FRAZEOLOGIYA FANINING RIVOJLANISH BOSQICHLARI VA ZAMONAVIY LINGVISTIKADAGI O'RNI
Abstract
Ushbu maqolada frazeologiya fani rivojlanishining asosiy bosqichlari va uning zamonaviy lingvistikadagi o‘rni tahlil qilinadi. Frazeologiya tilshunoslikning muhim bo‘limlaridan bo‘lib, tildagi barqaror birikmalar va ularning madaniyat va kontekstni aks ettirishdagi ahamiyatini o‘rganadi. Maqolada turli davrlarning frazeologik ta’limoti, uning o‘zgarishlari va zamonaviy frazeologik tadqiqotlaridagi yuksak o‘rni haqida ma’lumot beriladi.
Full text
newjournal.org zenodo.org 1 FRAZEOLOGIYA FANINING RIVOJLANISH BOSQICHLARI VA ZAMONAVIY LINGVISTIKADAGI O‘RNI Ma’mun universiteti, “G‘arb tillari va adabiyoti” kafedrasi katta o‘qituvchisi Abdullayeva Poshshajon Usmon qizi Annotatsiya Ushbu maqolada frazeologiya fani rivojlanishining asosiy bosqichlari va uning zamonaviy lingvistikadagi o‘rni tahlil qilinadi. Frazeologiya tilshunoslikning muhim bo‘limlaridan bo‘lib, tildagi barqaror birikmalar va ularning madaniyat va kontekstni aks ettirishdagi ahamiyatini o‘rganadi. Maqolada turli davrlarning frazeologik ta’limoti, uning o‘zgarishlari va zamonaviy frazeologik tadqiqotlaridagi yuksak o‘rni haqida ma’lumot beriladi. Kalit so‘zlar: Tilshunoslik, frazeologiya, kontekst, frazeologik birliklar, leksik birlik, grammatik xususiyat. Abstract This article examines the key phases of the evolution of phraseology and its role in contemporary linguistics. Phraseology is a significant area of linguistics, which studies stable language combinations and how they reflect context and culture. The article discusses the phraseological theories of different periods, its evolution and its prominent position in modern phraseological study. Key words: Linguistics, phraseology, context, phraseological units, lexical unit, grammatical feature. Аннотация
newjournal.org zenodo.org 2 В данной статье анализируются основные этапы развития науки фразеологии и её место в современной лингвистике. Фразеологияважная отрасль лингвистики, изучающая устойчивые сочетания в языке и их значение в отражении культуры и контекста. В статье представлена информация о фразеологической доктрине разных периодов, её изменениях и высоком месте в современной фразеологической науке. Ключевые слова: Лингвистика, фразеология, контекст, фразеологические единицы, лексическая единица, грамматическая особенность. KIRISH Frazeologiya zamonaviy tilshunsolikning muhim sohalaridan biri bo‘lib, tildagi turg‘un birikmalarni o‘rganadigan fan hisoblanadi. U dastlab leksikologiya fani tarkibida bo‘lgan va vaqt o‘tishi bilan rivojlanib, mustaqil fan sifatida yuksaldi. Chunki frazeologik birliklar nafaqat so‘zning leksik ma’nosini, balki xalqning madaniyati, ma’naviy qadriyatlari va dunyoqarashini ham namoyon qiladi. Frazeologiya til va uning komponentlarini tahlil qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘nalish sifatida asrlar davomida taraqqiy qildi, bu sohaning