FUTBOL O'YINI O'ZBEKISTONGA KIRIB KELISHI VA OMMAVIYLASHUVI
Full text
975 УДК: 9:433:908 FUTBOL O‘YINI O‘ZBEKISTONGA KIRIB KELISHI VA OMMAVIYLASHUVI Ergashev Ahmad Abdug‘offorovich Tarix fani o’qituvchisi, Navoiy innovatsiyalar universiteti Surxondaryo kampusi, Sho‘rchi, O‘zbekiston. E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17933926 Annotatsiya: Ushbu maqolada futbol oʻyinining XX asr boshlarida Oʻzbekiston hududiga kirib kelishi va 1940-yillargacha boʻlgan ommaviylashuv jarayoni tarixiy-tahliliy jihatdan oʻrganilgan. Tadqiqotda Qoʻqon, Toshkent, Fargʻona kabi shaharlarda ilk futbol jamoalarining tashkil topishi (1912-yil), muntazam musobaqalarning yoʻlga qoʻyilishi (Oʻzbekiston birinchiligi, kubogi) va «Spartak», «Lokomativ» kabi markaziy klublarning rivoji koʻrsatilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston futbolchilarining xalqaro spartakiada va Germaniya, Norvegiya jamoalari bilan uchrashuvlardagi muvaffaqiyatlari tahlil qilingan. Xulosa qilib aytganda, futbol shunchaki sport emas, balki ijtimoiy birdamlik va madaniy rivojlanish vositasi sifatida mustahkam poydevor yaratganligi asoslab berilgan. Kalit soʻzlar: Qoʻqon 1912, Ommaviylashuv, Toshkent sport ishqibozlari jamiyati (TSIJ), Paxtakor, Xalqaro spartakiada. Annotation: This article historically and analytically examines the introduction of football to the territory of Uzbekistan in the early 20th century and its popularization process up to the 1940s. The research highlights the formation of the first football teams in cities like Kokand, Tashkent, and Fergana (starting in 1912), the establishment of regular competitions (Uzbekistan Championship, Cup), and the development of central clubs like “Spartak”, “Lokomativ”. The article also analyzes the successes of Uzbekistani footballers in international Spartakiads and matches against teams from Germany and Norway. It concludes that football established a solid foundation not merely as a sport, but as a crucial tool for social unity and cultural development in the region. Keywords: Kokand 1912, Popularization, Tashkent Society of Sports Enthusiasts (TSIJ), Pakhtakor, International Spartakiad. Аннотация: В данной статье историко-аналитически исследуется внедрение футбола на территорию Узбекистана в начале XX века и процесс его популяризации до 1940-х годов. В исследовании рассматривается формирование первых футбольных команд в таких городах, как Коканд, Ташкент и Фергана (начиная с 1912 года), налаживание регулярных соревнований (Первенство, Кубок Узбекистана) и развитие центральных клубов, таких как «Спартак», «Локоматив». Также анализируются успехи узбекских футболистов на международных спартакиадах и во встречах с командами Германии и Норвегии. Сделан вывод о том, что футбол заложил прочную основу не просто как вид спорта, но и как важный инструмент социального единства и культурного развития в регионе. Ключевые слова: Коканд 1912, Популяризация, Ташкентское общество любителей спорта (ТОЛС/TSIJ), Пахтакор, Международная спартакиада.
976 Kirish. Yer yuzida milliardlab muxlislarni birlashtiruvchi va millionlab insonlarning hayoti mazmuniga aylangan futbol bugungi Oʻzbekiston uchun shunchaki sport emas, balki madaniy hodisa darajasiga koʻtarilgan. Ushbu oʻyinning naqadar ommalashgani va xalq hayotiga chuqur singib ketgani uni XX asr boshidan bugungi kunga qadar bosib oʻtgan murakkab, ammo qiziqarli yoʻlni oʻrganishni taqozo etadi. Futbol Turkiston oʻlkasiga kelishi bilan mahalliy xalqning turmush tarzi va sport madaniyati uchun mutlaqo yangi sahifa ochdi. Dastlabki havaskor klublarning paydo boʻlishidan tortib, sovet davridagi Markaziy Osiyo yetakchisi maqomini egallashgacha boʻlgan jarayon, oʻyinning nafaqat gʻalaba, balki ijtimoiy birdamlik va milliy oʻzlikni anglash vositasiga aylanganini koʻrsatadi. Ushbu maqolaning maqsadi futbolning Oʻzbekiston hududiga qanday kirib kelganini, uning shakllanishi va bugungi kundagi ommaviylashuv omillarini tarixiy-tahliliy jihatdan yoritishdan iborat. Bu tadqiqot nafaqat sport tarixini, balki Oʻzbekistonning ijtimoiy-madaniy evolyutsiyasini ham tushunishga yordam beradi. Futbol o‘yini O‘zbekistonga kirib kelishi va ommaviylashuvi XX asr boshlarida mamlakatning ijtimoiy hayotiga chuqur kirib borgan jarayon bo‘lib, uning rivoji Rossiya imperiyasi va Sovet Ittifoqi davriga to‘g‘ri keladi. O’zbekistonga futbol sportining kirib kelishi va ommaviylashuvini 3 ta davrga ajratish mumkin. 1. Futbolning O‘zbekistonga kirib kelishi (1910-1920-yillar) 2. Ommaviylashuv va birinchi musobaqalar (1920-1930-yillar) 3. Rivojlanish va xalqaro aloqalar (1930-1940-yillar) O‘zbekistonda futbol o‘yininig kirib kelishi va ommaviylashuvi masalasi mahalliy tadqiqotchilar tomonidan bir qator manbalarda yoritilgan, ammo tizimli va chuqur tahlil yetishmasligi seziladi. B.Amonturdiyev, B.S.Nazirov va S.E.Bobomuradov kabi mualliflarning ishlari futbolning 1910-1940-yillardagi rivojini, Qo‘qon, Farg‘ona, Toshkent va Samarqanddagi ilk jamoalarni, 1927-yilgi I umumo‘zbek spartakiadasi va 1937-yilgi Ittifoq chempionati kabi muhim voqealarni umumiy tasvirlaydi. P.Shokirov va B.A.Zakirov xalqaro uchrashuvlar, masalan, Shveysariya va Norvegiya jamoalari bilan o‘yinlarni qisqacha yoritadi. Biroq, bu manbalarda arxiv hujjatlari va xorijiy tajribaga asoslangan tahlil kam, futbolning ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri va gender jihatlari esa deyarli o‘rganilmagan. N.Murodov va U.Radjapov, J.Eshpo‘latov futbolning dastlabki bosqichlari va o‘quv jarayonlariga e’tibor qaratadi, lekin ularning tahlillari sathi yetarli emas. Kelgusida arxiv ma’lumotlari va statistik tahlilga asoslangan keng qamrovli tadqiqotlar zarur. Ushbu mavzuni o‘rganishda tarixiy-tahliliy, solihtirma, statistik, sotsiologik, bibliografik va xronologik usullar qo‘llanilgan. Tarixiy-tahliliy usul orqali 1912-yildagi
977 Qo‘qondagi birinchi jamoa tashkil etilishidan 1940-yillardagi musobaqalargacha bo‘lgan voqealar xronologik tartibda tahlil qilindi. Solihtirma usul O‘zbekiston futbolini Shveysariya, Norvegiya va Germaniya tajribasi bilan qiyoslash imkonini berdi, masalan, 1928-yilgi Shveysariya bilan o‘yin (8:4) va 1931-1932-yillardagi Norvegiya va Germaniya bilan uchrashuvlar tahlil qilindi. Statistik usul 1925-yilgi Toshkent birinchiligidagi 28 jamoa, 1934-yilgi O‘rta Osiyo spartakiadasidagi 36 ming ishtirokchi kabi ma’lumotlarni tahlil qilishda ishlatildi. Sotsiologik usul futbolning yoshlar va mahallalarga tarqalishini ijtimoiy integratsiya nuqtai nazaridan o‘rgandi, bibliografik usul esa manbalarni tizimlashtirdi. Tadqiqotlar futbolning O‘zbekistonda ommaviylashuvini va uning ijtimoiy ahamiyatini yoritishda muhim qadamlar qo‘ydi, ammo yetishmovchiliklar mavjud. Arxiv hujjatlari va xorijiy manbalarni kengroq jalb qilish, ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirni chuqurroq tahlil qilish va gender masalalarini o‘rganish kelgusidagi tadqiqotlar uchun muhim yo‘nalishlardir. Yuqoridagi usullar futbolning tarixiy rivojini har tomonlama yoritishga yordam berdi, lekin yanada kengroq va chuqur yondashuvlar talab qilinadi. Asosiy qism. Futbol o‘yini O‘zbekiston hududiga XX asr boshlarida kirib kelgan bo‘lib, uning ommaviylashuvi mamlakatning ijtimoiy-siyosiy va madaniy rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liqdir. Ushbu tezislar futbolning O‘zbekistonga kirib kelishi, dastlabki jamoalar tashkil etilishi, musobaqalar tashkil etilishi va ommaviylashuv jarayonini yoritadi, shu bilan birga XX asrning 1910-1940-yillari davridagi asosiy voqealarni tahlil qiladi. Futbolning O‘zbekistonga kirib kelishi Rossiya imperiyasi davriga to‘g‘ri keladi. 1912-yil Qo‘qonda birinchi futbol jamoasi tuzilgan bo‘lib, bu yil O‘zbekiston futbolining tug‘ilgan yili hisoblanadi [1]. Ushbu jamoa dastlab rus askarlari jamoalari bilan o‘yinlar o‘tkazgan. Keyinchalik, Farg‘ona, Samarqand, Toshkent, Andijon va Namangan shaharlarida ham futbol jamoalari paydo bo‘ldi. Farg‘ona shahrida 1911-yil oxirida birinchi futbol jamoasi tashkil topgan, 1912-yil avgustida esa futbol jamoalari birlashib, "Qo’qon 1912" nomi ostida faoliyat yuritgan [2]. Toshkentda futbol ishqibozlari orasida eng mashhur jamoa TOJIC – “Tashkentskoe obshestvo lyubiteley sporta” (TSIJ – Toshkent sport ishqibozlari jamiyati) bo‘lgan, u 1912-yilda tuzilgan va futbol rivoji uchun katta hissa qo‘shgan [3]. 1912-yilning ikkinchi yarmida futbol Qo‘qon, Andijon va Samarqandda ham yoyila boshlagan. Bu davrda Farg‘ona, Toshkent, Andijon va Samarqand futbolchilarining uchrashuvlari eng qiziqarli voqealar bo‘lgan. Masalan, 1913-yil 29-avgustda Samarqand futbolchilari to‘garagi (SFT) a‘zolari TOLS futbolchilari bilan uchrashgan va Toshkent jamoasi 5:0 hisobida g‘alaba qozongan [4]. Futbol rivojlanishining dastlabki bosqichida futbol maydonlari va o‘quv mashg‘ulotlarining yo‘qligiga qaramay, qisqa vaqt ichida Farg‘ona, Toshkent, Qo‘qon,
978 Andijon va Samarqandda iste’dodli futbolchilar paydo bo‘lgan, ular o‘zbek futbolining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan [3]. 1920-yildan boshlab futbol respublikamizning chekka qishloq va mahallalariga kirib borib, mashhur o‘yinga aylangan. Yoshlar, talabalar, ishchilar va dehqonlar futbolga talpina boshlagan. 1921-yil Moskvada va Toshkentda futbolchilarning ilk uchrashuvi o‘tkazilgan [4]. 1925-yilda mamlakat Jismoniy tarbiya kengashi tomonidan ommaviy jismoniy tadbirlarning taqvimi tuzilgan. Toshkent birinchiligi 3 toifa bo‘yicha o‘tkazilgan va unda 28 jamoa ishtirok etgan [4]. 1927-yilda o‘zbek sportchilarini tayyorlashda muhim bosqich bo‘lgan I umumo‘zbek spartakiadasi o‘tkazilgan. Spartakiada finalida doimiy raqib bo‘lib qolgan Toshkent va Farg‘ona jamoalari uchrashgan. Katta qiyinchiliklar bilan 2-taymda Toshkentliklar hal qiluvchi golni urgan va 2:1 hisobida g‘alaba qozongan [5]. 1928-yil Moskvada bo‘lib o‘tgan xalqaro spartakiadada qatnashish O‘zbekiston futbolchilari uchun nihoyatda jiddiy imtihon bo‘lgan. Futbol bo‘yicha spartakiadada birinchiligi uchun 22 jamoa kurash olib borgan, ular qatorida Angliya, Germaniya, Avstriya, Shveysariya va Finlyandiya ishchi klublaridan iborat terma jamoalari ham bor edi. Shveysariya va O‘zbekiston jamoalarining uchrashuvi futbol ishqibozlarida katta qiziqish uyg‘otgan. O‘zbek futbolchilari bu o‘yinda jamoaviy o‘yin, chiroyli va chaqqon kombinatsiyalar namoyish etgan. Ammo asosiy vaqt 3:3 hisobida yakunlangani sababli, g‘olibni aniqlash uchun qo‘shimcha 30 daqiqa qo‘shib berilgan. So‘nggi 15 daqiqa ichida O‘zbekiston futbolchilari shveysariyaliklar qarshiligini yenggan va 8:4 hisobida g‘alaba qozongan [5]. Bir kundan so‘ng esa qiyin kechgan o‘yinda o‘zbek futbolchilari Rossiya jamoasiga 1:2 hisobida g‘alabani boy bergan. Keyingi yillarda o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazish uchun O‘zbekistonga Norvegiya, Germaniya, Finlyandiya, Moskva, Leningrad, Ukraina, Kavkazorti mamlakatlaridan ko‘plab kuchli futbol jamoalari kelgan. Misol uchun, 1931-yil 4-oktabrda bo‘lib o‘tgan o‘yinda Norvegiya terma jamoasiga qarshi O‘zbekiston kasaba uyushmalari terma jamoasi chiqqan. Norvegiyaliklar texnikali futbol namoyish etib, 5:2 hisobida g‘olib chiqqan. Uch kundan so‘ng Skandinaviyalik mehmonlarga qarshi Toshkentning birinchi terma jamoasi maydonga tushgan. O‘zbekistonliklar o‘yinni yuqori tezlikda olib borib, 4:2 hisobida muvaffaqiyatga erishgan. Norvegiyalik va O‘zbekistonlik futbolchilarning uchinchi uchrashuvi 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlangan [6]. 1932-yilda Nemis futbolchilari O‘zbekistonga kelib, Toshkentliklar jipslashgan jamoa bo‘la olishdek ajoyib xususiyatga ega edi. Nemis futbolchilari birinchi o‘yinda 4:2 hisobidagi og‘ir g‘alabani qo‘lga kiritgan. Lor, nemis jamoasi sardori, O‘zbekiston futbolchilarida barcha imkoniyatlar mavjuddir degan fikrni bildirgan. Takroriy uchrashuvda nemis futbolchilari yuqori darajadagi taktik tayyorgarlikni namoyish etgan
979 va 3:1 hisobida g‘olib bo‘lgan. Norvegiyalik, nemis futbolchilari bilan o‘tkazilgan o‘yinlar O‘zbekiston futbolchilariga texnik va taktik tayyorgarlik borasida tajriba almashtirish imkoniyatini bergan [7]. 1934-yilda O‘zbekiston poytaxtida ilk O‘rta Osiyo spartakiadasining ochilishi sharafiga bag‘ishlab 36 ming nafar jismoniy tarbiya ixlosmandlari namoyishi bo‘lib o‘tgan. Bu namoyish O‘rta Osiyo respublikalarida jismoniy tarbiya harakati o‘sishining yorqin namunasidir. Futbol bo‘yicha musobaqalar bir paytning o‘zida uch stadionda bo‘lib o‘tgan, ulardan eng yirigi spartakiada ochilishi arafasida qurilgan 10 ming o‘rinli "Spartak" stadioni edi. O‘zbekiston futbolchilari Turkmenistonni 3:1, Tojikistonni 5:0, Qirg‘izistonni 10:1 hisobida g‘alaba qozongan [4]. 1934-yil futbol jamoalarining kelgusidagi o‘sishlari uchun muhim yil bo‘lgan. Toshkentda kasaba uyushmalari birinchiligida 50 ta jamoa qatnashgan. 30-chi yillarning boshida bolalar va o‘smirlar futboliga ko‘proq e’tibor berila boshlangan. 1935-yilda Toshkentda o‘smirlar o‘rtasida futbol bo‘yicha O‘zbekiston birinchiligining ilk tanlovi bo‘lib o‘tgan. Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Andijon terma jamoalari tanlovda ishtirok etgan. Poytaxtlik yosh futbolchilar g‘alaba qozongan. 1936-yilda respublika shaharlaridagi futbol mavsumining bahori bilan ochilishi ahamiyatga loyiq edi. Toshkentdagi musobaqa namoyishida 324 futbolchi ishtirok etgan. Ommaviy futbolning rivojlanishi katta ahamiyatga ega edi. Umumta'lim maktablari va oliy o‘quv yurtlari futbol o‘yinlarini o‘tkazishga boshlagan. Shahar futbol bo‘limi Toshkentda futbolga ixtisoslashgan maktabi ochilgan. 1936-yilida 16 shahardan terma jamoalar ishtirok etgan va katta qiziqish uyg‘otgan [5]. 1937-yilidan boshlab, shahar terma jamoalarining o‘yinlari O‘zbekiston kubogi va klub jamoalari musobaqalari bilan davom etgan. Futbol mavsumining ahamiyatli hodisasi 1937-yilning Ittifoq chempionati edi. Toshkentning dinamochilari mamlakat chempionatida ishtirok etgan birinchi O‘zbekistonlik jamoa bo‘lgan. Toshkentliklar Yevropadagi jamoalarni yutib, o‘z maydonlarida chiroyli o‘yinlar o‘tkazgan. Ammo, 8o‘ringa erishish uchun tajriba yetishmasligi sabab bor yo‘g‘ni egallamagan. Sobiq ittifoqning yetakchi sport jamiyati "Spartak" KSJ Markaziy Kengashi birinchiligida muvaffaqiyatli chiqish qilgan. Saratovdagi dastlabki o‘yinlarda ular katta g‘alabalarni qozongan. Bu g‘alabalar Toshkentliklarga katta motivatsiya bergan. Unda Xarkov, Krasnodar, Toshkent va Ivanovo sportchilari qatnashgan. Toshkentliklar yaxshi o‘yin ko‘rsatib, uchinchi sovrinli o‘rinni egallagan (ular xarkovliklarni 3:1 ga yutib, Krasnodar bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan va mezbonlarga 0:4 hisobida o‘yinni boy bergan). Shu yilning o‘zida Toshkentda o‘tkazilgan "Besh yo‘l" turnirida "Lokomotiv" jamoasi muvaffaqiyatli chiqish qilgan. Bu turnirda Kuybishev, Orenburg, Turkiston-
980 Sibir, Ashxobod va Toshkent temir yo‘llari jamoalari ham ishtirok etgan. Barcha raqiblarni yengib, Toshkentliklar 1-o‘rinni egallagan [6]. 1939-yil sobiq Ittifoq Kubogi uchun kurashda Toshkent dinamochilarining chiqishi katta muvaffaqiyatga sazovor bo‘lgan. 28-avgustda Moskvadagi "Dinamo" stadionida o‘zbek futbolchilari chorak finalda Bokuning "Temp" jamoasiga qarshi to‘p surgan. O‘yin juda o‘tkir va shiddatli kurashda o‘tgan. Toshkent dinamochilari 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, Kubok yarim finaliga yo‘l olgan. Bunda ular Rossiyaning eng kuchli jamoalaridan bo‘lgan “Stalinec” (Zenit) bilan uchrashgan va 3:0 hisobida yutqazgan. Finalda esa Moskvadagi "Spartak" jamoasi Leningradliklardan 3:2 hisobida ustun kelgan. 