Full text
RESEARCH AND DEVELOPMENT TADQIQOT VA TARAQQIYOT ISSN: 3030 – 3281 Volume II, Issue 12 (2025) © 2025, the Author(s). Published by IMFAKTOR. This is an open access article under the CC BY license http://creativecommons.org/licenses/by/4.0/ 32 Mamlakat iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan chuqur tarkibiy o‘zgarishlar, moliya-bank sektorini modernizatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar hamda raqamli transformatsiya jarayonlarining jadallashuvi bank tizimining strategik ahamiyatini yanada oshirmoqda. Bugungi kunda tijorat banklari nafaqat kreditlash bilan shug‘ullanuvchi moliyaviy institutlar, balki iqtisodiyotning real sektorida investitsion faollikni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy moliyaviy vositachilarga aylanmoqda. BANK TIZIMINI TRANSFORMATSIYALASH SHAROITIDA INVESTITSION LOYIHALARNI MOLIYALASHTIRISH YO‘LLARI Rushana MAMARAIMOVA¹ ¹ Toshkent menejment va iqtisodiyot instituti. https://doi.org/10.5281/zenodo.17980183 ANNOTATSIYA Mazkur maqolada bank tizimini transformatsiyalash jarayonlarining investitsion loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlariga ta’siri kompleks tahlil qilinadi. Tadqiqot doirasida tijorat banklarining moliyaviy vositachilik faoliyati, ularning investitsion jarayonlardagi roli hamda moliyaviy resurslarni samarali taqsimlash imkoniyatlari o‘rganiladi. Shuningdek, bank sektorida raqamli transformatsiya, risklarni boshqarishning zamonaviy standartlarini joriy etish, kapitallashuv darajasining oshishi va moliyaviy bozorlarni modernizatsiyalash sharoitida investitsion loyihalarni moliyalashtirishning ustuvor yo‘nalishlari asoslab beriladi. Tadqiqot natijalari bank tizimi faoliyatini takomillashtirish hamda iqtisodiyotning barqaror va innovatsion rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan amaliy tavsiyalarni shakllantirish imkonini beradi. Kalit so‘zlar: bank tizimini transformatsiyalash, investitsion loyihalar, loyihaviy moliyalashtirish, moliya bozorlari, kredit portfeli, risklarni boshqarish, raqamli bank xizmatlari. WAYS OF FINANCING INVESTMENT PROJECTS IN THE CONTEXT OF BANKING SYSTEM TRANSFORMATION ANNOTATION This article provides a comprehensive analysis of the impact of banking system transformation processes on the mechanisms for financing investment projects. Within the scope of the study, the financial intermediation activities of commercial banks, their role in investment processes, and the possibilities for the efficient allocation of financial resources are examined. In addition, priority directions for financing investment projects are substantiated in the context of digital transformation of the banking sector, the introduction of modern risk management standards, increased capitalization levels, and the modernization of financial markets. The research findings make it possible to develop practical recommendations aimed at improving the functioning of the banking system and ensuring sustainable and innovative economic development. Keywords: banking system transformation, investment projects, project financing, financial markets, credit portfolio, risk management, digital banking services. ПУТИ ФИНАНСИРОВАНИЯ ИНВЕСТИЦИОННЫХ ПРОЕКТОВ В УСЛОВИЯХ ТРАНСФОРМАЦИИ БАНКОВСКОЙ СИСТЕМЫ АННОТАЦИЯ В данной статье проводится комплексный анализ влияния процессов трансформации банковской системы на механизмы финансирования инвестиционных проектов. В рамках исследования рассматривается финансовопосредническая деятельность коммерческих банков, их роль в инвестиционных процессах, а также возможности эффективного распределения финансовых ресурсов. Кроме того, обосновываются приоритетные направления финансирования инвестиционных проектов в условиях цифровой трансформации банковского сектора, внедрения современных стандартов управления рисками, повышения уровня капитализации и модернизации финансовых рынков. Результаты исследования позволяют сформировать практические рекомендации, направленные на совершенствование деятельности банковской системы и обеспечение устойчивого и инновационного развития экономики. Ключевые слова: трансформация банковской системы, инвестиционные проекты, проектное финансирование, финансовые рынки, кредитный портфель, управление рисками, цифровые банковские услуги.
