scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

CHIROQCHI JOY NOMLARINING LINGVOMADANIY XUSUSIYATLARI

Tursunov Jo'shqin No'monqulovich

Full text

152 CHIROQCHI JOY NOMLARINING LINGVOMADANIY XUSUSIYATLARI Tursunov Jo‘shqin No‘monqulovich, Renessans ta’lim universiteti Filologiya kafedrasi katta o‘qituvchisi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17932560 Annotatsiya. Mazkur maqolada Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida uchraydigan joy nomlarining lingvistik va madaniy jihatlari o‘rganiladi. Toponimlar orqali mahalliy aholining tarixiy xotirasi, dunyoqarashi, e'tiqodlari va turmush tarzi tahlil qilinadi. Shuningdek, bu nomlarning etimologiyasi va madaniy-ma'naviy mazmuni ochib beriladi. Qashqadaryo viloyati ham geografik joy nomlariga nihoyatda boy. Ularning miqdorini aniqlash hozircha oxiriga yetkazilgani yo‘q, chunki mamlakatimiz aholisi og‘zidan joy nomlari hanuzgacha to‘liq yozib olinmagan. Viloyatimiz geografk joy nomlari uzoq tarixga ega bo‘lsa-da, viloyat hududidagi qadimiy an’analar bilan bog‘liq bo‘lgan, xalqning og‘izdan-og‘izga o‘tib yurgan geografik nomlari bugungi kungacha yetarli darajada o‘rganilmagan. 2011-yil 13-oktabrda qabul qilingan “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni bu boradagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, xalqimizning bir necha asrlik an’analarini tiklash borasida muhim qadam bo‘ldi. Ushbu qonun avvalo geografik ob’ektlarga nom berish, ularni qayta nomlash, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ularning to‘g‘ri yozilishi va nomlanishini tashkil etish, foydalanish va saqlash munosabatlarini tartibga solishi bilan ham ahamiyatlidir. Bu qaror yuzasidan geografik joy nomlarini o‘rganish, tahlil qilish bo‘yicha ko‘pchilik safarbar qilingan bo‘lib, ularning ilmiy ishlari nihoyasida respublikamizda yirik toponimik lug‘at, atlas yaratish, tadqiqotchilar uchun toponimika fondini yuzaga keltirish imkoniyati mavjud bo‘ladi. Til uchun xalq tarixi va madaniyati, joy nomlari qanchalik ahamiyatli bo‘lsa geografik nomlarning talqini bo‘yicha yaratilgan izoh variantlari, rivoyat va afsonalar millat taqdiri va folklorimiz uchun juda qimmatli ma’lumot ekanligi tabiiy. Chiroqchi tumani hududining kattaligi va aholisining ortishi sababli uni 2 qismga Chiroqchi (rasmda koʻk rangda) va Koʻkdala (qizil rangda) tumanlariga boʻlish masalasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2022-yil 2-mart kuni o‘tkazilgan yalpi majlisida koʻrib chiqilgan. 153 Majlisda yangi tashkil etiladigan Koʻkdala tumaniga Chiroqchi tumanidan 177 ming aholi yashaydigan 171 ming ga yer maydoni ajratilishi haqida kelishilib, 2022yilning 17-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati yigʻilishida Koʻkdala tumanini tashkil etish toʻgʻrisidagi tegishli qaror qabul qilingan. Hozirgi kunda Chiroqchi tumani hududi 1.1 ming kvadrat km bo‘lib, aholisi 273. 200 kishi (2024). Toponimika — joy nomlarini o‘rganadigan tilshunoslik sohasi bo‘lib, u xalqning tarixi, madaniyati, geografiyasi va ijtimoiy hayoti haqida muhim ma'lumotlar beradi. Ayniqsa, O‘zbekiston hududidagi qadimiy va boy tarixga ega hududlarda toponimlar lingvomadaniy tadqiqot uchun qimmatli manba hisoblanadi. Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumani ana shunday hududlardan biri bo‘lib, bu yerda ko‘plab qadimiy, etnik, tarixiy va madaniy nomlar saqlanib qolgan. Maqolaning asosiy maqsadi — Chiroqchi tumanidagi joy nomlarini lingvistik va madaniy jihatdan tahlil qilish, ularning semantik va etimologik ildizlarini aniqlash, shuningdek, ushbu toponimlar orqali xalqning tarixiy-madaniy xotirasini yoritishdan iborat. Chiroqchi qadimdan mohir usta va hunarmandlar shahri bo'lgan. Shuning uchun Chiroqchi shahri nomi - “chiroq yasovchi hunarmandlar” kasbi bilan bog‘liq. Xo‘sh, bu nom nimani anglatadi? Suvchi ekinlarni sug‘oruvchi, o‘tinchi o‘tin to‘plovchi, temirchi temirga ishlov beruvchi bo‘lgandan keyin chiroqchi chiroq yasovchi bo‘ladi-da deb xulosa yasashimiz mumkin. Yuz-ikki yuz yil narisida ko‘cha chiroqlarini yoqish bilan shug‘ullanuvchi kishilar chiroqchi deyilgan. Balki shundan kelib chiqqandir bu nom? 154 Milliy ensiklopediya toponimni chiroq yasovchi hunarmandlarga bog‘lagan. Biroq etimologik adabiyotlar bunga qo‘shilmaydi. Bu fikrning asosli emasligini chiroqchi so‘zi lug‘atlarda chiroq yasovchi sifatida izohlanmaganini ham isbotlaydi. Chiroqchi nomi uzoq tarixga ega. Manbalarda yozilishicha, sirakchi yoki siroqchi – qadimgi turkiy qabila-urug‘ning oti. Bu maskanda ana shu urug‘ jamoasi yashagan. Joy nomi urug‘ otidan kelib chiqqan. Chiroqchi 1980-yildan shahar maqomiga ega. Chiroqchi tumani O‘zbekistonning tarixiy va madaniy jihatdan boy hududlaridan biridir. Ushbu hududga oid tarixiy va etnografik ma’lumotlarni o‘rganishda “Chiroqchinoma” kabi manbalar katta ahamiyat kasb etadi. Mazkur maqolada “Chiroqchinoma” manbasining o‘rni va mazmuni, shuningdek, Chiroqchi tumani toponimlarining o‘rganilish tarixi tahlil qilinadi. Chiroqchi tumani Qashqadaryo viloyatining markaziy hududlaridan bo‘lib, geografik joylashuvi tabiiy sharoitlari bilan ajralib turadi. Uzoq tarixdan beri savdosotiq va madaniy markaz bo‘lib kelgan, aholisi asosan qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi. “Chiroqchinoma” nomi hudud nomidan kelib chiqqan bo‘lib, “noma” qo‘shimchasi fors-arab madaniyatida “asor, kitob, risola” ma’nolarini bildiradi. Asar ko‘pincha Chiroqchi tumani tarixi, madaniyati va toponimlari haqidagi yozma va og‘zaki manbalar yig‘indisidir. Toponimlarni o‘rganish qadimdan boshlanib, zamonaviy davrda To‘ra Nafasov va bir qator olimlar tomonidan chuqur tahlil qilindi. Nafasovning ilmiy ishlari hududdagi joy nomlarini tarixiy va lingvistik jihatdan o‘rganishda muhim o‘rin tutadi. Tumandagi daryo, qishloq, tog‘ va boshqa geografik obyektlarning nomlari ko‘pincha xalq og‘zaki ijodi, qadimiy e’tiqodlar va tarixiy voqealar bilan bog‘liq. Masalan, “Chiroqchi” nomi ham o‘zining tarixiy sabablari va ma’nolariga ega. Ushbu manba hududiy tarixni chuqurroq o‘rganish, madaniyatni saqlash, til va toponimshunoslik sohasidagi tadqiqotlarni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega. “Chiroqchinoma” Chiroqchi tumani tarixini, madaniyatini, toponimlarini o‘rganish uchun qimmatli manba hisoblanadi. Uning asosida tuman va viloyat tarixini kengaytirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish istiqbollari mavjud. 1. Chiroqchi toponimlarining lug‘aviy-etimologik tahlili Chiroqchi hududida uchraydigan ko‘plab joy nomlari turkiy, arabiy va forsiy tillar asosida shakllangan. Masalan: Ko‘kdala – “ko‘k” (osmon, tabiat) va “dala” (ochiq yer) so‘zlaridan iborat. Bu nom hududning tabiiy-geografik xususiyatini bildiradi. 155 Qoratepa – “qora” (rang) va “tepa” (balandlik) so‘zlaridan yasalgan bo‘lib, tepalikning tashqi ko‘rinishidan dalolat beradi. Langar – forscha “langar” so‘zi “qo‘nalg‘a”, “to‘xtash joyi” ma'nosini bildiradi. Bu joy tarixda karvonsaroy yoki dam olish maskani bo‘lgan bo‘lishi mumkin. 2. Toponimlarning lingvistik xususiyatlari Ko‘plab joy nomlari affikslar yordamida yasalgan: -chi, -lik, -qishloq, -soy, -tepa kabi qo‘shimchalar orqali yangi toponimlar yuzaga kelgan: Chorbog‘chi – chorbog‘ (bog‘lar) + chi (egalik bildiruvchi). Oqtom – oq (rang) + tom (bino, inshoot). Mahalliy shevalar toponimlar shakllanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatgan. Masalan, “G‘ubdin” nomi ba’zi manbalarda "G‘ubdon" yoki "Qubdin" shaklida ham uchraydi. Bu esa talaffuzdagi farqlar tufayli vujudga kelgan. 