scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

TILNING TAKOMILLASHUVIDA MADANIYATNING RO'LI

Mamatov Abdi Eshonqulovich

Full text

56 TILNING TAKOMILLASHUVIDA MADANIYATNING RO'LI Mamatov Abdi Eshonqulovich Renessans ta'lim universiteti, Xorijiy filologiya kafedrasi professori Filologiya fanlari doktori DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17932196 Annotatsiya: Ta’limning har qanday bosqichida talaba va o‘quvchi tilni anglashga erishish uchun bor kuchini sarflashi lozim, tilni anglash ta’limda qo‘lga kiritiladigan muvaffaqiyatning yagona garovidir. Biz muntazam ravishda o‘quvchilarni madaniyatning o‘ziga xos xususiyatlarini tahlil qilishga undashimiz zarur. Madaniyat bo‘yicha materiallarga asoslangan o‘qitish adabiy matnlarni o‘rganishga asoslangan o‘qitishni takrorlamaydi. Aksincha, biri ikkinchisidan ajralmaydi, ularning maqsadlari ham bir xil: fikrlashni o‘rgatish, o‘quvchilarga mulohaza qilishni o‘zlari davom ettirishlariga imkon beradiganish uslublarini singdirishdir. Kalit so‘zlar: madaniyat, til, lingvomadaniyatshunoslik, til konstruksiyalari, diniy ekstremizm, terrorizm. Talaba va o‘quvchilar o‘z madaniyati va tili bilan o‘zga xalqlar madaniyati va tili o‘rtasidagi o‘xshashlik va farqlarni ajratishlari uchun kundalik hayotning ba’zibir tajribasiga ega bo‘lishlari lozim. Shubhasiz, o‘quvchilar bu madaniyatlar haqida o‘zlarining mulohazalarini bildirishni xohlaydilar; ularning fikrlarini tushunarli ifoda etishni o‘rgatish zarur hamda munozaralarni tashkil etib, bunga yordam bermoq lozim. Bu munozaralar til materiallarining soddagina tahliliga asoslangan bo‘lishlari kerak. Madaniyat til egallashni osonlashtiradi. Dastlabki til konstruksiyalari o‘zlashtirilishi bilanoq tilni o‘rganish jamiyatni o‘rganish bilan birga qo‘shilib ketadi. Leksika madaniy kontekst bilan o‘zaro munosabatda bo‘ladi, kontekstni hisobga olgan holda bu leksikaning o‘zlashtirilishini, mustahkamlanishini, takrorlanishini yengillashtiradi, u oson qo‘llanadi, chunki leksika bir butun til konstruksiyasining qismi hisoblanadi. Bu nafaqat juda oddiy tarkibga ega bo‘lgan leksikaga tegishli bo‘libgina qolmay, balki umumqo‘llaniladigan, turli tillarda turli ma’noga ega bo‘lgan, eng muhimi, lug‘atlarda berilmaydigan, kontekstni kerakli darajada e’tiborga olmay, bir so‘z boshqa so‘z bilan ifodalanadigan konnotatsiyalarga ham tegishlidir. Konstruksiyalar, agar ular ma’lum vaziyatlarda qo‘llanilsa, yaxshi o‘zlashtiriladi. Buni yaxshi bilgan dialoglarning mualliflari ularni boshqa tilning kontekstiga joylashtiradilar, ular bunda madaniy muhitni hosil qiluvchi fon sifatida yuzaga chiqadi. Shunday qilib, matnning tarjimasi bir vaqtning o‘zida so‘zning asl ma’nosi jihatidan to‘g‘ri, ammo madaniy fonni uzatish nuqtai nazaridan noaniq bo‘lishi 57 mumkin, shuning uchun ham matnni haqiqiy to‘g‘ri tushunish uchun aynan madaniy mazmun muhimdir. Ba’zan aynan bir xil gaplar, so‘zlar, vaziyatlar turlicha aks-sado uyg‘otadi; shubhasiz, boshqa tilda gapiruvchi matnni o‘z ona tilida o‘qiganida nimani anglayotganining barchasini aniq tarjimada qayta shakllantirishning imkoniyati