o‘ziga xos jihatlari va vazifalari, tilning estetik va kommunikativ jihatlarini ochib berishdan iborat. Shuningdek, tilning ichki tomonlama boyishida ham frazeologizmlar muhim ahamiyatga ega. Bu haqida tilshunos I.V. Arnold quyidagi fikrni bildiradi: “Hаr qаndаy tilning bоyishi fаqаt yаngi sоʻzlаr yаsаlishi hisоbigа emаs, bаlki turgʻun birikmаlаrning оrtib bоrishi hisоbigа hаm o‘zgarib boradi”1. Frazeologiya so‘zining lug‘aviy ma’nosiga e’tibor beradigan bo‘lsak, u yunoncha “phrasis” - ibora, “logos” - ta’limot so‘zlaridan olingan bo‘lib “iboralar haqidagi taʼlimot” degan ma’noni ifodalaydi. Frazeologizmlar tuzilishi jihatdan so‘z birikmasiga yoki gapga teng bo‘lgan, umumiy ma’no anglatadigan, leksik elementlari qisman yoki to‘liq ko‘chma ma’noga ega bo‘lgan, turg‘un leksik-semantik birliklar hisoblanadi. 1 Арнольд И.В. Лексикология современного английского языка. – М: Высшая школа, 1969. – C. 187
newjournal.org zenodo.org 3 ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODLAR Rus tilshunosligida frazeologiyaga doir ko‘plab tadqiqot ishlari olib borilib, ularni o‘rganish XVIII asrda boshlangan. Tilshunos V.V. Vinogradov frazeologik birliklarni tahlil qilgan va u “frazeologiya” atamasi jahon tilshunosligida 1558-yil buyuk ingliz adabiyotshunosi Neander tomonidan ilk marotaba foydalanilgan degan fikrlarni keltirib o‘tgan. Yana bir boshqa manbada keltirilishicha bu atama ilk bor 1928-yilda E.D. Polivanov tomonidan foydalanilganligi aytilib, u quyidagi fikrni ilgari surgan: “Men morfologiyaga nisbatan sintaksis qanday munosabatda bo‘lsa, leksikaga nisbatan ham xuddi shunday munosabatga kirishuvchi maxsus fanga “frazeologiya” degan terminni qo‘llashni ma’qul topdim”2. Bundan shuni anglashimiz mumkinki, frazeologiya leksikologiyaning bir qismi emas, balki tilshunoslikning alohida bo‘limi sifatida o‘rganilishi zarurligi dastlab buyuk rus tilshunosi tomonidan ta’kidlangan. Lingvist Polivanovdan keyin bu mavzuga e’tibor qaratgan olimlardan biri B.A. Larin bo‘lgan. U frazeologiya sohasining tadqiqot obyekti hali to‘liq shakllanmagani, shu bois bu yo‘nalishda ilmiy izlanishlar yetarli emasligini aytadi. Shuningdek, frazeologiyani leksikografiya, stilistika va sintaksis ma’lumotlaridan alohida o‘rganish zarurligini ham ta’kidlaydi. Frazeologiyaning tilshunoslikning mustaqil sohasi sifatida rivojlanishida V.V. Vinogradovning ilmiy ishlari ham muhim o‘rin tutadi. U o‘zining frazeologiyaga doir izlanishlarida frazeologizmlarning nazariy va amaliy jihatlarini chuqur tahlil qilgan. Xususan, frazeologik ma’noning o‘ziga xos tomonlari, frazeologizmlarning grammatik tabiati, so‘z va frazeologizmlarning o‘zaro munosabati hamda ularning tasnifi bo‘yicha olib borgan ishlari V.V. Vinogradovning bu sohada alohida o‘rin egallashiga sabab bo‘lgan. Olimning ilmiy merosi frazeologizmlarning mustaqil til birligi sifatida 2 Umarxoʻjaev M.E. Olmon tili leksikologiyasi va frazeologiyasi. – Andijon: ADTPI, 2010. – B. 55.
