scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

XIV ASR TURKIY XALQLAR YOZMA MANBALARI

G`aniyeva Barchinoy

Full text

224 XIV ASR TURKIY XALQLAR YOZMA MANBALARI G`aniyeva Barchinoy Namangan Davlat Universiteti Mustaqil tadqiqotchi [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17932713 Annotatsiya. Mazkur maqolada Mamluklar davlati davrida (1250–1517) yaratilgan turkiy tillarga oid lug‘aviy va grammatik yodgorliklar tahlil qilinadi. Ayyubiylar sulolasidan keyin Misr va Suriya hududlarida hukmronlik qilgan Mamluklar davrida qipchoq tili asosiy aloqa va harbiy til sifatida shakllangan. Shu sababli arab olimlari tomonidan turkiy, xususan qipchoq tilini o‘rganish va arab tilida izohlovchi qo‘llanmalar yaratish an’anasi paydo bo‘lgan. Maqolada “Kodeks Kumanikus”, “Kitab ul-Idrok li Lisan il-Atrok” va “At-tuhfatuz zakiyatu fil-lug‘atit-turkiya” asarlari mazmuni, tuzilishi hamda tilshunoslikdagi o‘rni ilmiy nuqtai nazardan tahlil etiladi. Ushbu asarlar turkiy tillarning XIV asrdagi fonetik, morfologik va leksik tizimini o‘rganishda bebaho manba hisoblanadi. Shuningdek, maqolada qipchoq va turkman tillarining o‘zaro fonetik hamda grammatik xususiyatlari qiyosiy tahlil qilinadi. Kalit so`zlar: Mamluk davlati, qipchoq tili, turkiy lug‘atlar, grammatik yodgorliklar, Kodeks Kumanikus, Kitab ul-Idrok li Lisan il-Atrok, At-tuhfatuz zakiyatu fil-lug‘atit-turkiya, turkiy til tarixshunosligi, qiyosiy tilshunoslik, arab leksikografiyasi. Annotation. This article analyzes the lexical and grammatical monuments related to Turkic languages created during the Mamluk period (1250–1517). During the rule of the Mamluks, who succeeded the Ayyubid dynasty and governed the territories of Egypt and Syria, the Qipchaq language developed as the main means of communication and the military language. Consequently, a tradition emerged among Arab scholars of studying the Turkic languages—particularly Qipchaq—and compiling explanatory manuals in Arabic. The article provides a scholarly analysis of the content, structure, and linguistic significance of the works Codex Cumanicus, Kitāb al-Idrāk li-lisān al-Atrāk, and At-Tuhfat az-zakiyyat fī-l-lughāt at-turkiyya. These works are invaluable sources for studying the phonetic, morphological, and lexical systems of the Turkic languages in the 14th century. Furthermore, the article presents a comparative analysis of the phonetic and grammatical features of the Qipchaq and Turkmen languages. Keywords: Mamluk State, Qipchaq language, Turkic dictionaries, grammatical monuments, Codex Cumanicus, Kitāb al-Idrāk li-lisān al-Atrāk, At-Tuhfat az-zakiyyat fī-l-lughāt at-turkiyya, history of Turkic linguistics, comparative linguistics, Arabic lexicography. Kirish Mamluklar Misrda hukmronlik qilgan Ayyubiylar sulolasi (1171—1250)ning soʻnggi hukmdorlari qoʻshinini tashkil qilgan, nasl nasabi turkiy va Kavkaz xalqlari, xususan gruzin, cherkas va boshqalardan boʻlgan qul jangchilar bo‘lgan. Ularni yoshligidan asir qilib olib ketishgan va maxsus harbiy ilmga oʻrgatishgan. Ular nihoyatda qahrli, jasur qilib tarbiyalangan. Eng jasurlari oddiy mamlukdan sarkarda, podsho darajasigacha koʻtarilgan. Ulardan ayyubiylarning qo‘shin gvardiyasi tashkil etilgan. Ayyubiylar davlati qulagandan so‘ng Mamluklar 1250-yildan Misrda (1517yilgacha) va Suriyada (1516-yilgacha) davlatni mustaqil boshqarishgan[O`zME, 225 2000]. Bu davlat harbiy qo‘shini tarkibi qul savdosi tufayli asosan qipchoqlar, o‘g‘uzlar, cherkes, mo‘g‘ul va boshqa turli millat vakillaridan iborat bo‘lgan. Ulardan ko‘pchiligi qipchoqlar bo‘lganligi bois bu yerda asosiy til turkiy til bo‘lgan. Mamluk-Qipchoq davlati davrida yozilgan lug‘atlar va grammatik adabiyotlari bu davlatning ilmiy, diniy, adabiy, filologik va harbiy mavzularda mamluk-qipchoq masalalarini qamrab olgan. Ushbu lug‘atlar va grammatika kitoblari arablarga turkiy tilni o‘rgatish uchun yozilgan. Garchi asarlardagi materiallarning bir qismi adabiy tilga asoslangan boʻlsa-da, asosan qipchoq tilining dialektik xususiyatlarini aks ettiruvchi materiallar ham kiritilgan[Waldman, 2006. 136]. Shunday asarlardan biri “Kodeks kumanikus” qo‘lyozmasi XIV asr boshida aniqrog‘i, 1303-yil 11-iyul yozilgan boʻlib, u lotincha-forscha-qumancha va qumancha-nemischa, qumancha-lotincha soʻzlarni oʻzida mujassam etgan lugʻat hamda xristian monaxlari tomonidan quman tiliga tarjima qilingan diniy madhiya va duolar, eng qadimgi turkiy topishmoqlardan tarkib topgan qoʻlyozma sifatida yuzaga kelgan. Obida qadimgi turkiy qoʻlyozmalar ichida bugungacha yagona lotin yozuvida yozilgan asardir. Bundan tashqari, unda 47 ta eng qadimiy turkiy topishmoqlarning yozib qoldirilgani obidani nafaqat lugʻatshunoslik, balki xalq ogʻzaki ijodi nazariyasi va amaliyotini yangi fakt va manbaalar bilan boyitishga xizmat qiladi. Muhimi, ular hali hech bir manbada uchramagan nodir va noyob topishmoqlardir. Mazkur topishmoqlar haligacha yozma adabiyotda uchramagan turkiy topishmoqlarning yirik guruhi ekanligi bilan ham juda katta ahamiyat kasb etadi. “Kodeks kumanikus” qoʻlyozmasi til va tarkib jihatidan ikkita qismga ajratiladi: 1. Lotincha-forscha-qumancha lug‘at – “Tarjimonlar kitobi” deb ataladi. 2. “Injil”dan tarjima qilingan quman tilidagi xristian diniy duo va madhiyalar, nemischa-qumancha, qumancha nemischa va baʼzi hollarda nemischalotincha-qumancha qorishiq holdagi lugʻatlardan tashkil topgan. Bu qism “Targʻibot kitobi” deb yuritiladi. Qoʻlyozmaning asl nusxasi bugungi kunda Venetsiyadagi Marchana kutubxonasida DXLIX (№549) katalog raqami bilan roʻyxatga olingan, u №1597 xona raqami bilan saqlanadi. Mazkur qoʻlyozmani italiyalik olim Yakobi Filippi Tomasini oʻz izlanishlari davomida Venetsiyadagi Marchana kutubxonasidan topishga muvaffaq boʻladi va ilk bora oʻzining 1635-yilda nashr qilgan “Petrarka hayoti va ijodi” nomli asarida Petrarka qoldirgan adabiy meros orasida “Alphebetun persicum, comanicum et latinum. Anonymi, scriptu anno MCCCIII die XI Julij”[Jafarov, 2023. 29-30] yaʼni “1303-yil 11-iyul sanasida yozilgan alifbo tarzidagi forscha-qumancha va lotincha lugʻat” topganini aytib oʻtadi hamda qoʻlyozmaning 226 dastlabki toʻqqiz qatorini nashr qiladi. Filippi Tomasinining koʻrsatishicha, qoʻlyozmani Italiyan faylasufi va shoiri Franchesko Petrarka 1362-yilda boshqa asarlari bilan birga Venetsiyadagi Marchana kutubxonasiga hadiya qilingan. Mazkur maʼlumotni Filippo Tomasini muqaddas Georgiy ibodatxonasi tarixini yozuvchilardan biri boʻlgan abbat Ulmodan olgan[Radlov, 1884. 3]. Yuqorida aytib oʻtilganidek, Filippi Tomasini qoʻlyozma topilganligi haqida oʻz monografiyasida maʼlumot berib, uning dastlabki sahifalarini eʼlon qilish bilan qoʻlyozma tadqiqi deyarli bir asrdan koʻproq vaqtgacha toʻxtab qoladi. Faqatgina 1768-yilga kelib olmon olimi Vilgelm Leybnis qoʻlyozmani Venetsiya kutubxonasi katalogidan topishga muvaffaq boʻladi. Oradan bir yil oʻtib, 1769-yilda esa, vengriyalik tarixchi olimlar Daniyel Kornides hamda Jozef Telekilar Venetsiyaga tashriflari chogʻida qoʻlyozmani tadqiq qilishga kirishadilar va uning 1a sahifasidan 11b sahifasigacha koʻchirib olishadi. Bu koʻchirib olingan nusxa toʻgʻrisida Budapesht kutubxonachisi Jorj Preyga[Ligeti, 1981. 4] maʼlum qilishadi. Ushbu qo‘lyozma juda ko‘plab olimlar tomonidan o‘rganilgan, xususan J.Klaprot(1828), G.Kunn(1880), V.Radlov(1884), V.Bang(1911), A.Garkavets(2015), M.Argunshah(2015), B. Jafarov(2017) kabi olimlarning tadqiqotlari beqiyos ahamiyatga egadir. “Kodeks kumanikus” qo‘lyozmasining birinchi qismi 7913 ta soʻzdan tashkil topgan, ularning 2766 tasi lotincha, 2472 tasi forscha, 2668 tasi qumancha, 6 ta nemischa 1 ta uygʻurcha soʻzlar bo‘lib, 6 ta lotincha soʻz forscha va qumanchaga, 301 ta lotincha soʻz fors tiliga 283 ta lotincha soʻz esa, quman tiliga tarjima qilinmagan[Jafarov, 2023. 8]. “Kitab ul-Idrok li Lisan il-Atrok” asari 1312-yil 18-dekabrda Qohirada Asiruddin Abu Xayyon tomonidan yozilgan. Abu Xayyon Mamluklar davlatining Misrdagi hukmronligi davrida yetishib chiqqan tilshunos va san`atshunos olim sifatida ma`lum. U 1256-yilda G`arnota(Granata)da tavallud topgan va Andalusdan Misrga kelgani, Qohirada yashab 1334-yilda o‘sha yerda vafot etgani haqida ma`lumotlar uchraydi[Al-Turk Gulhan, 2012. 4]. “Kitab ul-Idrok li Lisan il-Atrok” asari ya`ni, “Turkiy til haqida tushuntirishlar kitobi” mamluk-qipchoq tilining grammatikasiga bag‘ishlangan o‘quv qo‘llanmadir. Arab grammatiklari odatda, arab tilidan boshqa tillarga kam qiziqish bildirgan. Abu Hayyonning turkiy tilga e’tibor qaratishining sababi mamluk sultonlarining madaniy siyosati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. "Kitob al-idrok"ning ikkinchi qismi mamluk-qipchoq tilining nazariy grammatikasiga bag‘ishlangan bo‘lib, bu tilning arab tilidan kam emasligini ko‘rsatgan. Abu Hayyon "Kitob alidrok" ustida ishlashni 1312-yil 18-dekabrda Qohiradagi Mulla Solih madrasasida yakunlagan. Kitobning asl nusxasi saqlanib qolmagan, faqat ikki nusxasi mavjud. Ulardan biri 1335-yilda noma’lum muallif tomonidan ko‘chirilgan. Hajmi: 132 bet. 227 Bu nusxani ko‘p o‘qishgan, chunki sahifalari chetlariga va satrlari orasiga ko‘plab so‘zlar, jumlalar va harflar yozilgan (taxminan mingta yozuv). Ikkinchi nusxani 1402-yilda Ahmad ibn ash-Shafi’ ko‘chirgan. Hajmi: 194 bet. Ikkala nusxa o‘rtasida kichik farqlar mavjud. Nusxalar Turkiyada saqlanadi: biri Bayozid kutubxonasida №2896, ikkinchisi Istanbul universiteti kutubxonasida №3856 sifatida ro‘yxatga olingan. "Kitob al-idrok" qo‘lyozmasi birinchi marta 1891-yilda Istanbulda Mustafa Bek tomonidan nashr etilgan. Ushbu nashr xatolarni o‘z ichiga olgan va to‘liq emas. Inglizcha tarjimasi Robert Ermers tomonidan "Arabic Grammars of Turkic" nomi bilan 1999-yilda Leydenda nashr qilingan bo‘lib, Ahmad Ja’far og‘li variantiga asoslangan[Rasulova, 1969]. Professor Ahmad Ja’far o‘g‘li asarni, keyin topilgan ikkinchi nusxa bilan solishtirib, uning matnini tuzgan va turk tiliga tarjima qilgan. Bu kitob XIV asr turkiy tillarni o‘rganishda juda katta material beradigan muhim va original yodgorlik. Unda mamluklar davlati hududida mavjud bo‘lgan asosiy dialektlarning leksikasi va grammatikasi haqida ma’lumotlar mavjud. Asarda umumturkiy leksik birliklar bilan birga qipchoq, o‘g‘uz va boshqa dialektlarga xos bo‘lgan so‘zlar beriladi. Ayrim o‘rinlarda grammatik shakllarning u yoki bu dialektlarga taalluqli ekanligi haqida ham ma’lumotlar berilganligi, ayniqsa, muhim. “Kitab ul-Idrok” asari lug‘at, morfologiya va sintaksis kabi uchta bo‘limdan iboratdir. Lug‘at qismida ismlar va fe`llar aralash holda berilgan. Turkiycha so‘zlar tarkibidagi barcha tovushlar arab alifbosi bo‘yicha tartiblangan. Umuman olganda, turkiy so‘zlarining arabcha ekvivalentlarini bitta so‘z bilan ifodalashga harakat qilingan. “Kitab ul-Idrok” umumiy turk tiliga asoslangan va turli lahjalar materiallari muallif tomonidan "Qipchoqcha" va "Turkmancha" yozuvlar bilan belgilangan. N.A.Baskakovning ko‘rsatishicha, “Kitob al-idrok li-lison alatrok” asari qipchoq tilini o‘rganuvchilar uchun mo‘ljallab yozilgan amaliy qo‘llanma. Asarda turkiy tillar leksikasi va grammatikasiga oid qiyosiy ma’lumotlar ham bor. Asar ikki qismdan iborat: 1) lug‘at; 2) grammatika. Lug‘atda so‘zlar alifbo tamoyili asosida joylashtirilgan. So‘zning lug‘atdagi o‘rni so‘z boshidagi ikki harf (tovush) asosida belgilangan. Izohlangan so‘zlarning ko‘pchiligi qipchoq tiliga oid. Lekin lug‘atda turkman tiliga tegishli deb ko‘rsatilgan so‘zlar ham anchagina. Mana shu faktga tayanib ba‘zi tadqiqotchilar Abu Hayyonning bu asari qipchoq-turkman tiliga bag‘ishlangan asar degan fikrni bildiradilar. Abu Hayyonning bu asarida qipchoq va turkman tillarining fonetik xususiyatlari ham taqqoslangan. Qipchoq tiliga oid fonetik xususiyatlar quyida ko‘rsatilgan: 1) so‘z boshida y tovushining kelishi: yip (ip), yilan (ilon); 228 2) g va y tovushlarining o‘rin almashib kelishi: egin - eyin (elka); 3) g‘ va y tovushlarining o‘rin almashib kelishi: bug‘doy - buyday (bug‘doy); 4) g‘ va > v tovushlarining o‘rin almashib kelishi: o‘g‘ul – o‘vul, ag‘uzavuz; 5) x va q tovushlarining o‘rin almashib kelishi: lo‘jaqo‘ja. Asarda ko‘rsatilgan Turkman tiliga oid fonetik xususiyatlar: 1) m va b tovushlarining o‘rin almashib kelishi: man - ban; 2) t va d tovushlarining o‘rin almashib kelishi: tamirdamir, tilku - dilku (tulki) “At-tuhfatuz zakiyatu fil lug‘atit turkiya”(“Turkiy til haqida noyob tuhfa”) kitobi, bu asarning muallifi shu kungacha aniqlanmagan. Biroq asar muallifi Mahmud Koshg‘ariy izidan borib, turkiy qabilalar tillarini, ularning o‘zaro o‘xshash va farqli xususiyatlarini belgilashga harakat qilgan. Muallif bu asarida asosan qipchoqlar tilini o‘rganishni tadqiqot uchun ob’ekt qilib olgan. Bu tilni turkman tili bilan qiyoslagan. Uning aytishicha, “eng ko‘p qo‘llanadigan til qipchoq tili... Juda zarur bo‘lgan o‘rinlardagina turkman tiliga murojaat qildim”, – deydi. Bugungi turkiyshunoslik uchun ham, o‘zbek xalqining kelib chiqishida katta etnik guruh hisoblangan qipchoq shevalari tarixini o‘rganishda ham bu asarning asosiy manba bo‘lishi aniq. “At-tuhfa” (“Noyob tuhfa”) asarining birgina nusxasi bizgacha etib kelgan, Istanbul Valiuddin kutubxonasida saqlanadi. Professor E.Fozilov va M.T.Ziyayevalar “At-tuhfa”ni kirish, leksikgrammatik ocherk, tarjima, so‘zlik, grammatik ko‘rsatkichlari bilan rus tilida 1978yilda nashr etganlar. Asarning, aslida, qayerda yozilganligi ham munozarali (Misr yoki Suriyada yozilganligi aniqlanmagan). Professor Solih Mutallibov “At-tuhfa”ni 1966-yilda birinchi bor o‘zbek tiliga tarjima qilib nashr etdi. Lug‘atning tuzilishi ham, grammatik ocherkning berilishi ham asar muallifining tilshunoslik bo‘yicha chuqur bilim va tajribaga ega ekanligidan darak beradi. Asar qisqacha kirish, fonetik va grafik ma’lumotdan tashqari, ikki asosiy qismdan iborat, birinchi qismda lug‘at, ikkinchi qismda grammatik materiallar berilgan. Lug‘at tuzish mezonlari va grammatik qoidalari arab tili leksikografiyasi va grammatikasi an’analariga asoslangan. Muallif “men bu ishda o‘zimdan oldin yozganlar tajribalariga muvofiq bo‘lishga kirishdim”, – deydi. U o‘zigacha bo‘lgan mualliflar ichida Abu Hayyon nomini alohida tilga oladi. Muallif Abu Hayyon haqida quyidagi fikrni aytadi: “Andalusli ulug‘ shayx alloma, tangri yorlaqagur Sharafitdin Abu Hayyon Muhammad bin Yusuf bin Ali bin Hayyon turkiy tillar xususida yozgan kitobida shunday deydi: “Bundan so‘ng har tilni bilish, uch narsani o‘zlashtirish bilan hosil qilinadi. Birinchisi, har bir so‘z ma’nosini aniqlab bilish. Bu qism “Lug‘atshunoslik” 229 deb ataladi. Ikkinchisi, so‘zlarning ayrim-ayrim holdagi xususiyatlarini o‘rganish. Bu qism “Ilmi sarf” deb yuritiladi. Uchinchisi, so‘zning bir-biriga bog‘lanishiga doir xususiyatlarini o‘rganish. Bu qism arabcha “Ilmi nahv” deyiladi (9-10-bet). Bu fikrdan ma’lum bo‘ladiki, “At-tuhfa” dan oldin ham shu davrda boshqa olimlar, jumladan, Abu Hayyon ham ana shu kabi lug‘at yaratgan. Lug‘atda kasb-hunar, savdo, ijtimoiy hayot, tafakkur, o‘simliklar, hayvonlarva boshqa sohalarga oid so‘zlar arab alifbosi harflari bo‘yicha boblarga ajratib izohlangan: hamza harfli (tovushli) so‘zlar; b harfli (tovushli) so‘zlar; t harfli(tovushli) so‘zlar kabi. Har qaysi bobda oldin otlar, keyin fe’llar berilgan. Lug‘at 21 bobni o‘z ichiga oladi. Bunda qipchoq tili morfologiyasi va qisman sintaksisi mumtoz arab tilshunosligi terminlari vositasida tavsiflangan. Asarning bu qismi qipchoq tili grammatik qurilishi haqida ancha tugal tasavvur hosil etishga yordam beradi. Professor A.Nurmonov bu asar muallifining lingvistik qarashlarini alohida sarlavhalar ostida qayd etadi: 1. Muallifning mentalingvistik qarashlari; 2. Fonetika va grafika bo‘yicha qarashlari; 3. Grammatik masalalar; 4. Ot va uning grammatik xususiyati; 5. Fe’l va uning grammatik xususiyatlari; 6. Yordamchi so‘zlar; 7. Undovlar; 8. So‘z yasalishi; 9. Sintaktik qarashlari kabi. “At-tuhfa” asarining lug‘at qismi “so‘zlar, hamza bilan boshlanuvchilar” tarzidagi sarlavhachalar, “tana qismlari”, “ot ranglari”, “yer va u bilan bog‘liq hamma narsalar”, “o‘rin va zamon bildiruvchi so‘zlar”, “tomonlarni bildiruvchilar”, “o‘tgan zamon fe’llari”, “otlar”, “fe’llar” nomi ostida berilgan. Bularning hammasi harflar ostida ma’lum tartibda qayd etilgan, glossariygacha bo‘lgan qismida ham so‘zlar berilib, ularning grammatik shakli ko‘rsatilgan. Kitobning glossariy qismi tarjimaning 259-sahifasidan alifbo tartibida, 410sahifalar orasida qayd etilgan. Asarning glossariy ( lug‘at) qismida 3700 ga yaqin so‘z berilgan. Glossariyda masalan, avlak so‘zi omonim birlik sifatida 4 ta alohida alohida so‘z sifatida qayd etilganligi kuzatiladi. Asarning grammatik ko‘rsatkichlar qismida affikslar ham alifbo tartibida qayd etilgan va izohlangan. Haqiqatan ham, “At-tuhfa” asari, o‘zbek tilshunosligi tarixini o‘rganishda o‘ziga xos o‘ringa ega. Kitob muallifining tilshunoslikning barcha sohalari bo‘yicha qarashlari, o‘z mukammalligi, yangiligi, yashovchanligi bilan farqlanadi. 230 Tilning ijtimoiyligi haqidagi fikrlari muallifning hozirgi davr tilshunosligidagi fikrlar bilan uyg‘unlashganligini bildirib turadi[Normamatov, 2020]. Xulosa. Mamluk–Qipchoq davri turkiy tilshunosligi uchun muhim bosqich hisoblanadi. Bu davrda yaratilgan “Kodeks Kumanikus”, “Kitab ul-Idrok li Lisan ilAtrok” va “At-tuhfatuz zakiyatu fil-lug‘atit-turkiya” kabi asarlar arab va turkiy til o‘rtasidagi madaniy-harbiy aloqalarning tilshunoslikdagi ifodasi bo‘lib xizmat qiladi. Ular nafaqat arab olimlarining turkiy tillarga bo‘lgan ilmiy qiziqishini, balki qipchoq tili o‘sha davrda xalqaro muloqot vositasi darajasiga ko‘tarilganini ham ko‘rsatadi. Ushbu asarlar orqali o‘sha davr turkiy tillarining fonetik, morfologik, leksik va sintaktik tizimini tiklash, ularning o‘zaro yaqinlik darajasini aniqlash imkoniyati yaratilgan. Shunday qilib, Mamluk davrida yaratilgan filologik meros turkiy tillar tarixini o‘rganishda, ayniqsa qipchoq tilining shakllanish bosqichlarini tahlil etishda bebaho ilmiy manba hisoblanadi. Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati: 1. AlTurk Gulhan, Kitābu bulġatu’l-muştāḳ fì luġati’t-türk we’l-ḳifçāḳ üzerine dil incelemesi, Gazi Üniversitesi, Sosyal Bilimler Enstitüsü, Ankara – 2012. 2. Argunşah M., Güner G. Codex Cumanicus. – Istanbul, 2015. – 1038 s. 3. Bang W. Beiträge zur Kritik des Codex Cumanicus // Bull. Acad. Belg. – Belgium, 1911a. – T. 1. – 13-40 p. 4. Jafarov B. “Kodeks kumanikus” hamda “Tarjumon turkiy va ajamiy va moʻgʻuliy va forsiy” qoʻlyozmalarining qiyosiy tahlili. (DSc).diss. – Namangan, 2023. 5. Klaproth J. Vocabulaire latin, persan et coman de la bibliothèque de Francesco Petrarcha // Mémories relafcifs à l'Asie, contenant des recherches historiques et philologiques sur les peuples de 1'Orient. – Paris: SAINT-LOUIS, 1828. Tome troisieme. – 520 p. 6. Kuun G. Codex Cumanicus bibliothecae ad templum Divi Marci Venetiarum. – Budapestini: EDITIO SCIENT. ACADEMIAE H U N G., 1880. – 398 p. 7. Ligeti L. Prolegomena to the Codex Cumanicue // Codex Cumanicus / Ed. by Geza Kuun. – Budapestini, 1981. – 4 р. 8. Normamatov, Leksikografiya asoslari, o`quv qo`llanma Toshkent,A. Navoiy nomidagi Toshkent Davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti, 2020, s. 41-42. 9. Nurmonov “O‘zbek tilshunosligi tarixi” -Тошкент: Ўзбекистон, 2002. 10. O`zbekiston milliy ensiklopediyasi. Birinchi jild: Toshkent, 2000. 11. Waldman, Carl, Mason, Catherine, Encyclopedia of European Peoples, Newyork, 2006, s. 136. 12. Гаркавец А.Н. Венецианская рукопись Codex Cumanicus, ее новое прочтение и издание. – Астана, Каз. нац. акад. библиотека, 2015. 4 том; 13. Жафаров Б. “Кодекс куманикус – туркий халқлар ёзма обидаси” Автореф. (PhD). дисс. – Тошкент, 2017. 14. Китаб ал-Идрак ли-лисан ал-Атрак // Казахстан. Национальная энциклопедия. — Алматы: Қазақ энциклопедиясы, 2005. — Т. III. — ISBN 9965-9746-4-0. (CC BY-SA 3.0) 15. Радлов В. Языкь Кумановь по поводу изданiя куманскаго словаря – Санкт-Петербург. 1884. 16. Расулова, Н. А. Исследования языка «Китаб аль-идрак ли-лисан аль-атрак». — Ташкент, 1969.