yo‘q. Tarjima masalasining murakkabligi ham aynan mana shundadir. Madaniyat daliliy faktlar bilan asoslaydi. O‘qitish jarayonining samaradorligi uchun talabalarga til materiallarini dalillar asosida tushuntirish birinchi darajali ahamiyatga egadir, madaniyat bo‘lsa bu yerda boshqa predmetga nisbatan qiziqish uyg‘otadigan kuchli rag‘batlantiruvchi omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin, chunki, kimki u bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, uni hech qanday qiyinchiliklarsiz o‘zining ichki dunyosidan tashqariga olib chiqadi. Masalan, xususan, talabalarga yanada ko‘proq daliliy faktlar bilan isbotlash maqsadida ularga ikkala madaniyatning o‘xshash tomonlari bilan tanishtirishni, keyinchalik esa farqlarini ko‘rsatishni tavsiya qilish mumkin. Bunda katta qiziqish uyg‘otish uchun folklar materiallarini keng qo‘llash mumkin. Qiziqtirish bilan bir vaqtda biz boshqa madaniyatga va uni aks ettiradigan boshqatilga qiziqish uyg‘otamiz. Talabalarda qiziqishni shuningdek jamoaning, oila va maktabning hayoti, kun tartibi va uning oilaviy, maktab hamda kasbiy hayot haqidagi ma’lumotlarga tayanib uyg‘otish mumkin. Odob qoidasi (AQSHda o‘zining boadabligini ko‘rsatish uchun ovqatlanish paytida bo‘sh qo‘lni stolning ostida tutish qabul qilingan; Italiyada notanish kishiga 3-shaxsda murojaat qilish qabul qilingan); kundalik turmush xususiyatlari (Angliyada har gal uchrashganda kishining qo‘lini qisib qo‘yishmaydi) bularning hammasini qiyoslash va tahlil qilish jarayonida qo‘llash mumkin. Madaniyat talabalarning saviyasini kengaytirishga ko‘maklashadi. Xorijiy tilni o‘rganayotgan talabalar yoki o‘quvchilarning o‘qitish tizimini tahlil qilish ko‘rsatadiki, u ham boshqa fanlar, masalan, tarix yoki adabiyot fanlari darajasida analitik va sintetik qobiliyatlarni rivojlantiradi. Aytilgan narsa birinchi navbatda mulohaza qilish shaklidagi o‘qituvchi tomonidan undalgan yoki o‘quvchilarning o‘zlari tomonidan amalga oshirilgan suhbatga taalluqlidir. Idrok qilish qobiliyatlarini shakllantirish va o‘qitish bilan faqatgina asosiy fanlargina shug‘ullanib qolmaydi; chet tili o‘qituvchisi talaba va o‘quvchilarning idrok qilish qobiliyatini shakllantirish bilan shug‘ullanadi. U faqat tilga o‘qitmaydi, balki bu so‘zning tom ma’nosida o‘qituvchi tarbiyachi hamdir. Yana shuni ta’kidlash lozimki, talaba yoki o‘quvchilar faqatgina u yoki bu xorijiy tilni o‘rganishmaydi, balki ayni paytda tili o‘rganilayotgan xalqning madaniyatini va turmush tarzini ham o‘rganishadi. Madaniyat bilimga intilishni kuchaytiradi. Yangi muammolar yangi tadqiqotlarga undaydi. O‘spirin yoshlar shovinizm, millatchilik kabi muammolarga 58 alohida qiziqish bilan qaraydilar. Masalan, jahonda sodir bo‘layotgan turli tuman salbiy voqealar, diniy ekstremizm, terrorizm va shunga o‘xshash hodisalar bilan bog‘liq muammolar qaysi mamlakatda sodir bo‘layotgan bo‘lsa, o‘sha mamlakatning ijtimoiy-madaniy ahvolini, sharoitini umuman fonini bilishni nazarda tutadi. Bu masalalarning mazmunini yaxshiroq anglash uchun o‘quvchilar buning sabablarini ko‘rsatishni so‘raydilar, o‘qituvchi esa ana shu savollarga