scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

JADID MA'RIFATPARVARLIK HARAKATI VA O'ZBEK BOLALAR ADABIYOTI

Barakayev Rahmatulla

Full text

567 JADID MA’RIFATPARVARLIK HARAKATI VA O‘ZBEK BOLALAR ADABIYOTI Barakayev Rahmatulla Renessans ta’lim universteti professori DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17933217 Abstract: The article examines the role and place of the Uzbek Jadidism Enlightenment Movement in the publication of Uzbek children’s literature as a special literature for children, and the peculiarities of Uzbek children’s literature in the XX century. Key words: Enlightenment, children’s literature, alphabet and reading books, scienceenlightenment, originality Har qanday adabiyotda yangicha ko‘rinish, tur yoki janrning paydo bo‘lishi qator ob’ektiv va sub’ektiv faktorlarga bevosita bog‘liq bo‘lib, bunda avvalo, ijtimoiy muhit, voqelik etakchi o‘rin tutadi [O‘zbek sovet adabiyoti tarixi ocherki 1981: 13]. Shu ma’noda Turkiston Rossiya tomonidan istilo qilinganidan keyin toshbosma paydo bo‘lishi, gazetalar chop etila boshlashi, mahalliy aholini ruslashtirish niyatida chor hukumati tomonidan tashkil qilingan rus-tuzem maktablariga qarama-qarshi tarzda xususiy shaxslar tashabbusi bilan tashkil qilingan yangi usul (“usuli jadidiya” yoki “usuli savtiya”) maktablarining barpo bo‘lishi singari hodisalar, o‘z navbatida, xalqni ilm-fan nuridan bahramand qilish orqali o‘zligini tanitishga intilish harakati − ma’rifatparvarlikning gullab-yashnashiga sabab bo‘ldi. XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi o‘zbek adabiyoti adabiyotshunosligimizda “ma’rifatparvarlik adabiyoti” sifatida tasnif qilinadi [O‘zbek adabiyoti tarixi 1980: 51]. Bu bejiz emas, albatta. Chunki bu davrdagi o‘zbek adabiyotida xalqni ilm-ma’rifatga etaklash, ma’rifatli qilish orqali yaxshi hayotga erishish g‘oyalari etakchi o‘rin tutadi. Bu g‘oyalar deyarli barcha xalqlar adabiyotlaridagi ma’rifatparvarlik oqimi uchun mushtarakdir. Ma’rifatparvarlar, qaerda bo‘lmasin, xalqni ilm-fan nuridan bahramand qilish orqali yangi va yaxshi hayotga erishishi kerak bo‘lgan avlodni tarbiyalab etishtirmoqchi bo‘ladilar. Bunda bolalar doimo asosiy ob’ekt bo‘ladi. Chunki, avvalo, ma’rifatparvarlik harakati maktab-maorif ishlariga bevosita bog‘liq bo‘lsa, ikkinchidan, XX asr boshlaridagi o‘zbek ma’rifatparvarlik harakatining etakchi namoyandalaridan va o‘zbek bolalar adabiyotining asoschilaridan bo‘lmish Abdulla Avloniy to‘g‘ri ta’kidlaganidek: Agar bir qushing yosh bolosin olib, Bo‘lur tarbiyat birla yo‘lga solib. Onasin olib asrag‘on birla rom Qilmas, kishi sa’y qilsa mudom. 