga – kaminaga shunday tuyuladiki, Anvar Obidjon qishloq kutubxonachisi bo‘lib ishlay boshlagan kezlaridan to umrining so‘ngiga qadar Yesenin she’rlarini qayta-qayta mutolaa qilgan o‘z hayotini Yesenin hayotiga taqqoslab ko‘rgan. Aksar hollarda onaizoridan, qishlog‘i, qishloqdoshlaridan olisda yashagani, Yeseninning O‘zbekistonga, o‘zining esa harbiy xizmat taqozosi bilan Rossiyaga borgani va bu o‘lkalar hayoti bilan bog‘liq kechinmalarining sodda, samimiy ifodasida uyg‘unlik sezgan bo‘lsa, ajab emas. Boisi, Anvar Obidjon she’rlarini mutolaa qilgan inson goh lirik mayl ifodasidagi turfa tovlanishlarda, goh totimli meditativ nazmning tasvir imkoniyatlarida, goh yangi shakl, yangi ifodani she’riyatga dadil olib kirilishida Yesenin ijodi bilan o‘zaro hamohanglikni his qiladi. Qishloqning bir chetida / Saksovuldek bukchayib, Pastakkina uy turar, / Namoz o‘qir to‘l kampir. Sajda qilib shu uyda / O‘ylamang u o‘ziga Onaizor o‘ltirar[2.4]. / Tilayapti deb umr[3.178]. Ko‘pchilikka yod bo‘lib ketgan “Ona ibodati” she’rida yolg‘iz o‘g‘lini jangga kuzatgan onaning ruhiy iztiroblari aks ettirilgan. Pastak uyda ibodat bilan mashg‘ul ona parishon holda bir nuqtaga tikilgan. Farzand sog‘inchi, ilojsizlik ba’zan onaizorni ibodatdan chalg‘itib, xayolning turfa ko‘chalariga olib kiradi. Go‘yoki o‘g‘li keng dalada jonsiz holda yotadi. Uning qop-qora qoniga belanganicha, ko‘kragida jarohat bilan tasvirlanishidan so‘nggi nafasigacha mardona jang qilgani anglanadi. Bu volida qalbiga tasalli beradi, uni ovutadi. “Qolmish jonsiz qo‘lida Dushmanining bayrog‘i” misralari orqali tasalli – ishonchga, umid – qat’iyatga, hukmga aylana borganini sezish mumkin. “Saksovuldek bukchayib…” she’rida saksovul, tul, namoz, shahid so‘zlari milliy kaloritni ta’minlaydigan tayanch tushunchalar hisoblanadi. “Tul” ifodasi – kampir eridan judo bo‘lganini bildirsa, “saksovul” – uning qartayib qolganini, katta g‘am kichik jussasini kamalak misol egib qo‘yganini; o‘g‘liga nisbatan ishlatilgan “shahid” epiteti yigitning jang maydonida halok bo‘lganini anglatib turibdi. “Ona ibodati” she’rida garchi ona xayolini noxush kechinmalar cho‘lg‘ab olgan bo‘lsa ham, jangchi yigitning tirikligi haqidagi UMID, ILINJ kitobxon shuurini nurlantirib turadi. “Saksovuldek bukchayib…” she’rida esa cholidan, yakka-yu yagona o‘g‘lidan judo bo‘lgan kampirning UMIDSIZLIK iskanjasida qalbidan kechayotgan tug‘yonlari o‘quvchini-da u bilan dardkash bo‘lishga undaydi. “Saksovuldek bukchayib…” she’rining go‘yo mantiqiy davomiday taassurot uyg‘otuvchi “Urush” she’ridagi manzara “Ona ibodati” she’rida aks ettirilgan lavhaga juda
