IBORALARNING LINGVOKULTUROLOGIK TAHLILI (Abdulla Qahhor asarlari misolida)
Full text
44 3 5 IBORALARNING LINGVOKULTUROLOGIK TAHLILI (Abdulla Qahhor asarlari misolida) Babadjanov Mansurbek Kurbanbayevich, Qoraqalpoq davlat universiteti, f.f.f.d.(PhD) DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17970721 Annotatsiya. Ushbu maqolada Abdulla Qahhor asarlarida qo‘llanilgan iboralarning lingvokulturologik tahlili haqida so‘z boradi. Aytish lozimki, Abdulla Qahhor asarlarida qo‘llanilgan iboralar o‘zbek milliy mentalitetidan kelib chiqqan holda baholangan bo‘lib, ularning har biri muallif asarlarida o‘ziga xos ahamiyat kasb etgan. Kalit so‘zlar: frazeologiya, psixolingvistika, lingvokulturologiya, neyrolingvistika, milliy madaniyat. Аннотация. В данной статье представлен лингвистический и культурный анализ выражений, используемых в произведениях Абдуллы Каххора. Отмечается, что данные выражения рассматриваются с учетом узбекского национального менталитета, вследствие чего каждое из них приобретает особое значение в творчестве автора. Ключевые слова: Фразеология, психолингвистика, лингвокультурология, нейролингвистика, национальная культура. Abstract. This article presents a linguo-cultural analysis of the expressions used in the works of Abdulla Qahhor. It argues that these expressions are interpreted through the lens of the Uzbek national mentality, whereby each acquires a distinct significance within the author’s works. Key words: phraseology, psycholinguistics, linguoculturology, neurolinguistics, national culture. Kirish. Barchamizga ma’lumki, bugungi kunda ilm-fan taraqqiyoti borgan sari ildamlamoqda. Fanlararo yangi sohalar paydo bo‘lib, ilm-fanning yanada rivoj topishiga sabab bo‘lmoqda. Aynan shu holat tilshunoslikka ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Tilshunoslik sohasida ham yangidan yangi fan yo‘nalishlari paydo bo‘lib, bu lingvistik faoliyatning yanada kengayishiga xizmat qilmoqda. Tilshunoslikda taraqqiy etayotgan psixoligvistika, lingvokulturologiya, neyrolingvistika, kognitiv tilshunoslik va shu kabi qator yo‘nalishlar ilm-fanning yangi yo‘nalishlari sifatida xizmat qilmoqda. Biz siz bilan ushbu maqolamizda lingvistik jihatdan ikki fan kesimida hosil bo‘lgan tilshunoslik sohasi lingvokuturologiya va uning Abdulla Qahhor asarlaridagi frazeologizmlarda o‘z aksini topishini ko‘rib chiqamiz. Adabiyotlar tahlili. Lingvokulturologiya va frazeologiya masalalari zamonaviy tilshunoslikda muhim yo‘nalishlardan biri sifatida keng tadqiq etilgan. Ushbu soha bo‘yicha A.E.Mamatov, V.V.Vorobyev, Sh.Rahmatullayev kabi olimlarning ilmiy ishlari nazariy asos vazifasini o‘tadi. Xususan, V.V.Vorobyev lingvokulturologiyani til va madaniyatning o‘zaro aloqasini o‘rganadigan fan sifatida izohlaydi. O‘zbek tilidagi frazeologik birliklarning mazmuniy va madaniy jihatlarini yoritishda Sh. Rahmatullayevning “O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati” muhim manba hisoblanadi. Ushbu lug‘at frazeologizmlarning semantik talqinini aniqlashda asosiy tayanch manba bo‘lib xizmat qildi.