568 Kerak tarbiyat yoshlikdan demak, Ulug‘ bo‘lsa, lozim kelur g‘am emak. Egur bemashaqqat kishi navdani, To‘g‘unchi egur kuydirib kavdani [Avloniy. Turkiy guliston yoxud axloq 1917: 9], ya’ni katta yoshli odamni qayta tarbiyalashdan ko‘ra, yosh bolani avval boshdan to‘g‘ri tarbiyalash osonroqdir. “Usuli jadidiya” (“savtiya”) maktablari paydo bo‘lishi bilan bu maktablar talabalariga mo‘ljallangan ko‘plab alifbo va o‘qish kitoblari ham maydonga kela boshladi. Shu tipdagi kitoblar paydo bo‘lishini o‘zbek bolalar adabiyotidagi tom ma’nodagi inqilob, haqiqiy tug‘ilish deb hisoblash joizdir. Zero, yosh kitobxon maktab adabiyot darsligi sahifalarida badiiy adabiyot bilan ilk bora shaxsan uchrashadi, badiiyat nuridan bahra oladi. O‘zbek bolalari uchun maxsus yaratilgan ilk alifbo Saidrasul Aziziyning 1903 yilda chop etilgan “Ustodi avval”i bo‘lsa, undan keyin 1917 yil oktyabrigacha o‘zbek ma’rifatparvarlarining ellikka yaqin nomdagi alifbo va o‘qish kitoblari chop etildi. Aliasqar ibn Bayramali Kalininning “Muallim us-soniy” (1903), Munavvar qori ibn Abdurashidxonning “Adibi avval” (1907), “Adibi soniy” (1909), Serikboy Oqaevning “Xrestomatiya, ya’ni terma kitob” (1911), Qori Usmon ibn Abduxoliq Shoshiyning “Ta’limi avval” (1910), Shokir qori ibn domla Zokirning “Ta’limi avval” (1910), Mulla G‘ulomiddin Akbariy (Kabirzoda)ning “Ta’limi soniy” (1912), Abduvahob ibn Abdullo Xo‘qandiyning “Tahsili alifbo” (1912), Mulla Rustambek ibn Yusufbek hojining “Ta’limi avval” (1914), Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Yengil adabiyot" (1914), “O‘qish kitobi” (1914), “Qiroat kitobi” (1915), Muhammadjon Rasuliyning “Bolalar bog‘chasi” (1915), Muhammadamin Faxriddinovning “Rahbari soniy” (1916) singari alifbo va o‘qish kitoblari shular jumlasidandir. Bu darsliklar orasida Abdulla Avloniy asarlari alohida o‘rin tutadi. Avloniyning "Birinchi muallim" (1912), "Ikkinchi muallim" (1912), "Turkiy guliston yoxud axloq" (1913), "Maktab gulistoni" (1916) va to‘rt juzv (qism)dan iborat "Adabiyot yoxud milliy she’rlar"i (1909-1916) o‘zbek bolalar adabiyotining XX asr boshlaridagi eng yorqin sahifalarini tashkil etadi. Yuqorida nomlari zikr etilgan alifbo va o‘qish kitoblari deyarli to‘lig‘icha badiiy matnlardan tashkil topgani sababli ularni istisnosiz badiiy adabiyot namunalari sifatida ham tadqiq etish joiz. Shu o‘rinda mumtoz adabiyotimizdagi ilm-ma’rifat mavzuidagi didaktik asarlar tarixiga bir nazar tashlash foydadan xoli bo‘lmaydi. Zero, didaktik asarlarda asosan odob-axloq va ilm-ma’rifat mavzulari etakchi mavqe’ kasb etar ekan, mumtoz 569 adabiyotimiz tarixida bu mavzularga u yoki bu darajada murojaat qilmagan ijodkorni topish ham mushkuldir. Didaktik asarlarda ilm-ma’rifat va odob-axloq mavzularida ko‘pincha bir asarning turli boblarida fikr yuritilgani ham ma’lum. Keyingi asrlarga, ayniqsa XIX asrning oxirgi choraklariga kelib adabiyotimizda ilm-ma’rifat mavzusida asar yaratish tamoyili yanada kuchaya boshladi. Buning asosiy sabablaridan biri, nazarimizda, ilm-fanning rivojlanishi va texnikaning taraqqiy etishi bilan bog‘liqdir. Zero, ilm-fan yutuqlarini amalda qo‘llagan davlatlar jahon siyosiy xaritasida tobora yuksakroq o‘rin tutib, qo‘shni yurtlarni ochiqdan ochiq bosib ola boshladilar. Bir vaqtlar ilm-fanning markazi bo‘lgan Turkiston tuprog‘i esa Rusiya fotihlari oyog‘i ostida toptaldi. Chunki: Balo tog‘i yog‘ildi boshimizga xobi g‘aflatdin, Mijozi sust o‘lub avlod, millat tushdi quvvatdin. Bilimsizlik tushirdi, yiqdi bizni qadru qimmatdin, Jaholat quvdi bizni xonumonu, molu sarvatdin. Keyin qoldik, chekilduk har zamon ag‘yor millatdin, Surulduk dahr aro bizlar qatori odamiyatdin [Avloniy. Adabiyot yoxud milliy she’rlardan 1-juzv 1909: 29]. Xalqni “xobi g‘aflat” (g‘aflat uyqusi)dan uyg‘otish, ilm-ma’rifat nuridan bahramand qilish orqali taraqqiyot sari boshlash g‘oyalari XIX asr oxirlaridagi o‘zbek adabiyotining deyarli barcha namoyandalari ijodida etakchi mavqe’ kasb eta boshladi. Ilm-fanga chorlovchi asarlardan bevosita o‘quv kitoblarigacha, pandnomalardan darsliklargacha − barchasi ma’rifatparvarlik mahsuli, ushbu harakatning turli bosqichlari natijasidir. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o‘zbek bolalar she’riyatining har bir davrdagi mavzu ko‘lami muayyan davr xususiyati bilan belgilanib, asosan o‘sha davr uchun dolzarb bo‘lgan mavzularni qamrab oladi. Jumladan, XX asr boshlari bolalar she’riyatining mavzu ko‘lami nisbatan cheklangan bo‘lib, ma’rifatparvarlik davrining etakchi xususiyatlari – yosh avlodni zamonaviy maktablarga chorlash, maktab ta’rifi, ilmga targ‘ib, o‘quv qurollari ta’rifi singari ma’rifiylik etakchi mohiyat kasb etadigan mavzular, axloq-odob, vatanvarvarlik, qisman ota-ona va farzand munosabatlari mavzulari hamda tarbiyaviy mohiyat kasb etadigan majoziy xarakterdagi asarlardan iborat. Bu asarlar ba’zan madhiya, chaqiriq (shior) xarakterida bo‘lsa, ba’zan ilm va jaholatni qarama-qarshi tasvirlash, yosh kitobxonni komil inson qilib tarbiyalash − yaxshi fazilatlarni egallash, yomon sifatlardan qutulishga chorlash hamda Onavatanga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash, vatanparvarlikka undash, vatan tuprog‘ini, uning benazir tabiatini kuylash ruhidadir. 570 Ayniqsa, XX asr boshlari o‘zbek bolalar adabiyotining etakchi namoyandalaridan S.Aziziyning “Ustodi avval”, Munavvarqori Abdurashidxonovning “Adibi avval”, “Adibi soniy”, Abdulla Avloniyning “Ikkinchi muallim”, “Maktab gulistoni” darsliklari va “Adabiyot yoxud milliy she’rlar”ining qaysi bir juzvini yoxud Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Yengil adabiyot” va “O‘qish kitobi”ni ko‘zdan kechirmaylik, bu kitoblarda ilm-ma’rifatga targ‘ib etuvchi o‘nlab asarlarni ko‘ramiz. “Ikkinchi muallim” va “Maktab gulistoni”dagi asarlar ko‘proq maktab va o‘quv qurollari madhi hamda maktab o‘quvchilarini ilmga targ‘ib qilish mavzuida bo‘lsa, “Adabiyot”larda mavzu sezilarli darajada kengayadi, murojaat ob’ekti esa bolakaylardan o‘sib, umumlashma obraz − millat darajasiga ko‘tariladi. Jumladan, Abdulla Avloniyning “Millata salom”, “Ilma targ‘ib”, “Saodat