NAVOIY NASRI: MAKTUBOTLAR YARATILISH TARIXI
Full text
593 NAVOIY NASRI: MAKTUBOTLAR YARATILISH TARIXI Tozagul Rasulovna Dusanova Renessans ta’lim universiteti dotsenti, f.f.f.d. [email protected]. DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17933255 Annotatsiya.Maqolada fors-tojik va turkiy adabiyot tarixida yozishmalardan iborat maktubotlarning tadrijiy taraqqiyoti, turkiy adabiyotda maktublarning yuzaga kelish tarixi, insho san’at nazariyasi hamda Navoiy “Xamsat ul-mutahayyirin”idagi maktublar haqida ma’lumotlar berilgan. Alisher Navoiy “Munshaot” asaridagi maktublar haqidagi mulohazalar keltirilgan. S. G‘aniyeva, Yu. Tursunov va Q. Ergashev kabi olimlarning qarashlariga munosabat bildirilgan. Yusuf Tursunovning “Munshaot” asari yuzasidan olib borilgan izlanishlari e’tirof etilgan. Kalit so‘zlar: Alisher Navoiy, “Munshaot”, “Xamsat ul-mutahayyirin”, maktublar, insho san’at nazariyasi, maktubotlar, murofia, murosala, riqo. Аннотация. В статье представлена информация о постепенном развитии эпистолярного жанра в истории персидско-таджикской и тюркской литературы, истории возникновения писем в тюркской литературе, теории искусства сочинения, а также о письмах в произведении Навои «Хамсат уль-мутахаййирин». Приведены размышления о письмах в произведении Алишера Навои «Муншаот». Выражено отношение к взглядам таких ученых, как С. Ганиева, Ю. Турсунов и К. Эргашев. Отмечены исследования Юсуфа Турсунова по произведению «Муншаот». Ключевые слова: Алишер Навои, «Муншаот», «Хамсат уль-мутахаййирин», письма, теория искусства сочинения, эпистолярный жанр, мурофия, муросала, рико. Abstract. The article provides information on the gradual development of the epistolary genre in the history of Persian-Tajik and Turkic literature, the history of the origin of letters in Turkic literature, the theory of the art of composition, as well as letters in Navoi's work "Khamsat ul-mutahayyirin". Reflections on letters in Alisher Navoi's work "Munshaot" are given. The attitude to the views of such scientists as S. Ganieva, Y. Tursunov and K. Ergashev is expressed. Yusuf Tursunov's research on the work "Munshaot" is noted. Keywords: Alisher Navoi, "Munshaot", "Khamsat ul-mutahayyirin", letters, theory of the art of composition, epistolary genre, murophy, murosala, riqo. Kirish. Jahon adabiyotshunosligida turkiy xalqlar badiiy, adabiy – estetik tafakkur takomilida muhim o‘rin tutgan mutafakkirlarning nasriy va nazmiy asarlarini o‘rganishga alohida e’tibor berilmoqda. Alisher Navoiyning o‘z davri irfoniy va diniy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan asarlarning ma’rifiy, tasavvufiy g‘oya va badiiy talqinlarini aniqlash, turkiy adabiyot taraqqiyotining asosiy bosqichlarini mumtoz adabiy janrlarning shakllanishi va rivojlanishi bilan bog‘lab o‘rganish zarur. Alisher Navoiy Sharq xalqlari adabiyoti, turkiy xalqlari adabiyoti, O‘zbek adabiyoti tarixida yuksak xizmatlari bilan munosib o‘rin egallagan genial shaxs sifatida e’tirof etiladi. “Majolis un-nafois” asari bilan birinchi bo‘lib tazkirachilikni,