javob berishga doim tayyor turishi lozim. Bilimga qiziqishni uyg‘otishi mumkin bo‘lgan juda sodda, oddiy mavzular ham borki, ularni ta’lim maqsadlarida qo‘llash mumkin. Masalan, turli mamlakatlarda mavjud ta’lim tizimi, tarixiy-madaniy boyliklari va diniy e’tiqodlari kabi talabalarni qiziqtiradigan masalalar borki, ularni dastlab umumiy tarzda, keyinchalik esa ancha chuqurlashtirib ma’lumotlar berilishi mumkin. Ommabop musiqaga yoki xalq qo‘shiqlariga bo‘lgan qiziqishlar ham yoshlarning e’tiborini ancha tortadi, agar o‘qituvchilar bu kabi madaniy birliklarning mavjudligi mazmunini, ijtimoiy rolini tushuntirib bera olsalar, bular juda qiziqarli pedagogik vosita hisoblangan bo‘lar edi. Bunda o‘qituvchilar asosiy e’tiborni musiqa va xalq qo‘shiqlarining ham ohangiga, ham bu asarlarning ijro etilishiga, ularning tahliliy sharhlariga, ham jamiyatning bu madaniy birliklarga bo‘lgan munosabatiga asosiy e’tibor qaratilishini unutmasligimiz kerak. Shuningdek, kundalik gazeta va jurnallarda berilgan materiallar ham o‘quvchi va talaba yoshlarning qiziqishini uyg‘otadi, shu sbabli ustozlar ulardan ustalik bilan foydalansalar, ularga o‘quvchilarni olamni anglashga tayyorlash imkonini beradi. Paydo bo‘layotgan muammolar - ularning sabablarini o‘rganish ham ta’limning ishidir. Bu muammolarning yechimini tahlil qilish, ular orasidagi aloqalarni topish, ularni u yoki bu tamoyillar asosida guruhlarga ajratishga urinib ko‘rish mumkin. Masalan, tili o‘rganilayotgan mamlakatdagi saylov mexanizmini, saylov tizimining murakkabligi, uning o‘ziga xos an’analari haqida ham yetarli darajada ma’lumotlar berib, tushuntirish ishlari olib borishi mumkin. Yana bir qiziqarli narsa yoshlarni qiziqtiradi, bu esa davlat bilan diniy tashkilotlar o‘rtasidagi munosabat, albatta, e’tiborni o‘ziga tortadi va bunday munosabatlarning mavjudligini ba’zi o‘quvchilar xayoliga ham keltirmagan bo‘lishi mumkin, ammo millionlab kishilar uchun muhim hisoblangan bunday muammolar ustida fikr yuritishga undaydi. Madaniyat, shunday qilib, nafaqat bilimni uzatadi, balki bilimga qiziqishni ham o‘stiradi, bu o‘z navbatida borliqni anglashga ko‘maklashadi. Madaniyat bilim beradi. Lingvomadaniyatshunoslik faqatgina fan bo‘lib qolmay, balki u o‘qitish uslubi hamdir, uning predmeti muntazam ravishda qayta ko‘rib turilish va yangi kashfiyotlar bilan tuzatilib turilishi lozim. 59 Lingvomadaniyatshunoslik ta’lim uchun o‘qitish metodi muhimdir. Shundan kelib chiqib, ularning ongiga madaniy boyliklar va madaniy meroslar haqida ko‘proq ma’lumotlar berish lozim. Bilim vaqt o‘tishi bilan to‘planadi, ammo ularni qo‘llash usullariga, to‘plash bilan shug‘ullanish xohishiga ta’limning boshlang‘ich darajasidayoq asos solinishi lozim. Talabalarning doimiy izlanishlariga va berilgan materiallarni tahlil qilishlariga o‘qituvchi asosiy e’tiborni qaratishlari lozim, bu esa ta’limga lingvomadaniy yondashuvning eng muhim aspektlaridan biri hisoblanadi. Bunday e’tibor talaba va o‘quvchilarni hamma narsaga yengiltaklik bilan qarashga, masalaning asl mohiyatini to‘liq tushunib yetmaslikka olib kelishi mumkin. Natijada talaba va o‘quvchilarni