3 174 4 7.2 yaqin. Har ikkala she’rda xalq tinchligini hayotidan-da ustun qo‘ya olgan, vatan himoyasini sharaf deb bilgan jasur o‘g‘lonlar qismati o‘z ifodasini topgan. Ko‘z oldiga keladi: / Jangchi o‘q yeb qornidan, Keng dala – jang maydoni. / Qolib ketdi o‘rmonda. Jonsiz yotar maydonda / Turmoq istar o‘rnidan, Mard o‘g‘li – pahlavoni. / Ingroq suzar har yonda. Ko‘kragida jarohat, / Kiprigidan yosh tomar, Qop-qora qon har yog‘i. / Yarasidan esa – qon. Qolmish jonsiz qo‘lida / Atrofida yer yonar, Dushmanining bayrog‘i[4.4]. / Tanasida esa – jon[3.190]. “Saksovuldek bukchayib…” she’rida Ona taqdir hukmiga ko‘ngan ayol sifatida ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Uning Yaratganga iltijo qilishi, marhum cholini, shahid o‘g‘lini qo‘msashi fonida katta DARD, katta ALAM, katta FOJIAni ortmoqlab yashagan muqaddas zotning so‘ngsiz armonlari aks etgan g‘amgin yuzi ko‘z oldimizdan o‘tadi. “Ona ibodati”da esa ruhiy holat tasviriga alohida urg‘u beriladi. Qahramon yuzini g‘am qoplashi, qoshlarining chimirilishi, oppoq qorday boshini qo‘llariga suyashi va natijada yurak dardi marjon-marjon tomchilarga aylanib, yuzini yuvishi singari tasvirlar Ona ruhiy iztiroblarining ko‘lamini ifoda etadi. Yurak dardi yosh bo‘lib, Qabul etsa tilagin, To‘lib kelar ko‘ziga. Topshirmoqchi jonini. Marjon-marjon tomchilar Qo‘msar shahid o‘g‘lin u, Oqib tushar yuziga[2.2]. Qo‘msar marhum cholini[3.178]. Shakliy tomondan olib qaralganda, har ikkala she’r sodda bandlardan tashkil topgan. Bandlar, asosan, a-b-v-b tarzida qofiyalangan. Misralari yetti bo‘g‘indan iborat. Turoqlanishi 4+3 tartibida. Ma’naviy san’atlar – epitet, tashbeh, majoz, istioralar mazkur she’rlar badiiyatini ta’minlashda muhim vazifa bajargan. Demakki, Anvar Obidjon “Urush”, “Saksovuldek bukchayib…” she’rlarida E.Vohidov tomonidan tarjima qilingan “Ona ibodati” she’rining kompozitsion qurilishini saqlab qolgan. Yesenin ijodida maktub shaklida yozilgan she’rlar ham uchraydi. “Ayolga xat”, “Onamga xat”, “Onamdan xat”, “Bobomga xat”, “Singlimga xat” shular jumlasidandir. She’riy maktub janri o‘zbek adabiyotida xalq og‘zaki ijodidan boshlab uchragani, yozma adabiyotda ham qadimiy ildizlarga egaligi sabab o‘tgan asr o‘rtalarida mazkur she’rlar o‘zbek kitobxonlari orasida anchayin dovrug‘ qozongan edi. Anvar Obidjon ijodida ham, garchi “xat” so‘zi sarlavhaga chiqarilmasa ham, maktub mazmunidagi she’rlar talaygina. Sergey Yesenin “Singlimga xat” she’rida singlisiga maktub yo‘llar ekan, salomalikdan so‘ng singlisi bilan birga o‘tgan yoshlik yillarini yodga oladi. Ryazandagi bobosi parvarishlagan olchazor bog‘, otasi bilan bog‘liq xotiralarni eslaydi. Bezangan sabzalar,
3 175 4 7.2 gullagan siren, oppoq qayinlar shoir bolaligining naqadar beg‘ubor, sof, samimiy tuyg‘ular ila kechganini ko‘rsatib turibdi. Ularni xotirlash shoirga zavq-shavq bag‘lishlaydi. Go‘yo bu “beg‘ubor fasl”ga yana qaytganday bo‘ladi. Biroq she’r davomida tuyqus kartina almashadi: shoir ruhiyatida turfa tovlanishlar – shirin xayollar achchiq iztirobga aylanganini ko‘ramiz. Singlim! Naqadar kam hayotda chin do‘st, Ko‘plardek mening ham Yuragimda dog‘, – deydi u va ko‘p o‘tmay yana singlisiga tasalli berish maqsadida umidbaxsh, taskin beruvchi so‘z aytishni ixtiyor etadi: … O‘sha bog‘ aro Erka bolalaring o‘ynar ko‘klamda[2.31]. Anvar Obidjonning “Opa, sizdan xat oldim kecha…” she’rida muallif go‘yo opasi yozgan maktubdan ko‘chirma keltiradi. Opa xatida ukaning bemehrligidan, sayoqligidan, boqibeg‘amligidan kuyunadi. Hattoki arzimagan qalam haqi evaziga she’r yozishni, shaharda bemaqsad tentirab yurishni bas qilishini o‘tinib so‘raydi. Zimdan daromad keltiruvchi tayinli yumush bilan shug‘ullanishga chaqiradi: Opa, Sizdan xat oldim kecha, Har galgidek koyibsiz tag‘in: “Senda mehr qolganmi picha, Sog‘inma-ya o‘z uying bag‘rin! Joynamozga yuzimni bosib, Boshingga es so‘rayman qittak. Tayini yo‘q pulga she’r yozib, Sang‘iyverma shaharda itdek. Aytar bo‘lsam betingga tikka, Tashla qalam degan o‘latni. She’r yozishda baribir, uka, Yengolmaysan Akmal Po‘latni...” “Har galgidek koyibsiz tag‘in” satridan ma’lum bo‘ladiki, bu Opaning birinchi xati emas. Koyish, kuyunish qorishgan gaplari ham endigina aytilayotgani yo‘q. Opa har gal maktub bitganida ukasiga takror-takror tanbeh bergan. Uni “insof”ga chaqirgan. Maktubda tanbeh, koyishlar bandma-band kuchaya borgan. Birinchi bandda “Sog‘inma-ya o‘z uying bag‘rin!” misrasi orqali kinoya, kesatiq yordamida ta’sir choralari ko‘zlangan bo‘lsa,
3 176 4 7.2 keyingi bandda bu tagma’no dakki, do‘q ohangi (“Sang‘iyverma shaharda itdek”), buyurish, xitob (“Tashla qalam degan o‘latni”) ma’nosi bilan almasha boradi. Lirik qahramon – Ukaning esa o‘z olami, o‘z maqsadlari, o‘z haqiqati bor: Sher yurmas qo‘y intilgan yoqqa, Dilni aldash – o‘zlikka zino. Shon deb ko‘nsa Bedniy bo‘lmoqqa, Yeseninsiz qolardi dunyo. Az-azaldan chalkash bu olam, Har qadamda jumboq va tugun. Ertani deb kurashgan odam O‘z ayshini o‘ylamas bugun... Uzr, opa... sal uxlab olay...[3.194] Bandda qo‘llangan istioralar (sher, qo‘y), parallel tasvirlar badiiyatni oshirishga xizmat qilgan. Deyarli bir davrda yashab ijod qilgan zamondosh shoirlar – Demyan Bedniy, Sergey Yesenin qismati bilan bog‘liq ifodalar antiteza – qarshilantirishni yuzaga keltirgan. O‘ziga xos talmeh san’atini yuzaga keltirayotgan nomlar yuqoridagi istioralarning ma’nosini ochuvchi kalit bo‘lib xizmat qiladi. Xulosalovchi misra (Uzr, opa... sal uxlab olay...)ni tuni bilan mijja qoqmay chiqqan ijod kishisining – mayda-chuyda kundalik tashvishlar emas, xalq dardi, uning ertangi kuni haqida qayg‘urayotgan qalbi yoniq insonning uzrxohi deb tushunish mumkin bo‘ladi. Aslini olganda, “Opa, sizdan xat oldim kecha…” she’ri yaralishida “Singlimga xat“dan ko‘ra “Onamdan maktub” she’rining ta’siri yaqqolroq seziladi. Inchunun, har ikki she’rda shoirlar ulg‘aygan oila muhiti, ular shaxsiyatiga oid chizgilar, ayol zotining g‘amxo‘rligi, jafokashligi, mehribonligi o‘z ifodasini topgan. "…Ko‘zimiz to‘rt bo‘ldi, Bolam, kelaqol. Yaxshiydi bayramga Kelsang, har qalay. Otangga ishtonlik, Menga jun ro‘mol Olakel, bizlarda Kamchilik talay. Menga sira yoqmas Shoirliging ham, Janjalkashlik bilan Topgan shuhrating.
