LEKSIK VAZIFADOSHLIK HODISASINING AYRIM GRAMMATIK XUSUSIYATLARI
Full text
188 LEKSIK VAZIFADOSHLIK HODISASINING AYRIM GRAMMATIK XUSUSIYATLARI Gulnoza To‘ychiboyeba , Renessans ta’lim universiteti Filologiyа va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabasi Ilmiy rahbar: Islomov Ikrom Xushboqovich, Renessans ta’lim universiteti dotsenti, filologiya fanlari doktori DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17932635 Annotatsiya. Maqolada til birliklari, xususan, terminlarning polifunksionalligi lingvistik hodisa sifatida o‘rganiladi. Polifunksional birliklar omonimlik va polisemiya bilan bog‘liq holda turli sohalarda turlicha semantik yuklama bilan qo‘llanilishi yoritiladi. Geografik terminlar misolida so‘zlarning soha va kontekstga qarab turli ma’nolar kasb etishi, shuningdek, ularning sof termin va umumiste’mol shakllarida ifodalanishi tahlil qilinadi. Tadqiqotda polifunksionallik fenomeni o‘zbek, rus va boshqa tillar lingvistikasi doirasidagi ilmiy talqinlarga asoslanib, til birliklarining ma’no va funksional xususiyatlari keng yoritilgan. Kalit so‘zlar: polifunksionallik, omonimlik, polisemiya, termin, leksema, semantika, geografik terminlar. Til – doimiy harakatdagi murakkab ijtimoiy hodisa bo‘lib, uning har bir birligi semantik, morfologik va sintaktik jihatdan o‘zaro bog‘langan tizimda namoyon bo‘ladi. Shu birliklar orasida terminlar alohida o‘rin tutadi, chunki ular soha doirasida aniq semantik yuklamaga ega bo‘lishi bilan birga, ko‘p hollarda turli sohalarda turlicha ma’no va funksiyada ishlatiladi. Bu holat terminlarning polifunksionallik xususiyatini belgilaydi. Ushbu maqolada terminlarning polifunksionalligi lingvistik mezonlar asosida yoritilib, ularning omonimlik va polisemiya bilan bog‘liqligi, shuningdek, geografik terminlar misolida konkret tahlillar orqali ko‘rsatib beriladi. Maqsad – til birliklarining mazmun va funksional xususiyatlarini ilmiy asosda izohlash va terminshunoslik rivojiga hissa qo‘shishdir. Til birligi shunday serqirra hodisaki, u shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra nutqda rang-barang holatda voqelanadi. Xususan, terminlar tabiatida ham omonimlik, polisemantik, polifunksionallik kuzatiladi. Polifunksional terminlar polisemantiklik xususiyati susaygan, biroq omonimlik darajasiga yetmagan ko‘p ma’nolilik kasb etuvchi birliklar sifatida alohida ma’nolari bilan turli sohalarda qo‘llanadi. Masalan: morfologiya 1 (biol.), morfologiya 2 (tilsh.) kabilar[2; 13]. Polifunksionallik – (yunonchadan polys ko‘p va lot. funstio ishlash, amalga oshirish, faoliyat) bir ohangdoshlikda turli funksiyalarning kombinatsiyasi. Tilshunoslikda polifunksionallik tushunchasi g‘oyat xilma-xildir. Polifunksionallik