3. Toponimlarning madaniy-ma'naviy mazmuni Joy nomlari ko‘pincha xalqning e'tiqodlari, tarixiy voqealari yoki mashhur shaxslar bilan bog‘liq bo‘lgan: Boboqul – qadimiy dindor yoki donishmand shaxs nomi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Qo‘shtegirmon – “qo‘sh” (ikki dona) va “tegirmon” so‘zlaridan iborat. Bu yerda ilgari ikki tegirmon mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi. Eskiqishloq – bu nom avvalgi mavjud qishloqning yangi qishloqdan farqli ravishda saqlanib qolgan tarixiy shaklini bildiradi. 4. Toponimlar orqali tarixiy va madaniy merosni tiklash Joy nomlari hududning tarixiy rivojlanish bosqichlarini aks ettiradi. Ular orqali o‘sha davrdagi ijtimoiy-siyosiy tuzum, etnik tarkib, e’tiqod va madaniy qadriyatlar haqida xulosa qilish mumkin. Shuning uchun toponimlarni o‘rganish – tarixiy xotirani tiklashning muhim vositasidir. Xulosa qilib aytganda Chiroqchi tumanidagi toponimlar nafaqat geografik belgi, balki til, tarix va madaniyatning uzviy qismi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Ular orqali o‘tmish hayoti, etnik tarkibi, urf-odatlari va dunyoqarashi aks etgan. Lingvomadaniy tadqiqotlar bu nomlarning yanada chuqur ildizlarini ochishga xizmat qiladi. Ularni o‘rganish va asrash — milliy merosimizni saqlash deganidir. Chiroqchi nomi bilan bog‘liq qiziqarli ma’lumotlar Aleksandr Rajanovning Chiroqchiga atalgan sheʼri. Eronda 80-yillarning oxirida Chirogʻchi degan sogʻliqni saqlash vaziri faoliyat yuritgan. Istanbulda Chiroqchi nomli masjid bor. 156 Hoqon Chiroqchi (Hakan Çırakçı) ismli turk aktyori bor. Herşeye Rağmen, 1988-yil. Anqara viloyatida Chiroqchi nomli kichik togʻ mavjud. Tojikiston Respublikasidagi Yovon tumanida "Chiroqchi" nomli qishloq bor. Shevada "chiroqchi" — elektrik maʼnosini ham berishi mumkin. Turkmanistonda "Chiroqchi" nomli quduq bor. Yevgeniy Berezikovning „Qizil Buxoro“ romanida chiroqchilik Sobir nomli personaj mavjud. Afgʻoniston Badaxshonida yashovchi hazoriylarda "chiroqchi" deb ataluvchi urugʻ yoki etnik guruh bor. "Chiroqchi" qadimgi turkiy shomonlarining unvonlaridan biri boʻlgan.Hozirgacha „chiroq yoqish“ iborasi ishlarning yurishishi, qiyinchiliklarning ketishi uchun qilinadigan marosim maʼnosini bildiradi. Bunda baxshi momo choʻplarning uchiga paxta bogʻlab, yogʻ solingan idishga botirib oladi va supradagi unga botirib qoʻyadi. Shundan soʻng, paxtalik tayoqchalar yoqiladi. Supraning atrofidagilar yoqilgan choʻplardagi olov ustida qoʻllarini biroz ushlab turib, yuzlariga surtishadi. Baʼzan bu marosim uchun xoʻroz ham soʻyilishi mumkin. Bu islomdan anʼanasi boʻlib, Chiroqchi qishloqlarida hali ham oʻtkazilib turiladi. Oʻrta asrlarda chiroqchi deb maqbaralarga qarovchi va imomga yordam beruvchi kishiga aytilgan. Shahrisabz darvozalarining biri "Chiroqchi darvozasi" deb atalgan. N.P.Stremuxov nomli yozuvchining qalamiga mansub „Musulmonlar orasida“ asarda hikoya qilingan baʼzi voqealar Chiroqchi atrofida yuz beradi. Ushbu roman 1883-yil Sankt-Peterburg shahrida, „Svet“ gazetasiga nashr qilingan. Sufiylarning Bektoshiylar degan tariqatida „chiroqchi“ vazifasi bor. Qirim qorayimlarida toʻy marosimini „chiroqchi“ deb ataluvchi kishi boshqaradi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Nafasov T. O‘zbekiston toponimlarining izohli lug‘ati. — Toshkent, 1988. 2. Qodirov A. “O‘zbek toponimikasi asoslari”. – Toshkent: Fan, 1998. 3. Mirzaev T. “Til va madaniyat: lingvomadaniyatshunoslik masalalari”. – Toshkent: O‘zbekiston, 2005. 4. Qоraеv S. Gеоgrafik nоmlar ma’nоsini bilasizmi? Tоshkеnt, 1970. 5. Mahkamov A. “Toponimlarning tilshunoslik tahlili”. – Qarshi: Nasaf, 2010. 6. O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi.