O'ZBEK MILLIY ADABIYOTIDA BADIIY-ESTETIK YANGILANISHLAR
Full text
580 O‘ZBEK MILLIY ADABIYOTIDA BADIIY-ESTETIK YANGILANISHLAR Baltayeva Ikbal Tadjibayevna, O‘zDJTSU O‘zbek va chet tillari kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori. DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17933236 Annotatsiya: Maqolada milliy adabiyotimizdagi ulkan progressning ko‘p asrlik tarixga ega o‘zbek folklori, o‘zbek mumtoz adabiyoti va jahon xalqlari adabiyotidagi ilg‘or an’analarning milliy adabiyotimiz rivojiga ko‘rsatgan ta’siri tufayli, o‘zbek adabiy-badiiy progressining sodir bo‘lishida vorisiylik qonuniyatining yetakchi o‘rni haqidagi ayrim fikrlar bayon qilingan. Kalit so‘zlar: adabiy vorislik, adabiy-badiiy progress, ijtimoiy yangilanish, badiiy qadriyatlar, novatorlik,ilgarilanma harakat, ijodkor tajribasi, adabiyot davomiyligi. Аннотация: В статье изложены некоторые положения о ведущей роли закона преемственности в становлении литературно-художественного прогресса узбекской литературы, обусловленного влиянием многовековой истории узбекского фольклора, классической узбекской литературы и передовых традиций мировой литературы на развитие национальной литературы. Ключевые слова: литературная преемственность, литературно-художественный прогресс, социальное обновление, художественные ценности, новаторство, прогрессивное движение, творческий опыт, литературная преемственность. Tobora jadal borayotgan ilmiy-texnik taraqqiyot tufayli ijodkorlarning zamon ijtimoiy yangilanishlariga munosabati, uning inson hayoti, faoliyati, ma’naviy qadriyatlarga ta’siri, olamni falsafiy anglash hamda badiiy talqin etish masalasining tadqiqiga ehtiyojni yuzaga keltirdi. “Ulug‘ san’atkorlar badiiy ijod tajribasiga tayanganlari va o‘sha tajribaning eng yaxshi tomonlarini o‘z asarlarida mujassamlashtirganlari holda, har doim biron yangilik yaratganlar, yangi fikr ilgari surganlar yoki go‘yo hammaga tanishdek tuyulgan masalalarni yangicha yoritganlar. Ilmiy tafakkur taraqqiyotidagi kabi badiiy ijodda ham, o‘tmish tajribasi yangi avlodlar tomonidan o‘zlashtirilib, tanqidiy ravishda qayta ishlanib, boyitilib, chuqurlashtirilib va yangi bosqichga ko‘tarilib kelinadi. Shu tufayli o‘tmishdagi eng yaxshi an’analarni davom ettiruvchi san’atkorlar badiiy ijod taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shgan novatorlar sifatida ham namoyon bo‘ladilar” [ Xudoyberdіyev E., 1995. 1]. Falsafaga oid qonuniyatlardan ma’lumki, borliq to‘xtov bilmas zamon hukmi ostida oddiydan murakkabga, ibtidodan intihoga, eskidan yangiga qarab ilgarilanma harakatda bo‘ladi. Mana shu qonuniyat inson jismida, ruhiyati va tafakkurida-da hukmron. O‘tmish bilan hozirni solishtirib ko‘rishning o‘zi borliqdagi har bir narsahodisada tinimsiz ravishda jiddiy o‘zgarishlar yuz berayotganligini ilg‘ab olish qiyin emas. Mazkur o‘zgarish-larning manfiydan musbatga, oddiydan murakkabga,
581 xaosdan kosmosga yoki aksincha tarzda yo‘nalganligini narsa-hodisalardagi evrilishlarga xos jihatlarni alohida tahlil etish orqali yaqqol ko‘rish va anglash mumkin bo‘ladi. Taniqli rus adabiyotshunosi Yu.Borev yozgan ediki, “Badiiy madaniyat tarixiy jarayonda paradigmalarni hosil qilish bilan qatnashadi. Insoniyat tarixi – paradigmalar almashuvidir. Inson, o‘z oldiga qo‘ygan oliy maqsadi qadrsizlanayotganini sezgach, yangi maqsadlarni ko‘zlaydi va unga qarab intiladi. Ammo paradigmalarning nuqsonlari namoyon bo‘la boshlagach, keskin o‘zgarish, ya’ni tanazzul yuz beradi.Yangi davr – yangi paradigma demakdir.U jamiyat taraqqiyotiga yordam beradi, lekin tez orada u ham inqirozga uchraydi” [ Borev Yu. 2014.2]. “Olg‘a yurish”, “yuksalish”, “quyidan yuqoriga ko‘tarilish” ma’nolarida ishlatiladigan lotincha “progress” atamasini nutqimizda faol ishlatiladigan “rivojlanish”, “o‘zgarish”, “taraqqiyot”, “o‘sish” kabi so‘zlarga adekvat tushuncha tarzida qo‘llab bo‘lmaydi. Sababi “o‘sish”, “rivojlanish”, “taraqqiyot”,“o‘zgarish”, istilohlari taraqqiyot va yuksalish-o‘zgarishning teskarisi bo‘lgan inqiroz ma’nosida ham qo‘llanilishi mumkin. Deylik, ijtimoiy hayotda insoniylikdan antigumanizmga tomon siljish, tabobatda ekologiya bilan bog‘liq xastaliklarning ko‘payishi, san’at va adabiyotda, shu jumladan, musiqa va