189 turli darajadagi birliklarning xususiyati sifatida ajralib turadi. Ayrim tadqiqotchilar morfemalarning, boshqalari so‘zlarning (so‘z shakllari) polifunksionalligini ochib beradilar. Polifunksionallik ba’zan torroq, ba’zan juda keng tushuniladi. Morfemaning polifunksionalligi bir vaqtning o‘zida affiks va o‘zak sifatida harakat qilish qobiliyatidir[3; 46-47]. Polifunksional terminlar turli sohada bir turning ma’lum bir darajada farqlanuvchi jins sifatidagi mohiyatini ko‘rsatishga xizmat qiladi. Masalan, tuz bilan tuproqni mustahkamlash terminologik birikmasi yo‘l qurilishi sohasida ham, melioratsiya ishlarida ham, obodonlashtirishda ham, shuningdek, binokorlikda ham bitta denotatni ifodalaydi. Shu bois bu kabi terminlarni ma’nosiga ko‘ra bitta termin sifatida baholash maqsadga muvofiq[2]. A.N.Tatarinova sistemalararo quyidagi atamalar guruhlarini aniqlaydi: 1) polifunksional so‘zlar – bir-biri bilan obrazli assosiatsiyalar bilan bog‘langan tushunchalarni bildiruvchi atamalar; 2) intersistem (sistemalararo) omonimlar – teskari bog‘lanishni yo‘qotgan tushunchalarni bildiruvchi so‘zlar. Terminlarni sohalararo darajasiga qarab esa quyidagicha guruhlaydi: 1) turli, lekin o‘zaro aloqadorlikni bildiruvchi polifunksional so‘zlar, bir xil ma’noli turli terminosistemalarda ishlatiladigan atamalar; 2) aloqasizlikni ifodalovchi sohalararo omonimlar[9]. Zamonaviy lingvistikada ruscha so‘zlarning polifunksionalligi masalasi munozarali bo‘lib qolmoqda. Mazkur atama turlicha talqin qilinadi. T.M. Nikolayeva “Funksii chastis v vыskazыvanii” (“Gaplarda yuklamalarning funksiyalari”)[5] asarida polifunksionallikni (yuklamalarga nisbatan) ichki semantikaga asoslangan so‘zlardagi o‘zaro almashinuvchanlik xususiyati sifatida tushunadi, ya’ni semalardagi farqlar va tasodiflar sifatida. U “yuklamalar o‘z ma’nosiga va deyarli har doim sinonimiga ega, ya’ni ular “semalar to‘plami”, deb ta’kidlaydi. Yuklamalarning bu polifunksionalligi, ularning semantikasining sinonimligi va originalligi ko‘pchilik tan olgan ikkita boshqa hodisani ham keltirib chiqaradi: yuklamalar bir-birini mustahkamlashi kerak (yoki bir-birini mustahkamlashi mumkin) va ularning ma’nosi asosan kontekst bilan belgilanadi”. Yana bir guruh tadqiqotchi-olimlar polifunksionallikni turli leksik va sintaktik tarkibdagi bir qator so‘zlarning turli sintaktik vazifalarni bajarish qobiliyati deb tushunadilar va talqin etadilar. Masalan, so‘zning yuklama yoki bog‘lovchi, hol yoki boshqa bo‘lak bo‘lib kelishi sifatida baholaydilar. V.A. Beloshapkovaning tahriri ostida nashr etilgan “Sovremennыy russkiy yazыk” (“Zamonaviy rus tili”)[6] darsligida polifunksional so‘zlar sinfi ajralib turadi,
190 ular mustaqil va yordamchi yoki turli ma’nolarga ega bo‘lgan yordamchi so‘zlar sifatida xizmat qiladi. So‘zlarning polifunksionalligi uning leksik tarkibini, intonatsiya va semantik, kontekst bilan o‘zaro munosabati mazmunini gapda o‘zgartira olishida namoyon bo‘ladi. Shunday qilib, polifunksional so‘zlar rus tilining tipologik xususiyatlaridan biridir. Ular so‘zlashuv nutqi va badiiy adabiyotda keng qo‘llaniladi. Leksik va sintaktik tarkibli ko‘p ma’noli gaplarda polifunksional so‘zlar sintaksis, so‘z birikmasi, intonatsiya va kontekstning turli nisbatini hisobga oluvchi kommunikativ tahlil yordamida qaraladi. Shuni ta’kidlash joizki, har