shundadur”, “Maishatimizdan bir manzara”, “Jaholat”, “Jahldan nafrat”, “Milliy nag‘ma” singari o‘nlab she’rlari bir vaqtlar ilm-ma’rifat gulshani bo‘lgan yurtimizning XX asr boshlariga kelib jaholat botqog‘iga botganidan afsus-nadomatlar chekilishi, jaholatdan qutulishning yagona yo‘li ilm-ma’rifatga oshno bo‘lishda ekanining turli vositalar bilan tasvirlanishi nuqtai nazaridan XX asr boshlari o‘zbek bolalar she’riyatida o‘ziga xos o‘rin tutadi. Chunonchi, “Istiqboldan orzularim” she’rida shoir garchi millatimiz ahvolidan purg‘am (g‘amgin) bo‘lsa-da, kelajakdan umidvor ekanini quyidagicha ifodalaydi: Garchi man ma’yusu purg‘am millatim ahvolidan, Qat’ umid aylamam ta’min-istiqbolidan, Ilma rag‘bat istaram millatni yoshu-cholidan, Ilmu-donish yaxshi ziynat qiz-xotunga molidan, Ilm olub, shoyad qutulsa, g‘aflating changolidan [Avloniy. Adabiyot yoxud milliy she’rlardan 3-juzv 1916: 24]. Keyingi misralarda yashashdan murod o‘ynab-kulish emas, balki ilm-ma’rifat orqali yaxshi ot chiqarmoqdir, chunki temirga ham ishlov berilsa, u o‘tkirlashib, mustahkam po‘latga aylanadi, deydi shoir: O‘ynamoq, kulmoqmudur dunyoga kelmakdin murod, Bilmoq, o‘rganmoq ila olmoq kerakdur yaxshi ot, YAxshi ishlar ishlamak xalq ichra kun-kundin ziyod, Gar temir ishlov esa, o‘tkir bo‘lur, ismi fo‘lod, Hech sado chiqg‘aymu ruhsiz mirquruq imkonidan. [Avloniy. Adabiyot yoxud milliy she’rlardan 3-juzv 1916: 24]. Ishlov berilgan temirning o‘tkir va mustahkam bo‘lib, po‘latga aylanishi xususidagi o‘xshatish bani Odamning ilm orqali kamolotga erishib, etuk insonga 571 aylanishiga qiyoslanar ekan, bu misralarni o‘qigan yosh kitobxon ham ilmma’rifatdan purnur bo‘lish yo‘lini izlashi shubhasizdir. Bolalar adabiyoti – ehtiyoj farzandi. U yosh avlod ma’naviy kamolotini ta’minlash ehtiyojidan kelib chiqadi. Yosh avlod ma’naviy kamolotini ta’minlash esa ta’limiylik-tarbiyaviylikka borib taqaladi. Demak, bolalar adabiyoti umumadabiyot bag‘rida ana shu ehtiyoj tufayli paydo bo‘ladi, tarkib topadi va shakllanadi. Shu boisdan ham uning o‘ziga xosliklari haqida fikr yuritilganda badiiy-estetik jihatiga qanchalik e’tibor berilsa, ma’rifiy-tarbiyaviy jihatiga ham shu qadar e’tibor beriladi. Bolalar adabiyoti ehtiyoj farzandi bo‘lar ekan, u o‘z maqsadidan kelib chiqqan holda, dastavval, o‘quv adabiyoti tarzida – alifbo va o‘qish kitoblari shaklida namoyon bo‘ladi. Bu holat barcha xalqlar bolalar adabiyotlarida bir xil tarzda namoyon bo‘lishi ham tabiiy. Xohlagan bir xalq adabiyotida bolalar adabiyotining umumadabiyotdan maxsus adabiyot shaklida ajralib chiqishini kuzatish ushbu fikrni tasdiqlaydi. Binobarin, «sof» bolalar adabiyotining paydo bo‘lishi, umumadabiyot bag‘ridan o‘ziga xos yo‘nalish tarzida ajralib chiqishi maktabning cherkov, masjid, kalisodan ajralib chiqishi, ya’ni yangi tipdagi, zamonaviy fanlarni o‘qitishga mo‘ljallangan yangi usul maktablarining paydo bo‘lishiga chambarchas