scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'ZBEKISTON SHAROITIDA BOLALAR ORASIDA UCHRAYDIGAN RESPIRATOR KASALLIKLARNING EPIDEMIOLOGIYASI VA PROFILAKTIKASI

Normatova Sh.А., Axunjonova X.A.

Abstract

Mazkur maqolada O‘zbekiston sharoitida bolalar orasida uchraydigan respirator kasalliklarning tarqalishi, ularning asosiy epidemiologik omillari, oqibatlari va profilaktika choralari tahlil qilindi. Tadqiqot davomida Respublikadagi mavjud statistik ma’lumotlar, so‘nggi yillarda chop etilgan ilmiy manbalar va amaliy kuzatuvlar asos qilib olindi. Bolalarda respirator kasalliklarning yuqori uchrash darajasi ekologik, ijtimoiy va biologik omillar bilan bog‘liqligi aniqlandi. Maqolada birlamchi, ikkilamchi va uchlamchi profilaktika choralarini amalga oshirish zarurligi asoslab berildi.

Full text

68 ActaCAMU № 4 (12) 2025 ISSN: 2181-4155 O‘ZBEKISTON SHAROITIDA BOLALAR ORASIDA UCHRAYDIGAN RESPIRATOR KASALLIKLARNING EPIDEMIOLOGIYASI VA PROFILAKTIKASI ЭПИДЕМИОЛОГИЯ И ПРОФИЛАКТИКА ЗАБОЛЕВАНИЙ ОРГАНОВ ДЫХАНИЯ СРЕДИ ДЕТЕЙ В УСЛОВИЯХ УЗБЕКИСТАНА EPIDEMIOLOGY AND PREVENTION OF RESPIRATORY DISEASES AMONG CHILDREN IN UZBEKISTAN Normatova Shaxnoza Аnvarovna - PhD, dotsent https://orcid.org/0000-0001-6057-555X Axunjonova Xakima Abdumannabovna https://orcid.org/0009-0007-0213-1302 Central Asian Medical University Annotatsiya. Mazkur maqolada O‘zbekiston sharoitida bolalar orasida uchraydigan respirator kasalliklarning tarqalishi, ularning asosiy epidemiologik omillari, oqibatlari va profilaktika choralari tahlil qilindi. Tadqiqot davomida Respublikadagi mavjud statistik ma’lumotlar, so‘nggi yillarda chop etilgan ilmiy manbalar va amaliy kuzatuvlar asos qilib olindi. Bolalarda respirator kasalliklarning yuqori uchrash darajasi ekologik, ijtimoiy va biologik omillar bilan bog‘liqligi aniqlandi. Maqolada birlamchi, ikkilamchi va uchlamchi profilaktika choralarini amalga oshirish zarurligi asoslab berildi. Kalit so‘zlar: respirator kasalliklar, epidemiologiya, bolalar, profilaktika, pnevmoniya, gripp, O‘zbekiston. Аннотация. В статье анализируется распространенность респираторных заболеваний среди детей в Узбекистане, их основные эпидемиологические факторы, последствия и профилактические меры. Исследование основано на имеющихся статистических данных по республике, научных источниках, опубликованных в последние годы, и практических наблюдениях. Установлено, что высокая заболеваемость респираторными заболеваниями у детей связана с экологическими, социальными и биологическими факторами. В статье обосновывается необходимость проведения первичных, вторичных и третичных профилактических мероприятий. Ключевые слова: респираторные заболевания, эпидемиология, дети, профилактика, пневмония, грипп, Узбекистан. Abstract. This article analyzes the prevalence of respiratory diseases among children in Uzbekistan, their main epidemiological factors, consequences, and preventive measures. The study is based on available statistical data for the country, scientific sources published in recent years, and practical observations. It has been established that the high incidence of respiratory diseases in children is associated with environmental, social, and biological factors. The article substantiates the need for primary, secondary, and tertiary preventive measures. Keywords: respiratory diseases, epidemiology, children, prevention, pneumonia, influenza, Uzbekistan. Kirish: O‘zbekiston sharoitida bolalar salomatligini saqlash davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda bolalar sonining ko‘pligi va ularning umumiy aholi tarkibidagi salmoqli ulushi, ularning sog‘lig‘i va rivojlanishiga e’tiborning yuqori darajada 69 ActaCAMU № 4 (12) 2025 ISSN: 2181-4155 bo‘lishini talab qiladi. Bolalar orasida eng ko‘p uchraydigan kasalliklar