TADQIQOT VA TARAQQIYOT | II-JILD | 12-SON | 2025 \ 33 Shu bois investitsion loyihalarni zamonaviy moliyalashtirish mexanizmlari asosida qo‘llab-quvvatlash, bank aktivlari tuzilmasini diversifikatsiya qilish, risklarni boshqarishning xalqaro standartlarini joriy etish hamda raqamli moliyaviy texnologiyalardan samarali foydalanish dolzarb masala sifatida namoyon bo‘lmoqda. So‘nggi yillarda bank tizimini transformatsiyalash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar kapitallashuv darajasining oshishi, muammoli kreditlar ulushining qisqarishi, risklarni boshqarish tizimlarining takomillashuvi hamda elektron bank xizmatlarining jadal rivojlanishi orqali investitsion loyihalarni moliyalashtirish jarayoniga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Xalqaro amaliyotda keng qo‘llanilayotgan project finance, sindikat kreditlash, cashflow asosida moliyalashtirish hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini milliy bank amaliyotiga joriy etish investitsiya muhitini sezilarli darajada yaxshilash imkonini beradi. Shu bilan birga, fond bozorining yetarli darajada rivojlanmaganligi, uzoq muddatli kapital manbalarining cheklanganligi, loyihalarning moliyaviy barqarorligini baholashda metodik yondashuvlarning yetarli darajada shakllanmaganligi kabi omillar banklarning investitsion loyihalarni moliyalashtirishdagi rolini to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilmoqda. Mazkur holat bank tizimini transformatsiyalash sharoitida investitsion loyihalarni moliyalashtirishning samarali va barqaror mexanizmlarini ishlab chiqish zaruratini yuzaga keltiradi. Ushbu tadqiqotning dolzarbligi bank sektori transformatsiyasi bilan bog‘liq yangi iqtisodiy sharoitda investitsion loyihalarni moliyalashtirishning nazariy asoslarini takomillashtirish, tijorat banklarining investitsiya jarayonlaridagi rolini kuchaytirish hamda raqamli moliyaviy texnologiyalar asosida yangi moliyalashtirish modellarini shakllantirish zarurati bilan belgilanadi. Tadqiqot usullari Maqolada guruhlash, abstraksiyalash, qiyosiy tahlil, tarkibiy tahlil, ilmiy prognozlash, iqtisodiy-statistik hamda grafik-tahlil usullaridan foydalanilgan. Adabiyotlar sharhi F. Mishkinning 2020-yildagi yangilangan nashrida iqtisodiyot transformatsiyasi sharoitida investitsion kreditlarning moliyaviy barqarorlikka ta’siri batafsil yoritilgan [1]. Unga ko‘ra, transformatsiya jarayonida kredit bozorining liberallashuvi investitsiyalar hajmining oshishiga olib keladi, biroq kredit risklarining ortishi ehtimoli ham yuqori bo‘ladi. P. Rose investitsion kreditlashni transformatsion iqtisodiyot sharoitida banklar uchun strategik ustuvor yo‘nalish sifatida baholaydi [2]. Uning fikricha, iqtisodiyot modernizatsiyasi davrida investitsion loyihalarni moliyalashtirish banklarning umumiy aktivlar portfeli sifatini oshirishga xizmat qiladi. D. Sachsning 2021-yildagi tadqiqotlarida davlatning iqtisodiy transformatsiyasi jarayonida investitsion kreditlarning o‘rni alohida ta’kidlangan [3]. Muallif investitsiyalar oqimini oshirishda bank tizimini isloh qilish muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etadi. D. Rodrikning 2020-yildagi ilmiy ishlanmalarida iqtisodiyot transformatsiyasi jarayonida moliya institutlari, xususan investitsion kreditlarning “strukturaviy o‘zgarishlarni tezlashtiruvchi omil” sifatidagi roli yoritilgan [4]. Uning ta’kidlashicha, transformatsiyalashayotgan iqtisodiyotlarda investitsion kreditlar real sektorning yuqori qo‘shimcha qiymat yaratuvchi tarmoqlariga yo‘naltirilishi lozim. R. Levine 2021-yilda moliya tizimi va investitsion kreditlashning innovatsion rivojlanishdagi rolini o‘rganib, iqtisodiy transformatsiya sharoitida