scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

DIQQATNING ASOSIY XUSUSIYATLARI

Ostonova Shaxina Otabekovna

Full text

186 DIQQATNING ASOSIY XUSUSIYATLARI Ostonova Shaxina Otabekovna Chirchiq Davlat Pedagogika Universiteti Xorijiy til va adabiyoti yo‘nalishi 1-bosqich talabasi [email protected] https://doi.org/10.5281/zenodo.17962209 Annotatsiya: Maqolada diqqat psixik jarayoni, uning asosiy xususiyatlari va faoliyat jarayonidagi qonuniyatlari ilmiy-nazariy nuqtai nazardan yoritilgan. Diqqatning yo‘nalganligi, barqarorligi, bo‘linishi, ko‘chishi, hajmi va jamlanishi kabi xususiyatlari tahlil qilinadi. Shuningdek, diqqatning selektivlik, cheklanganlik, sustlashuv, emotsional va tashqi omillar ta’sirida qanday ishlashi ko‘rib chiqiladi. Kalit so‘zlar. Diqqat, psixik jarayon, xulq-atvor, yo‘nalganlik, barqarorlik, bo‘linish, hajm, selektivlik, qonuniyat, kognitiv jarayon. Abstract. The article explores attention as a psychological process, its main characteristics, and regularities in activity. Key features of attention, such as focus, stability, division, shift, capacity, and concentration, are analyzed. The impact of selectivity, limitations, fatigue, emotional and external factors on attention functioning is also examined. Keywords: attention, psychological process, behavior, focus, stability, division, capacity, selectivity, regularities, cognitive process. KIRISH Diqqat - inson psixikasining asosiy jarayonlaridan biri bo‘lib, atrof-muhitdagi obyektlar va hodisalarni idrok qilish, ularga ma’lum vaqt davomida jamlanish hamda psixik faoliyatni boshqarishda muhim rol o‘ynaydi. Diqqatning shakllanishi faqat psixologik emas, balki nervfiziologik jarayonlar bilan ham bevosita bog‘liq. Insonning markaziy nerv tizimida sodir bo‘ladigan qo‘zg‘alish va tormozlanish jarayonlari, bosh miya po‘stlog‘i va po‘stloq osti tuzilmalarining hamkorlikdagi faoliyati diqqatning paydo bo‘lishi, davomiyligi va barqarorligiga asos bo‘ladi. I.P. Pavlovning shartli va shartsiz reflekslar haqidagi ta’limoti, dominant o‘choq nazariyasi, A.A. Ukhtomskiy, N.A. Bernstein va boshqa fiziolog olimlarning tadqiqotlari diqqat jarayonining fiziologik mexanizmlarini ilmiy asoslashda muhim o‘rin tutadi. Bosh miya po‘stlog‘ida paydo bo‘ladigan dominant qo‘zg‘alish o‘chog‘i boshqa qo‘zg‘alishlarni tormozlaydi, natijada odam diqqatini ma’lum bir faoliyatga qaratadi. Diqqatning nerv-fiziologik asoslari shundan iboratki, markaziy nerv tizimi organizmdagi barcha ta’sirlarni ajratib, ularni qayta ishlay olishi uchun funksional jihatdan kuchli, barqaror va faol nerv aloqalari shakllanadi. Bosh miya po‘stlog‘i, retikulyar formatsiya, analizatorlar tizimi va neyronlararo bog‘lanishlar diqqatning yo‘nalganligi, barqarorligi, ko‘chishi va bo‘linishida asosiy fiziologik baza bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, diqqatning fiziologik mexanizmlari insonning emotsional holati, motivatsiyasi, charchoq darajasi, uyqu sifati, sog‘lig‘i, gormonal tizim va vegetativ nerv tizimi faoliyati bilan uzviy bog‘liq. Shu sababli diqqatning nerv-fiziologik mexanizmlarini chuqur o‘rganish o‘quv jarayonida samaradorlikni oshirish, mehnat unumdorligini ta’minlash, sport faoliyatida yuqori natijalarga erishish hamda psixologik muammolarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Diqqatning nerv-fiziologik asoslari insonning markaziy nerv tizimi faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, bosh miya po‘stlog‘ida dominant qo‘zg‘alish o‘chog‘ining paydo bo‘lishi, retikulyar formatsiyaning