guruhini respirator kasalliklar, ya’ni nafas yo‘llari orqali yuqadigan infeksiyalar tashkil etadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 0–14 yoshdagi bolalarda kasallanish holatlarining 60–70% gacha bo‘lgan qismi aynan respirator kasalliklarga to‘g‘ri keladi. Respirator kasalliklarning yuqori darajada uchrashi nafaqat bolalarning sog‘lig‘iga, balki ularning jismoniy va aqliy rivojlanishiga, maktabga qatnashish ko‘rsatkichlariga, hatto oilaviy va ijtimoiy hayotga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Bu kasalliklarning tarqalishiga iqlimiy omillar, atrofmuhit ifloslanishi, yashash sharoitlari, sanitariya-gigiyena madaniyati, immunizatsiya darajasi va sog‘liqni saqlash tizimi samaradorligi kabi ko‘plab omillar ta’sir etadi. Profilaktika choralarini ishlab chiqish va ularni amaliyotga joriy etish nafaqat kasallanishni kamaytirish, balki bolalar o‘limini oldini olishda ham muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston sharoitida bolalar orasida uchraydigan respirator kasalliklarning epidemiologiyasini chuqur o‘rganish, xavf omillarini aniqlash va kompleks profilaktika dasturlarini ishlab chiqish sog‘lom avlodni shakllantirishning asosiy sharti hisoblanadi. Dolzarbligi. Bolalarda respirator kasalliklar dunyo bo‘yicha eng ko‘p uchraydigan nozologik guruhlardan biri bo‘lib, ularning epidemiologik ko‘rsatkichlari pediatriya va jamoat salomatligi sohasida dolzarb masalalardan hisoblanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda pnevmoniya bilan bog‘liq o‘limlar global bolalar o‘limining 14% ini tashkil etadi va bu ko‘rsatkich har yili taxminan 740 ming bolani hayotdan olib ketadi [1]. Shuningdek, o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI), bronxit va boshqa yengilroq kechuvchi kasalliklar muntazam uchrashi tufayli bolalar orasida maktabga qatnash keskin kamayadi, ular ko‘pincha uzoq muddatli davolanishni talab qiladi. Bunday takroriy infeksiyalar bolaning immun tizimiga doimiy yuk bo‘lib, intellektual rivojlanishni sekinlashtirishi, jismoniy yetilish jarayonlarini orqaga surishi hamda kelajakda surunkali kasalliklarga zamin yaratishi mumkin. Ayrim kuzatuvlarda O‘RVI bilan yiliga 6–8 marta kasallangan bolalarda nutq va kognitiv rivojlanish ko‘rsatkichlari tengdoshlari bilan taqqoslaganda pastroq qayd etilgan [4]. Pnevmoniya va boshqa nafas yo‘llari infeksiyalari rivojlanayotgan mamlakatlarda, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasida eng asosiy infeksion kasalliklardan biri sifatida qayd etilmoqda. Ushbu mintaqada o‘pka kasalliklarining bolalar orasidagi tarqalishi nafaqat tibbiy, balki iqtisodiy yukni ham oshirmoqda. Ayrim ilmiy izlanishlarda ushbu kasalliklarning o‘z vaqtida tashxislanmasligi natijasida surunkali o‘pka kasalliklari, bronxial astma va allergik sindromlar rivojlanishi kuzatilgani qayd etilgan [3]. Bundan tashqari, immuniteti zaif bolalarda o‘tkir respirator infeksiyalar qaytalanuvchi shaklga o‘tib, o‘pka to‘qimalarida fibroz jarayonlar, ventilyatsiya buzilishlari va nafas yetishmovchiligi rivojlanish xavfi ortadi. Shu bois JSST hamda UNICEF tavsiyalarida ushbu kasalliklarni erta tashxislash va bolalar salomatligini monitoring qilish alohida ta’kidlab o‘tiladi. O‘zbekistonda ham ushbu kasalliklar pediatriya amaliyotida birinchi o‘rinda turadi. Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda 0–14 yoshli bolalarda nafas yo‘llari kasalliklari umumiy kasallanishning 42% ini tashkil qilgan [2]. Bu ko‘rsatkich xalqaro ma’lumotlar bilan solishtirilganda ancha yuqori bo‘lib, ayrim rivojlangan mamlakatlarda bu raqam 25–28% atrofida qayd etilgan [6]. Statistik tahlillar shuni ko‘rsatadiki, Toshkent shahri va Farg‘ona vodiysi hududlarida havo ifloslanishi yuqori bo‘lgani uchun bolalar orasida nafas yo‘llari kasallanishi boshqa hududlarga nisbatan ancha ko‘p qayd etilgan [8]. Bundan tashqari, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida ham mavsumiy gripp va bronxit epidemiyalari tez-tez kuzatilib, ayrim hollarda maktablarda vaqtincha karantin choralarini joriy etishga olib kelgani qayd etilgan. Ushbu epidemiologik tafovutlar ekologik sharoit, sanoat korxonalari zichligi, aholi migratsiyasi va sog‘liqni saqlash infratuzilmasining rivojlanish darajasi bilan izohlanadi. Bundan tashqari, 2015–2023 yillar oralig‘ida kuzatilgan statistik tahlillar yillik kasallanish ko‘rsatkichlarining mavsumiy o‘zgarishini (ayniqsa, qish va bahor fasllarida) aniq namoyon etdi. Qish oylarida havo namligi va sovuqlik, bahorda esa allergenlar va shamol bilan tarqaladigan chang zarrachalari kasallanishning oshishiga sabab bo‘lmoqda. Aholining migratsiyasi, maktab va bog‘chalarda yuqori zichlik, gigiyena qoidalariga rioya qilinmasligi ham kasallanish ko‘rsatkichlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Qo‘shimcha tahlillar shuni ko‘rsatadiki, har yili kuz- 70 ActaCAMU № 4 (12) 2025 ISSN: 2181-4155 qish mavsumida O‘RVI bilan kasallanish darajasi yoz oylariga qaraganda 2–2,5 baravar yuqori bo‘ladi. Bu epidemiologik ma’lumotlar bolalarda respirator kasalliklarning nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirini ham chuqurroq o‘rganish, oilaviy budjet va sog‘liqni saqlash tizimiga tushadigan yukni baholash hamda profilaktik strategiyalarni yanada takomillashtirish zarurligini ta’kidlaydi. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston sharoitida bolalar orasida uchraydigan respirator kasalliklarning epidemiologiyasini keng qamrovli tarzda tahlil qilish, ularning tarqalish dinamikasi, mavsumiy o‘zgarishlari, xavf omillarini aniqlash va ularni kamaytirishga qaratilgan profilaktika choralarini ishlab chiqish. Tadqiqot materiallar va usullari. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika sanitariya-epidemiologiya xizmati va hududiy poliklinikalar 2015–2024 yillar oralig‘idagi ma’lumotlari o‘rganildi. Har bir viloyat bo‘yicha yillik kasallanish ko‘rsatkichlari, mavsumiy dinamikasi va yosh guruhlariga nisbatan farqlar tahlil qilindi. Statistik tahlil jarayonida kasallanish ko‘rsatkichlari Excel dasturida qayta ishlanib, grafik va diagrammalar shaklida vizualizatsiya qilindi. So‘nggi 10 yil ichida PubMed, Scopus va Google Scholar bazalarida chop etilgan maqolalar tahlil qilindi, ularda bolalarda respirator kasalliklarning etiologiyasi, patogenezi, epidemiologik xususiyatlari va profilaktik choralariga alohida e’tibor qaratildi. Adabiyotlar tahlilida xalqaro va milliy tajribalar taqqoslandi, zamonaviy davolash va oldini olish strategiyalariga oid ilmiy asoslangan xulosalar chiqarildi. Farg‘ona vodiysidagi 3 ta bolalar poliklinikasi misolida 2022–2023 yillarda 0–10 yoshdagi 350 nafar bolada respirator kasalliklarning uchrash tezligi, qaytalanuvchi infeksiyalar chastotasi, klinik belgilar va davolash samaradorligi qayd etildi. Qo‘shimcha ravishda ota-onalardan so‘rovnomalar olinib, bolalarning yashash sharoiti, ovqatlanish odatlari, gigiyenik qoidalariga rioya etish darajasi ham tahlil qilindi. Klinik kuzatuvlarda har bir bolaning tana harorati, nafas olish tezligi, laborator ko‘rsatkichlari (qon tahlili, rentgen natijalari) qayd etilib, kompleks epidemiologik baholash amalga oshirildi. Olingan natijalar va uning muhokamasi. 0–5 yoshdagi bolalarda o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI) eng yuqori uchrash tezligiga ega bo‘lib, yil davomida har 1000 bolaga 310 ta holat to‘g‘ri keladi. Qo‘shimcha tahlillar shuni ko‘rsatadiki, 6–10 yosh oralig‘idagi bolalarda bu ko‘rsatkich 210 ta, 11–14 yoshdagilarda esa 150 ta holatni tashkil qilgan. Ushbu ma’lumotlar yosh ortishi bilan kasallanish chastotasi kamayishini ko‘rsatadi, biroq erta yoshdagi bolalar eng zaif guruh hisoblanadi. Bronxit va pnevmoniya hollari ayniqsa qish oylarida keskin ortgan (yanvar-fevral oylarida 2,3 marta ko‘proq). Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri va Farg‘ona vodiysida qayd etilgan. Hududlar kesimida qilingan tahlil shuni ko‘rsatadiki, tog‘li hududlarda kasallanish biroz pastroq bo‘lsa-da, ekologik jihatdan ifloslangan shahar markazlarida sezilarli darajada yuqori. Gripp bilan kasallanish ko‘rsatkichlari 2019-yil pandemiya davrida sezilarli oshgan, biroq 2022-yildan boshlab kamayish kuzatilmoqda [3]. 2020–2021 yillarda bolalarda gripp bilan kasallanish 1,5 baravar ortgan. Statistik taqqoslashda shuningdek, qizlar va o‘g‘il bolalar orasida kasallanish chastotasi orasida katta farq kuzatilmagan. Klinik kuzatuvlarda aniqlanishicha, takroriy O‘RVI o‘tkazgan bolalarda o‘pka auskultativ belgilarining davomiyligi va antibiotiklardan foydalanish chastotasi yuqori bo‘lgan. Shuningdek, bu guruhdagi bolalarda ko‘pincha nafas qisishi, uyqu buzilishlari va surunkali yallig‘lanish belgilarining davomiyligi kuzatilgan. Bu esa kelajakda astma va boshqa surunkali o‘pka kasalliklari rivojlanish xavfini oshiradi. Havo ifloslanishi yuqori bo‘lgan hududlarda (Farg‘ona vodiysi, Toshkent shahri) bolalarda respirator kasalliklar ko‘rsatkichlari yuqoriroq (p<0,05). Qo‘shimcha ravishda, sanoat korxonalari atrofida yashovchi bolalarda pnevmoniya uchrash darajasi 1,4 baravar yuqori bo‘lgani qayd etilgan. Bundan tashqari, avtomobil harakati zich bo‘lgan hududlarda ham o‘tkir bronxit holatlari ko‘proq qayd etilgan. 71 ActaCAMU № 4 (12) 2025 ISSN: 2181-4155 Aholi zichligi baland bo‘lgan maktab va bog‘chalarda respirator kasalliklar tez-tez uchrashi aniqlangan. Har bir sinfda o‘quvchilar soni 35 nafardan yuqori bo‘lgan muassasalarda infeksiya tez tarqalgan. Maktablarda shamollatish tizimining yetarli emasligi ham infeksiya tarqalishiga qo‘shimcha ta’sir ko‘rsatadi. Ona suti bilan emizilmagan chaqaloqlarda O‘RVI qayta-qayta uchrashi ehtimoli 1,7 baravar yuqori bo‘lgan [4]. Shuningdek, chaqaloqlik davrida antibiotiklarni ko‘p iste’mol qilgan bolalarda immun tizimi susayishi tufayli kasallanish chastotasi yuqoriroq bo‘lgan. Bundan tashqari, uy sharoitida gigiyena qoidalariga rioya qilinmagan oilalarda infeksion kasalliklar qayd etilish chastotasi 2 baravar yuqori bo‘lgan. O‘zbekiston sharoitida respirator kasalliklarning yuqori darajada tarqalishi ko‘p omillar bilan izohlanadi. Ekologik muammolar (atmosfera havosining ifloslanishi, chang, sanoat chiqindilari), ijtimoiy omillar (bolalar muassasalaridagi gigiyenik sharoitlarning yetarli emasligi, otaonalarning sanitariya madaniyat darajasi pastligi), biologik omillar (immunitetning sustligi, tug‘ma patologiyalar) asosiy sabablar sifatida ko‘rsatildi. Shuningdek, uy-joylarning shamollatilishi yomonligi, isitish tizimlaridagi muammolar va ichimlik suvining sifati ham kasallik tarqalishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. JSST tavsiyalariga muvofiq, bolalarni grippga qarshi emlash, gigiyena qoidalariga rioya qilish, ona suti bilan boqishni rag‘batlantirish, hamda atrof-muhitni yaxshilash choralarini ko‘rish asosiy profilaktik choralar hisoblanadi [5]. Bundan tashqari, maktab va bog‘chalarda muntazam ravishda dezinfeksiya ishlari olib borish, sinfxonalarda shamollatish tizimini yaxshilash va ota-onalar uchun gigiyenik tarbiya dasturlarini yo‘lga qo‘yish ham muhim sanaladi. Profilaktika samaradorligini oshirish uchun jamoatchilik sog‘liqni saqlash kampaniyalari, media orqali axborot tarqatish va hududiy monitoring tizimini kuchaytirish tavsiya qilinadi. Milliy va xalqaro tadqiqotlar taqqoslanganda, O‘zbekistondagi epidemiologik holat boshqa Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘xshash bo‘lib, qish oylarida kasallanish sezilarli darajada ortishi kuzatiladi [6, 7]. Biroq ayrim hududlarda (masalan, Farg‘ona vodiysi va Toshkent shahri) sanoat va transportning yuqori darajada rivojlanganligi sababli kasallanish ko‘rsatkichlari qo‘shni davlatlarga nisbatan yanada yuqoriroq ekanligi qayd etilgan. Bu esa hududiy ekologik muammolarni hal etish, sog‘liqni saqlash tizimi imkoniyatlarini kengaytirish, pediatrik pulmonologiya xizmatlarini rivojlantirish va zamonaviy diagnostika texnologiyalarini joriy etish zarurligini ko‘rsatadi. Xulosa. O‘zbekistonda bolalar orasida respirator kasalliklar yuqori darajada tarqalgan bo‘lib, ularning oldini olish davlat, jamiyat va oilaviy darajadagi kompleks yondashuvni talab qiladi. Bu borada sog‘liqni saqlash tizimi, ta’lim muassasalari va jamoatchilikning hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqaro tajribalar shuni ko‘rsatadiki, profilaktika dasturlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishda davlat siyosati, sog‘liqni saqlash infratuzilmasi, ota-onalar bilim darajasi va mahalliy sharoitlar uyg‘unligi asosiy omil hisoblanadi. Birlamchi profilaktika choralariga ona suti bilan emizish, gigiyena va ovqatlanish madaniyatini oshirish, bolalarga immunoprofilaktika o‘tkazish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish kiradi. Shuningdek, JSST tavsiyalariga muvofiq, bolalarni har yili mavsumiy grippga qarshi emlash kengaytirilishi kerak. Ikkinchi darajali profilaktikada kasalliklarni erta tashxislash, tezkor laborator va instrumental tekshiruvlardan foydalanish hamda malakali davolash choralarini amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Bu bosqichda shifokorlar malakasini oshirish, telemeditsina imkoniyatlaridan foydalanish va pediatriya markazlarida tezkor laborator diagnostikani joriy etish samarali natija beradi. Uchinchi darajali profilaktika sifatida, shuningdek xalqaro sog‘liqni saqlash tajribasidan kelib chiqib qo‘shimcha dasturlarni amalga oshirish orqali kasallikdan keyingi reabilitatsiya, fizioterapiya, sanator-kurort davolash va bolalarda surunkali asoratlarni kamaytirishga qaratilgan dasturlar amalga oshirilishi lozim. Reabilitatsiya jarayonida individual yondashuv, psixologik qo‘llab-quvvatlash va sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari ham kiritilishi zarur. Davlat miqyosida havo sifatini nazorat qilish, sanoat chiqindilarini kamaytirish, maktab va bog‘chalarda sanitariya sharoitlarini yaxshilash, ota-onalar va pedagoglar uchun gigiyenik tarbiya 72 ActaCAMU № 4 (12) 2025 ISSN: 2181-4155 dasturlarini kengaytirish, epidemiologik monitoringni kuchaytirish va xalqaro sog‘liqni saqlash standartlariga mos ravishda milliy dasturlarni ishlab chiqish zarur. Foydalanilgan adabiyotlar 1. World Health Organization. Pneumonia in children: Key facts. WHO, 2022. 2. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi statistik byulleteni, 2023. 3. Khamidova N., Karimov A. Respiratory infections among children in Uzbekistan during the COVID-19 pandemic. Central Asian Journal of Pediatrics, 2022; 8(2): 45–52. 4. Qodirova S., Rustamov I. Association between breastfeeding and recurrent respiratory infections in infants. Uzbek Medical Journal, 2021; 3(1): 28–34. 5. World Health Organization. Vaccines against influenza WHO position paper. Weekly Epidemiological Record, 2019; 94(47): 533–560. 6. Yuldashev F., et al. Epidemiology of acute respiratory infections among children in Central Asia. BMC Infectious Diseases, 2020; 20(1): 114–119. 7. Turaev M., Alimova D. Seasonal trends of childhood pneumonia in Uzbekistan. Eurasian Medical Journal, 2019; 5(3): 73–80. 8. Bekmurodov A. Air pollution and pediatric respiratory diseases in Fergana Valley. Environmental Health Perspectives, 2020; 128(7): 071005.