uzoq muddatli investitsion kreditlar innovatsion faoliyatning asosiy moliyaviy manbaiga aylanishini asoslab bergan [5]. Iqtisodiy adabiyotlarni tahlil qilish natijalari “investitsion kredit” tushunchasini izohlashda turlicha yondashuvlar mavjudligini ko‘rsatadi. Mazkur atama ayrim manbalarda “investitsion bank krediti” tushunchasi bilan ham ifodalanishini kuzatish mumkin. Jumladan, rossiyalik iqtisodchi olimlar M.V. Alikaeva, L.O. Aslanova va boshqalarning fikriga ko‘ra, investitsion bank krediti, odatda, loyihaning qoplash muddatidan oshib ketmaydigan davrga, qoida tariqasida, bir yildan kam bo‘lmagan muddatga taqdim etiladi hamda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari doirasida tuzilgan shartnomalar bo‘yicha amalga oshiriladigan to‘lovlar bilan hujjatli tasdiqlanishi lozim bo‘lgan maqsadli xarakterga ega bo‘ladi [6]. Ushbu ta’rifda investitsion kreditning loyihaning texnik-iqtisodiy asosnomasida belgilangan qoplash muddatidan oshib ketmaydigan davrga berilishi asosli tarzda qayd etilgan bo‘lsa-da, uning bir yildan kam bo‘lmagan muddatga berilishi haqidagi qarash munozarali, deb baholanishi mumkin. Iqtisodiy adabiyotlarda investitsion kreditni uzoq muddatli kredit sifatida talqin qiluvchi yondashuvlar ham uchraydi [7]. Xususan, A. E. Yablonskayaning fikriga ko‘ra, “korxonalarni moliyalashtirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish, jumladan asosiy kapitalni shakllantirish va to‘ldirishga yo‘naltiriladigan uzoq muddatli bank kreditlari investitsion bank kreditlari hisoblanadi” [8]. Shu bilan birga, uzoq muddatli kredit tushunchasiga nisbatan ham yagona yondashuv mavjud emasligini ta’kidlash lozim. Ayrim iqtisodchi olimlar uzoq muddatli kreditlarni uch yil va undan ortiq muddatga taqdim etiladigan kreditlar sifatida talqin etsalar [9], boshqa manbalarda bunday kreditlar bir yildan ortiq muddatga beriladigan kreditlar sifatida izohlanadi [10].
RESEARCH AND DEVELOPMENT | VOLUME II | ISSUE 12 | 2025 \ 34 O‘tkazilgan tadqiqotlar natijalariga asoslanib, “investitsion kredit” tushunchasiga quyidagi mazmunda ta’rif berish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz: investitsion kredit – bu bozor qonuniyatlari hamda vaqt, risk va likvidlik omillarini inobatga olgan holda, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan tadbirkorlik faoliyati ob’ektlariga yo‘naltiriladigan, foyda yoki ijtimoiy samara olishga qaratilgan investitsiya loyihasining qoplash muddatidan ortiq bo‘lmagan davrga qaytarishlik, muddatlilik, to‘lovlilik, ta’minlanganlik, maqsadli foydalanish, samaradorlik va differensial yondashuv tamoyillari asosida kreditor tomonidan qarz oluvchiga taqdim etiladigan kreditdir. 1-jadval Bank tizimini transformatsiyalash jarayonida investitsion kreditlarning tasnifi va ularning samaradorlikka ta’siri Tasnif mezoni Investitsion kredit turlari Transformatsiya jarayonidagi ahamiyati Samaradorlikka ta’siri Maqsadiga ko‘ra Rekonstruksiya, modernizatsiya, ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ishlab chiqarish tashkil etish, loyihaqidiruv ishlari, tayyor korxonani sotib olish, NIOKR, yer va bino sotib olish, qurilish, patent va litsenziyalar, lizing, aylanma kapitalni moliyalashtirish Banklarda maqsadli kredit monitoringi jarayonlari raqamlashtiriladi, loyiha samaradorligini baholash mexanizmlari kuchaytiriladi Kreditlarning maqsadli yo‘naltirilishi ularning qaytish darajasini oshiradi, muammoli kreditlar ulushi kamayadi Kredit resurslari manbaiga ko‘ra Banklar, lizing kompaniyalari, korporatsiyalar, xoldinglar, fondlar, davlat Bank transformatsiyasi doirasida korporativ hamkorlik kengayadi, diversifikatsiyalangan resurs bazasi shakllanadi Resurslar barqarorligi