594 “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari bilan tilshunoslikni, “Mezon ul-avzon” asari bilan aruzshunoslikni boshlab bergan bo‘lsa, O‘zbek mumtoz adabiyotida yagona hisoblangan Sharq insho san’atining mumtoz namunasi “Munshaot” asari bilan yozishmalar ilmiga asos soldi. Asosiy qism. Alisher Navoiyning ijodiy va ijtimoiy-siyosiy faoliyatida yuz bergan eng muhim va real voqealarni o‘zida aks ettirgan maktublardan iborat “Munshaot” asari o‘zining ilmiy, tarixiy va badiiy ahamiyati jihatidan yuksak manba hisoblanadi. Fors-tojik va turkiy adabiyot tarixida yozishmalardan iborat maktubotlarning tadrijiy taraqqiyoti uzoq davrlarga borib taqaladi. Sharq xalqlari davlatchilik tarixida, o‘zaro munosabatlarida maktubotlar(ruq’alar) – turli mavzudagi kelishuv xatlari, nomalar, rasmiy va shaxsiy xatlar; turli yozishmalar - yorliq, nishon, farmon, vasiyatnomalar muhim o‘rin tutgan. Turkiy tilda yozilgan ilk doston Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” (XI asr) asarida “yorliq, noma” ma’nosidagi “bildirgulik” so‘zi ishlatilgan. Qolaversa, asarning bosh qahramonlaridan biri Oyto‘ldi o‘limi oldidan eligni faqat yaxshilik qilishga, el-yurt manfaatinigina o‘ylashga da’vat etib, podshoh Kuntug‘mishga vasiyatnoma - maktub yozadi… Oyto‘ldi xatni tugatib o‘g‘liga tutqazadi. Bu vasiyatnomani elig qo‘liga topshirishi lozimligini uqtiradi…[Yusuf Xos Hojib, 5155] Ma’lumotlarga qaraganda, “Mazkur yozishmalar hatto muayyan ilm sohasi sifatida qaralib, uning doirasida maktub bituvchilar(munshiylar)ga o‘quv qo‘llanmalar yoki saroy hujjatlaridan namunalar majmuasi ham yaratilgan va ular “munshaot” nomi bilan shuhrat topgan. Ushbu qo‘llanma va majmualar mamlakatimiz tarixi, adabiyoti hamda muayyan davrdagi ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayot haqidagi tasavvurlarimizni boyitishga yaqindan yordam beradi”[Mahmudov U, 2023. 46]. Munshaot (arab.—insho etilganlar, yaʼni yozilganlar, bitilganlar) — Sharq sheʼriyatidagi janrlardan biri, muallifning nazmda yoki nasrda yozilgan maktublar toʻplami. Bunday toʻplamlar bir yoki bir necha muallif qalamiga mansub xatlar yigʻindisidan iborat boʻlgan. Maktublar shunchaki bitilgan xatlar boʻlmay, badiiyatning oʻziga xos turi — insho sanʼati sifatida yuzaga kelgan, chuqur mazmunga va goʻzal badiiy ifodaga ega boʻlgan. Baʼzi maktublar yuksak sanʼat bilan oʻta jimjimador yozilgan. Dastlab munshaotlar, asosan, arab va fors tillarida yaratilgan, shuning uchun munshaot so‘zining o‘rniga ba’zan arabcha “ruq’aot – maktublar yoki maktubot” atamasi ham ishlatilgan. Munshaotlarning talaygina qoʻlyozma nusxalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining
595 qoʻlyozmalar fondida saqlanadi. Ularning baʼzilari, masalan, “Munshaoti Mirzo Sodiq” (inv. № 302—1, 4423— II), “Munshaoti Yusufiy” (inv № 5046—III) mualliflarning oʻzlari tomonidan, baʼzilari esa kotiblar tomonidan tartibga keltirib koʻchirilgan. Tazkiralarda eng mukammal “Munshaot”lar sifatida: Nizomiddin Аbdulvosi’ning “Mansho ulinsho”, Nasrulloh bin Аlo al-Binoning “Latoyif ulinsho”, Аbdulloh Qutbiddin Muhyining “Makotibi Аbdulloh Qutbiddin Muhyi”, Аlisher Navoiyning “Munshaot”i (forsiy maktublari), Xoja Аbdulloh Marvoridning “Munshaoti Аbdulloh Marvorid” kabi asarlar qayd etilgan. Manbalarda keltirilishicha, oʻzbek adabiyoti tarixida Munshaotning shakllanishi va rivojlanishi Alisher Navoiy ijodi bilan bogʻliq. Navoiy “Munshaot” asarining muqaddimasida forscha maktublar shakllangan yuksak uslubga ega ekanligini, turkiy xalqlarda bu uslubda hali hech ish qilinmaganligini va oʻzi Munshaotga birinchi boʻlib qoʻl oʻrganligini qayd qilgan. “Ammo ba’d: ajillai ashob ollida aidoq ma’ruz bo‘lur va aizzai ahbob xizmatida andoq arzg‘a yetkurulurkim, atrok inshosida va bu ahli idrok bayonu adosidakim, birovdin birovga ruq’a yozg‘ay, yo ul kishi ul ruq’ag‘a javob bitigay, dag‘i ruq’a kelturgan qosidni qaytarg‘an — alfozi latofatdin muarro va tarokibi balog‘atdin mubarro erdi va adosi rangin fiqarotdin namoyishsiz va mazmuni rangin abyotdin oroyishsiz va muqobalada forsiy alfozning insholari dilpisand va makotibu imlolari arjumand erdi, xayolg‘a andoq keldikim, turk alfozining dag‘i ruq’alari hamul misol bila bitilgay va bu tilning nomalarini ham o‘shul minval bilan sabt etilgay. Oz fursatda bu ruq’alar jam’ bo‘lib va nomalar yig‘ilib erdikim, bu avroq zimnida sabt bo‘ldi. Ruboiya: Har kimki ani o‘qurni bunyod etgay, Roqimni agar duo bila yod etgay, Tengri oni har banddin ozod etgay, Har g‘amdin aning xotirini shod etgay [Alisher Navoiy, 2011. 549]. Navoiyning ushbu asaridagi maktublarning aksariyati sulton Husayn Boyqaro va uning farzandlari boʻlmish shahzodalar, ko‘pincha, Badiuzzamon mirzoga yozilgan. Ularning ba’zilarida Navoiy maktub egalariga davlatni idora etish, hukumat ishlarini bajarishga doir oʻzining qimmatli maslahat, yo‘riq va takliflarini bayon etadi, adolat va hushyorlikka chorlasa, ba’zilarida o‘zining hasbi holi do‘stlariga, yaqinlariga munosabatlarini ham aks ettiradi. Navoiyshunos olim, Navoiyning hayot yo‘llarini sinchiklab o‘rgangan nuktadon matnshunos Yusuf Tursunovning ta’kidlashicha: “Munshaot” shoir asarlari orasida alohida ahamiyat kasb etadi. Birinchidan, Navoiy “Munshaot”i epistolyar janrning o‘rta asr Sharqiga xos shakli - insho san’atining o‘zbek tilidagi dastlabki
596 hamda nodir namunasi sifatida madaniyatimiz xazinasidan o‘rin olgan. Ikkinchidan, “Munshaot” Navoiyning ijodiy hamda ijtimoiy-siyosiy faoliyatida yuz bergan eng muhim voqealarni o‘zida real aks ettiradi” [Турсунов Ю, 1989.2]. Olimning fikrlariga qaraganda, maktublar o‘sha davrda biron bir xabar, maqsad yoki yangilikni eltuvchi vosita – hujjat ekanligidan ko‘ra ko‘proq Sharq badiiy prozasinining o‘ziga xos namunasi sifatida yuzaga kelgan va qabul qilingan. Ko‘rinadiki, Navoiy davridagi maktublar hozirgi kundagi oddiy xat tushunchasidangina iborat bo‘lib qolmasdan, balki O‘rta asr Sharq adabiyotidagi badiiy ijod turlaridan biri sifatida yuzaga kelgan. Alisher Navoiy manoqib asarlarining eng nodir namunasi, Jomiy va Navoiy shaxsiyati hamda ilmiy merosini o‘rganishda eng muhim manba hisoblangan “Xamsat ul-mutahayyirin”da