Full text
Dekabr, 2025-Yil 178 ADVOKAT STAJYORI FAOLIYATIGA OID ME’YORIY-HUQUQIY HUJJATLAR TAHLILI Zaripov Fazliddin Shamsiddinovich Toshkent davlat yuridik universitetining mustaqil izlanuvchisi. E-mail: [email protected] https://doi.org/10.5281/zenodo.18002833 So‘nggi yillarda mamlakatimizda advokatura institutini rivojlantirish va uning funksional imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tizimli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Mazkur islohotlar natijasida fuqarolarning ushbu institutga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, advokatura faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish hamda jamiyatda uning ijtimoiy ahamiyatini yanada oshirishga erishildi. Xususan, Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan har bir shaxsning malakali yuridik yordam olish huquqini kafolatlash yo‘lida samarali chora-tadbirlar ko‘rilib, bu borada muayyan ijobiy natijalarga erishildi. Shu bilan birga, advokatura faoliyatini tashkil etish, advokatlarning huquqiy maqomini mustahkamlash va ularning kasbiy faoliyatini erkin amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan normativ-huquqiy baza bosqichma-bosqich takomillashib bormoqda. Bugungi kunda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar izchil davom ettirilmoqda hamda advokatura institutining huquqiy asoslarini yanada mukammallashtirish orqali fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Advokat stajyorining kasbiy faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida ushbu institutga oid normativ-huquqiy hujjatlarni chuqur o‘rganish va ilmiy-huquqiy tahlil etish zaruriyati mavjud, deb hisoblanadi. Mazkur yondashuv stajyorlik jarayonining huquqiy asoslarini puxta anglash, amaliyotda uchraydigan muammolarni aniqlash hamda ularni samarali hal etishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, normativ-huquqiy bazani ilmiy nuqtai nazardan tahlil etish advokat stajyorining kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirish, amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash va uning advokatura institutidagi o‘rnini huquqiy jihatdan yanada mustahkamlashga imkon yaratadi. 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida advokaturaga oid ikki norma mustahkamlab qo‘yildi. Mazkur konstitutsiyaviy normalarning belgilanishi advokatura institutining huquqiy maqomini yanada mustahkamlash, uning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rnini oshirish hamda fuqarolarning malakali yuridik yordam olish huquqini konstitutsiyaviy darajada kafolatlashga xizmat qildi. Shu bilan birga, ushbu yangilik advokatura institutiga bo‘lgan ijtimoiy ishonchning sezilarli darajada ortishiga, shuningdek, uning funksional imkoniyatlarining kengayishiga muhim huquqiy zamin yaratdi 1 . Shuni alohida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan keyingi davrda advokatura institutining huquqiy asoslarini shakllantirish milliy huquqiy tizim taraqqiyotida ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida namoyon bo‘ldi. 1 Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.05.2023-y., 03/23/837/0241-son
Dekabr, 2025-Yil 179 Shu munosabat bilan, 1996-yil 27-dekabrda qabul qilingan “Advokatura to‘g‘risida”gi 349–I-son Qonun 2 advokatlik faoliyatini normativ-huquqiy tartibga solishga qaratilgan ilk asosiy huquqiy hujjat bo‘lib, tarixiy ahamiyat kasb etdi. Biroq mazkur qonunda advokat stajyori institutiga oid normalarning mavjud emasligi e’tiborga molikdir. Xususan, unda advokat stajyorining huquqiy maqomi, kasbiy tayyorgarlik tartibi, uning huquq va majburiyatlari hamda stajirovka jarayonining tashkiliy-huquqiy asoslari bo‘yicha me’yorlar umuman nazarda tutilmagan. Bu holat advokatura institutining to‘laqonli shakllanishi va rivojlanishi jarayonida muayyan huquqiy bo‘shliqni yuzaga keltirganligi bilan ahamiyatlidir. O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabr kuni qabul qilingan “Advokatura instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–198-son Qonuni asosida O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrda qabul qilingan “Advokatura to‘g‘risida”gi 349-I-sonli Qonuni “81-modda. Advokatning stajyori” moddasi bilan to‘ldirildi 3 . Unga ko‘ra, kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lgan advokat stajyorga ega bo‘lishga haqli ekanligi, oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan shaxs advokatning stajyori bo‘lishi mumkinligi, belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, shuningdek sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs advokatning stajyori bo‘lishi mumkin emasligi, stajirovka advokatlik tuzilmasida o‘talishi, advokatning stajyori o‘z faoliyatini advokat rahbarligida, uning alohida topshiriqlarini bajargan holda amalga oshirilishi, stajyor advokatlik faoliyati bilan mustaqil ravishda shug‘ullanishga haqli emasligi, advokat stajyorining mehnat sharoitlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladigan mehnat shartnomasi bilan belgilanishi qayd etilgan. Advokat stajyorining faoliyatini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Advokatlar palatasi bilan kelishilgan holda belgilanishi ham alohida belgilangan. Mazkur Qonun bilan advokat stajyori advokatlik siri bo‘lmish