bog‘liqdir. O‘zbek bolalar adabiyoti ham xuddi shunday, XX asr avvalida yangicha usuldagi (“usuli jadida”) maktablari tashkil topishi va ushbu maktablar talabalariga mo‘ljallangan alifbo va o‘qish kitoblarining yaratilishi natijasi o‘laroq maydonga keldi. Chunki, bolalar adabiyoti tarixida maktab adabiyot darsliklari bolalar uchun yaratilgan ilk maxsus asarlar sanaladi. Shunday ekan, bolalar adabiyotining haqiqiy tug‘ilish tarixini ham shu davrdan boshlash maqsadga muvofiqdir. Zero, yosh kitobxon maktab adabiyot darsligi sahifasida badiiy adabiyot bilan ilk bora shaxsan uchrashadi, badiiyat nuridan bahra oladi. Bu darsliklar orasida Abdulla Avloniy asarlari alohida o‘rin tutadi. Avloniyning "Birinchi muallim" (1912), "Ikkinchi muallim" (1912), "Turkiy guliston yoxud axloq" (1913), "Maktab gulistoni" (1916) va to‘rt juzv (qism)dan iborat "Adabiyot yoxud milliy she’rlar"i (1909-1916) o‘zbek bolalar adabiyotining XX asr boshlaridagi eng yorqin sahifalarini tashkil etadi. Muallif kitoblari yaratilishi sababini shunday izohlaydi: “Bizim Turkiston maktabi islomiyasinda avvaldin oxira qadar ta’lim o‘linajak kitoblar “Chor devon”, “Sabot ul-ojizin”, “Fuzuliy”, “Navoiy”, “Xo‘ja Hofiz”, “Bedil” va “Maslak ul-muttaqin”lar kabi she’r kitoblari o‘ldig‘i jumlaning ma’lumidur. Bu kitoblarning ba’zilari e’tiqodot va amaliyoti islomiyaga taalluq mushkul masalalardan iborat o‘lg‘onlaridin hamda aksarlari forsiy tilda yozilg‘onlari uchun yosh bolalarning onlardin istifodalari, bir narsa anglamoqlari imkon xorijinda edi. Voqean o‘z ona tilini durust bilmagan, emdigina harflarni bir- 572 biridan ayirgan bir yosh bolaning qo‘liga ”Chor kitob”ni berib, “Ibtido mekunam ba nomi xudo” yoki “Sabot ul-ojizin”ni berib, “Sano lil xoliqul g‘afforul aflok” kabi forsiy va arabiy lisonlarida yozilmish ... jumlalarni o‘qutmak ila erdan turib yulduzga qo‘l uzatmak yoki igna ila quduq qazimoq orasida farq yo‘qtur” [Avloniy. Adabiyot yoxud milliy she’rlar 1909: 1-2]. Nazarimizda, Avloniy ta’kidlarini XX asr boshlaridagi o‘zbek bolalar adabiyotining o‘ziga xosliklarini belgilaydigan bir hujjat sifatida qabul qilish kerak. E’tiborlisi shundaki, bu ta’kidlar bugungi kundagi bolalar adabiyoti tushunchasiga ham deyarli to‘lig‘icha mos keladi. Bolalar adabiyotining asosiy o‘ziga xosliklaridan biri, ya’ni yosh guruhlariga ajratilishi, dastavval, ushbu ta’limiylik-tarbiyaviylik manfaatlaridan kelib chiqadi. Uning maktabgacha va kichik maktab yoshidagi, o‘rta maktab yoshidagi, o‘smirlar adabiyoti va bolalar kitobxonligi singari yosh guruhlariga ajratilishi ham shu boisdandir. Chunki endi maktabga borayotgan yosh bolaning tilini burro qilish uchun tez aytishlar, fikrini charxlash uchun topishmoqlar, tabiatan bir joyda o‘tirolmaydigan bolani zeriktirib qo‘ymaslik uchun o‘yin qo‘shiqlari, toliqtirib qo‘ymaslik uchun mo‘‘jaz, kichik hajmli asarlar yaratish joizligi isbot talab qilmas haqiqatdir. Bolalar