ulug‘ alloma, mutasavvuf olim, ijodkor Jomiyning yuksak shaxsiyati, kamtarligi va axloqiy fazilatlarini real voqeliklar asosida aks ettiradi. Asarning ikkinchi maqolati Navoiy va Jomiy o‘rtalaridagi o‘zaro yozishmalar, ruq’a – xatlarga bag‘ishlangan, Jomiy va Navoiyning bir-birlaridan uzoqda bo‘lgan vaqtlarida yozishgan maktublari haqidadir. Shuningdek, asarning uchinchi maqolatida ustozi va maslakdosh do‘sti Abdurahmon Jomiyning o‘ttiz sakkizta asarini nomma-nom sanab ko‘rsatadi. Bularning ichida “Munshaot” (Maktublar majmuasi) nomli risola bitganligi ham qayd etiladi. Ma’lumki, Abdurahmon Jomiyning “Munshaot” asaridan Jomiyning turli masalalarga bag‘ishlangan va har xil tabaqadagi zamondoshlariga, jumladan, Navoiyga yo‘llagan xatlari ham o‘rin olgan. Bu maktublar fors tilida bitilgan edi. Alisher Navoiy keyinchalik bu an’anani davom ettirib, turkiy tildagi maktublarini “Munshaot” nomli risolasiga kiritadi. Bu haqda Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy ijodiga, shaxsiga hurmati, e’tiqodi baland bo‘lgan Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da Alisher Navoiy qalamiga mansub asarlarni birma–bir sanab turib: “Ul jumladin, insholarini Mavlono Abdurahmon Jomiyga taqlid qilib jam’ qilibtur. Hosila kalom, har kimga har ish uchun har xatkim bitibtur, yig‘ishtiribtur”,-deydi [Бобур, 1989.154]. Ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, Jomiy ijodi bilan yaxshi tanish bo‘lgan, asarlarining mazmun mohiyatidan boxabar Bobur Jomiyning forscha ruq’alaridan, ya’ni “Munshaot” asarining mazmunidan voqif bo‘lgan. Navoiyshunos olim Yusuf Tursunov nomzodlik dissertatsiyasida “Boburnoma”da keltirilgan fikrlarga quyidagicha o‘z mulohazalarini keltiradi: “Birinchidan, Navoiy na “Munshaot”ning o‘zida va na boshqa asarlarida uning Jomiyga taqlid qilib, maktublarini to‘plaganligiga ishorani ko‘rmaymiz. Basharti
597 shunday qilganida, u har qanday kerakli o‘rinda buni ro‘yi rost e’tirof etgan bo‘lardi. Ikkinchidan, Navoiyning asosiy maqsadi maktublarni to‘plash emas, balki fors tilida bo‘lgani kabi o‘zbek tilida ham yozilajak maktublarga badiiy libos kiydirib o‘zbek tilining go‘zalligi va imkoniyatlari keng ekanligini namoyish etish edi” [Турсунов Ю, 1989.13]. Olimning yozishicha, Navoiy nasriy asarlari yuzasidan tadqiqotlar olib borgan taniqli navoishunos olima Suyima G‘aniyeva “Munshaot” asariga oid bir qator ilmiy va ommabop maqolalarida “Munshaot”ni insho san’ati – epistolyar nasr namunasi deb baholaydi va bu asar orqali buyuk mutafakkir qadimgi o‘zbek tilining epistolyar janrdagi imkoniyatlarini ko‘rsatib berganligini qayd etadi. Suyima G‘aniyeva “Insho san’ati –“Munshaot” nomli maqolasida “Munshaot” asariga “Ko‘ngul bahridin maxfiy durlar” deb ta’rif beradi va ijod ahlining yozishmalari(maktublari) ularning shaxsiyati va ijodi, yashagan zamon va muhit, ular bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar haqida ma’lumot beradigan muhim manba ekanligini qayd etadi. Shuningdek, olima adib va shoirlarning maktublari badiiy adabiyotga yaqin turuvchi, adabiy taraqqiyot taqozosi