ma’lumotlarni oshkor etishi va bu ma’lumotlardan o‘z manfaatlari yoki uchinchi shaxslar manfaatlari yo‘lida foydalanishi man etilishiga oid norma kiritildi. Shu bilan birga, ushbu Qonun asosida O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 25-dekabrda qabul qilingan “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi 721-I-sonli Qonuniga advokatning stajyoridan advokatlik siri predmeti hisoblangan holatlar to‘g‘risida biron-bir tushuntirish yoki ko‘rsatuvlar berishni talab qilish, shuningdek ular haqida tezkor-qidiruv faoliyatida, jinoyat ishlari, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar va boshqa ishlarni yuritishda foydalanish uchun biron-bir material taqdim etishni talab qilish man etilishiga oid norma kiritilganligi katta ahamiyatga ega bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2009-yil 27-martdagi 79-mh-son buyrug‘i bilan Advokat stajyorining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan 4 . 2 O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 48-modda; 2001-y., 1-2-son, 23-modda; 2003-y., 5-son, 67-modda; 2004-y., 1-2-son, 18-modda 3 O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 52-son, 514-modda 4 O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 13-son, 152-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.01.2018-y., 10/18/1928-1/0520-son, 13.12.2018-y., 10/18/1928-2/2305-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son
Dekabr, 2025-Yil 180 Mazkur nizom O‘zbekiston Respublikasining “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq advokat stajyorining faoliyatini tashkil etish tartibini belgilab bergan. Advokat stajyorining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomda advokat stajyori bo‘lish uchun talablar, stajirovka o‘talishini rasmiylashtirish, stajirovkani tashkil etish, stajyorning huquq va majburiyatlari, stajirovka yakunlarini chiqarish, stajyor bilan mehnat shartnomasi (kontrakt) bekor qilishga oid asosiy qoidalar belgilangan. Biroq ushbu nizom O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 3-iyundagi 10mh-sonli “Advokat stajyori va yordamchisining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3517, 04.06.2024-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan. 5 Bugungi kunda advokat stajyorining faoliyatiga oid asosiy qoidalar O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 3-iyundagi 10-mh-son buyrug‘iga 1-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan Advokat stajyori va yordamchisining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom asosida amalga oshirilmoqda. Ushbu nizomning o‘ziga xos jihati shundaki, stajyorning asosiy ish joyi stajirovka o‘tayotgan advokatlik tuzilmasi ekanligiga oid qoidasi bekor qilinib, endilikda o‘rindoshlik asosida ham stajirovka o‘tash mumkin bo‘ldi. Bu o‘zgarish advokat stajyorlari sonining keskin oshib ketishiga olib keldi. Bundan tashqari, stajirovkaga oid yana bir o‘zgarish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-maydagi PF–5441-son Farmoni asosida amalga oshirilgan 6 . Xususan, 2018-yil 1-iyuldan boshlab advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun advokatlik tuzilmasida majburiy stajirovka o‘tash muddati olti oydan uch oyga qisqartirilishi, bunda davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimlari va sudya, tergovchi yoki prokuror lavozimida kamida uch yil faoliyat yuritgan shaxslar majburiy stajirovkadan ozod etilishi belgilab berildi. Mazkur o‘zgarishlar O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrda qabul qilingan “Advokatura to‘g‘risida”gi 349–I-sonli Qonuniga O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 11oktabr kuni qabul qilingan “Yuridik yordam va huquqiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–497-son Qonuni asosida kiritilgan 7 . Advokat stajyoriga oid mazkur o‘zgarishlar kelgusida malakali va raqobatbardosh advokatlarning shakllanishi uchun huquqiy hamda tashkiliy zamin yaratishi shubhasizdir. Zero, stajyorlik faoliyatining aniq tartibga solinishi, uning huquq va majburiyatlari hamda kasbiy tayyorgarlik jarayonining huquqiy asoslarda belgilanishi advokat kadrlarining kasbiy mahoratini oshirishga, ularning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga va natijada, advokatura institutining samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi. Bizning fikrimizcha, advokat stajyoriga oid asosiy qoidalar qonun darajasida belgilanishi lozim. Shu bilan birga, advokat stajyori faoliyatiga doir normativ-huquqiy hujjatlarning har tomonlama va chuqur o‘rganilishi kelgusida ushbu yo‘nalishda mavjud bo‘lgan kamchiliklarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish uchun muhim ilmiy-amaliy qadam hisoblanadi. 5 Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.06.2024-y., 10/24/3517/0401-son 6 Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.05.2018-y., 06/18/5441/1210-son 7 Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2018-y., 03/18/4972044-son; 08.01.2020-y., 03/20/601/0025-son
Dekabr, 2025-Yil 181 Bu esa, o‘z navbatida, stajyorlik institutini huquqiy jihatdan takomillashtirish, uning tashkiliy-huquqiy asoslarini mustahkamlash va advokat kadrlarini tayyorlash tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.