scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

OʻZBEK ZAMONAVIY FONETIKASINING TARIXIY TARAQQIYOTI

Nurmanov Furqat Ismoilovich

Full text

205 OʻZBEK ZAMONAVIY FONETIKASINING TARIXIY TARAQQIYOTI Nurmanov Furqat Ismoilovich, Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti filologiya fanlari nomzodi, dotsent E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17932675 Annotatsiya: maqolada oʻzbek tili fonetikasi va fonologiyasining kuzatish obyekti, maqsad va vazifalari xususida shu soha bilan shug‘ullangan tadqiqotchilarning ilmiy xulosalari keltirilib, ularga munosabat bildirilgan. Kalit so‘zlar: fonetika, fonologiya, nutq tovushlari, akustika, nutq aʼzolari, tovush qobigʻi, integral va differensial belgilar. Аннотация: в статье приводятся научные выводы исследователей, занимавшихся фонетикой и фонологией узбекского языка, относительно объекта наблюдения, целей и задач этой области, а также выражается отношение к этим выводам. Ключевые слова: фонетика, фонология, звуки речи, акустика, органы речи, звуковая оболочка, интегральные и дифференциальные признаки. Annotation: The article presents the scientific conclusions of researchers involved in the phonetics and phonology of the Uzbek language regarding the object of observation, goals and objectives of this field, and expresses their attitude to these conclusions. Keywords: phonetics, phonology, speech sounds, acoustics, organs of speech, sound shell, integral and differential signs. Til va uni oʻrganish uning fonetikasini - tovushlar tizimini o‘rganishdan boshlanadi. Ona tili ta’limi oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa – yoshlarning o‘z fikrini og‘zaki va yozma ravishda erkin hamda savodli bayon qila oladigan mustaqil fikr sohibini tarbiyalashda unli tovushlar tizimini mukammal o‘rgatish muhim ahamiyat kasb etadi. Tilshunoslik fani rivojining ma’lum davriga qadar nutq tovushlari fonetika bo‘limida o‘rganilib kelingan bo‘lsa, bu soha taraqqiyotining navbatdagi bosqichida tadqiqotlar ko‘lami kengayib borishi natijasida fonologiya, fonosemantika, fonostilistika, fonopragmatika singari yangi sohalari vujudga keldi. Fonetik tadiqotlarning tobora chuqurlashib borishi barobarida ushbu sohalarning tadqiqot ob’ekti, maqsad va vazifalari ham konkretlashdi. Masalan, har qanday tovushning fizik-akustik tabiati va biologik asosi borligidan, nutq tovushi esa faqat insonlar tomonidan talaffuz etilishi va eshitilishidan, ya’ni uning ijtimoiy mohiyatidan kelib chiqib, fonetikaning o‘rganish obyekti sifatida belgilandi hamda ularni akustik-fiziologik (tovushning balandpastligi, intensivligi, tembri, qisqa-cho‘ziqligi), anatomik-fiziologik (tovushlarning 206 shakllanishida nutq a’zolarining ishtiroki), eshitib his qilish (perseptiv) aspektlarini tadqiq etish maqsad qilib qo‘yildi. [1;81-90] XIX asrning oxirlarida nutq tovushlarining artikulyatsion-fiziologik (fizik) tomonidan funksional (lingvistik) tomonini farqlash ehtiyoji bilan fonologiya paydo bo‘ldi va tilshunoslikning alohida bo‘limi sifatida fonemalarning farqlovchi belgilarini o‘rganuvchi soha sifatida e’tirof etildi.