oshadi, uzoq muddatli kreditlash imkoniyatlari kengayadi Kredit oluvchilar ko‘lamiga ko‘ra Kichik korxonalar, yirik korxonalar, transmilliy kompaniyalar (TMK) Transformatsiya jarayonida mijozlarni risk darajasi bo‘yicha segmentatsiya qilish amaliyoti joriy etiladi Har bir segment uchun optimal kredit shartlari belgilanadi, kredit siklining barqarorligi ta’minlanadi Kreditlash ob’yektiga ko‘ra Asosiy vositalar, aylanma vositalar, nomoddiy aktivlar, mehnat kapitali Aktivlarni baholashning raqamli platformalari shakllantiriladi Kreditlar aniq baholangan aktivlarga yo‘naltiriladi, garov ta’minotining sifati oshadi Kredit oluvchilar sohasi bo‘yicha Sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, transport, aloqa, savdo, xizmat ko‘rsatish sohalari Bank transformatsiyasi strategiyasida soha kesimida risk-menejment modellari takomillashtiriladi Sektorlar bo‘yicha chuqur tahlil kredit portfeli sifatining oshishiga xizmat qiladi Bank ishtiroki shakliga ko‘ra Individual kreditlash, sindikatlashgan kreditlar, loyihaviy moliyalashtirish Transformatsiya jarayonida sindikatlash va project finance texnologiyalari rivojlantiriladi Yirik loyihalarda risklar taqsimlanadi, barqaror daromad manbalari shakllanadi Muddati bo‘yicha Uzoq muddatli (3 yildan ortiq) investitsion kreditlar Banklarda maturity gap boshqaruv tizimlari modernizatsiya qilinadi Uzoq muddatli kreditlar barqaror kapital oqimlarini shakllantiradi Taqdim etish usuliga ko‘ra Individual kreditlash, lizing, ipoteka, sindikatlash, project finance, kredit liniyalari Transformatsiya jarayonida raqamli kreditlash platformalari joriy etiladi Kreditlash jarayonlari avtomatlashtiriladi, tranzaksiya xarajatlari kamayadi va tezkorlik oshadi Loyiha xususiyatiga ko‘ra An’anaviy (analog) investitsiya loyihalari, innovatsion loyihalar Banklar innovatsion loyihalar uchun alohida scoring tizimlarini ishlab chiqadi Innovatsion loyihalarni kreditlash iqtisodiy o‘sishning yangi drayverlarini shakllantiradi Tahlil va natijalar O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 5-noyabrdagi O‘RQ–580-sonli Qonunining 5-moddasiga muvofiq, banklar lizing operatsiyalarini amalga oshirish huquqiga ega. Shuningdek, “Tijorat banklari tomonidan yirik investitsiya loyihalarini sindikatsiyalashtirilgan kreditlashni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan, ikki yoki undan ortiq banklar o‘rtasidagi o‘zaro kelishuv asosida bank sindikati tashkil etilishi va yirik investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirishi, ya’ni sindikatsiyalashtirilgan kredit ajratilishi mumkin.
TADQIQOT VA TARAQQIYOT | II-JILD | 12-SON | 2025 \ 35 Loyihaviy moliyalashtirish ham milliy bank amaliyotida tobora rivojlanib borayotgan zamonaviy moliyalashtirish usullaridan biri hisoblanadi. Ushbu mexanizm yirik investitsiya loyihalarini loyiha tashabbuskori yoki uning strategik hamkorlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish imkonsiz yoki yuqori riskli bo‘lgan sharoitlarda, tashqi investorlar va kreditorlarni qo‘shimcha jalb etish orqali loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuzaga keladi. Kredit (xorijiy) liniyalari hisobidan moliyalashtirish, odatda, xorijiy va xalqaro moliyaviy institutlar (banklar, fondlar), shuningdek, mahalliy moliya institutlari mablag‘larining banklarga maqsadli yo‘naltirilishi asosida, bir yoki bir necha bosqichli kredit liniyalari orqali investitsiya loyihalarini moliyalashtirishni nazarda tutadi. Yuqorida bayon etilgan investitsion kreditlash turlari investitsion kreditning muhim tasnifiy jihatlaridan biri hisoblanadi. O‘z navbatida, olib borilgan tadqiqotlar natijasida investitsion kreditlarning mualliflik tasnifini ishlab chiqishga