newjournal.org zenodo.org 4 shakllanishida katta ahamiyatga ega bo‘lib, bu yo‘nalishning nafaqat rus, balki jahon tilshunosligida ham rivojlanishiga sezilarli hissa qo‘shgan. U frazeologik birliklarga quyidagicha ta’rif beradi: “Frazeologizmlarning asosiy belgisi ularning shakl jihatdan barqarorligidir; ular nutq jarayonida paydo bo‘lmasdan, inson tafakkurida tayyor holda mavjud bo‘ladi va kamida ikki mustaqil so‘zning bir butun ma’no ifodalashi natijasida yuzaga keladi”3. O‘zbek tilshunosligida frazeologiya alohida ilmiy soha sifatida XX asrning 50yillaridan boshlab tadqiq qilina boshlandi. Mazkur yo‘nalishning shakllanishi va taraqqiyoti professor Shavkat Rahmatullayev ilmiy faoliyati bilan chambarchas bog‘liq. U frazeologik birliklarni tizimli ravishda o‘rganishga kirishgan dastlabki olimlardan bo‘lib, 1952-yilda “Hozirgi o‘zbek tilida obrazli fe’lli frazeologik birliklarning asosiy grammatik xususiyatlari” nomli monografiyasini chop qilgan. Keyingi yillarda tilshunos ushbu sohaga oid izlanishlarini davom ettirib, frazeologik birliklarning grammatik tuzilishi, semantik va leksik xususiyatlarini o‘rganishga yordam beradigan ko‘plab ilmiy maqolalar, monografiyalar hamda o‘quv qo‘llanmalari nashr qilindi. Jumladan, “Hozirgi zamon o‘zbek tilidagi o‘zlashgan frazeologik birliklar haqida”, “Hozirgi zamon o‘zbek tilidagi frazeologik birliklar grammatik qurilishining o‘zgarishi haqida”, “Fe’l frazeologik birliklarda moslashuv”, “O‘zbek frazeologiyasining ba’zi masalalari” kabi ilmiy nashrlari frazeologiyani o‘rganishda muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Shavkat Rahmatullayev bilan bir qatorda A. Mamatov, B. Yo‘ldoshev, A. Rafiyev, A. G‘ulomov, Sh. Usmanova va boshqa ko‘plab olimlar ham frazeologik birliklarni o‘rganishgan. Frazeologizmlarning funksional-uslubiy xususiyatlari hamda matndagi pragmatik imkoniyatlari B. Yo‘ldoshev va U. Rashidova tadqiqotlarida ham keng yoritilgan. Frazeologiyaning mustaqil fan sifatida shakllanish jarayoni bir necha bosqichlarni o‘z ichiga oladi. Uning tarixiy taraqqiyotini uch davrga ajratish mumkin: Birinchi bosqich XVIII asrning o‘rtalaridan XX asrning 30-yillarigacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Bu bosqich M.N. Lomonosov, A.A. Potebnya, F.F. Fortunatov va A.A. Shaxmatov kabi olimlarning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, unda frazeologiya 3 Виноградов В.В. Основные понятия русской фразеологии как лингвистической дисциплины. Избраннные труды. Лексикология и лексикография. – Москва, 1977. – С. 118-139.
newjournal.org zenodo.org 5 asosan leksikografiya - amaliy lug‘at tuzish sohasining bir qismi sifatida qaralgan. Bu paytda iboralarni lug‘atlarga kiritish, ularning ma’no va kelib chiqishini sharhlashga alohida e’tibor berilgan. Ikkinchi davr Y.D. Polivanov, V.V. Vinogradov, S.I. Abakumov, G.K. Damilov, A.I. Yefimov va A.Y. Rojanskiy kabi tadqiqotchilar faoliyati bilan bog‘lanadi va XX asrning 30-50-yillarini o‘z ichiga oladi. Ushbu davr frazeologiyaning mustaqil lingvistik yo‘nalish sifatida shakllanish jarayoni hisoblanadi. Uchinchi davr esa XX asrning 60-yillaridan boshlab hozirgi kungacha davom etadi. Bu bosqich frazeologiya sohasida turli ilmiy metodlarning qo‘llanishi, tadqiqotlarning jadal rivojlanishi hamda ko‘plab yangi mutaxassislarning yetishib chiqishi bilan ajralib turadi. NATIJALAR VA MUHOKAMA Frazeologiya tilshunoslikning mustaqil sohasi sifatida shakllanganidan buyon frazeologik birliklar turli jihatlardan, jumladan morfologik nuqtayi nazardan tadqiq etilmoqda. Bu jarayonda