bilan o‘zining ijodini o‘zgartira boruvchi badiiy ijodning o‘ziga xos turi ekanligini ta’kidlaydi [Ғаниева С, 2022.297]. Ma’lumki, Sharqda insho san’ati g‘oyat qadimiy tarixga ega. Suyima G‘aniyeva yuqoridagi maqolasida bu san’atning tarixi, ba’zi namoyondalari hamda insho san’atning o‘ziga xos turlari mavjudligi haqida qimmatli ma’lumotlar keltiradi: “Arab manbalarining xabar berishicha, Xorun ar-Rashidning (IX acp) davrida uning kotibi yozgan bir xat shunday mashhur bo‘lib ketgan ekan, uni butun Bag‘dod aholisi yoddan bilar edi. X asrda esa xususiy xatlar yozib beruvchi Abu Bakr alXorazmiy insho san’atining eng mohir namoyandasi sifatida keng shuhrat qozongan bo‘lib, uning shogirdlaridan biri Abul Fazl Hamadoniy bu sohada o‘z ustozidan ne chog‘lik o‘zib ketganini shunday bayon etgan: “Men shunday maktub yoza olamanki, agar uni oxiridan yuqoriga qarab o‘qilsa, shu xatga javob chiqadi, keyiniga - burchakdan burchakka o‘qilsa, she’r hosil bo‘ladi. Ba’zi maktublarimni madhiya sifatida, ayni choqda mazammat (koyish) ma’nosida izohlash mumkin” [Ғаниева С, 2022. 297] . So‘ngra olima insho san’atining XV asrgacha bosib o‘tgan taraqqiy yo‘llari va ushbu san’at nazariyasiga oid asarlarni keltiradi: “XV asrgacha bo‘lgan davrlarda insho san’ati o‘z taraqqiyotining turli bosqichlarini bosib o‘tdi. Goho maktublar (ular yana xitob, arzadosht, ruq’a, noma, xat ham deyiladi) o‘ta jimjimador uslubda, murakkab iboralar bilan yozilib, “ularning ba’zi joylarini tushunish uchun xat yozgan odamning o‘z izoh va talqinini eshitish lozim bo‘lgan”, goho esa maktublar vazmin
598 va sodda bayon xarakterida bitilgan. Shuning uchun ham insho san’atining nazariyasiga oid asarlar maydonga kela boshlagan. Turli davrlarda har xil mavzu va saviyalarda bitilgan maktublardan majmualar tuzila boshladi. Turkigo‘y xalqlar adabiyotida birinchi shunday majmua tuzgan Alisher Navoiy bo‘ldi. U o‘z xatlarini to‘plab, uni “Munshaot” deb atadi. Lekin u majmuani qachon tartib berilgani haqida ma’lumot bermaydi. Ba’zi maktublarning mazmunidan, ba’zilaridagi voqealar bayonidan, yana ba’zilaridagi ayrim qayd va ishoralardan “Munshaot” 904/1498-99yillarda jamlangan deb taxmin qilish mumkin. Asar muqaddimasidan anglashiladiki, “Munshaot”ni tuzar ekan, Navoiy ikki maqsadni nazarda tutgan edi. Biri - uning ona tilida davlat ishlari, ya’ni ijtimoiysiyosiy masalalar yuzasidan va shaxsiy xarakterdagi yozishmalar olib borish uchun har jihatdan yaroqli ekanini isbotlash. Ikkinchisi - xatlardagi mulohaza va orzularning, nasihat va tanbehlarning jamiyat uchun, hukmdorlar uchun, qolaversa, xalq va avlodlar uchun foydali deb bilganligi sababli xatlari orqali ham xalq osudaligi, saltanat farovonligini ta’min etadigan ezguliklar uchun kurashish, xalq va mamlakat manfaatlariga zid bo‘lgan barcha urinishlarni bartaraf etishga chaqirishdek buyuk maqsad edi” [Ғаниева С, 2022. 297-298]. Natijalar va muhokama. Alisher Navoiy “Munshaot”ida jamlangan maktublar mundarijasi Suyima G‘aniyeva, Yusuf Tursunov va Qodirjon Ergashev kabi olimlar tomonidan turlicha tasnif etildi. O‘zbek adabiyotida ilk bor Munshaot nazariyasi Suyima G‘aniyeva tomonidan yaratildi. I. Olima “Munshaot”dagi maktublarni quyidagicha tasniflagan: 1. Davlat va siyosatga aloqador maktublar. 