muvaffaq bo‘ldik (1-jadval). Ushbu tasnif va unda keltirilgan kredit turlari ilmiy hamda metodologik tahlillar asosida shakllantirilgan xulosalarimiz va mustaqil qarashlarimiz natijasidir. Shu bilan birga, mazkur tasnif yagona yoki mutlaq to‘g‘ri yondashuv sifatida talqin etilishi shart emas, degan pozitsiyadan kelib chiqamiz. Zero, ushbu masala yuzasidan har bir tadqiqotchining o‘ziga xos, mustaqil va asoslangan qarashlari hamda izohli fikrlari mavjud bo‘lishi tabiiy hol hisoblanadi. Investitsion kreditlashning yuqorida keltirilgan tasnif va turlar bo‘yicha amalga oshirilishi kreditlash jarayonining asosiy elementlari o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikka tayanadi hamda bank tizimini transformatsiyalash sharoitida kreditlash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Bugungi kunda tijorat banklarining investitsion kreditlash darajasini tavsiflovchi omillarni tahlil qilish banklarning moliyaviy barqarorligi, sarmoya jalb etish salohiyati hamda investorlar uchun ishonchliligi kabi muhim jihatlarni baholash imkonini beradi. Tijorat banklarining investitsion jozibadorligini aniqlashda asosiy ko‘rsatkichlardan biri sifatida aktivlar rentabelligi alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur ko‘rsatkich bank faoliyati samaradorligini baholash hamda investitsiya qarorlarini asoslashda muhim mezonlardan biri bo‘lib xizmat qiladi. Quyida keltirilgan 2-jadval ma’lumotlari asosida O‘zbekiston Respublikasidagi yetakchi tijorat banklarining aktivlar rentabelligi darajasi tahlil qilinadi. 2-jadval Mamlakatda investitsion kreditlar hajmini oshirishda tijorat banklarining investitsion faoliyati tahlili, mlrd so‘m № Banklar nomi 01.01.2020 01.01.2021 01.01.2022 01.01.2023 01.01.2024 01.01.2025 1 “Agrobank” ATB 272,4 1 607,8 2 378,3 1 889,8 1 047,0 2 764,7 2 “Milliybank” AJ 783,7 1 742,0 2 510,0 2 726,0 8 797,5 9 798,0 3 “Agrobank” AJ 597,7 1 295,3 1 498,8 2 313,7 14 004,0 2 278,9 4 “Ipoteka-bank” OTP 261,9 892,2 1 224,1 4 046,3 2 496,3 4 847,4 5 “Trastbank” XATB 300,7 688,6 1 410,4 1 413,5 1 713,0 2 013,0 6 “Sanoatqurilishbank” ATB 181,9 592,3 1 207,2 2 894,1 2 449,7 5 238,2 7 “Xalq banki” AT 211,9 513,8 3 268,1 4 150,2 4 343,3 8 414,5 8 “Aloqabank” AT 88,7 411,9 508,3 885,5 366,1 2 505,5 9 “Ipak Yo‘li” AITB 26,4 291,1 352,1 1 536,2 1 045,1 2 661,3 10 “Hamkorbank” ChKI ATB 46,5 214,3 767,0 1 460,5 1 353,5 2 325,8 11 “Mikrokreditbank” ATB 126,2 203,0 507,3 454,7 10,1 382,8 Jami 3 012,2 9 447,8 19 633,8 31 508,1 31 889,0 57 105,9
RESEARCH AND DEVELOPMENT | VOLUME II | ISSUE 12 | 2025 \ 36 Yuqorida keltirilgan jadval ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, 2020–2025-yillar davomida tijorat banklari tomonidan O‘zbekiston bank tizimi orqali asosiy kapitalga yo‘naltirilgan mablag‘lar hajmi sezilarli darajada oshgan. Xususan, 2020-yilda mazkur ko‘rsatkich qariyb 3 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib 57,1 trillion so‘mga yetgan. Natijada, besh yil davomida investitsion kreditlash hajmi qariyb 19 baravarga oshgan bo‘lib, bu tijorat banklarining iqtisodiyotda investitsion vositachi sifatidagi roli keskin kuchayganidan dalolat beradi. Mazkur dinamika bank tizimining investitsiyaviy faolligi oshganini hamda iqtisodiyotda moliyaviy vositachilik mexanizmlarining kengayib borayotganini ko‘rsatadi. 