45 3 5 Shuningdek, zamonaviy tilshunoslikdagi psixolingvistika, neyrolingvistika va lingvokulturologiya yo‘nalishlariga bag‘ishlangan tadqiqotlar frazeologik birliklarni milliy tafakkur va mentalitet bilan bog‘liq holda o‘rganish imkonini berdi. Abdulla Qahhor ijodiga bag‘ishlangan adabiy-tanqidiy ishlarda adib tilining obrazliligi va xalqona ruhga boyligi alohida ta’kidlanadi. Mazkur tadqiqot ana shu ilmiy qarashlarga tayangan holda, yozuvchi asarlaridagi frazeologik birliklarning lingvokulturologik ahamiyatini ochib berishga qaratildi. Tadqiqot metodologiyasi. Mazkur tadqiqot lingvokulturologik va frazeologik yondashuvlar asosida olib borildi. Tadqiqot materiali sifatida Abdulla Qahhorning “Bemor”, “O‘g‘ri”, “Muhabbat”, “Sinchalak” kabi asarlaridagi frazeologik birliklar tanlab olindi. Tahlil jarayonida tavsifiy, semantik, kontekstual va lingvokulturologik tahlil metodlaridan foydalanildi. Frazeologik birliklarning ma’nosi va vazifasi izohli frazeologik lug‘atlar asosida aniqlanib, ular matn kontekstida milliy mentalitet, madaniy kod va ijtimoiy hayot bilan bog‘liq holda talqin qilindi. Shuningdek, frazeologizmlarning konnotativ ma’nolari, baholovchanlik xususiyatlari hamda obrazlilik darajasini aniqlashda qiyosiy va interpretativ metodlar qo‘llanildi. Tadqiqot natijalari umumlashtirish va xulosalash usullari orqali tizimlashtirildi. Tahlillar va natijalar. Lingvokulturologiya – madaniyat va tilshunoslik sohalari kesishuvidan hosil bo‘lgan soha hisoblanadi (“lingua” – til; “culturology” – madaniyat) [1]. Xalqlar madaniyatiga xos tuzilmalarning tilshunoslik nuqtayi nazaridan o’rganilishi lingvokulturologiya fanining asosiy maqsadi hisoblanadi. Xalqlarga hayotini aks ettiruvchi milliy urf-odatlar, an’analar, qadriyatlar, xalq og‘zaki ijodining go‘zal namunalariga lingvistik yondashuv lingvokulturologiya fani oldida turgan dolzarb masalalardandir. Aytish lozimki, har bir ijodkor o‘z asarlarining badiiy qiymatini, salmog‘ini oshirish maqsadida turfa lingvokultorlogik birliklardan unumli foydalanadi. Xususan, o‘zbek adabiyotining atoqli vakili Abdulla Qahhor ham o‘z asarlarida lingvokulturologik birliklarni qo‘llash orqali ijod namunalarining badiiy ruhini yanada oshirgan. Abdulla Qahhor ijodida uchraydigan frazeologik birliklar uning asarlarining mohiyatini ochishga xizmat qilgan. Frazeologik birlik, ya’ni ibora necha so‘z bo‘lishidan qat’i nazar ma’nosi bir so‘zga teng keluvchi birliklar hisoblanadi. Iboralar nutqiy jarayonga tayyor holda olib kiriladi. Frazeologik birliklar ko‘rinishidan so‘z birikmasi yoki gapga o‘xshab ketadi. Biroq ulardan birmuncha jihatlari bilan farq qiladi, ya’ni yuqorida qayd etilgan birliklar orasida ma’no mustaqilligi mavjud bo‘lsa, iboralar orasida ma’no yaxlit holda yuzaga keladi [4]. Abdulla Qahhorning qalami shu qadar o‘tkirki, u frazeologik birliklarni asar “bag‘ri”ga mahorat ila singdirib yuborgan. Frazeologizmlar asar tarkibiga, voqealar rivojiga shu qadar moslab tanlanganki, ular orqali asar lingvokulturologik mohiyati yanada oydinlashadi. Xususan, adibning “Bemor” hikoyasida qo‘llanilgan frazeologik birliklar tahliliga yuzlansak.