[2;5] Bu sohada ham tovush, ammo til tovushlari o‘rganish obyekti sifatida belgilandi va ushbu tovushlarning vazifaviy xususiyatlarini o‘rganish maqsad qilib qo‘yildi. Tilda, garchi umumiy ma’noda obyekti tovushlar hisoblansa ham, masalaga yondashish nuqtai nazaridan tilshunoslikda fonetika bilan fonologiya bir-biridan o‘zaro farqlandi. Fonetika tovushlarning hosil bo‘lishi, ularning akustik xususiyatlari, ya’ni nutq tovushlarining fiziologiyasini o‘rgansa, fonologiya so‘z va morfemalarning tovush qobig‘ini farqlovchi vosita sifatida nutq tovushlarini semasiologik, funksional va prosodik jihatdan o‘rganadigan bo‘ldi. Fonetika va fonologiyaning kuzatish obyekti, maqsad va vazifalari xususida shu soha bilan shug‘ullangan tadqiqotchilar aniq fikrlar bayon qilganlar. Ularni yaxlit holda olib qaraganda xulosa shunday bo‘ladiki, har ikkala sohaning ham tadqiqot obyekti nutq tovushlaridir. Faqat fonetikada inson nutqining material tomoni, hosil bo‘lish shart-sharoitlari, fonologiyada esa bu tovushlarning ma’noni farqlashga xizmat qiluvchi jihatlari o‘rganiladi. Fonostilistika esa tilshunoslik fani taraqqiyotining keyingi yillardagi mahsuli sifatida fonetika, fonologiya va stilistika fanlarining kesishuvida paydo bo‘ldi. Kuzatish obyektining nutq tovushlari ekanligi bilan fonetika va fonologiyaga yaqin tursa, bu til birliklariga xos bo‘lgan ekspressivlik xususiyatlarini o‘rganishiga ko‘ra stilistika bilan birlashadi. Shu ma’noda fonostilistika va fonetik stilistika atamalari tilshunoslikda teng qiymatga ega. O‘zbek tili vokalizmi va konsonantizmining anatomik-fiziologik, akustik va lingvistik-funksional jihatlarini tadqiq etishga, shu asosda ularning fiziologik va akustik tasniflarini yaratishga hamda fonologik xarakteristikasini berishga doir A.Mahmudov, F.Abdullayev, S.A’zamov, S.Otamirzayeva, Sh.Shoabdurahmonov, A.Abduazizov, H.Yo‘ldosheva, A.Ishayev, S.Rizayevlar kabi tilshunosfonetistlarning o‘zbek tili unli va undosh tovushlarini, shuningdek, bo‘g‘in strukturasini eksperimental tadqiqiga bag‘ishlangan xarakterli tadqiqotlari yaratildi. [3;46-48,24-28,41-42] Eksperimental fonetikaning taraqqiyoti keyinchalik o‘zbek mumtoz adabiyotining, xususan, o‘zbek aruzini tekshirishda ham samarali natijalar berdi. [4;13-21] 207 H.Jamolxonovning o‘quv qo‘llanmasida taʼkidlanganidek, bunday eksperimental tadqiqotlarning muhim jihatlaridan biri shundaki, ularning natijalari tovush va fonema o‘rtasidagi bog‘lanishlarni, fonemalarning integral va differensial belgilarini aniqlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi, bular, o‘z navbatida, fonemalarning oppozitsiyalarga birlashishida, oppozitsiyalarning esa korrelyatsiyaga uyushishida hisobga olinadi. Amalda ham shunday bo‘ldi: 60-yillarning oxirrog‘i va 70-yillarning boshlarida o‘zbek tilshunosligida fonologik darajadagi ishlar ancha rivoj topdi.[5;78-79] Darhaqiqat, yuqorida nomlari zikr etilgan tadqiqotchilarning o‘zbek tilining nazariy fonetikasi va fonologiyasi tadqiqiga bag‘ishlangan qator tadqiqotlar, monografiyalar yuzaga keldiki, keyinchalik ular o‘zbek tilida fonetika va fonologiya munosabati masalalarini yoritishda asos bo‘lib xizmat qildi. Ayniqsa, o‘zbek tilshunosligida bu masalalar tadqiqiga bag‘ishlangan A.Nurmonov va A.Abduazizovlarning ishlari alohida qimmat kasb etadi. [6;47,136,171] A.Nurmonov tadqiqotida keltirilishicha, “Garchi fonologiya termini ko‘pchilik tilshunoslar tomonidan e’tirof etilsa-da, ammo bu termin ostida o‘rganilishi lozim bo‘lgan obyekt masalasida bir xillik kuzatilmadi. Tilshunoslarning juda ko‘p qismi fonologiya termini ostida nutq tovushlarining funksional tomonini, ayrimlari, aksincha, artikulyatsion-akustik tomonini tushunadilar. Har ikki holatda ham fonologiya fonetikaga qarama-qarshi qo‘yiladi” [2; 5.]