noprofessionallarga aylantirib qo‘yishi mumkin. Demak, o‘qituvchilarning eng asosiy vazifasi talabalarni yuzakilikka intilishdan xalos qilishlari kerak. Madaniyatni o‘rganish madaniyatlararo munosabatlarning rivojlanishiga ham yordam beradi. Turli mamlakatlar bilan o‘quvchilar va talabalar almashishi bir vaqtning o‘zida til o‘qituvchilari uchun ham vosita, ham muvaffaqiyat hisoblanadi, chunki to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar, bir tomondan tilni takomillashtirish uchun, ikkinchi tomondan esa xalqaro aloqalarni rivojlantirish uchun foydalidir. Madaniy savodxonlikni ko‘taradi. “Inson - til – madaniyat” masalasiga murojaat qilinganda madaniy savodxonlik tushunchasiga ta’rif berish talab etiladi. Yuqorida ta’kidlanganidek, madaniyat kishi faoliyatining barcha sohalari ichiga kirib ketadigan tushunchalar qatoriga kiradi va unda har kim o‘zinikini qidiradigan murakkab hodisadir, ya’ni madaniyat - bu taxminan jamiyatning hamma a’zolari unda o‘zlarini tutishlari zarur bo‘lan jamiyat tomonidan shakllantirilgan xulq-atvor usullaridir; bu usullar oliy maqsadni va qadriyatlarni, ham o‘z guruhi ichidagi, ham undan tashqaridagi til va kommunikatsiya tarzini o‘z ichiga oladi. Har qanday madaniyatning muhim komponenti - bu normalardir (ya’ni, ma’lum vaziyatlarda muomalani belgilaydigan jamiyatda shakllantirilgan qoidalar), qadriyatlar (jamiyatning ko‘pchilik a’zolari o‘zlari uchun to‘g‘ri, yaxshi, ma’qul deb hisoblagan umumiy tasavvurlar) va ulardan eng muhimi lisoniy timsollardir. Madaniyatlarning tafovutlari va rang-barangligiga qaramay umummadaniy universaliyalar ham mavjud. Ammo har bir madaniyatdagi bu umumiy kategoriyalar mazkur jamiyatning normalari va qadriyatlariga mos ravishda konkret mazmun va konkret o‘ziga xosliklar bilan ajralib turadi. Madaniyatning til bilan chambarchas bog‘langan quyidagi omillari mavjud: a) ijtimoiy guruhning og‘zaki va yozma nutqda ishlatish umumiy maqsadlari va vazifalariga, idrok etishning umumiy standartlariga, fikr va fe’l-atvorga aloqadorlik; b) shu guruhga aloqadorlik; 60 v) standartlarning shu tizimiga aloqadorligi. Hozirgi lingvomadaniyatshunoslik tadqiqotlari turli tillarni va madaniyatlarni qiyoslashning barcha qiyinchiliklarini hisobga olgan holda o‘zaro munosabatlarning quyidagi metodlarini taklif etadilar: o‘zga madaniyat mavjudligini anglash; begona yomon degani emas; bu madaniyat, bu kishi, shaxs men uchun qiziq, chunki ular menikiga va menga o‘xshamagan; - turli estetik konsepsiyalar komponentlarining almashishga kirishishi (Gʻarb va Sharq o‘rtasida); - bir madaniyatdan boshqa madaniyatga turli estetik va madaniy komponentlarni ko‘chirish; - turli madaniyatlarga xos bo‘lgan umumiy komponentni qidirib topish va ajratib ko‘rsatish. Oxirgi band hozirgi jamiyatda odamlarning samarali aloqa qilishlari uchun zarur bo‘lgan bilimni aniqlashni nazarda tutadi. XULOSA Kommunikatsiya nazariyasi nuqtai nazari bo‘yicha odamlarning munosabatlari quyidagicha qaraladi. Bir tomondan, kommunikativ harakat ishtirokchilari biror ma’lumotni egallash aspektida har doim ham teng bo‘lmaydilar. Bu tengsizlik kishilarni