3 177 4 7.2 Undan ko‘ra omoch Haydasang, bolam, Obro‘ keltirardi Halol mehnating. Men ham qarib qoldim, Hech yo‘q darmonim. Oh, sen bo‘lsang eding Mening yonimda...[2.10] She’r mutolaasi davomida o‘qirman yolg‘izgina o‘g‘lining taqdiridan ko‘ngli bezovta, o‘zi oq yuvib-oq taragan, oq-u qorani tanitgan, tetapoya qildirgan, qartayganida esa o‘z izmiga sololmayotgan ojiz, notovon onaizorning oh-u zorini eshitganday bo‘ladi. Ona o‘jar o‘g‘ilni uyga qaytishga ko‘ndirolmay joni halak. Uyga qaytsa, uni uylantirib, nabiralar ko‘rish orzusida u. Oilali bo‘lsa, turmush tashvishlariga ko‘milib, balki sayoqligi qolar, qartayganimda belimga mador bo‘lar, deb umid qiladi sho‘rlik. “Endi ne ham o‘ylab topadir xayol, Javobni o‘ylayman chakkamni tutib”, “Xatni g‘ijimlayman, So‘z aytmoq qiyin” satrlari – xayolning ming bir ko‘chasiga kirib tor-u tang ahvoldan chiqishga chora qidirayotgan, farzandlik burchini o‘tay olmayotganidan nadomat chekayotgan o‘g‘ilning ichki ovozi, ruhiy iztiroblari. Yeseninning “Onamdan maktub” va Anvar Obidjonning xat mazmunida yozilgan “Ona, meni solmang qiynoqqa…”, “Opa, sizdan xat oldim kecha…” she’rlari qiyosan o‘rganilganda, ularning lirik qahramon – shoir tilidan bayon qilinishi, farzandlarning tug‘ilib o‘sgan qishlog‘idan olisda yurishi, hayotning mayda ikir-chikirlaridan o‘zini baland qo‘yib, katta maqsad, katta marralarni ko‘zlagan vatanparvarlar taqdiri, qarigan chog‘ida ham turmush tashvishlari, nochorlik iskanjasida azoblanayotgan insonlar qismati, onaga cheksiz hurmat, darddoshlik tuyg‘ularining aks ettirilishi singari hamohang jihatlar ko‘zga tashlanadi. Ma’lumki, Yeseninning “Xurosonda bir darvoza bor…”[2.20], “Dog‘lar ketmish majruh ko‘ngildan…”[2.14] she’rlarida Sharq xalqlari hayotining o‘ziga xosligi yuksak pafos ila tarannum qilinadi. Yesenin, ko‘proq, xalqning maishiy turmushi bilan bog‘liq holatlarga e’tibor qaratadi. Bunda pari, pariruxsor, Tehron guli, sheroziy gilam, choyxonachi, chorda (ayollar yopinchig‘i) singari qator atamalarni bevosita o‘z she’rlarida qo‘llashga harakat qiladi. Fikr-u qarashlarini tasdiqlash, dalillash maqsadida Firdavsiy, Sa’diy, Umar Hayyom singari mutafakkirlar shaxsiyatiga tegishli voqealarni, ijodiga daxldor hikmatlarni tamsil o‘laroq keltirib o‘tadi. Anvar Obidjonning “Yashil tuyg‘ular”[3.224], “Bologoye”[3.234] she’rlarida esa rus xalqining urf-odatlari, mentalitetiga xos chizgilar mavjud. Shoir, asosan, Rossiyaning bepoyon o‘rmonlari, so‘lim
3 178 4 7.2 tabiati, pichanzor dalalarini qalamga olar ekan, o‘zining bu o‘lkada uch yil harbiy xizmat o‘tagan onlarini eslaydi. Shuningdek, Anvar Obidjon she’rlari uchun Sergey Yesenin ijod gulshanidagi ayrim sara satrlarni epigraf sifatida tanlab olgani ham ayni haqiqat. . Xususan, “O‘tar-ketar dunyo” she’riga S.Yeseninning “На земле живут лишь раз!” – “Bu dunyoda yasharlar bir bor...” misrasining peshso‘z qilib olinishi fikrimizga misol bo‘la oladi. Anvar Obidjonning bolalar uchun yozgan she’rlarida ham ba’zan Yeseninga ergashish, unga hamfikrlik seziladi. “Masxaraboz bola” to‘plamiga kiritilgan “Suvarak haqida qo‘shiq” she’rida har band oxiridagi fikrning keyingi band boshida takrorlanishi yoki darajama-daraja rivojlantirilib takrir va tamsil hosil qilinisi yesenincha uslubni yodga solsa, “Oymomani o‘g‘irlash” she’ridagi lirik manzara "It haqida doston" ga uyqash keladi: Botqoqlardan kechib o‘tdi loy, Oyoqlari toldi, urindi. Qaytar ekan tom ustida oy, Bolasiga o‘xshab ko‘rindi. Sho‘rlik yana bolasin so‘rab, Ko‘kka boqib uvladi xasta. Yangi oy ham asta g‘ildirab, Tushib ketdi ufqdan pastga.