. Shuning uchun o‘zbek tilshunosligida fonetika va fonologiyaning o’rganish obyekti xususida yuzaga kelgan ayrim chalkashliklarning sabablarini izohlash asnosida, nutq tovushlari uch aspektidan ikkisi:tovushlarning fizik va fiziologik aspekti fonetika uchun material bo‘lishini, funksional aspekti esa fonologiya uchun material ekanligini olim alohida ta’kidlaydi. Shu bilan birga A. Nurmonov ilmiy adabiyotlarda fonema tushunchasi tilshunoslik ilmiga G‘arb tilshunosligidan kirib kelgan, degan qarashga o’z munosabatini bildirib, aslida bu tushuncha Sharq tilshunosligida qadimdan mavjud bo‘lganini iftixor bilan tilga olib, o‘zbek tilshunosligida o‘rta asrlardayoq fonologiya ilmi chuqur ildiz otganligini e’tirof etadi. Olimning ta`kidlashicha, “Sharq tilshunosligida, garchi fonema termini bilan nomlanmagan bo‘lsa ham, lekin ma’no farqlash uchun xizmat qiladigan eng kichik tovush tipi haqidagi tushuncha mavjud edi. Hind tilshunoslari, turkiyshunoslar, xususan, Mahmud Koshg‘ariy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburlar tovushning ma’no farqlash tomoniga katta ahamiyat berganlar” [2;27]. 208 Fonetikaning obyekti tilning tovush tomoni, fonetik qurilishidir. Tilning tovush tomoni nutq tovushlari, bo‘g‘in, urg‘u, ohang (intonatsiya, melodika) kabi birliklarni o‘z ichiga oladi. Fonetikaning maqsadi fonetik birliklarning fizik-akustik, anatomikfiziologik va lingvistik-funksional asoslarini o‘rganish, ularning til mexanizmidagi rolini aniqlashdan iborat. Fonologiya tilshunoslikning bir bo‘limi bo‘lib, u tilning tovush materiyasi taraqqiyotini va shu materiyaning fonologik sistemaga uyushish qonuniyatlarini hamda tildagi vazifalarini tadqiq qiladi. Bu sohaning o‘ziga xos jihati shundaki, u o‘z obyektini semiotik aspektda (belgilar tizimi sifatida) o‘rganadi. Tilshunoslikda fonologiyaning fan sifatidagi maqomi xususida ikki xil fikr mavjud. Birinchi fikrga ko‘ra, fonologiya fonetikaning o‘zi emas, chunki fonetika nutq tovushlarini, fonologiya esa til tovushlarini o‘rganadi: nutq tovushlari haqidagi ta’limot (fonetika) aniq fizik hodisalarni, til tovushlari haqidagi ta’limot (fonologiya) esa shu tovushlarning lisoniy-vazifaviy xususiyatlarini tadqiq qiladi, shunga ko‘ra ularning tadqiqot metodlari ham har xil: fonetika tabiiy fanlarning tadqiqot metodlariga, fonologiya esa lingvistik tadqiqot metodlariga, asoslanadi. Ikkinchi fikrga ko‘ra, fonologiyani fonetikadan ajratib bo‘lmaydi, chunki muayyan tilning fonemalari tizimini, bu tizimdagi har bir fonemaning “semantizatsiyalashgan” (fonologizatsiyalashgan) belgilarini shu tilning konkret talaffuz xususiyatlarini o‘rganmasdan tadqiq qilib bo‘lmaydi. Demak, fonologiya aslida fonetikaning o‘zi, faqat uning yuqori bosqichi, xolos. Binobarin, fonolog bir vaqtning o‘zida fonetist bo‘lmay iloji yo‘q, ayni paytda fonetist ham doimo (shu jumladan, fonologiya paydo bo‘lgan davrgacha ham) ma’lum darajada fonolog bo‘lgan, chunki u umuman tovushni emas, balki til tovushlarini o‘rgangan. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Жамолхонов Ҳ. Ўзбек тилининг назарий фонетикаси. Ўқув қўлланма. – Тошкент: Фан, 2009 2. Нурмонов А. Ўзбек тили фонологияси ва морфонологияси. – Тошкент: Ўқитувчи, 1990. 3. Маҳмудов А. Тилда сингармонизм, урғу ва товуш системасининг ўзаро муносабати // «Ўзбек тили ва адабиёти» журнали, 1980, №4; Абдуазизов А.Фоностилистик воситаларнинг ўрганилишига доир // «Ўзбек тили ва адабиёти» журнали, 1985, №2.; Йўлдошева Ҳ. Интонациянинг темпорал компоненти ҳақида // «Ўзбек тили ва адабиёти» журнали, 1985, №6. 4. Тўйчиев У. Ўзбек арузини экспреминтал фонетика усули билан текшириш // «Ўзбек тили ва адабиёти» журнали, 1993.-№4. 5. Жамолхонов Ҳ. Ўзбек тилининг назарий фонетикаси. - Тошкент, 2009. 6. Нурмонов А. Ўзбек тили фонологияси ва морфонологияси. – Тошкент: Ўқитувчи, 1990; Абдуазизов А. Ўзбек тили фонологияси ва морфонологияси. – Тошкент: Ўқитувчи, 1992; Шу муаллиф. Ўзбек тили фонологияси ва морфонологияси.Тўлдирилган ва тузатилган 2нашри. – Тошкент: Университет, 2010.