1941 yilning futbol mavsumiga Toshkent dinamochilari jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan. Chempionat o‘yinlari taqvimiga ko‘ra ular Olma-Otalik klublarni qabul qilishlari kerak edi. Ammo butun dunyo uchun fojea bo‘lgan 1941-yilning 22-iyunida Ulug‘ Vatan urushi boshlangan, shuningdek, O‘zbekiston sport hayoti ham vaqtincha to‘xtatilgan. 1942-yilda O‘zbekiston Kubogi uchun kurashda Toshkentdan ikkita, Farg‘ona va Samarqanddan bittadan jamoa ishtirok etgan. 1943 yili Olma-Otada urush davrining qiyin sharoitlarida O‘rta Osiyo mamlakatlari va Qozog‘iston Spartakiadasi o‘tkazilgan [4]. Futbol nafaqat sport turi sifatida, balki milliy birlashuv va madaniy rivojlanish vositasi sifatida muhim rol o‘ynagan. Xulosalar (Conclusions). O‘zbekistonda futbolning kirib kelishi va ommaviylashuvi mamlakat sport tarixida muhim burilish nuqtasi bo‘ldi. Dastlabki yillarda Qo‘qondan boshlab, Farg‘ona, Toshkent, Andijon va Samarqand kabi yirik shaharlarda birinchi futbol jamoalari tashkil topdi, bu esa sport turining tez sur’atda rivojlanishiga zamin yaratdi. Keyingi o‘n yilliklarda muntazam milliy chempionatlar yo‘lga qo‘yildi, Toshkent sport ishqibozlari jamiyati (TSIJ) kabi mahalliy tashkilotlar esa ushbu harakatning rivojlanishida muhim rol o‘ynadi. Markaziy klublardan biri bo‘lgan «Paxtakor» jamoasi va uning stadioni bunyod etilishi futbolning yanada ommaviylashuviga kuchli turtki berdi. O‘zbekiston futbolchilari qisqa vaqt ichida o‘z iste’dodlarini xalqaro maydonlarda ham namoyish etishga muvaffaq bo‘lishdi. Turli xalqaro spartakiadalar va Norvegiya, Germaniya kabi mamlakatlar jamoalari bilan o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvlari futbolchilarning tajribasi va mahoratini oshirish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi. O‘rta Osiyo spartakiadalari va O‘zbekiston kubogi kabi doimiy musobaqalar o‘yinning ommaviylashuvini yanada kuchaytirdi. Keng tarqalish maqsadida, umumta’lim maktablari va oliy o‘quv yurtlarida, shuningdek, bolalar va o‘smirlar
981 o‘rtasida musobaqalarning tashkil etilishi sportning barcha qatlamlarga yoyilishiga xizmat qildi. Hattoki murakkab davrlarda ham futbol faoliyati to‘xtamadi, mamlakat kubogi va spartakiadalar kabi musobaqalar davom ettirildi. Yakuniy xulosa shuki, futbol XX asrning birinchi yarmida O‘zbekistonda shunchaki sport turi bo‘lib qolmay, balki xalqni birlashtiruvchi ommaviy harakatga aylandi. Bu jarayon keyingi davrlarda mamlakat sportining rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratdi. Adabiyotlar ro‘yxati: 1. Amonturdiyev B. Futbol o‘yini. – Termiz: “Surxon-nashr”, 2021. – 220 b. 2. Bobomuradov S.E. Sport va harakatli o‘yinlarni o‘qitish metodikasi (Futbol). – Navoiy, 2022. – 186 b. 3. Murodov N. Futbol. – Namangan, 2023. – 43 b. 4. Nazirov B.S. O‘zbekistonda ommaviy sport o‘yinlari tarixi (sportning futbol turi misolida). – Toshkent: “Bekshox print servis”, 2025. – 151 b. 5. Radjapov U., Eshpo‘latov J. Futbol. – Toshkent, 2017. – 81 b. 6. Shokirov P.K. Futbol. – Toshkent, 2019. – 187 b. 7. Turobov H.X. Sport va harakatli o’yinlarni o’qitish metodikasi (futbol). – Toshkent, 2020. – 161 b. 8. Zakirov B.A. Futbol. – Toshkent, 2023. – 66 b.