O'ZBEK VA NEMIS TILLARIDAGI IZOHLI LUG'ATLARDA EVFEMIZMLARNING BERILISHI
Full text
838 O‘ZBEK VA NEMIS TILLARIDAGI IZOHLI LUG‘ATLARDA EVFEMIZMLARNING BERILISHI Yuldosheva Vohida Nazarovna, ToshDO‘TAU doktoranti [email protected], DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17933718 Zamonaviy tillarning rivojlanishi va faoliyatining asosiy tendensiyalaridan biri evfemizmlardan foydalanishdir. Evfemizmlarning paydo bo‘lish jarayoni turli xalqlar, jumladan, o‘zbek va nemis tillari uchun tabiiy jarayondir. XX asrning oxirgi o‘n yilliklari leksikografiyaning tilshunoslikning dinamik rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biriga aylanishi bilan tavsiflanadi. Bu jamiyatdagi ijtimoiy o‘zgarishlarni, madaniy qadriyatlar va yo‘riqnomalardagi o‘zgarishlarni, shuningdek, zamonaviy tilni o‘rganish jarayonida olingan yangi lingvistik ma’lumotlarni, shu jumladan, lingvistik evfemizmni aks ettiruvchi lug‘atdagi faol jarayonlarni tushunish va qayd etish zarurligini taqozo etdi. Mashhur rus leksikografi V.V. Dubichinskiy “lugʻat – milliy madaniyat mahsuli va fenomenidir[Дубичинский, 2008. 432], deb ta’kidlagan edi. Leksikografik asarlar muayyan xalqning sivilizatsiya darajasini aks ettiruvchi muhim manbalardir. Ular ma’lum bir davrdagi milliy dunyoqarashning falsafiy, siyosiy, diniy va ilmiy-texnik jihatlarini qayd etib, tilni o‘rganish jarayonida xalq madaniyati, turmush tarzi hamda ijtimoiy hayotning boshqa tomonlari haqida qimmatli ma’lumotlar saqlaydi. Ma’lumki, til ong bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ong tilda o‘z moddiy ifodasini topadi. Bilishning oliy shakli bo‘lgan tafakkur ongning muhim tarkibiy qismi bo‘lganligi tufayli fikrlash faoliyati til orqali, so‘zning ma’no tarkibi vositasida sodir bo‘ladi[Қўзиев, 2018. 19]. Inson obyektiv borliqni idrok etar ekan, u haqdagi tushuncha va tasavvurlar tilda ifodalanadi. Shu bois so‘z ma’nosining taraqqiyoti bilan bog‘liq lisoniy hodisalar – metafora, metonimiya, sinekdoxa va vazifadoshlik – o‘zbek va nemis tilshunosligida dolzarb masala sifatida o‘rganib kelinmoqda. Ko‘chma ma’nolarning taraqqiyoti esa evfemik vositalarning shakllanishi va rivojlanishini belgilaydi. Shunday ekan, u so‘z leksik ma’nosi hosila berishi qonuniyatlari bilan bog‘liq holda yuzaga chiqadi[Mirtojiyev, 2010. 184].Demak, evfemizmlar ham so‘zning leksik ma’nosi hosil bo‘lish qonuniyatlari bilan chambarchas aloqador. Tildagi birliklar inson tafakkurining mahsuli sifatida taqqoslash jarayonida tug‘iladi. Tafakkur jarayoni shu qadar murakkabki, til birliklardan nafaqat asl ma’noda, ya’ni voqelikni ifodalovchi aniq atama sifatida, balki obrazli tushunchalarda ham foydalanishni taqozo etadi.