bir vositalar roli turli xil bo‘lishi mumkin. Ayrim gaplarda leksik va sintaktik vositalarning o‘rni mustahkamlansa, boshqalarida – intonatsiya, boshqalarida – gaplarning mazmuniy bog‘lanishlarining o‘rni mustahkamlanadi. Bu bog‘lanishlar xilma-xil, lekin har bir muayyan gapda til vositalari birgalikda namoyon bo‘ladi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, faqat sintaksis, so‘z birikmasi, intonatsiya va semantik aloqaning kontekst bilan o‘zaro bog‘liqligi polifunksional so‘z va gapning ma’nosini konkretlashtirishga imkon beradi. O‘zbek tilshunosligida polifunksionallik masalasiga doir Y.Tojiyev, J.Eltazarov, N.Qodirova, G.Sulaymonova, A.Botirova va boshqalarning tadqiqotlari alohida ahamiyatga ega. Polifunksionallik muammosini affikslar misolida maxsus tadqiq qilgan N.Qodirova affikslardagi polifunksionallik bilan ulardagi omonimlik, ko‘p ma’nolilik bir xil hodisalar emasligini qayd etadi. Bular o‘rtasida umumiylik bo‘lsa ham, har biri alohida-alohida hodisalardir. Affiksal omonimiyada turli affikslarning shakl munosabati haqida, affiksal ko‘p vazifalilikda esa bir affiksning turli xil vazifa bajarishi haqida gap borsa, affiksal ko‘p ma’nolilikda bir affiksning ma’lum bir vazifada qo‘llanganda, turli xil ma’nolarni ifodalashi xususida fikr yuritiladi[4; 16]. Dunyo, turkiy va o‘zbek tilshunosligida so‘zlarni tiplashtirishning uch mezoni ommalashgan: semantik, morfologik, sintaktik. Bu mezonlar tilning paydo bo‘lishi, shakllanishi va taraqqiyoti kesimida so‘zning rivoji muammosi bilan bir tomondan, so‘zlarning polifunksionallik xususiyatlari bilan ikkinchi tomondan bog‘lanib ketadi. Boshqacha aytganda, diaxronik jihatdan ayrim so‘zlarning o‘z turkumlarini tark etib, boshqa turkumlarga ko‘chishi hodisasi bilan birga, tilning muayyan bir sinxronik holatida kamida ikki paradigmaga kirish imkoniyatining saqlanib turishi bu mezonlarning har doim ham birday amal qila olmasligini ko‘rsatadi. Tilshunos J.Eltazarov so‘z turkumlarida polifunksionallik har doim ham ko‘chish tarzida namoyon bo‘lavermasligiga urg‘u beradi. Jumladan, olmosh boshqa so‘z turkumlariga ko‘chmaydi, balki u bir qancha so‘z turkumlarining o‘rinbosari
191 vazifasini bajaradi. Yordamchi so‘z turkumlari o‘rtasidagi polufunksionallikni ham tugal ko‘chish deb bo‘lmaydi. Otning nutqdagi polifunksionalligi uning ayni semantik jihatdan keng va mavhum substantivlik tushunchasi bilan bog‘liqligi, jumla ichida esa o‘sha keng kategorial ma’no imkon beradigan darajada noan’anaviy pozisiyada qo‘llanishi bilan bog‘liqligini izohlaydi[2; 56]. Tadqiqotchi G.Sulaymonova ot turkumi misolida polifunksionallikni tadqiq qilib, tilda mavjud bo‘lgan so‘zlar, birinchi navbatda, asl (bosh) ma’nosida qo‘llanishini, ehtiyoj tug‘ilishi bilan so‘zlarning leksik-semantik ma’nosini funksional ko‘chirish usulidan foydalanishga o‘tilishini ta’kidlaydi. So‘z ma’nosining ko‘chishi natijasida yuzaga kelgan funksional-semantik ma’no, birinchidan, denotativ, ikkinchidan, konnotativ ma’noga o‘tib, nutq jarayonida