ZAMONAVIY TILSHUNOSLIKDA DISKURS NAZARIYASINING O'RGANILISHI
Abstract
Ushbu maqolada zamonaviy tilshunoslikda diskurs nazariyasining shakllanishi, rivojlanish bosqichlari hamda uning o‘zbek tilshunosligiga kirib kelish jarayonlari tahlil qilinadi. Maqolada diskurs tushunchasining g‘arb va rus tilshunosligidagi talqinlari yoritilib, ularning nazariy-metodologik asoslari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, diskurs tushunchasiga yagona, umumiy qabul qilingan ta’rifning mavjud emasligi uning murakkab, ko‘p qatlamli va fanlararo tabiati bilan izohlanadi.
Full text
newjournal.org zenodo.org 1 ZAMONAVIY TILSHUNOSLIKDA DISKURS NAZARIYASINING O‘RGANILISHI Zebuniso Abdug‘aniyeva Tayanch doktorant, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti https://orcid.org/0009-0002-0530-4743 [email protected] +998 99 254 51 22 Annotatsiya Ushbu maqolada zamonaviy tilshunoslikda diskurs nazariyasining shakllanishi, rivojlanish bosqichlari hamda uning o‘zbek tilshunosligiga kirib kelish jarayonlari tahlil qilinadi. Maqolada diskurs tushunchasining g‘arb va rus tilshunosligidagi talqinlari yoritilib, ularning nazariy-metodologik asoslari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, diskurs tushunchasiga yagona, umumiy qabul qilingan ta’rifning mavjud emasligi uning murakkab, ko‘p qatlamli va fanlararo tabiati bilan izohlanadi. Kalit so‘zlar: diskurs, diskurs tahlili, matn, pragmatika, kogerentlik, kommunikativ kontekst, o‘zbek tilshunosligi. So‘nggi yillarda fan va texnika sohalarida bo‘lgan o‘zgarishlar tilshunoslikka ham bevosita ta’sir ko‘rsatib, yangi tadqiqot paradigmalarining shakllanishiga zamin yaratdi. Ana shunday paradigmalar ichida diskurs nazariyasi alohida ahamiyat kasb etadi va zamonaviy tilshunoslikning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Diskurshunoslikning mustaqil fan sohasi sifatida shakllanishi va rivojlanishi bir necha o‘n yilliklar davomida bosqichma-bosqich amalga oshdi. Uning nazariy-metodologik poydevori g‘arb tilshunosligida Z.Harris (1952), M.Stubbs (1983), T.van Deyk (1993), M.Foucault (1969), G.Brown va G.Yule (1983) kabi olimlarning ilmiy ishlari orqali shakllangan. Rus tilshunosligida esa Y.S.Kubryakova (2000), N.D.Arutyunova (1990), M.I.Makarov (2003) va boshqa tadqiqotchilar ushbu nazariyaning rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan. Diskurs nazariyasiga asoslangan tadqiqotlarning ko‘pligi va ko‘p qirraligiga qaramasdan, tilshunoslikda “diskurs” tushunchasining konseptual mohiyatini to‘liq yoritib beradigan yagona, umumiy qabul qilingan ta’rif hanuzgacha mavjud emas. Bu esa mazkur tushunchaning murakkabligi, ko‘lamdorligi hamda turli ilmiy maktablar tomonidan turlicha talqin qilinishiga bog‘liqdir. Mazkur tushunchaning ilmiy muomalaga keng kirib kelishida ingliz tilshunosi Zellig Harrisning ishlari alohida o‘rin tutadi. Olimning fikricha, an’anaviy tilshunoslik uzoq vaqt davomida faqat alohida gaplarni tahlil qilish bilan cheklangan bo‘lib, bu yondashuv gaplar o‘rtasidagi semantik va funksional aloqalarni tushuntirishga imkon bermaydi. Haqiqatdan ham, XX asrning 70-yillarigacha lingvistika asosan fonologik, morfologik, sintaktik va qisman semantik birliklarni alohida jumla doirasida tahlil qilish bilan cheklangan edi.
newjournal.org zenodo.org 2 Z. Harris (1952) esa o‘sha davrda mashhur bo‘lgan deskriptiv tilshunoslikning kamchiliklarini ko‘rsatib, tilni o‘zi yuz berayotgan ijtimoiy kontekstdan ayro holda tasvirlash mumkin emasligini ta’kidlaydi. Olimning fikricha gapning ichki tuzilishini o‘rganish kifoya emas, chunki real kommunikatsiya jarayonida gaplar o‘zaro bog‘lanib, murakkab ma’no tizimini hosil qiladi. Shunday ekan, mazmuniy va strukturaviy bog‘liqlikni izohlash uchun yangi metodologiya — diskurs tahlili zarur edi [2]. Bu yondashuv matnni oddiy jumlalar yig‘indisi sifatida emas, balki murakkab, tizimli va kontekstga bog‘langan kommunikativ birlik sifatida tushunishga imkon berdi . Z.Harris (1952) diskursni “gapdan katta birlik — madaniy jihatdan belgilangan, izchil bog‘langan gaplar ketma-ketligi” sifatida tavsiflaydi[2]. Ushbu tilshunos tomonidan taklif etilgan diskurs tahlili matnga butunlikda yondashib, undagi elementlarning qanday tartibda joylashgani, ular o‘rtasidagi bog‘lanish mexanizmlari va bu bog‘lanishlarning kommunikativ hamda madaniy omillar bilan belgilanishini o‘rganadi [2]. Shu tariqa, u gapning ichki tuzilishini o‘rganuvchi deskriptiv tilshunoslikni matnning umumiy tuzilishini tahlil qiluvchi yangi bosqichga olib chiqdi. O‘tgan asrning 70-yillardan boshlab diskurs nazariyasi tilshunoslikka oid tadqiqotlarning yetakchi yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ushbu davrda matnning izchilligi, bog‘lanish mexanizmlari, kommunikativ maqsadlar va kontekstning roli haqida fundamental ilmiy qarashlar shakllandi. Ana shu paradigmaning rivojiga G.Brown va G.Yule, M.Stubbs kabi tilshunos olimlar muhim hissa qo‘shishdi. Xususan, G.Brown va G.Yule (1983) diskursni kommunikativ faoliyatning amaliy ko‘rinishi sifatida talqin qilib, tahlil markaziga nutqning nima sababdan va qanday maqsadda aytilganini qo‘yadilar; ular diskurs tahlilida matnning izchilligi, referensial bog‘lanish vositalari va mavzu rivojlanishini asosiy kategoriyalar sifatida belgilaydilar. Ushbu funksional-pragmatik yondashuvni rivojlantirgan M. Stubbs (1983) diskursni ijtimoiy amaliyot sifatida izohlab, nutqiy ma’no lingvistik birliklargina emas, balki ijtimoiy rollar, kuch munosabatlari va institutsional kontekst orqali shakllanishini ta’kidlaydi hamda kogerentlikni diskursning muhim farqlovchi belgisi sifatida ko‘rsatadi[3]. Shu tariqa, mazkur yondashuvlar diskursni oddiy matn yoki gaplar ketma-ketligi emas, balki kommunikativ maqsad, ijtimoiy kontekst va kognitiv jarayonlar bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan ko‘p qatlamli fenomen sifatida tushuntirishga xizmat qiladi. O‘zbek tilshunosligiga “diskurs” tushunchasi ilmiy muomalaga boshqa tilshunoslik maktablariga qaraganda keyin kirib keldi. O’tgan asrning 90-yillarida akademik A. Hojiyev tomonidan tuzilgan “Tilshunoslik terminlari izohli lug‘ati”da ushbu terminning mavjud emasligi ham fikrimizni tasdiqlaydi. Shunga qaramay, so‘nggi yillarda diskursga bo‘lgan ilmiy qiziqish sezilarli darajada ortdi va bu o‘zbek tilshunosligida ham yangi ta’rif va yondashuvlarning shakllanishiga olib keldi. O‘zbek tilshunosligiga bu tushunchaning kirib kelishida professor Sh.Safarovning alohida
newjournal.org zenodo.org 3 o‘rni bor. Sh. Safarov “Pragmalingvistika” monografiyasining so‘nggi bobida “diskurs” tushunchasining mazmuni, diskurs va matn munosabati, ularning o‘ziga xos xususiyatlari haqida fikr yuritadi. Sh. Safarovning fikricha, tilshunoslikda diskursga berilgan yagona, umumiy qabul qilingan ta’rif mavjud emasligi tasodifiy hodisa emas, balki diskursning o‘ta murakkab, ko‘p qatlamli va fanlararo tabiatidan kelib chiqadi[6]. Shu sababli olimning o‘zi diskursni qat’iy ta’riflashni maqsad qilmaydi; aksincha, uning mohiyatini belgilovchi xususiyatlarni, tarkibiy qatlamlarini va uni vujudga keltiruvchi omillarni aniqlashni vazifa sifatida qo‘yadi. Yana bir o‘zbek tilshunosi D.Xudoyberganovaning “Zamonaviy tilshunoslik terminlari izohli lug‘ati”da “diskurs” tushunchasiga quyidagicha ta’rif beriladi: “[lot. discoursus – suhbat; asos < fr. discourse – nutq] pragmatik, psixologik, ijtimoiymadaniy kabi nolisoniy omillar bilan uzviylikda yondashiladigan bog‘lanma matn; voqeaning kechishi nuqtayi nazaridan hamda maqsadli ijtimoiy harakat sifatida, shuningdek, odamlarning o‘zaro munosabati va ularning ongidagi kognitiv jarayonlar bilan bog‘liq bo‘lgan komponent sifatida qaraladigan nutqiy tuzilma.”[1]. Mazkur ta’rif “Diskurs - nolisoniy omillar (pragmatik, ijtimoiy-madaniy, ruhiy) bilan birgalikdagi matn; voqea kechishi nuqtai nazaridan qaralayotgan matn; maqsadli ijtimoiy harakat sifatida qaraladigan nutq” [4]– degan N.D.Artunyovaning talqiniga hamohangdir. Xulosa qilib aytganda, diskurs nazariyasi zamonaviy tilshunoslikning muhim va istiqbolli yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, uning shakllanishi gap markazli tilshunoslikdan matn va kommunikativ jarayon markaziga yo‘naltirilgan paradigmatik burilish bilan chambarchas bog‘liqdir. Z.Harris tomonidan ilgari surilgan diskurs tahlili yondashuvi tilni ijtimoiy va kommunikativ kontekstdan ajratib bo‘lmasligini asoslab bergan bo‘lsa, keyingi bosqichlarda Brown va Yule, M.Stubbs, T. van Deyk kabi tilshunoslar tomonidan ishlab chiqilgan funksional-pragmatik, ijtimoiy-lingvistik va kognitiv yondashuvlar diskursni ko‘p qatlamli, murakkab fenomen sifatida talqin qilish imkonini yaratdi. Biroq tilshunoslar tomonidan berilgan ta’riflar diskursning ko‘p qirralikligini ochib bersa ham uning dinamikligi, interaktiv jarayon ekanligi va kontekstga bog‘liq ravishda o‘zgaruvchan ma’no hosil qilish mexanizmlarini yetarli darajada yoritmaydi. Shu bois, diskursni faqat matnning kengaytirilgan shakli sifatida emas, balki aniq kommunikativ jarayon, ijtimoiy-amaliy faoliyat va kognitiv jarayonlar majmui sifatida o‘rganishga yo‘naltirilgan integrativ yondashuvlarni ishlab chiqish zarur. Bunday yondashuv zamonaviy tilshunoslikda diskurs tadqiqotlarining keyingi bosqichini belgilab berishi va amaliy hamda nazariy tadqiqotlar uchun mustahkam metodologik asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Foydalanilgan adabiyotlar
newjournal.org zenodo.org 4 1. D.Xudoyberganova Zamonaviy tilshunoslik terminlarining izohli lug‘ati. – Toshkent: Bookmany print, 2024. – 112 b. 2. Harris, Z. Discourse analysis // Language. – №1, Vol. 28. – 1952. Pp. 1-30. 3. Stubbs M. Discouse analysis: The sociolinguistic analysis of natural languageOxford: Oxford Univ. Press, 1983 – 316 p. 4. Арутюнова Н.Д. Дискурс // Лингвистический энциклопедический словарь. М.: Советская энциклопедия, 1990. С. 52-56. 5. Кравцова Е.В. Научный дискурс как вид институционального типа дискурса // Вестник ЮУрГУ. Серия: Лингвистика. 2012. № 25. С. 130-131. 6. Сафаров Ш. Прагмалингвистика. Монография – Тошкент. 2008. 318 Б.