46 3 5 “Sotiboldining xotini og‘rib qoldi. Sotiboldi kasalni o‘qitdi – bo‘lmadi, tabibga ko‘rsatdi. Tabib qon oldi. Betobning ko‘zi tinib, boshi aylanadigan bo‘lib qoldi… Bunday vaqtlarda yo‘g‘on cho‘ziladi, ingichka uziladi”… “Bemor”asaridan olingan ushbu parchada bir nechta frazeologik birliklar qo‘llanilgan bo‘lib, ularning har biri o‘ziga xos ma’nomazmunga ega. Parchada qo‘llanilgan “boshi aylanmoq” iborasi Shavkat Rahmatullayevning “O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati” da quyidagicha izohlanadi: 1. Behud bo‘lmoq, muvozanatini yo‘qotmoq(organizmning kasallangan holati, bunda go‘yo atrofdagi hamma narsa aylanib ketayotgandek tuyuladi. 2. Esankiramoq [4]. “Bemor” hikoyasida ushbu iboraning birinchi ma’nosi qo‘llanilgan bo‘lib, muallif ushbu frazeologik birlikdan qahramon tasvirini ochib berishda foydalangan. Bundan tashqari, parchada “yo‘g‘on cho‘ziladi, ingichka uziladi” iborasi qo‘llanilgan bo‘lib, ushbu ibora juda ham yo‘qsillik ma’nosini ifodalash uchun muallif tomonidan mahorat ila qo‘llangan. Xalq turmush tarzida kuzatilayotgan og‘ir damlar, mushkulotlar “yo‘g‘oningichka” lingvomadaniy birligi orqali o‘z aksini topgan. Muallif bu orqali ijtimoiy turmushdagi ahvol shu darajada ediki, nima bo‘lsa ham kamayish holatida, kamaymoqda, degan g‘oyani ilgari surmoqda. Abdulla Qahhorning “Bemor” hikoyasida ko‘plab frazeologik birliklar qo‘llanilgan bo‘lib, ushbu birliklar davr nuqtayi nazaridan ham lingvokulturologik jihatdan tahlil qilinganda ijtimoiy hayot kundalik turmushini ifodalab berishga xizmat qiladi. “O‘g‘ri” hikoyasi Abdulla Qahhor ijodining go‘zal namunalaridan biri hisoblanadi. Ushbu hikoyada jamiyat hayotidagi kamchiliklar, muammolar ochiq-oydin yoritilgan, bundan tashqari, asar frazeologik birliklarga ham boy hisoblanadi: Aminning tepa sochi tikka bo‘ldi… Ma’lum bo‘ldiki, uni begim deguncha beli sinar ekan… “O‘g‘ri” hikoyasida qo‘llanilgan frazeologik birliklar mohiyatan asar voqeliklariga juda ham mos tushgan. Ijtimoiy hayot nuqtayi nazaridan ham, lingvokulturologik jihatdan ham mos ravishda tanlangan ushbu frazeologik birliklar adib qalami o‘tkirligidan dalolat beradi. “O‘g‘ri” hikoyasida qo‘llanilgan “tepa sochi tikka bo‘ldi” iborasi “jahli chiqdi, jig‘ibiyron bo‘ldi” kabi ma’nolarni anglatgan bo‘lsa, asardagi “beli sinmoq” iborasi “O‘zbek tili frazeologizmlarining izohli lug‘ati” da quyidagicha izohlanadi: mashaqqat chekmoq, og‘rinmoq, qiynalmoq. Demak, asar voqeliklariga mos tanlangan yuqorida qayd qilingan ushbu frazeologik birliklarda lingvomadaniy xususiyat ham jam bo‘lgan. Yoki bo‘lmasa ijodkorning “Muhabbat” asari ham bu borada diqqatga sazovor: Salimjon yo‘lda biroz hovuridan tushganday bo‘ldi, kelib yana jazavasi qo‘zidi… Ushbu “Muhabbat” asaridan olingan jumlada hovuridan tushganday bo‘lmoq iborasi jahlidan
47 3 5 tushdi, tinchlandi ma’nosini ifodalasa, jazavasi qo‘zimoq iborasi jahli chiqmoq ma’nosini ifodalagan hamda ushbu gapda ishtirok etgan iboralar o‘zaro ziddiyatni hosil qilgan [4]. Agar Muhayyo Anvarga ko‘ngil qo‘ysa, boshini osmonga yetkazgan bo‘ladi. Parchada qo‘llanilgan iboralar : Ko‘ngil qo‘ymoq – sevmoq; Boshi osmonga yetmoq – xursand bo‘lmoq Ushbu ikki iboraning gap tarkibida ketma-ket qo‘llanilishi asar ma’nosining yanada kuchliroq, yanada ifodaliroq chiqishiga xizmat qilgan. Bundan tashqari, Abdulla Qahhorning mashhur romani hisoblanmish “Sinchalak” ham frazeologik birliklarga boy manba hisoblanib, asarda qo‘llanilgan iboralar lingvokulturologik jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, ushbu gapga e’tibor bering: Aflotunning qizi bo‘lsangiz ham, gapni tonnalab oling-u grammlab soting. Ushbu gap tarkibida