qo‘llanaveradi. Ayni shunday holat so‘zlarning polifunksionalligini tasdiqlovchi muhim lisoniy omildir[7; 8], deb ta’kidlaydi. Aytilganlardan ma’lum bo‘ladiki, til birliklarining polifunksionalligi masalasida tilshunoslar yakdil fikrda emas. Ba’zi tilshunoslar til birliklariga xos polifunksionallikni polisemiya doirasida o‘rganishsa, bu muammo ayrim olimlar tomonidan polisemiya va omonimiya oralig‘idagi bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida e’tirof etiladi. Uchinchi toifa olimlar esa polifunksionallikni so‘z semantik strukturasidagi turli so‘z turkumlariga xos ma’nolarning sinkretizmi sifatida baholaydilar[3]. Sof terminlar polifunksionalligiga izobara, izotermalar, mintaqa, parallel, polosa, poyas, tadrij, qutb kabi terminologik birliklarni kiritish mumkin. Sof geografik polifunksional terminlardan izobara geografiya, fizika va kimyo, izotermalar geografiya va fizika, parallel matematika va geografiya, poyas geografiya va iqtisod, qutb geografiya va fizika sohasida keng qo‘llanadi. Leksema-terminlar polifunksionalligiga esa botqoq, botqoqlik, dala, yer, yoq, yoqa, yoyilma, jarlik, jahon, makon leksemalari misol bo‘la oladi. Izohli lug‘atda berilgan izohlarini keltirish orqali fikrni dalillash mumkin: BOTQOQ 1 Oyoq bosib bo‘lmaydigan bo‘sh loy va shunday loy bilan qoplangan yer, maydon; botqoqlik, botqoqzor. 2 sft. Bo‘sh loyli, shunday loy bilan qoplangan. 3 ko‘chma Salbiy muhit, girdob. BOTQOQLIK 1 Doimo va uzoq vaqt nam va zaxdan balchiq va loy holatda yotishlik. 2 Botqoq yerlardan iborat bo‘lgan joy; botqoqzor. DALA 1 Aholi yashaydigan joydan tashqarida bo‘lgan, ekin ekiladigan yer, ekinzorlar. 2 Umuman keng tabiiy sayhon yer, yovon. 3 Uydan (xonadan) tashqari joy, hovli, ko‘cha. YER 1 Quyoshdan keyingi uchinchi planeta. 2 Shu planetaning quruqlik qismi (suv bilan qoplangan qismiga qarama-qarshi qo‘yilganda). 3 Planetamiz qobig‘ining
192 sirtqi qatlami. 4 Narsalar turgan, tirik organizmlar hayot kechirayotgan yuza, sath (shaxs yoki boshqa narsalarga nisbatan). 5 Yer sathining muayyan bir qismi; joy, hudud. 6 Qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan tuproq qatlami, ekin, daraxt va sh.k. ekiladigan joy, maydon. 7 Biror narsa band qilib turgan, egallagan o‘rin, joy: makon. 8 Biror mamlakat, davlat, xalq, xo‘jalik va sh.k. ga qarashli hudud. 9 Biror narsaning yoki a’zoning ayrim qismi, o‘rni, nuqtasi, joyi. 10 Ish joyi, muassasa, tashkilot. 11 (j., o‘.-p., ch. k. shaklida) ko‘m. vzf. Payt, o‘rin, sabab kabi munosabatlarni bildiradi. YOQ 1 Tomon, taraf. 2 Geometrik jismni o‘rovchi har bir tekislik. Kub yoqlari. YOZ 1 Yilning bahor bilan kuz orasidagi eng issiq fasli. 2 ko‘chma Umrning eng gullagan, yoshlik davri. YOYILMA 1 Daryoning suvi yoyilib oqadigan keng joy. 2 ko‘chma Keng, hududsiz maydon, kenglik. 3 mat. Geometrik jismning yoyiq holga keltirilgan ustki sirti. JARLIK 1 q. jar I. Chuqur jarlik. Tubsiz jarlik. 2 Xavf-xatar, falokat. JAHON [f. ~ dunyo, olam] 1 Yer yuzi va undagi butun borliq; dunyo, olam. 2 poet. Dunyodagi hamma xalqlar, butun insoniyat. 