2025-yilda Milliybank, Xalq banki va Sanoatqurilishbank kabi davlat ulushiga ega yirik banklar asosiy kapitalga yo‘naltirilayotgan investitsiyalarni moliyalashtirishda yetakchi moliyaviy drayverlar sifatida saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda fintech yo‘nalishida faoliyat yurituvchi banklarning bank bozoriga kirib kelishi investitsion kreditlash bozorida raqobat muhitining kuchayishiga xizmat qilmoqda. Xususan, TBC Bank, Octobank va Tenge Bank kabi banklar raqamli texnologiyalar va soddalashtirilgan kreditlash mexanizmlaridan foydalangan holda qisqa muddatda bozorning muayyan segmentlarida o‘z o‘rnini mustahkamlashga erishdi. Ushbu jarayon bank sektorining diversifikatsiyalashuvi hamda raqobatbardoshlik darajasining oshib borayotganini anglatadi. Bundan tashqari, Octobank, Tenge Bank va Davr-bank tomonidan fintech elementlarining joriy etilishi yangi auditoriyalarni bank xizmatlariga jalb etishga imkon yaratmoqda. Natijada moliyaviy inklyuziya darajasi oshib, aholi va kichik biznes subyektlarining bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari sezilarli darajada kengaymoqda. 3-jadval Bank aktivlarining investitsion jozibadorlikka ta’sir etuvchi asosiy jihatlari Ko‘rsatkich Bog‘liqlik mazmuni Izoh Aktivlar sifati Investitsion ishonchlilik Kreditlarning qaytuvchanlik darajasi, aktivlarning buzilmaganligi va sifat ko‘rsatkichlari Rentabellik (ROA, ROE) Foydalilik darajasi Yuqori daromadlilik bankning investorlar uchun jozibadorligini oshiradi Aktivlar aylanishi Operatsion samaradorlik Aktivlardan samarali foydalanish bankning raqobatbardoshligini ta’minlaydi Aktivlarning diversifikatsiyasi Risklarni boshqarish Diversifikatsiyalangan aktivlar kredit va bozor risklarining pasayishiga xizmat qiladi Aktivlar o‘sish sur’ati Rivojlanish dinamikasi Aktivlar hajmining barqaror o‘sishi bankning rivojlanish salohiyatidan dalolat beradi So‘nggi yillarda banklarning iqtisodiyotga yo‘naltirayotgan investitsiyalari hajmi yildan-yilga sezilarli darajada oshib bormoqda. Bu jarayonda yirik davlat banklari bilan bir qatorda xususiy banklar hamda yangi tashkil etilgan banklarning ham investitsion jarayonlarda faol ishtirok eta boshlagani kuzatilmoqda. Investitsiyalar hajmining ortishi mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, infratuzilma loyihalari, sanoat ishlab chiqarishi hamda uy-joy qurilishi sohalariga bo‘lgan talabning oshib borayotganini aks ettiradi. Shu bilan birga, ayrim banklar, xususan kichik miqyosdagi va xorijiy kapital ishtirokidagi banklarning iqtisodiyotga investitsion hissa qo‘shishdagi roli nisbatan cheklanganligicha qolmoqda. Ayrim yillarda esa ba’zi banklar tomonidan amalga oshirilgan investitsiyalar hajmining keskin kamayishi holatlari ham kuzatiladi. Tijorat banklarining investitsion jozibadorligi bevosita ularning aktivlariga, xususan aktivlar sifati, rentabellik darajasi, likvidligi hamda boshqaruv samaradorligiga bog‘liqdir. Bank aktivlaridan samarali foydalanish nafaqat moliyaviy natijalarning yaxshilanishiga, balki investorlar ishonchining mustahkamlanishiga ham xizmat qiladi. Shu bois har bir tijorat banki o‘z aktivlari strategiyasini chuqur tahlil va aniq hisob-kitoblarga asoslangan holda shakllantirishi zarur. Bank resurslarini boshqarish bank faoliyati samaradorligini ta’minlashning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Chunki banklar o‘z xususiy kapitalidan tashqari, turli manbalardan jalb etilgan moliyaviy resurslardan foydalanish orqali faoliyat yuritadi va rivojlanadi. Mazkur masalaning dolzarbligi shundan iboratki, bank resurslarini boshqarish bo‘yicha nazariy jihatdan mukammal va samarali mexanizmlar ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, amaliyotda ularning to‘liq va izchil tatbiq etilmasligi bilan bog‘liq holatlar tez-tez uchrab turadi. Bunga ta’sir etuvchi bir qator muammolar mavjud bo‘lib, aynan shu nuqtai nazardan bank resurslarini, xususan investitsion resurslarni boshqarishda zamonaviy va moslashuvchan yondashuvlarni ishlab chiqish bugungi kunda dolzarb vazifalardan biriga aylanmoqda.