adabiyotining yuqoridagi singari yosh guruhlariga ajratilishi, aslida, Sho‘ro davri ta’lim tizimiga aloqador bo‘lib, maktablarning boshlang‘ich (1-4sinflar), to‘liqsiz o‘rta (5-8-sinflar), o‘rta maktab (9-10-sinflar) tarzida tashkil qilinishidan kelib chiqadi. Unga ko‘ra, maktabgacha yoshdagi bolalar adabiyoti bolalar bog‘chalarining tashkil qilinishiga aloqador bo‘lib, bu guruh XX asrning 50yillariga kelibgina paydo bo‘ldi. XX asr boshlaridagi o‘zbek bolalar adabiyoti ushbu nuqtai nazardan ancha cheklangan bo‘lib, uni kichik maktab yoshidagi (1-2-sinflar) va katta maktab yoshidagi (3-4-sinflar) bolalar adabiyoti tarzida guruhlash maqsadga muvofiqdir. Masalan, Abdulla Avloniy o‘z "Birinchi muallim"ining “Birinchi maktablarimiz-ning avvalgi sinf shogirdlari uchun eng oson usul ila Turkiston shevasinda ochiq va engil tilda tadrijiy suratda tartib etilmish alifbo risolasi” ekanini ta’kidlar ekan, bu gapni shunchaki ta’rif-tavsif deb qabul qilmaslik kerak [Avloniy. Birinchi muallim 1912: 1]. Zero, Avloniy mustaqil ravishda va o‘ziga xos yo‘sinda alifbo tartib bergan ekan, kichik yoshdagi bolalar adabiyotining turli o‘ziga xosliklarini o‘zicha kashf etgan ham. Yoxud, “Ikkinchi muallim” − birinchi maktablarimizning shogirdlarina alifbodin so‘ng o‘qutmak uchun ochuq til va oson tarkib ila yozilub, axloqiy hikoyalar, adabiy she’rlar ila ziynatlanmish o‘quv kitobi” bo‘lsa [Avloniy. Ikkinchi muallim 1912: 1], "Maktab gulistoni" − adabiy va axloqiy maroqu shavq ila o‘quladurgon hikoyalar she’r ila Turkiston maktablarining ikkinchi sinflaridin boshlab o‘quv tamoqig‘a muvofiq ravishda yosh bolalar uchun engil vazn va oson 573 sheva uzra tartib berilgan” kitobdir [Avloniy. Maktab gulistoni 1916: 1]. Kitoblar muqovasidagi ushbu ta’kidlar yana bir tashqi o‘ziga xoslikdan dalolat beradi. Zero, "Ikkinchi muallim" axloqiy hikoyalar va adabiy she’rlardan tashkil topgan bo‘lsa, "Maktab gulistoni" to‘lig‘icha she’riy asarlardan tarkib topgan. Demak, ushbu tashqi jihat ham muallifning soddadan murakkabga; maktab ostonasiga endigina qadam qo‘ygan, endigina harf tanigan bolakaylar o‘qib anglashi oson bo‘lgan engil nasrdan badiiy adabiyot nafosatidan boxabar kitobxonlargina qadrlay oladigan va anglab etadigan, qat’iy shakliy qonuniyatlarga bo‘ysunadigan nafis va murakkab nazmga, yana boshqacharoq qilib aytganda, qora so‘zdan badiiy so‘zga tomon yosh kitobxonni asta-sekin tayyorlab borganini ko‘rsatadi. Zohiriy o‘ziga xoslik shaklda aks etgan bo‘lsa, o‘qish kitoblari mundarijasining alifbolardagidan ancha kengligi, ularda qamrab olingan mavzular rang-barangligi muallif mazmunda, botinda ham murakkablik tomon o‘sib borganini tasdiqlaydi. Garchi o‘qish kitoblarida ham yosh kitobxonlarni ilm-ma’rifat nuridan bahramand bo‘lishga chorlash, komil inson bo‘lib etishishlari uchun eng yaxshi insoniy fazilatlarni egallash va yomon sifatlardan qutulishga undash kabi an’anaviy