[2.2] Dostonda bosh mavzu – Ona, uning mehri. Erta tongda yettita bola tug‘gan itning bolalariga munosabati juda ta’sirli ifoda etilgan. Ona itning oqshomgacha bolalarini tillari bilan yalab-yulqab erkalashi, issiq bag‘ridan qor ustiga suv oqishi go‘yo mehrining erib oqishiga qiyos qilinadi. Ammo tun cho‘kkanda badqovoq xo‘jayinning yettita kuchukvachchani ham bir qopga solib olib ketishi ona itni qayg‘uga soladi. Xo‘jayinning ortidan yalingannamo chopar ekan, endi tanasidan muzdek terlar oqadi. Baribir yovuz odam maqsadiga erishadi… It noumid ortiga qaytadi. Tom ustidagi oyga boqib, uni bolasiga o‘xshatadi. Bolalarini chorlab oyga qarab uvlaydi. Oy g‘ildirab ufqdan pastga tushib ketadi. Bu tasvirlar ikki jihatdan xarakterli. Biri – it bolalarining o‘ldirilganligiga ishora. Ikkinchisi, oysiz osmon – ona it hayotining zulmatga cho‘kkanligidan darak berib turibdi. She’r xotimasi yana osmon bilan bog‘lanadi: It ko‘zidan yulduzlar bo‘lib Qorga oqdi tomchitomchi yosh. Yuqorida aytilganidek, “Oymomoni o‘g‘irlash” she’rida ham Oy tasviri uchraydi. Bu she’rda ham qora kuchlar (qaroqchilar) bor. Lekin dostondagi xo‘jayindan farqli o‘laroq, qaroqchilarning yovuz niyati amalga oshmay qoladi. Paxmoq qora bulutcha Qaroqchilar kemasi.
3 179 4 7.2 Oymomoni o‘g‘irlab Qochmoqchi u chamasi. Suzib borar kemacha Yelkanlari hilpirab. Hayriyatki, oy undan Tushib qoldi g‘ildirab[5.10]. Aslida to‘lin oy porlab turgan osmonda shamol tufayli suzib yurgan bulut parchasi oy yuzasini bir muddat to‘sib, so‘ng yo‘nalishida davom etishi obrazli tasvirlangan. She’rda bulutga nisbatan ishlatilgan paxmoq, qora epitetlari, qaroqchilar kemasi tashbehi tushunchalarni bir mavzu atrofida birlashtirib, tanosib paydo qiladi. Bolaning uchqur xayolida qora bayrog‘ini hilpiratib keng ummon uzra yelkanlarini ko‘targancha suzib borayotgan kema gavdalanadi. Kemada paxmoq soch-soqoli o‘sib ketgan qaroqchlar to‘dasi. Ularning niyati yaxshi emas. Oyni kemalariga solib o‘g‘irlab ketishmoqchi. Qaroqchilar maqsadlariga yetishgandek ham bo‘lishadi. Biroq ehtiyotsizlik yo boshqa sababmi, oy g‘ildirab tushib qoladi. “Hayriyat” undovi xursandchilik, quvonch ifodasi. Bu so‘z yosh kitobxonning ham ko‘ngliga ko‘chib, unga yupanch, taskin-tasalli beradi. Xulosa qilib aytish mumkinki, Anvar Obidjon ijodining takomillashuvida, ijodkor sifatida qarashlarining qat’iylashuvida Sergey Yesenin she’riyatining alohida o‘rni bor. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yhati: 1. Jahon adabiyoti, 2012, 10-son. –B.169. 2. Yesenin S. Fors taronalari. –Toshkent: Yangi asr avlodi, 2007. –B.4. 3. Obidjon A. Tanlangan she’rlar. – Toshkent: Sharq, 2006. – B.178. 4. Yesenin S. Fors t’aronalari. –Toshkent: Yangi asr avlodi, 2007. –B.4. 5. Obidjon A. Bahromning hikoyalari. – Toshkent: Yosh gvardiya, 1980. – B.10.