aloqaga kirishishga undaydi; aks holda bu aloqaning hech qanday ahamiyati bo‘lmay qoladi. Boshqa tomondan, kommunikativ harakat aspekti qandaydir ma’lumotga egalik jihatidan suhbatdoshlarning tengligi. Birinchidan, ular munosabat vositalari jihatidan teng bo‘lishlari, ya'ni bir xil tilda gaplashishlari zarur. Ikkinchidan, kommunikantlar har ikkalasi uchun qandaydir umumiy bilim hajmiga ega bo‘lishlari kerak, bu yangi xabar uchun boshlang‘ich nuqtani hosil qiladi. Aks holda uni uzatish va qabul qilish nafaqat qiyin, balki chindan ham mumkin bo‘lmay qoladi. Madaniy va ijtimoiy sharoitlarning bir-biri bilan bog‘liqligini tan olish natijasida lingvomadaniy planda o‘ta muhim va munosabatlar ko‘nikmalarini shakllantirish imkonini beradigan quyidagi qoidalar kelib chiqadi: - har qanday xalq vakillari o‘zlarini o‘z madaniy normalariga mos holda tutadilar; - yosh, jins, ijtimoiy kelib chiqish, yashash joyi kabi o‘zgaruvchan omillar kishilarning nutq muomalasiga ta’sir ko‘rsatadi; - aynan bir xil vaziyatning o‘zi turli madaniyatlarda turlicha ifodalangan; -juda ko‘p so‘zlar va iboralar madaniy konnotativdir: (ajratib ko‘rsatilgan so‘zlarning birortasi ham boshqa madaniyat sohiblariga lingvomadaniy izohlarsiz tushunarli emas); 61 - denotativ jihatdan bir-biriga yaqin bo‘lgan turli tillardagi so‘zlarma’naviy jihatdan prinsipial bir-biri bilan teng emas; - til orqali madaniyat haqida muhim ma’lumotlar olish, ularni baholash mumkin. Madaniyatlararo munosabatlar va aloqalar teran akkulturatsiya - ikkinchi til shaxsini shakllantirish sharoitidagina mumkindir, u begona milliy psxologiyaga xos bo‘lgan ma’naviy qadriyatlarni kiritishni nazarda tutadi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yhati: 1. Barnett, G. A. (1968). "Cultural Analysis and Intercultural Understanding". New York: Basic Books. 2. Hall, E. T. (1990). "Culture and communications". Tashkent: National University of Uzbekistan publishing house. 3. Kramskaya, L. V. (2008). "Culture and language: interrelations in linguistics". Tashkent: Literature and art publishing house. 4. Kroeber, A. L., & Kluckhohn, C. (1952). "Cross-cultural differences and commonalities". Behavioral Science, 2(4), 1-16. 5. Mamatov, A. E. (1991). Problems of lexical and phraseological norms in modern Uzbek literary language. T.: Teacher, 212. 6. Mamatov, A. E. (1999). Issues of the formation of the phraseologisms of the Uzbek language. Abstract for Doc. of Philol. sciences. 7. Sadriddinov, A. (2010). "Culture and Language Compatibility in Uzbek". Tashkent: Science and Translation Publishing House. 8. Samovar, L. A., Porter, R. E., & McDaniel, E. R. (2012). "International and Intercultural Communication". Boston: Cengage Learning. 9. Sapir, E. (1921). "General language theory and culture". Language, 1(2), 1-20. 10. Ting-Toomey, S. (1999). "Intercultural Communication and the Development of Cultural Rivalries". Thousand Oaks: Sage Publications. 11. Williams, R. (1983). "Culture and Audiovisual Communication". Routledge. 12. Yusupov, B. (2015). "Linguistic cultural studies and problems related to culture". Tashkent: Sharq yulduzi.