frazeologizmlarning frazeologik-grammatik turkumlarga mansubligi hamda ularning shakli bilan ma’nosi o‘rtasidagi izomorfik ya’ni moslik munosabati aniqlandi. So‘nggi yillarda frazeologiya masalalariga bag‘ishlangan ko‘plab ilmiy tadqiqotlar e’lon qilindi. Shulardan namuna sifatida B. Yo‘ldoshevning frazeologizmlarning adabiy til normasi munosabatiga oid ilmiy maqolasini keltirish mumkin. Tilning jamiyatdagi asosiy muloqot vositasi bu samarali faoliyat ko‘rsatishi normativlik bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, bu xususiyat milliy adabiy tilning muhim belgisi hisoblanadi. Frazeologiyani alohida til sathi sifatida tan olish frazeologik normani ham adabiy til normalari tizimida ko‘rib chiqishni taqozo etadi. Ushbu norma frazeologizmlarning nutqdagi qo‘llanishini tartibga soladi. Adabiy tilning lug‘aviy va frazeologik tarkibi jamiyatdagi o‘zgarishlar ta’sirida doimiy rivojlanib boradi. Natijada yangi so‘z va iboralar paydo bo‘ladi hamda frazeologik normaning qo‘llanish doirasi kengayadi. Bilamizki, frazeologizmlarma’no yaxlitligiga ega, nutq jarayonigacha shakllangan ikki yoki undan ortiq so‘zlarning o‘zaro barqaror bog‘lanishidan hosil bo‘ladigan ko‘chma ma’noli biriklardir. Bunday
newjournal.org zenodo.org 6 birliklar nutqda tayyor holda paydo bo‘ladi va gap tarkibida yagona bo‘lak vazifasini bajaradi. Frazeologizm tarkibidagi so‘zlar mustaqil ma’noga ega bo‘lmay, faqat uning ichki tarkibiy qismlari sifatida namoyon bo‘ladi. Ular gapning boshqa bo‘laklari bilan alohida-alohida emas, balki bir butun holda munosabatga kirishadi. Frazeologizmlar, ya’ni frazeologik birliklar ma’noni ifodalash usuliga ko‘ra uch turga ajratiladi: frazeologik butunliklar, frazeologik chatishmalar va frazeologik qo‘shilmalar. Buyuk tilshunos V. Vinogradov frazeologik birliklarning asosiy xususiyati ularning shaklan barqarorligida degan fikrni ilgari surgan. Uning fikricha, frazeologik birliklar nutq jarayonida alohida so‘zlar kabi qayta-qayta yaratilmaydi, balki inson ongida tayyor holda saqlanadi. Muloqot jarayonida esa kamida ikki mustaqil so‘zning tabiiy qotishma singari birlashib, yagona va yaxlit ma’no hosil qilishi natijasida yuzaga keladi4. Frazeologik birliklar insonning hayot kechirishi, turmush tarzi, kundalik faoliyati hamda jismoniy holatini ifodalash ehtiyoji asosida yuzaga kelganligi bois, ularning tarkibida ot turkumiga mansub so‘zlar juda faol ishtirok etadi. Shu bilan birga, frazemalar insonning harakat va faoliyatini ifodalashga xizmat qilgani sababli, ularning tarkibida fe’l turkumiga oid birliklar yetakchi o‘rinni egallaydi. Bundan tashqari, aynan fe’l leksemalar frazemalarning leksik hamda grammatik xususiyatlarini belgilovchi asosiy omil hisoblanadi. Fe’l frazeologik birliklar obrazliligi, ifodaning jonliligi va kuchli ta’sirchanligi bilan ajralib turadi. Ular fikrni aniq va qisqa shaklda bayon etish, shuningdek, shaxs yoki predmetning holatini tasviriy tarzda ifodalashga xizmat qiladi. Bunday fe’l frazeologik birliklar shaxs yoki predmetning turli holatlarini anglatadigan umumiy semantik belgilari asosida yagona frazeosemantik guruhni tashkil etadi. Holat ma’nosini ifodalovchi fe’l frazeologik birliklar mazmuniga ko‘ra to‘rtta semantik guruhga ajratiladi: Birinchi guruhga ruhiy holatni bildiruvchi fe’l frazeologik birliklar kiradi, masalan:qovog‘i solinmoq, ko‘ngliga og‘ir kelmoq, yuragini tirnamoq; Ikkinchi guruhni emotsional holatni ifodalovchi birliklar tashkil etadi: boshi ko‘kka 4 Виноградов В. В. Избранные труды. Лексикология и лексикография. - М., 1977.- 118 с.