mavzular etakchi o‘rin tutsa-da, shu an’anaviy mavzularda yaratilgan asarlarning mazmuni ham tobora kengayib, murakkablashib boradi. SHuningdek, o‘qish kitoblarida bolalarni kindik qoni to‘kilgan Ona Vatanga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash, vatanparvarlikka undash, Vatan tuprog‘ini, uning benazir tabiatini to‘lib-toshib kuylash ruhidagi asarlar ham alohida o‘rin egallaydi. Bolalar adabiyoti, dastavval, ma’rifatparvar adabiyot bo‘lar ekan, unda ilmma’rifat mavzusi etakchilik qilishi ham shubhasizdir. XX asr boshlaridagi o‘zbek bolalar adabiyoti namunalari, xususan, o‘qish kitoblari bu fikrni yana bir bor tasdiqlaydi. Chunonchi, Avloniyning "Ikkinchi muallim", "Maktab gulistoni" darsliklari va "Adabiyot yoxud milliy she’rlar"ining qaysi bir juzvini ko‘zdan kechirmaylik, bu kitoblarda ilm-ma’rifatga targ‘ib etuvchi o‘nlab asarlarni ko‘ramiz. "Ikkinchi muallim" va "Maktab gulistoni"dagi asarlar ko‘proq maktab va o‘quv qurollari madhi hamda maktab o‘quvchilarini ilmga targ‘ib qilish mavzuida bo‘lsa, “Adabiyot”larda mavzu sezilarli darajada kengayadi, murojaat ob’ekti esa bolakaylardan o‘sib, umumlashma obraz − millat darajasiga ko‘tariladi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o‘zbek bolalar she’riyatining har bir davrdagi mavzu ko‘lami muayyan davr xususiyati bilan belgilanib, asosan o‘sha davr uchun dolzarb bo‘lgan mavzularni qamrab oladi. Jumladan, XX asr boshlari bolalar she’riyatining mavzu ko‘lami nisbatan cheklangan bo‘lib, ma’rifatparvarlik davrining etakchi xususiyatlari – yosh avlodni zamonaviy maktablarga chorlash, maktab ta’rifi, ilmga targ‘ib, o‘quv qurollari ta’rifi singari ma’rifiylik etakchi mohiyat kasb etadigan 574 mavzular, axloq-odob, vatanvarvarlik, qisman ota-ona va farzand munosabatlari mavzulari hamda tarbiyaviy mohiyat kasb etadigan majoziy xarakterdagi asarlardan iborat. Bu asarlar ba’zan madhiya, chaqiriq (shior) xarakterida bo‘lsa, ba’zan ilm va jaholatni qarama-qarshi tasvirlash, yosh kitobxonni komil inson qilib tarbiyalash − yaxshi fazilatlarni egallash, yomon sifatlardan qutulishga chorlash hamda Onavatanga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash, vatanparvarlikka undash, vatan tuprog‘ini, uning benazir tabiatini kuylash ruhidadir. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR: 1. O‘zbek sovet adabiyoti tarixi ocherki. 2 tomlik. 1-tom. – Toshkent: Fan, 1981. 2. O‘zbek adabiyoti tarixi. 5 tomlik. 5-tom. – Toshkent: Fan, 1980. 3. Avloniy A. Turkiy guliston yoxud axloq. 2-tab’i. – Toshkent, 1917. 4. Avloniy A. Adabiyot yoxud milliy she’rlardan 2-juzv. – Toshkent, 1909. 5. Avloniy A. Adabiyot yoxud milliy she’rlardan 3-juzv. – Toshkent, 1916. 6. Avloniy A. Adabiyot yoxud milliy she’rlar. 1-juzv. – Toshkent, 1909. 7. Avloniy A. Birinchi muallim. – Toshkent, 1912. 8. Avloniy A. Ikkinchi muallim. – Toshkent, 1912. 9. Avloniy A. Maktab gulistoni. – Toshkent, 1916.