3 Jahon (xotin-qizlar ismi). MAKON [joy, hudud; daraja; martaba] 1 fls. Vaqtning muayyan lahzasida olamni tashkil etgan nuqtalarning o‘zaro joylashish tartibini aks ettiruvchi, materiyaning masofa va hajm bilan belgilanadigan asosiy ob’yektiv yashash shakllaridan biri. 2 Turarjoy, yashash joyi; maskan, vatan. 3 Biror narsa to‘plangan yoki ko‘p bo‘lgan joy; kon. Yuqoridagi so‘zlar orqali leksema-terminlar polifunksionalligi namoyon bo‘ladi. So‘z bir ma’nosi bilan termin, boshqa ma’nosi bilan umumiste’moldagi so‘z sifatida qo‘llanadi. Geografik terminlarda omonimiya, polisemiya va polifunksionallik hodisasi ko‘p uchraydi. Terminlar tizimiga ushbu lingvistik hodisalar orqali munosabatda bo‘lish terminshunoslik uchun qimmatli va ahamiyatli ma’lumotlar beradi. Tilda terminlar o‘z o‘rniga ega bo‘lgan lingvistik birlik hisoblanar ekan, ularning ma’no mundarijasi, tabiati, qo‘llanish doirasi, ifoda maqsadini to‘g‘ri yo‘naltirish, o‘rganish va tadqiq etish, bu orqali barcha soha terminologiyasini mukammallashtirish muhim masalalardandir. Til birliklarining polifunksionalligi ularning semantik ko‘lamini kengaytirib, turli sohalarda faol ishlatilishini ta’minlaydi. Xususan, terminlar sohasida bu holat yaqqol ko‘zga tashlanadi. Polifunksional terminlar ko‘p hollarda sohalararo o‘xshashliklarga tayangan holda, bir necha fanlar doirasida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan universal birliklar sifatida namoyon bo‘ladi. Ushbu maqolada olib borilgan
193 tahlillar shuni ko‘rsatadiki, terminlarning ma’no va vazifa jihatdan ko‘p funksiyaliligi ularni chuqur semantik-kontekstual tahlil qilish zaruratini tug‘diradi. Polifunksionallikni omonimlik va polisemiya bilan farqlash, uni mustaqil hodisa sifatida o‘rganish zamonaviy tilshunoslikda dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Ботирова А. Ўзбек тилида сўз туркумларининг бирламчи ва иккиламчи вазифасининг функционал-синтактик таҳлили: Филол. фан. бўйича фалс. докт. ... дисс. автореф. – Қарши, 2018.. 2. Валиев Т. Ўзбек тили йўлсозлик терминларининг структур-семантик хусусиятлари ва лексикографик талқини: Филол. фан. бўйича фалс. докт. (PhD) ... дисс. автореф. – Самарқанд, 2018. Гулямова Ш. Полифункционаллик хусусида // “Ўзбекистонда илмийамалий тадқиқотлар” мавзусидаги республика 19-кўп тармоқли илмий масофавий онлайн конференция материаллари. – 7-қисм. – Тошкент, 2020. 3. Николаева М. Функции частиц в высказывании. – M.: Наука, 1985. – 168 с. 4. Современный русский язык// под. ред. В.А. Белошапкова. – М.: Высшая школа, 1989. – 800 с. 5. Сулаймонова Г.А. Ўзбек тилида от туркумидаги сўзларнинг полифункционаллиги: Филол. фан. номз. ... дисс. автореф. – Тошкент, 2010. – Б. 8; 6. Татаринова А.Н. Опыт системного исследования немецкой химической терминологии: на материале общей и неорганической химии: Автореф. дисс. ... канд. филол. наук. – М., 2005. 7. Элтазаров Ж.Д. Ўзбек тилида сўз туркумларининг ўзаро алоқаси ва кўчиши: Филол. фан. докт. ... дисс. автореф. – Тошкент, 2008. – 42 б.