839 Masalan, “oq” leksemasi o‘zining asl ma’nosidan chetlashadi: 1) nemischa weiß wie Schnee, Milch(sutdek, qordek oq), sut, qor, bo‘r, un, guruhlarning siyosiy belgilari (oq), shaxmat donalari (oq), sie wurde weiß wie eine Wand, wie (gekalkte) Wand (rangi oqlangan devordek oqarib ketgan), der weiße Sport (qishki sport, ayniqsa chang‘i, chana sporti), der weiße Tod (qor va muz ustidagi o‘lim), keine weiße Weste haben (aybsiz emas, oppoq emas), er ist in den letzten Jahren ganz weiß geworden (oxirgi yillarda uning sochi oqarib ketdi), Weiss (nemischa familiya)– o‘zbekcha oq (aroq), sut, qatiq (og‘zi oqqa tegmoq), ko‘z pardasi (to‘r pardasi), begunoh (gunohsiz), qor, bo‘r, un , boʻz, surp, pes (moxov), kafan, siyosiy guruh (oqlar), shaxmat donasi (oqlar), pul (oqcha), shaxs oti (Oqboy), dumba yog‘ (oqyog‘), oqlovchi (devorni) yoki advokat kabi ma’nolarda keladi; 2) nemischaWeißherbst (vino navi), Weißbirke (oqqayin), weiße Haus (oq uy), Weißbrot (oq non), weißer Rabe (oq qarg‘a – muayyan yo‘nalishda shu sohaga begona kishi) – o‘zbek. oqsoqol (boshliq), oqpadar (otasi laʼnatlagan oʻgʻil), oqsuyak (zodagon), oqsoch (choʻri, xizmatkor), oqqoʻngil (oddiy fikrli, beozor odam) oqsolar (ayollar aza liboslarini oqdan yechish, motamni tugatish marosimi), oqbadan (tana rangi oq ayol), oqbilak (ishlamaydigan), oqqon (kasallik), oqterak (o‘yin nomi), oqqayin (daraxt),oq uy (idora, hukumat binosi) ) kabi birliklar. Bu misollar shuni ko‘rsatadiki, “oq” rang nomi til va tafakkurda ko‘plab ko‘chma ma’nolarni yuzaga keltirgan, ular esa izohli lug‘atlarda alohida qayd qilinadi. Shuningdek, oq rang ko‘pincha evfemistik birliklar hosil qilishda ham ishtirok etadi: masalan, nemischada keine weiße Weste haben (aybsiz emas) iborasi jinoyat yoki aybni yumshatib ifodalash uchun ishlatiladi, o‘zbekchada esa oq yuvib oq taramoq (avaylab, asrab katta qilmoq) iborasi evfemistik mazmunga ega. Izohli lugʻatlarning umumiy vazifasi til birliklarini izohlash va ularning ma’nosini ochib berishga qaratilgan. Bunday lugʻatlar, avvalo, soʻzning leksik xususiyatlariniya’ni, uning asosiy ma’nosi, koʻp ma’noliligi, sinonimik qatori va qoʻllanish doirasini koʻrsatadi. Shu bilan birga, izohli lugʻatlar soʻzning uslubiy xususiyatlariniham yoritadi: u soʻzning adabiy, ogʻzaki, shevaga oid yoki poetik qatlamga mansubligini belgilaydi, rasmiy, kitobiy, salbiy, hazilomuz yoki evfemistik ohangda qoʻllanishi haqida ma’lumot beradi. Demak, izohli lugʻatlar nafaqat til boyligini tartibga soladi, balki soʻzlarning jamiyatdagi madaniy, estetik va psixologik ahamiyatini ham ochib beradi. Tadqiqotimiz davomida nemis tilshunosligida yaratilgan Duden (to‘rtinchi nashri) tomonidan chop etilgan “Zamonaviy nemis tilining katta lug‘ati”ning leksikografik konsepsiyasi asosida evfemik birliklar tahlil qilindi. Ushbu lug‘atlar asosida izlanish olib borishning dolzarbligi bir nechta omillar bilan belgilanadi. Bir tomondan, zamonaviy kommunikatsiya jarayonida evfemizmlarning yuqori nutqiy ahamiyati hamda ular bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy izlanishlarning sezilarli