2. Turli shaxslarga ularning lavozimlari va ishlari xususida yozilgan xatlar. 3. Badiiy ijod borasidagi yozishmalar. 4. Tabrik va taʼziyanomalar. 5. Shaxsiy kechinmalarni ifodalovchi maktublar [Ғаниева С, 2022. 298]. II. Y. Tursunov o‘zining “Munshaot — Аlisher Navoiy hayoti va faoliyatini o‘rganishda tarixiy-badiiy manba sifatida” nomli nomzodlik ishida Suyima G‘aniyevaning tasnifini asos qilib oladi va unga quyidagi qo‘shimchalarni kiritadi: 1. Nasihat xarakteridagi maktublar. 2. Tanbeh ifoda etilgan maktublar. 3. Minnatdorlik ifodalangan xatlar. 4. Qisqa maktublar [Турсунов Ю, 1989. 21]. Olimning fikrlariga qaraganda, “Munshaotdagi maktublarning ifoda uslubi ham turlichadir. Ba’zi maktublar sodda va ravon uslubda yozilgan bo‘lib, mazmuni
599 tushunarli va muallif maqsadi ko‘zga aniq tashlanib turgani holda ayrim maktublar g‘oyatda badiiy serjilo va jimjimador uslubda yozilgan [Алишер Навоий, 2025.4]. III. Shuningdek, Q. Ergashevning “O‘zbek nasrida insho (Navoiy “Munshaot”i misolida)” nomli nomzodlik dissertatsiyasida munshaotlarda uchraydigan maktublar quyidagi tartibda tasnif etilgan: 1. Murofia yo‘sinida bitilgan xatlar. Bunda maktub duo-tilaklar bilan boshlanib, duo– tilaklar bilan yakunlanadi. 2. Murosala yo‘sinida bitilgan maktublar – murosala uslubidagi bitiklar murofiadan farq qiladi. Ularning murojaat qismi dabdabali emas va xotimasi ham qisqagina duo yoki tilakdan tashkil topadi. 3. Riqo yo‘sinida bitilgan xatlar – unda adresatga takalluf qilinmaydi. Maktublar qisqa, tanbeh va nasihat ruhida yoziladi [Эргашев Қ, 1996.42]. Navoiyshunos olim Yusuf Tursunov “Munshaot” – Alisher Navoiy hayoti va ijodini o‘rganishda tarixiy-adabiy manba” mavzusidagi dissertatsiyasining birinchi bobida “Munshaot”ning 1986-yilgacha o‘rganilgan qo‘lyozma nusxalari haqida batafsil ma’lumotlar beradi. Navoiyning ushbu asari yuzasidan izlanishlar olib borgan taniqli olimlar Izzat Sultonov, Suyima G‘aniyeva, Olim Sharafiiddinov, Marg‘uba Ahmedova, Hadida Alixo‘jayevalarning maqolalaridan iqtiboslar keltiradi. Butun umrini Alisher Navoiy ijodi, xususan, “Munshaot” asari tadqiqiga bag‘ishlagan olim Yusuf Tursunov yillar davomida Navoiy “Munshaot” asarining ilmiy-tanqidiy matni ustida izlanishlar olib bordi va asarning qo‘lyozma nusxalarini qiyoslab o‘rganib, Alisher Navoiy hayot yo‘llariga oydinlik kiritdi. Ayniqsa, “Navoiyning hayot yo‘li: yillar va manzillar” nomli ilmiy risolasidan joy olgan “Navoiy dengiz safarida bo‘lganmi?” nomli maqolasidagi Navoiyning dengiz safariga chiqqanligi to‘g‘risidagi fikrlar o‘zining ohoriyligi va qimmatli ma’lumotlarga boy ekanligi bilan diqqatga sazovordir. Zahmatkash olim “Munshaot”dagi maktublarni sinchiklab o‘rganib, Navoiyning hayot yo‘llari haqidagi ma’lumotlarni tiklab chiqdi va izlanganlari asosida “Navoiyning hayot yo‘li: yillar va manzillar” nomli ilmiy risolasini yaratdi. Olim kitobga umr bo‘yi