TADQIQOT VA TARAQQIYOT | II-JILD | 12-SON | 2025 \ 37 Xulosa Bank tizimini transformatsiyalash jarayonlari – raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, risk-menejmentni xalqaro standartlarga moslashtirish, kapitallashuv darajasini oshirish hamda moliya bozorlarini modernizatsiyalash – banklarning investitsiyaviy faolligini sezilarli darajada kuchaytirdi. Natijada tijorat banklari iqtisodiyotning real sektorida investitsion jarayonlarni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy moliyaviy vositachi sifatida shakllanib bormoqda. So‘nggi yillarda iqtisodiyotda kuzatilayotgan inflyatsiya sur’atlarining yuqoriligi, qayta moliyalash va kredit stavkalarining nisbatan yuqori darajada saqlanib qolishi hamda milliy valyuta kursining pasayish tendensiyasi iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va investitsion kreditlar safarbarligini kengaytirishga bo‘lgan ehtiyojni keskin oshirdi. Shu bilan birga, iqtisodiyotga, jumladan investitsion kreditlar hajmining o‘sib borishiga qaramay, bank tizimida yuritilayotgan oqilona kredit siyosati natijasida 2025-yilga qadar kredit portfelida muammoli kreditlar ulushi past darajada saqlanib qolishi ta’minlandi. Mamlakat tijorat banklari kreditlari umumiy hajmida uzoq muddatli kreditlarning ulushi 2019-yil yakuniga ko‘ra 91,5 foizni tashkil etgani investitsion yo‘naltirilgan kreditlash ustuvorligidan dalolat beradi. O‘zbekiston investitsion kreditlar bozorida banklarning notekis ishtiroki ularning moliyaviy salohiyati, institutsional imkoniyatlari va tajribasidagi sezilarli farqlar mavjudligini ko‘rsatadi. Bu jarayonda “Agrobank” va “Milliy bank” yetakchi mavqeni saqlab qolayotgan bo‘lib, mazkur holat banklar o‘rtasida raqobat muhitini kuchaytirish hamda boshqa tijorat banklarida diversifikatsiyalashgan kredit siyosatini faolroq olib borish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Umuman olganda, bank tizimi transformatsiyasining jadallashuvi investitsion kreditlashni takomillashtirish, moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlarini keng joriy etish, real sektorni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishi uchun zarur institutsional asoslarni shakllantirmoqda. Shu bois kelgusida banklarda resurslarni samarali boshqarish, risklarni aniqlash va kamaytirish, investitsiya loyihalarining samaradorligini baholash hamda raqamli moliyalashtirish texnologiyalarini chuqur integratsiya qilish masalalari yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi.
RESEARCH AND DEVELOPMENT | VOLUME II | ISSUE 12 | 2025 \ 38 Iqtiboslar 1. Mishkin, F. S. The Economics of Money, Banking, and Financial Markets. New York: Pearson, 2020. 2. Rose, P. S. Commercial Bank Management. New York: McGraw-Hill Education, 2019. 3. Sachs, J. D. Economic Development in the Era of Global Transformation. Cambridge: Cambridge University Press, 2021. 4. Rodrik, D. Structural Change and Economic Growth. Oxford: Oxford University Press, 2020. 5. Levine, R. Finance, Innovation and Long-Term Investment. London: Routledge, 2021. 6. Аликаева, М. В., Асланова, Л. О. и др. Стратегическое развитие малого бизнеса и формы поддержки индивидуального предпринимательства: монография. Нижний Новгород: Издательство НОО «Профессиональная наука», 2018. С. 68. URL: www.scipro.ru. 7. Князев, П. П., Клименко, М. Н., Моторнюк, Д. В. Банковские продукты и услуги: инвестиционное кредитование: учебное пособие. Москва: Евроазиатская научнопромышленная палата, 2019. С. 38. 8. Яблонская, А. Е. Формирование эффективного механизма долгосрочного банковского кредитования для обеспечения устойчивого роста российской экономики: автореф. дис. … канд. экон. наук. Орёл: Белгородский университет кооперации, экономики и права, 2013. 9. Шабельникова, Е. Г. Управление рисками банковского инвестиционного кредитования: дис. … канд. экон. наук. Ростов-на-Дону: Ростовский государственный экономический университет, 2014. С. 58. 10. Яблонская, А. Е. Формирование эффективного механизма долгосрочного банковского кредитования для обеспечения устойчивого роста российской экономики: автореф. дис. … канд. экон. наук. Орёл: Белгородский университет кооперации, экономики и права, 2013. С. 10.