qo‘shiqchilikda shakl va mazmun o‘rtasidagi nouyg‘unlikning kuchayib borayotgani buning yaqqol isbotidir. Kuzatishlarimizga ko‘ra, «progress» tushunchasi faqatgina ilgarilanma harakatni, miqdor o‘zgarishlarining sifat o‘zgarishlariga aylanishi oqibatida yuzaga chiqadigan ijobiy siljish, yuksalish va o‘sish-o‘zgarish jarayonini anglatadi. Shuningdek, adabiyotdagi progress nokomillikdan komillikka, nomukammallikdan mukammallikka sari yo‘nalishni anglatadi. Ma’lumki, progressga aks bo‘lgan, unga qarama-qarshi xatti-harakat yoki holatni anglatish uchun “regress” atamasi qo‘llaniladi. Lotincha “agress” termini anglatadigan ma’no esa progressni ham, regressni ham yo‘q qilish (“agressor” – zabun qiluvchi, vayronkor) demakdir. Demak, progress adabiy hodisalarning vorisiylik asosida mukammallik tomon siljishidan, an’ana va yangilovchilik (novatorlik)ning o‘zaro uzviylikda amal qilishidan iborat badiiy-estetik jarayon sanaladi. XX asr boshlaridagi o‘zbek adabiy progressining asoschilari obraz yaratishda romantik idealdan realistik idealga yuz buribgina qolmay, lirikaning yangi shakllarini, shuningdek, roman, drama, realistik hikoya, feleton kabi yangi poetik janrlarni o‘zbek adabiyotiga dadil olib kirdilar. Shuning barobarida badiiy tasvirning yangi vosita hamda usullarini, zamonaviy adabiy siymolarni kashf etdilar. Yana bir muhim adabiy yangilik shu bo‘ldiki, XX asr boshlaridan e’tiboran mazkur
582 ijodkorlarning sa’y-harakatlari bilan o‘ziga xos o‘zbek badiiy tili shakllantirilib, tasvir amaliyoti orqali uning rivojlanish tamoyillari belgilab berildi. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani va ko‘plab hikoyalari, Cho‘lpon va Hamzaning mazmun va shakl jihatidan tamomila yangilangan she’rlari, Fitrat, Cho‘lpon va Hamzaning dramalari ilgari milliy so‘z san’ati tajribasida mutlaqo ko‘rilmagan adabiy turlar va badiiy tasvir sistemasi qaror topganligidan dalolat bo‘ldi. Ro‘y bergan bu badiiy-estetik yangilanishlar o‘zbek milliy adabiyotida haqiqiy progress edi. Jiddiy e’tibor berilsa, mazkur jarayonda quyidagi ikki adabiy asosga tayanilganini ko‘rish mumkin bo‘ladi. Yuqorida umumiy tarzda aytib o‘tilganidek, milliy adabiyotimizdagi ulkan progressning birinchi asosi ko‘p asrlik tarixga ega o‘zbek folklori va o‘zbek mumtoz adabiyoti bo‘ldi. Ikkinchi asos sifatida jahon xalqlari adabiyotidagi ilg‘or an’analarning milliy adabiyotimiz rivojiga ko‘rsatgan ta’sirini qayd etish lozim. Ko‘rinyaptiki, o‘zbek adabiy-badiiy progressi sodir bo‘lishida ham vorisiylik qonuniyati etakchi o‘rin tutadi. Chunki adabiy progress yo‘q joydan tasodifan, o‘z-o‘zidan yuzaga kelmagan. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, muayyan jamiyatning hozirgi holatiga erishishiga sabab bo‘lgan ilgarilanma taraqqiyoti natijasida adabiy-badiiy progress yuz berishini ta’kidlash sog‘lom aqlga muvofiq bo‘ladi. Yuksak darajadagi sintetik xarakterga ega bo‘lgan adabiy progress tushunchasi mohiyatini anglash, unga xos qirralarni ilmiy tadqiq qilish, tabiatini belgilash, tahlil va talqin etish uchun falsafa, sotsiologiya, adabiyotshunoslik hamda estetika singari bir qator yondosh ilmlar o‘zaro birlashgan holda faoliyat ko‘rsatishi zarur bo‘ladi. Ijodkor mehnati, kuzatish va tajribalari tufayli yuzaga kelgan adabiy asar nafaqat real voqelikni aks ettirish orqali o‘quvchilarda ezgu ma’naviy fazilatlar shakllanishi uchun xizmat qiladi, balki bevosita adabiyotning davomiyligini ta’minlash, qadriyat darajasiga etgan progressiv adabiy an’analarning yo‘qolib ketmasligiga ham sabab bo‘ladi.Adabiy vorisiylik mavjud an’analarga tayangan holda yangi-yangi asarlar yaratilishiga imkon beradi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR: 1. Xudoyberdіyev E. Adabіyotshunoslіkka kіrіsh. –T.: O‘qіtuvchі, 1995. B.185-186. 2. Borev Yu. Іnson va іnsonіyat hayotіnіng olіy maqsadі va ma’nosі.Rus tіlіdan Abdunabі Abdulqodіr tarjіmasі . e-adabіyot.uz.00:52.17.01.2014. 2. Чернишевский Н.Г.Полн.собр.соч.т. 4. –М.: 1949. –С.222. 3. Тимофеев Л.И.Художественный прогресс.–М.: Новый мир,1971. № 5. –С.239. 4. Бушмин А.С. Преемственность в развитии литературы.– Л.: 1978. 5. Ванслов В.В. Прогресс в искусстве.–М.,1973. 6. Баллер Э.А. Преемственность в развитии культуры.–М.:Просвещение,1969.