840 darajada ko‘payishi bu sohaning muhimligini tasdiqlaydi. Ikkinchi tomondan, evfemizmlarni aniqlash va ularni leksikografik nuqtayi nazardan qayd etish uchun yagona va aniq mezonlarning mavjud emasligi tadqiqotga alohida metodologik ahamiyat baxsh etadi. Ma’lumki, evfemiologiyaning rivoji izohli lug‘at tuzish tamoyillarini boyitadi va ularning ayrim nomuvofiq jihatlariga oydinlik kiritishga asos bo‘lib xizmat qiladi. Evfemik vositalar nafaqat til tizimining leksik boyligini kengaytiradi, balki nutq madaniyati, ijtimoiy muomala odobi va axloqiy me’yorlarni ham mustahkamlashga xizmat qiladi. Shunga qaramay, hozirgi kungacha o‘zbek tilidagi izohli lug‘atlarda evfemik birliklarning qayd etilishi bo‘yicha maxsus leksikografik tamoyil ishlab chiqilmagan. Lug‘atlarning “So‘zboshi”, “Lug‘at tuzilishi va undan foydalanish tartibi” kabi kirish qismlarida ham mualliflar tomonidan evfemizmlar haqidagi maxsus mulohaza va tavsiyalar berilmagan.Biroq ayrim hollarda evfemik birliklarga e’tibor qaratilganini ko‘rish mumkin. Masalan, izohli lug‘atda Ot II so‘zida “Oti yo‘q evf.” shaklida chayonni bildiruvchi evfemizm berilgan va bu yerda evf. qisqartmasidan to‘g‘ri foydalanilgan[Ўзбек тилининг изоҳли луғати, 1981. 547]. Ushbu evf. shartli qisqartmasi to‘g‘risida izohli lug‘atlarning “Shartli qisqartma va belgilar” qismida ham e’tibor qaratilmay kelinmoqda[Турдимуродов, 2022. 139]. A.Omonturdiyevning qayd etganidek, lisoniy evfemalarni lug‘atlashtirish mumkin[Омонтурдиев,2009. 252]. Biroq bu jarayon oddiy emas. Chunki barcha leksik birliklarni qayd etishdan tashqari, ko‘chma evfemik xususiyatga ega bo‘lgan birliklarning semantik nozikliklarini izohlash ham ancha murakkab vazifadir. Bu boshqa leksik qatlamlarga qaraganda, ko‘proq ilmiy izlanish va puxta metodologik yondashuvni talab qiladi. Olmon tilida o‘rganilayotgan leksikografik manbalarda stilistik shartli belgilar juda keng ifodalangan. Dudendagi stilistik belgilar lug‘atning umumiy stilistik bo‘yoqdorliligiga qarab uch toifaga taqsimlanadi: a) yuqori stilistik bo‘yoqdorlik (ular gehoben belgisi bilan beriladi); neytral lug‘at (stilistik belgilar bilan berilmaydi) va stilistik bo‘yoqdorlik kam lug‘at. Neytral lug‘at umgangssprachlich (so‘zlashuv), familiär (oilaga oid), salopp (so‘zlashuv, erkinroq, ba’zan qo‘pol), derb (qo‘pol) belgilari yordamida qayd etiladi. Tilshunoslikda kasallik va jismoniy nuqsonlarni ifodalovchi birliklar, odatda, inson ruhiyati uchun og‘riqli mavzulardan sanaladi. Shu sababli bunday tushunchalar ko‘pincha evfemik shaklda qo‘llanadi. O‘zbek tilining izohli lug‘atlarida bu birliklar semantik izoh bilan berilgan bo‘lsa-da, ko‘plab hollarda ularning evfemik xususiyati maxsus pometa orqali ko‘rsatilmagan. Masalan, bemor so‘zi “kasal” tushunchasini yumshatib ifodalovchi birlik sifatida lug‘atda quyidagicha qayd etilgan: Bemor [f. – kasal] – 1 Organizmining odatdagi biror holati buzilgan; kasal, xasta. Bemor