newjournal.org zenodo.org 7 yetmoq, terisiga sig‘may ketmoq. Uchinchi guruhga aqliy holatni anglatadigan fe’l frazeologik birliklar mansub bo‘lib, ularga aqlni yemoq, bosh qotirmoq kabi misollar kiradi. To‘rtinchi guruh esa fizik holatni bildiruvchi fe’l frazeologik birliklardan iborat: bardosh bermoq, o‘z boshiga ish orttirmoq va boshqalar. Ba’zi fe’l frazeologik birliklar shunchalik obrazli va ta’sirchanki, ular bir vaqtning o‘zida ikki xil holat yoki xususiyatni ifodalashi mumkin. Masalan, o‘ziga kelmoq fe’l frazeologik birligi ham ruhiy holatni (anglash, to‘g‘ri idrok etish), ham jismoniy holatni (avvalgi ahvoliga qaytish) anglatadi. Mazkur birlikning qaysi ma’noda qo‘llanilgani esa matn va kontekst orqali aniqlanadi. Zamonaviy tilshunoslik nazariyalarida frazeologiya murakkab va ko‘p darajali tadqiqot obyekti sifatida e’tirof etilmoqda. Kognitiv yondashuv doirasida frazeologik birliklar inson tafakkuriga xos metaforik modellashtirish natijasi sifatida talqin qilinadi. Jumladan, ingliz tilidagi “to break the ice” iborasi ijtimoiy munosabatlardagi psixologik to‘siqni jismoniy harakat obrazi orqali konseptual ifodalashga xizmat qiladi. Pragmatik nuqtayi nazardan esa frazeologizmlar nutqning ekspressivligini oshirib, axborotga emotsional ohang bag‘ishlaydi. Bunga namuna qilib o‘zbek tilida qo‘llaniladigan “boshiga kulfat tushmoq” iborasi oladigan bo‘lsak, u salbiy mazmundagi xabarni kuchli hissiy ta’sir bilan yetkazish vazifasini bajaradi. Lingvomadaniy yondashuvda frazeologiya milliy tafakkur va madaniy tajribaning til orqali aks etuvchi ifodasi sifatida o‘rganiladi. Shu bois tarjima jarayonida inglizcha “to spill the beans” iborasini so‘zma-so‘z tarjima qilmasdan, uning mazmuniga mos keluvchi “sirni oshkor qilmoq” kabi funksional ekvivalentidan foydalanish zarur. XULOSA Frazeologiya fani tilshunoslikning muhim va istiqbolli yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, u tilning semantik, madaniy va kognitiv qatlamini o‘rganadi. Uning rivojlanish bosqichlari frazeologiyaning ilmiy tadqiq qilish tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Frazeologik birliklar nutqning ixchamligi va ta’sirchanligini ta’minlab, fikrni obrazli ifodalashda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Ayniqsa, kognitiv va lingvomadaniy yondashuvlarning rivojlanishi frazeologiyani zamonaviy
newjournal.org zenodo.org 8 lingvistikaning dolzarb tadqiqot obyektiga aylanib, til, tafakkur va madaniyat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yorituvchi muhim ilmiy soha sifatida namoyon bo‘lmoqda. Foydalanilgan adabiyotlar rо‘yxati: 1. Арнольд И.В. Лексикология современного английского языка. – М: Высшая школа, 1969. – C. 187 2. Umarxoʻjaev M.E. Olmon tili leksikologiyasi va frazeologiyasi. – Andijon: ADTPI, 2010. – B. 55. 3. Виноградов В.В. Основные понятия русской фразеологии как лингвистической дисциплины. Избраннные труды. Лексикология и лексикография. – Москва, 1977. – С. 118-139. 4. Виноградов В. В. Избранные труды. Лексикология и лексикография. - М., 1977.- 118 с. 5. Пинхасов Я.Д. Ҳозирги ўзбек адабий тили. Лексикология ва фразеология. Тошкент: Ўқитувчи, 1969. 6. Йўлдошев Б. Фразеологик услубият асослари. – Самарқанд, СамДУ нашри, 1999. 7. Маматов А.Э. Ҳозирги замон ўзбек адабий тилида лексик ва фразеологик норма муаммолари. – Тошкент:1991. 8. Раҳматуллаев Ш. Ўзбек тилида феъл фраземаларнинг боғлашуви. - Тошкент: Университет, 1992.