o‘rgangan, izlangan xulosalari – ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalarini jamladi. Kitobda Navoiy qadami yetgan mo‘tabar dargohlar va u tavof etgan muqaddas ziyoratgohlarning rangli rasmlari berilgan. Kitobning so‘nggida Alisher Navoiy hayot yo‘lining to‘ldirilgan sxematik xaritasi ham o‘rin olgan. Shuningdek, “Munshaot”ning eng to‘liq va izohli nashrini (Toshkent: ZabarjadMediya, 2025) chop ettirdi. “Munshaot”ning mazkur nashridan 110 ta maktub, asarning tabdili va zamonaviy o‘zbek tilidagi izohli matni o‘rin olgan. Olim Yusuf Tursunov asarning
600 qo‘lyozma nusxalarini o‘rganganda ular tarkibidagi maktublar miqdoriga ko‘ra o‘zaro tafovutga ega ekanligi ma’lum bo‘ldi. Chunonchi, hijriy 1004-1007, milodiy 1595/96-1598/99-yillarda Eron Ozarboyjonining Qizilog‘och shahrida ko‘chirilgan “Munshaot” qo‘lyozmasi (bu qo‘lyozma Sankt-Peterburgdagi Davlat xalq kutubxonasida 558-tartib raqam bilan saqlanadi) tarkibida oltmish maktub, boshqa ko‘pgina nusxalarda to‘qson atrofida, umrining so‘nggi yillarida Navoiyning o‘zi tomonidan tuzilgan “Munshaot”dagi “Munshaot” da esa 104 maktub mavjud. Alisher Navoiy mukammal asarlar to‘plamining 14-jildida berilgan nusxada 103 ta, Alisher Navoiy To‘la asarlar to‘plami. 10 jildligining 9-jildida keltirilgan “Munshaot” nusxasida 107 ta maktub keltirilgan. Buyuk ijodkor, zakiy davlat arbobi, olim va orif Alisher Navoiy hamisha Haq buyurgan yo‘ldan bordi. Ona yurti tinchligi, xalq manfaati uchun qayg‘urib, shaxsiy manfaatlarini keyingi o‘ringa qo‘ydi. Uning Yaratganga muhabbati, e’tiqodi kuchli edi. Bir umr Ka’bani ziyorat qilish, uning xokbo‘slug‘ig‘a ehrom bog‘lash orzusi bilan yashadi. Muqaddas Haj amalini bajarish kelish uchun Husayn Boyqarodan uch marta izn so‘radi va unga iltimos ruhidagi maktublar bitdi. Ammo har safar biron vaj, sabab bilan bu niyatlari amalga oshmadi. “Munshaot” tarkibida kelgan 21va 107maktublar aynan shu munosabat bilan bitilgan. 21-maktub Yahudiylar podshohi va payg‘ambar, Bayt ul-muqaddasni ta’mir qilgan Sulaymon haqidagi qissaga ishora qiluvchi ruboiy bilan boshlanadi. Bir mo‘r Sulaymong‘a bo‘lay deb hamroz, Ko‘p sa’y ila yo‘l qat’ini qildi og‘oz, Chun taxti Sulaymong‘a yetishti qadami, Yer o‘ptiyu qaytti qilib arzi niyoz. [Alisher Navoiy, 2011. 573] Ruboiyda mo‘r(chumoli)ning Sulaymonga hamroz bo‘lishi va taxti Sulaymon birikmasi orqali Nosiriddin Rabg‘uziyning “Qissasi Rabg‘uziy” asaridagi qissaga ishora qilinib, talmih san’atining go‘zal namunasi keltirilganligini kuzatamiz. Donishmand ushbu ishoradan so‘ng o‘z maslagini bayon etadi: “Qulluq arzdosht ulkim, Ka’ba tavofidinkim, murod ul qiblayi iqbol rutbalig‘ ostondur va qibla safaridinkim, maqsud ul ka’bai omol suddalig‘ osmondur — xokbo‘slug‘ig‘a ehrom bog‘lanib, yaqin yetishildi, ammo” [Alisher Navoiy, 2011. 574]. Maktub tarkibidagi ikkinchi ruboiy buyuk qalb sohibining ilojsizligini, armonlarining yaqqol tasvirini beradi. Uchinchi misra oxiridagi tadbir so‘zi to‘rtinchi misra boshida takrorlanib, ma’noni ta’sirchan ifodalashga xizmat qilgan va tasbe san’ati hosil bo‘lgan.