841 bola.Bemor tuzalgisi kelsa, tabib o‘z oyog‘i bilan kelar (Maqol). – Bir kechasi bemor juda azob tortdi. A. Qahhor, Asarlar. – Bemor ona boshini qizchasi silab qo‘ysa, og‘riqlar barham topadi[Ўзбек тилининг изоҳли луғати5 томлик1-том,2020.226]. Ushbu izohda lug‘at so‘zning semantikasini keng ochib bergan, misollar keltirgan, biroq “evfemizm” (evf.) pometasi qayd etilmagan. Aslida bemor so‘zi kasal so‘zining bevosita evfemizmi bo‘lib, nutqda yumshatish, hurmat va odob me’yorlarini saqlash maqsadida qo‘llanadi. Xuddi shunday holat ko‘zi ojiz birikmasida ham kuzatiladi. Izohli lug‘atda bu birlik quyidagicha qayd etilgan: Ko‘zi ojiz – Ko‘rish qobiliyatini qisman yoki batamom yo‘qotgan; ko‘r. Ko‘zi ojiz odam. – Mayna Abduvahobning yoshlangan ojiz chap ko‘ziga, muloyim tikilib turgan o‘ng ko‘ziga nazar tashladi. Sh. Toshmatov, Erk qushi. – Ba’zan tushlik ovqat vaqti, ko‘pincha ishdan keyin, to‘rttabeshta ko‘zi ojiz erkak-ayollar yig‘ilib, o‘zaro gurunglashib qolishardi. Shukrullo, Saylanma[Ўзбек тилининг изоҳли луғати5 томлик 3-том,2020.92]. Mazkur misolda ham lug‘at birikmaning semantik izohini to‘liq ochib bergan, adabiy matndan olingan namunalar keltirgan, biroq uning evfemik tabiatini ko‘rsatib beruvchi maxsus belgi mavjud emas. Aslida ko‘zi ojiz iborasi ko‘r so‘zining evfemizmi bo‘lib, odamning nuqsonini to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytmasdan, yumshatib ifodalashga xizmat qiladi. Tahlillarda kuzatish mumkinki, har ikki tildagi leksikografik manbalarda tashqi ko‘rinishdagi ayrim kamchiliklarni (ortiqcha vazn, tashqi ko‘rinishdagi mayda nuqsonlar) bildiruvchi birliklar qayd etilganligini guvohi bo‘lamiz. Semiz so‘zining quyidagi evfemik variantlari uchraydi: beleibt b) (verhüll.) dick – semiz (evf.); mollig 1. sie ist m. (verhüll.; dick) geworden – do‘mboq (evf.; to‘lishgan) u to‘lishib ketgan.O‘zbek tilining izohli lug‘atida “do‘mboq” so‘ziga quyidagicha ta’rif berilgan:3 ko‘chma To‘ladan kelgan, semiz, lo‘ppi. Do‘mboq bola. – Yo‘lda Shamsiqamar degan do‘mboq juvon bilan uchrashib qoldi. Mirmuhsin, Umid. Temirbek do‘mboqqina yigit, jindek ovsarligi va dovdirligi ham bor. X. To‘xtaboyev, Yillar va yo‘llar[Ўзбек тилининг изоҳли луғати5 томлик 1-том,2020.674]. O‘zbek tilida “sun’iy tish” bilan bog‘liqalohida evfemizmleksikografik manbalarda qayd etilmagan. Asosan, “oltin tish”, “soxta tish”, “sun’iy tish” kabi neytral yoki bevosita ifodalar ishlatiladi. Nemis tilida esa Dudenlug‘atida quyidagicha birlik keltirilgan: das Esszimmer 2.b) (verhüll.). [künstliches] Gebiss. Bu o‘rinda das Esszimmer so‘zma-so‘z “ovqatlanish xonasi” degan ma’noni bildirsa-da, evfemik qo‘llanishda u sun’iy tish (ya’ni protez)ni bildiradi. Ammo Duden izohida unga oid an’anaviy misollar keltirilmagan. Karlik masalasi ham shular jumlasidan bo‘lib, eshitish qobiliyatining pasayishi yoki yo‘qolishini bildiruvchi so‘zlar nutqda odatda yumshoqroq shaklda qo‘llanadi. Chunki “kar” so‘zi o‘zbek tilida, “taub” so‘zi nemis
842 tilida bevosita va biroz qo‘pol ohangda eshitiladi. Shu sababli bu so‘zlarning o‘rnida qulog‘i og‘ir, eshitishi sustyoki schwerhörig, Hörfehler habenkabi evfemik muqobillar paydo bo‘lgan va ular lug‘atlarga ham kirib kelgan. O‘zbek tilining izohli lug‘atida “qulog‘i og‘ir” iborasi quyidagicha izohlangan: Qulog‘i og‘ir – Gapni eshitmaydigan, karroq; kar. Qulog‘i biroz og‘ir, tovushni birmuncha ko‘taribroq gapirishga to‘g‘ri keldi. A.Qodiriy, Kichik asarlar[Ўзбек тилининг изоҳли луғати5 томлик1-том,2020.189]. Mazkur misoldan ko‘rinadiki, “qulog‘i og‘ir” iborasi bevosita “kar” so‘ziga sinonim sifatida berilgan, biroq uning yumshatib aytilishi yoki evfemizm sifatida qo‘llanishi lug‘atda qayd etilmagan. Aslida “kar” so‘zi biroz qo‘pol ohangda qabul qilinsa-da, xalq nutqida “qulog‘i og‘ir” iborasi odobliroq va yumshoqroq muqobil sifatida qo‘llaniladi. Biroq izohli lug‘atlarda bu stilistik farq aks ettirilmagan. Nemis tilidagi “Hörfehler” so‘zi esa Duden lug‘atida quyidagicha beriladi:Hörfehler — 2. Schwerhörigkeit; umgangssprachlich, verhüllend: einen Hörfehler haben (schwerhörig sein). Bu o‘rinda ko‘rinadiki, nemis tilidagi lug‘at so‘zning uslubiy belgilarini ham ko‘rsatib o‘tadi: “umgangssprachlich” (so‘zlashuv uslubida) va “verhüllend” (yumshatib aytiladigan). Demak, foydalanuvchi “Hörfehler”ning oddiy sinonim emas, balki evfemik vazifa bajaruvchi birlik ekanini aniq tushunadi. Har ikki tildagi izohli lug‘atlar inson tanasining tabiiy ajralmalari, insonning jinsiy a’zolari kabi mavzularni qamrab olgan. N.Rebrovaning fikricha, bunda “shaxsiy va ijtimoiy chegarani bilish, odatiy nomlarni almashtirish haqida so‘z ketmoqda, chunki ularning qo‘llanishi uyat, noqulaylik yoki jirkanish hissini uyg‘otadi”[Реброва, 2014. 175-181]. Tadqiqot qilinayotgan lug‘atlarda qayd etilgan evfemik birliklarning eng katta qismi tabiiy ehtiyojlarni ado etish jarayonlarini nomlash uchun ishlatiladi. Ular hojatga bormoq, hojatxonaga chiqmoq, ichini yengillatmoq, hojatni ado etmoqkabi ma’nolarni anglatadi. Tabiiy ehtiyojlarni ifodalash ko‘plab tillarda stigmatik xarakter kasb etadi va bu jarayonni to‘g‘ridanto‘g‘ri nomlash odob-axloq me’yorlariga zid hisoblanadi. Shu bois o‘zbek va nemis tillarida bu ma’no evfemik vositalar orqali ifodalanadi. Evfemizmlar, asosan, yengillashish, bo‘shashish va poklanish kabi ijobiy semantik asoslarda shakllanadi. Nemis tilida mazkur ma’noni ifodalash uchun turli fe’llar qo‘llanadi. Duden lug‘atida quyidagi fe’llar aks etgan: erleichtern1. etw. leichter machen (umg. scherzh. verhüll.) sich e. die Notdurft verrichten. Erleichtern fe’li odatda “nimanidir yengillashtirmoq” ma’nosini bildiradi. Biroq evfemik qo‘llanishda sich erleichtern shaklida “hojatni ado etmoq” ma’nosida ishlatiladi. rühren 4. ein menschliches Rühren verspüren (verhüll.; den Drang verspüren, seine Notdurft zu verrichten). Bu
843 holatda semantik kengayish sodir bo‘lib, neytral fe’l ushbu jarayonni yumshoqroq shaklda ifodalashga xizmat qiladi. Shuningdek, rühren fe’li ham ko‘pincha “aralashtirmoq, harakatlantirmoq” ma’nosida keladi. Lekin ein menschliches Rühren verspüren shaklida u evfemik tarzda tabiiy ehtiyojni his qilmoq ma’nosini bildiradi. Bu o‘rinda metaforik ko‘chish asosida fiziologik ehtiyoj yumshoq va obrazli qilib ifodalangan. O‘zbek tilining izohli lug‘atidagi quyidagi so‘zlarni ko‘rib chiqamiz. Hojatini chiqarmoq 3. ko‘chma Tabiiy ehtiyojdan bo‘shalish, yozilish. Xosiyat bibi, to‘y quvonchi quvvat bo‘ldimi, o‘z hojatiga o‘zi yurib chiqa boshladi. S. Anorboyev, Mehr. Qiyosiy tahlil shuni ko‘rsatadiki, nemis tilidagi evfemik birliklar ko‘proq umumiy harakat yoki yengillashish ma’nosidan semantik ko‘chish orqali shakllanadi. O‘zbek tilida esa evfemik nomlashlar ko‘pincha bo‘shashmoq, yozilmoq, poklanmoq kabi ijobiy, diniy yoki ma’naviy asoslangan tushunchalar orqali yuzaga keladi. Har ikkala til uchun umumiy jihat shundaki, ular tabuni yumshatish va intim jarayonni ijtimoiy maqbul tarzda ifodalashga qaratilgan. O‘zbek tilining so‘zlashuv uslubida hojatxonaga nisbatan evfemik nomlashlar, asosan, ijtimoiy-madaniy hayot, turmush tarzi va qadriyatlar bilan bog‘liq bo‘lib, oq uy, xoli joy, dalaga chiqmoq, orqa tomonga bormoq, hovli to‘riga bormoq kabi birliklar keng qo‘llanadi, ammo izohli lug‘atlarda buni ifodalovchi birorta evfemik birlik uchratmadik. Ushbu ifodalar hojatxonani bevosita nomlamaslik, muomala odobini saqlash hamda uyat hisoblangan holatni yumshatib ifodalash maqsadiga xizmat qiladi. Nemis lingvomadaniyatida esa hojatxonani evfemistik tarzda ta’riflashda ko‘proq makonning xususiyatlarini bildiruvchi pana, tinch joy yoki yashirinmoq kabi semalar ustuvorlik qiladi. Masalan: Ort, der e) (umg. verhüll.) der gewisse, stille, verschwiegene O. (Toilette, Örtchen).verschwinden a) ich muss mal v. (verhüll.; auf die Toilette gehen) (Men birpasga chiqib kelishim kerak.); verschwiegen b) einen –en Ort (verhüll.; die Toilette) aufsuchen (panaroq joy qidirmoq); der Haufen 1. einen [großen, kleinen] H. machen (verhüll.; seinen Darm entleeren) (kattasini, kichkinasini bajarmoq, ya’ni ichaklarini bo‘shatmoq). Demak, o‘zbek tilida hojatxonaga oid evfemizmlar ko‘proq turmush tarzi va an’anaviy hayot bilan bog‘liq bo‘lsa, nemis tilida esa joyning tavsifiga urg‘u beruvchi birliklar ustunlik qiladi. Bu holat har ikkala tilda ham evfemizmlar ijtimoiy-madaniy qadriyatlarning til orqali namoyon bo‘lishini ko‘rsatadi. Lug‘atlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, o‘zbek tilining izohli lug‘atlarida evfemizmlarning evfemik xususiyatini ifodalovchi maxsus belgi mavjud emas. Shu bois, lug‘at tahriri hamda lingvokulturologik tadqiqotlar uchun ayrim amaliy tavsiyalarni keltirish mumkin. Avvalo, izohli lug‘atlarda evfemik qo‘llanishni ko‘rsatish uchun maxsus pometa joriy etilishi maqsadga muvofiqdir. Masalan:
844 do‘mboq – 3. ko‘chma (evf.) To‘ladan kelgan, semiz, lo‘ppi. Keyingi bosqichda esa lug‘at tarkibini illyustrativ misollar bilan boyitish lozim. Har bir evfemik ma’no uchun adabiy, og‘zaki va ommaviy nutqdan olingan iqtiboslar (muallif, manba va yil bilan) berilishi foydalanuvchiga so‘zning haqiqiy qo‘llanishi va konnotatsiyasini yanada aniqroq anglash imkonini yaratadi. Shuningdek, har bir kirishda so‘zning pragmatik xususiyatlari va registr belgisi ko‘rsatilishi zarur: masalan, rasmiy/norasmiy, poetik, kinoyali, diniy yoki folklor doirasida ishlatilishi alohida qayd etilishi lozim. Bu yondashuv nemis tilidagi verhüllend, gehoben, dichterisch kabi belgilarni o‘zbek lug‘atshunosligiga moslashtirish imkonini beradi. To‘rtinchidan, korpus va statistik ma’lumotlarni qo‘shish. So‘zning qo‘llanish chastotasi, mintaqaviy yoki tarixiy o‘zgarishlari, qaysi janrlarda ko‘proq uchrashi haqidagi ma’lumotlar lug‘at foydalanuvchisiga real qo‘llanilish doirasini tasavvur qilish imkonini beradi. Beshinchidan, tibbiy-lingvistik yo‘nalishda kengaytirish. Jiddiy kasalliklar yoki nogironlik holatlari bilan bog‘liq evfemizmlar izohli lug‘atlarda kam qayd etilgan. Shu bois maxsus korpuslar asosida alohida tadqiqotlar olib borish tavsiya etiladi. Xulosa qilib aytganda, hozirgi izohli lug‘atlar asosan bazaviy semantik izoh bilan cheklanadi, biroq evfemik belgilar, registr ko‘rsatkichlari va korpus asosidagi misollar yetarli emas. Agar lug‘atlarda evfemik qo‘llanish alohida belgilansa, haqiqiy nutqdan olingan iqtiboslar va uslubiy ko‘rsatkichlar bilan boyitilsa, foydalanuvchilar so‘zning pragmatik jihatlari hamda real hayotdagi qo‘llanilish kontekstini ancha to‘liq anglaydilar. Natijada, birinchidan, o‘zbek tilidagi evfemizmlarning uslubiy va ma’no nozikliklari ravshanroq ochib beriladi; ikkinchidan, lug‘at foydalanuvchilari so‘zlarning konnotativ qatlamini chuqurroq tushunish imkoniyatiga ega bo‘ladilar; uchinchidan, lingvokulturologik tadqiqotlar uchun mustahkam nazariy hamda amaliy poydevor yaratiladi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Дубичинский В.В. Лексикография русского языка: учеб. пособие / Дубичинский В.В. – М.: Наука: Флинта, 2008. – 432 с. 2. MirtojiyevM.M. O‘zbektilisemasiologiyasi. – Toshkent: Mumtozso‘z, 2010. – 184 b. 3. Омонтурдиев А. Профессионал нутқ эвфемикаси (чорвадорлар нутқи мисолида): Филол. фан. д-ри. дисс. – Тошкент, 2009. – 252 б. 4. Реброва Н.Е. Функционально-семантическая характеристика эвфемизмов в аспекте лексикографического описания (на материале Duden Das grosse Wörterbuch der deutschen Gegenwartssprache) / Н.Е.Реброва. – Текст: непосредственный // Вестник Иркутского 5. государственного лингвистического университета. Серия: Филология. – 2014. – № 2 (27). – С. 175–181.Ўзбек тилининг изоҳли луғати. 5 томлик, 3-том. – Тошкент: ЎзМЭ, 20062008. – 151-б. 6. Турдимуродов С. Ўзбек тилининг изоҳли луғатларида эвфемик маънолар талқини: Ф.ф.ф.д.(PhD) дисс... – Термиз, 2022, – Б. 139. 7. Ўзбек тилининг изоҳли луғати. 2 томлик, 1-том. – М.: Рус тили, 1981. – 547 б.
845 8. Ўзбек тилининг изоҳли луғати. 3 томлик, 1-том. – Тошкент: Ўзбекистон, 2020. – Б. 189. 9. Ўзбек тилининг изоҳли луғати. 5 томлик, 3-том. – Тошкент: Ўзбекистон, 2020. – Б. 92. 10. Қўзиев У. Ўзбек тилидаги изоҳли луғатларда ўзлашма сўзлар: Фил.фан. бўйича фалс. док. (PhD) дисс... aвтореф. – Фарғона, 2018. – Б. 19. Ariza