faolligi, analizatorlar tizimi va neyronlarning funksional uyg‘unligi bilan belgilanadi. Diqqat jarayoni bosh miya po‘stlog‘ida sodir bo‘ladigan qo‘zg‘alish va tormozlanish 187 jarayonlarining muvozanatiga asoslanadi. Dominant o‘choqning ustunligi tufayli organizm ma’lum obyekt yoki faoliyatga e’tiborini kuchaytiradi, tashqi aralash omillar esa tormozlanadi. Diqqatning buzilishi yoki barqaror bo‘lmasligi ko‘pincha fiziologik asoslarning yetarli darajada emasligi, charchoq, stress, noto‘g‘ri uyqu tartibi, asab tizimining sustligi yoki ortiqcha yuklamalar bilan bog‘liq. Shuning uchun diqqat jarayonlarini rivojlantirish va mustahkamlash uchun sog‘lom turmush tarzi, psixologik muvozanat, me’yoriy dam olish, jismoniy faollik, muntazam mashq va to‘g‘ri motivatsiyaning mavjudligi zarur. Diqqatning ko‘lami – bir vaqtning o‘zida necha ob’ektni idrok qilish va nazorat qilish mumkinligini bildiradi. Tadqiqotlarga ko‘ra, o‘rtacha diqqat hajmi 5–7 ta elementni tashkil etadi. Diqqatning bo‘linishi – bir vaqtning o‘zida ikki yoki undan ortiq faoliyatni bajara olish qobiliyati. Bu ko‘proq mashq qilish orqali shakllanadi. Masalan, haydovchu mashina boshqarayotib yo‘l sharoitini ham kuzatadi, ham suhbat qurishi mumkin. Diqqatning ko‘chishi - diqqatning bir ob'ektdan boshqasiga tez o‘tish qobiliyati. Har qanday murakkab faoliyatda diqqatni to‘g‘ri vaqtida ko‘chira olish katta ahamiyatga ega. Diqqatning jamlanishi - diqqatni butun kuch bilan bitta ob’ektga qaratish. Bu ko‘proq intensiv aqliy faoliyat jarayonida namoyon bo‘ladi. Diqqatning qonuniyatlari. Diqqatning xususiyatlari ma’lum psixologik qonuniyatlar asosida shakllanadi va faoliyat jarayonida o‘zaro bog‘liq holda namoyon bo‘ladi. Diqqatning selektivligi qonuniyati. Inson barcha axborotni bir vaqtning o‘zida idrok eta olmaydi, shuning uchun psixika eng muhim bo‘lgan signallarni tanlab oladi. Bu selektivlik diqqatning bosh xususiyati bo‘lib, axborot oqimini tartibga soladi. Diqqatning cheklanganligi qonuniyati. Diqqat resurslari cheklangan: bir vaqtda ko‘p obyektga diqqat ajratishning imkoni yo‘q. Shuning uchun diqqat hajmi (5–7 element) bilan bog‘liq qonuniyat doimo amal qiladi. Diqqatning sustlashuvi qonuniyati: Barqaror diqqat uzoq davom etmaydi - muayyan vaqt o‘tgach, diqqat susayadi, charchoq, zerikish va chalg‘ish kuchayadi. O‘rtacha 20–30 daqiqa davomida maksimal diqqat saqlanadi. Faoliyatga moslashuv qonuniyati:Diqqat faoliyat turiga moslashadi. Mashq qilingan faoliyatda diqqatning bo‘linishi, barqarorligi va ko‘chishi yaxshilanadi. Shuningdek, qiziqish kuchli bo‘lganda diqqat yuqori darajada bo‘ladi. Emotsional holatning ta’siri qonuniyati: Emotsiyalar - diqqatning tabiiy stimulyatoridir. Kuchli qiziqish yoki xavf mavjud bo‘lganda diqqat keskin faollashadi; zerikish esa diqqatning pasayishiga olib keladi. XULOSA Diqqatning nerv-fiziologik asoslarini o‘rganish nafaqat psixologiya va fiziologiya sohasida, balki ta’lim, tibbiyot, sport va boshqaruv jarayonlarida ham amaliy ahamiyatga ega. Diqqatning qanday fiziologik mexanizmlar orqali boshqarilishi aniq tahlil qilinganda, inson salohiyatidan oqilona foydalanish, o‘quvchilarda e’tibor jarayonini rivojlantirish hamda yoshlar orasida diqqat buzilishlarining oldini olish imkoniyati kengayadi. Adabiyotlar, References, Литературы: 1. G‘oziyev E. “Umumiy psixologiya”. – Toshkent: O‘qituvchi, 2002. 2. Xaydarov F.I., Xalilova N.I. “Umumiy psixologiya”. – Toshkent: Metodist, 2023. 188 3. Fayziyeva U., Jumayev N. “Psixologiya asoslari”. – Buxoro: BDU nashriyoti, 2021.