qo‘llanilgan ikki birlik mazmuniy jihatdan frazeologik birlik hisoblanadi, ya’ni “Aflotunning qizi” va “gapni tonnalab olmoq, grammlab sotmoq”. Asarda qo‘llanilgan mohiyatan yangilik bo‘yog‘iga ega ushbu birliklar o‘ziga xos ma’noga egadir. “Aflotunning qizi” frazeologik birligining lingvokulturologik jihati shundan iboratki, ushbu gapda “Aflotun” lingvokulturologik kod vazifasini bajargan, ya’ni Aflotun shaxsi orqali frazeologik birlikning mazmuni ochib berishga harakat qilingan. Bilamizki, Aflotun, ya’ni Arastu miloddan avvalgi davrlarda yashagan kuchli ilm sohibi hisoblanadi. Ana shu jihati e’tiborga olingan holda “Aflotunning qizi” iborasi orqali “otangiz ilm jihatidan kuchli shaxs bo‘lsa ham” ma’nosi ilgari surilgan. Ikkinchi birlikdagi, ya’ni “gapni tonnalab olmoq-u grammlab sotmoq” ifodasida ham lingvokulturologik kod mavjud bo‘lib, ushbu kod konnatativ ma’noga ega, ya’ni gap lingvokulturologik kodi ostida mazmunan qancha gapga ustamon shaxs bo‘lsangiz-da, biroq gapiradigan so‘zingiz oz bo‘lsin degan ma’no anglashiladi. Bu frazeologik birlik o‘zbek paremilogik yo‘nalishida qo‘llaniladigan maqol bilan hamohangdir, ya’ni : “Oz so‘zla – soz so‘zla”. Yoki bo’lmasa, “Sinchalak” asarida qo‘llangan ushbu iboraga e’tibor bering: “To‘g‘ri, juda to‘g‘ri, igna bilan bitadigan ishga juvoldiz tiqib o‘tirmasag-u, sizning o‘rningizga o‘sha odamlarimizdan birini kirgizsak”,- ushbu parchada qo‘llanilgan “igna bilan bitadigan ishga juvoldiz tiqmoq” iborasi qo‘llanilgan bo‘lib, oson ishni qiyinlashtirmoq ma’nosiga egadir. Bu, ibora ham xuddi “gapni tonnalab olmoq-u, grammlab sotmoq” frazeologik birligi kabi konnotativ ma’noga ega hisoblanadi. Zimdan “aqcha bilan bitadigan ishni ortiqcha qiyinlashtirmay o‘rtadagi shaxs yordamida hal qilsak” mazmuni ilgari surilmoqda. “It ochiq qolgan qozonni yalaydi, - jumlasi ham Abdulla Qahhorning “Sinchalak” asarida qo‘llanilgan bo‘lib, ushbu frazeologik birlikda lingvokulturologik kod vazifasini “it”
48 3 5 leksemasi bajargan. It leksemasi turli xalqlarda turli lingvokulturologik vazifa kasb etadi. Xususan, o‘zbek xalqida “it” leksemasida vafo, sadoqat sememasi anglashilsa (It – vafo, xotin – jafo), chexlarda “it” leksemasi qahramonlik, jasorat timsolini anglatadi. Yaponlarda esa ushbu leksema bajargan ma’no o‘zbek xalqi nuqtiy muloqotida qo‘llaniladigan sema bilan bir xil ma’no kasb etadi. Asarda qo‘llanilgan “it ochiq qolgan qozonni yalaydi” frazeologik birligi vositasida esa asrab-avaylanmagan narsaga hamma yomon nazar ila boqadi, uni egallab olish payida bo‘ladi ma’nosi anglashiladi. Ushbu ibora o‘zbek xalq maqollaridan biri bilan sinonimik qator hosil qila oladi, ya’ni: “Asralmagan ko‘zga cho‘p tushar”. Xulosa. Abdulla Qahhor asarlarida qo‘llanilgan frazeologik birliklar, ma’lum ma’noda, xalq hayoti bilan bevosita aloqador. Aytish lozimki, ushbu aloqadorlik asarlardagi iboralarning turli ko‘rinishlari orqali o‘z aksini topgan. Abdulla Qahhor goh iborani yakka holda, goh ketma-ket, yoki bo‘lmasa bir gapning o‘zida qarama-qarshi holatda qo‘llash orqali o‘zining yozuvchilik mahoratini yana bir bor namoyon aylagan. Asarlaridagi frazeologizmlarning bevosita lingvomadaniy jihatdan asar tarkibida aks etishi tilshunoslik va madaniy hayot foni umumlashmasi asosida yuzaga kelgan. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yhati: 1. Mamatov A.E. Zamonaviy lingvistika. – Toshkent: Noshir, 2019. 2. Vorobyev V.V. Lingvokulturologiya. – Moskva. 1997. 3. Rahmatullayev Sh. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. –Toshkent: Universitet 2006. 4. Rahmatullayev Sh. O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati. – Toshkent: O‘qituvchi, 1978.