601 R u b o i ya: Har necha yuzung xayolin etsam tasvir, Naqqoshi qazo borig‘a berdi tag‘yir, Men vasl umidig‘a ko‘p ettim tadbir, Tadbir ne sud, gar emastur taqdir. [Alisher Navoiy, 2011. 573] Arzadoshtning sharhi mujibi maloldur va holning bayoni boisi kalol. Ruju’ ruq’a homilining adosig‘a va havola noma noqilining duosig‘a qilildi, vassalom [Alisher Navoiy, 2011. 574]. Xulosa. Ko‘rinadiki, Alisher Navoiy “Munshaot” asaridagi maktublar orqali kelajak avlodga o‘z maqsadlari zaminida namoyon bo‘ladigan insonparvarlik g‘oyalarini va tajribalarini yetkazuvchi vosita deb qaragan va quyidagilar haqida ma’lumotlar qoldirgan: 1)Shazodalarga yo‘l-yo‘riqlar; 2)o‘z zamonasidagi haqiqiy real hayot manzarasi; 3)zamondoshlari bilan muloqot madaniyati; 4)XV asrdagi Xurosondagi jamiyat, o‘zi yashagan muhitidagi murakkabliklar; 5) goho shukr bilan o‘tgan kunlari; 6)gohida og‘riqli onlari, armonlari. “Munshaot”da keltirilgan maktublar va ulardagi ma’lumotlar XV asr –Navoiy davri ijtimoiy-siyosiy hamda madaniy hayotini o‘rganishda, mutafakkirning hasbi holiga oid ayrim mulohazalarni oydinlashtirishda alohida ahamiyat kasb etadi. ADABIYOTLAR RO‘YXATI: 1. Алишер Навоий. Тўла асарлар тўплами. 10 жилдлик. Ж-9: Муншаот. - Т.: Ғ. Ғулом номидаги НМИУ, 2011. Б. 629. 2. Турсунов Ю. “Муншаот” Алишер Навоий ҳаёти ва ижодини ўрганишда тарихий-адабий манба”. Фил.ф.н. дисс. Т.: 1986. 2-б. 3. Алишер Навоий. Муншаот (аслият ва тадбил). Т.: Забаржад медиа. 2025. 141-б 4. Ғаниева С. “Муншаот”. Истиқлол даври навоийшунослиги. 1-жилд.297-298-б. 5. Yusuf Xos Hojib. Qutadg‘u bilig. www.ziyouz.com kutubxonasi. 51-55-b. 6. Эргашев Қ. “Ўзбек насрида иншо (Навоий “Муншаот”и мисолида)”. Фил.ф.н. дисс. Т.: 1996. 42-б. 7. Mahmudov U. Sharq nasrida insho sanʼati: “Munshaoti Abdulloh Marvorid” asari. Maqola. Oltin bitiglar — Golden scripts. 2019/1. 8. Бобур “Бобурнома” Юлдузча нашриёти, 1989 й, 154 бет.