TADQIQOT VA TARAQQIYOT | II-JILD | 12-SON | 2025 \ 39 ILMIY TAQRIZ Maqola: “Bank tizimini transformatsiyalash sharoitida investitsion loyihalarni moliyalashtirish yo‘llari”. Muallif: Rushana Mamaraimova, Toshkent menejment va iqtisodiyot instituti. Taqrizga taqdim etilgan maqola bank tizimini transformatsiyalash sharoitida investitsion kreditlash mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, mavzuning dolzarbligi, nazariy asoslanganligi va amaliy ahamiyati bilan ajralib turadi. Muallif tomonidan tanlangan tadqiqot yo‘nalishi zamonaviy iqtisodiy sharoitda, xususan, raqamli transformatsiya, moliya bozorlarining modernizatsiyasi va bank sektorida institutsional islohotlar chuqurlashib borayotgan bir davrda alohida ilmiy va amaliy ahamiyat kasb etadi. Maqolada bank tizimini transformatsiyalash jarayonlarining investitsion kreditlash hajmi, sifati va samaradorligiga ta’siri tizimli va kompleks yondashuv asosida tahlil qilingan. Tadqiqotda investitsion kredit tushunchasining turli ilmiy manbalardagi talqinlari chuqur tahlil etilib, mualliflik yondashuvi asosida mazkur tushunchaga aniqlashtirilgan va kengaytirilgan ta’rif berilgan. Ushbu yondashuv maqolaning ilmiy yangiligini oshirib, mavjud nazariy qarashlarni boyitishga xizmat qiladi. Muallif investitsion kreditlarning tasnifini ishlab chiqishda metodologik jihatdan asoslangan yondashuvni qo‘llagan. Xususan, banklar transformatsiyasi sharoitida investitsion kreditlarning maqsadi, manbalari, muddati, ob’yekti, sohaviy yo‘naltirilishi va moliyalashtirish mexanizmlari bo‘yicha tasniflanishi ilmiy jihatdan mantiqli va izchil asoslab berilgan. Jadval va statistik ma’lumotlar asosida olib borilgan tahlillar tadqiqot natijalarining ishonchliligini oshiradi hamda xulosalarning empirik asosga ega ekanligini ko‘rsatadi. Maqolada O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklari misolida investitsion kreditlash hajmining o‘sish dinamikasi, banklarning iqtisodiyotdagi investitsion vositachi sifatidagi rolining kuchayib borayotgani aniq raqamlar orqali yoritilgan. Davlat ulushiga ega yirik banklar bilan bir qatorda fintech yo‘nalishidagi banklarning ham moliyaviy inklyuziya va raqobatbardoshlikni oshirishdagi roli asosli tarzda tahlil qilingan. Bu holat maqolaning amaliy ahamiyatini yanada kuchaytiradi. Tadqiqot xulosalari mantiqan izchil bo‘lib, bank resurslarini boshqarish, risklarni kamaytirish, investitsion loyihalar samaradorligini baholash va raqamli moliyalashtirish texnologiyalarini chuqur integratsiya qilish bo‘yicha ilgari surilgan fikrlar bugungi bank amaliyoti uchun muhim metodik yo‘nalishlarni belgilab beradi. Muallifning xulosalari umumlashtirilgan bo‘lib, kelgusidagi ilmiy tadqiqotlar va amaliy qarorlar qabul qilish jarayonida foydalanish imkonini beradi. Umuman olganda, maqola ilmiy-uslubiy jihatdan puxta, mantiqan izchil va zamonaviy iqtisodiy jarayonlar bilan uzviy bog‘langan holda yozilgan. Tadqiqot natijalari ilmiy yangilikka ega bo‘lib, bank tizimini transformatsiyalash va investitsion kreditlashni rivojlantirish masalalariga oid ilmiy adabiyotlarni boyitadi. Mazkur maqolani ilmiy jurnal sahifalarida chop etish uchun to‘liq tavsiya etish mumkin, deb hisoblayman. Disclaimer © This scientific review has been prepared by the editorial board of the “RESEARCH & DEVELOPMENT” journal and is intended solely for use within the journal’s internal expert evaluation process and editorial activities. This review is protected by copyright law, and its content may not be distributed, reproduced, or used for commercial purposes without the prior permission of the editorial board. The review has been prepared to assess the scientific quality, content, and methodological aspects of the author’s (authors’) work. It does not represent the personal opinion of the author(s) nor should it be interpreted as the official position of the journal. The editorial board bears no responsibility for the implementation, outcomes, or consequences of the recommendations, conclusions, or comments contained in this review. The review is provided to ensure transparency in the editorial process and to maintain quality control over scientific publications.