scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

INGLIZ VA O'ZBEK SPORT JURNALISTIKASIDA EMOTSIONAL LEKSIKANING FUNKSIONAL-SEMANTIK TAHLILI

Mamanazarova Diyora Dilshod qizi

Abstract

INGLIZ VA O'ZBEK SPORT JURNALISTIKASIDA EMOTSIONAL LEKSIKANING FUNKSIONAL-SEMANTIK TAHLILI

Full text

332 INGLIZ VA O‘ZBEK SPORT JURNALISTIKASIDA EMOTSIONAL LEKSIKANING FUNKSIONAL-SEMANTIK TAHLILI FUNCTIONAL-SEMANTIC ANALYSIS OF EMOTIONAL VOCABULARY IN ENGLISH AND UZBEK SPORTS JOURNALISM Mamanazarova Diyora Dilshod qizi O‘qituvchi, Ingliz tili tarjima nazariyasi kafedrasi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Annotatsiya. Maqolada ingliz va o‘zbek sport jurnalistikasida emotsional leksikaning funksional-semantik xususiyatlari qiyosiy tahlil qilinadi. Tadqiqot sport media diskursida baholovchanlik va ekspressivlikni yuzaga keltiruvchi leksik vositalarning semantik maydoni, ularning pragmatik vazifalari hamda milliy-madaniy farqlarini aniqlashga qaratilgan. Tahlil natijalari sport matnlarida emotsional baholashning kommunikativ ahamiyatini yoritadi. Kalit so‘zlar: emotsional leksika; sport jurnalistikasi; baholovchanlik; ekspressivlik; pragmatika; qiyosiy tahlil. Abstract. The article presents a comparative analysis of the functional-semantic features of emotional vocabulary in English and Uzbek sports journalism. The study focuses on identifying the semantic field of lexical means that convey evaluative and expressive functions in sports media discourse, their pragmatic roles, and the nationalcultural differences. The analysis results highlight the communicative significance of emotional evaluation in sports texts. Keywords: emotional vocabulary; sports journalism; evaluativeness; expressiveness; pragmatics; comparative analysis. Аннотация. В статье проводится сравнительный анализ функциональносемантических особенностей эмоциональной лексики в английской и узбекской спортивной журналистике. Исследование направлено на выявление семантического поля лексических средств, которые создают оценочность и экспрессивность в дискурсе спортивных СМИ, их прагматических функций, а также национально-культурных различий. Результаты анализа освещают коммуникативное значение эмоциональной оценки в спортивных текстах. Ключевые слова: эмоциональная лексика; спортивная журналистика; оценочность; экспрессивность; прагматика; сравнительный анализ. Kirish. Zamonaviy sport jurnalistikasi tezkorlik, dinamiklik va auditoriyaga kuchli emotsional ta’sir ko‘rsatishga qaratilganligi bilan boshqa media turlaridan ajralib turadi. Sport musobaqalari jarayoni, g‘alaba va mag‘lubiyat kabi holatlar jurnalist nutqida emotsional baholashning faol qo‘llanishini talab etadi. Shu bois sport matnlarida ekspressiv leksika, intensifikatorlar, metaforik birliklar va baholovchi vositalar keng uchraydi. Ushbu lingvistik elementlar nafaqat mazmunni kuchaytiradi, balki voqea dramatizmini yaratish, auditoriya e’tiborini jalb etish va sport hodisasiga nisbatan muayyan munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi. Ingliz va o‘zbek sport jurnalistikasi diskursi o‘zining til tizimi, uslubiy normasi va madaniy qadriyatlari bilan farqlanadi. Shuning uchun ushbu ikki til materiallarida 333 emotsional leksikaning qo‘llanishini qiyosiy o‘rganish baholovchanlikning milliymadaniy asoslarini, shuningdek, sport media nutqidagi umumiy va o‘ziga xos tendensiyalarni aniqlash imkonini beradi. Mazkur tadqiqot sport matnlaridagi emotsional birliklarning funksional-semantik xususiyatlarini yoritish, ularning pragmatik yuklamalarini ochib berish hamda ingliz va o‘zbek sport jurnalistikasida emotsional baholashning o‘xshash va farqli jihatlarini belgilashni maqsad qiladi. Tadqiqot materiali va metodlari. Tadqiqot materiali sifatida ingliz tilidagi sport jurnalistikasining yirik media platformalari — BBC Sport, Sky Sports va The Guardian Sport — hamda o‘zbek tilidagi yetakchi sport nashrlari — Tribuna.uz, Sports.uz va UzReport TV — dan olingan 200 dan ortiq mediamatnlar korpusi shakllantirildi. Ushbu matnlar turli janrlarni qamrab oldi: yangiliklar, sharhlar, reportajlar, musobaqa tahlillari, intervyular va jonli translyatsiya matnlari. Korpusning janrlar bo‘yicha turlicha bo‘lishi emotsional leksikaning real diskursiyaviy sharoitlarda qanday ishlatilishini aniqlash imkonini berdi. Tahlil jarayonida quyidagi ilmiy metodlar majmuasi qo‘llandi: 1.Deskriptiv-lingvistik tahlil [1]. Bu metod orqali emotsional leksikaning strukturaviy-semantik xususiyatlari, denotativ va konnotativ qatlamlari, emotsionalintensifikatorlarning kuchaytiruvchi funksiyalari aniqlab chiqildi. Mazkur yondashuv til birliklarini tizimli tavsiflash, ularning nutqdagi distributsiyasi va kombinator imkoniyatlarini o‘rganish imkonini berdi. 2. Kontekstual-pragmatik tahlil [2]. Pragmatika nazariyalariga tayangan holda emotsional birliklarning matndagi real kommunikativ maqsadlari, baholovchanlikning yuzaga kelish mexanizmlari, jurnalistning illokutsional niyati va perlokutsional ta’siri tahlil qilindi. Bu usul sport voqealariga berilgan emotsional-baholovchi munosabatning matnning umumiy diskursiv tuzilishiga qanday xizmat qilishini ochib berdi. 3. Qiyosiy (komparativ) tahlil [3]. Ingliz va o‘zbek sport jurnalistikasining baholovchi leksikasi o‘rtasidagi strukturaviy, semantik va pragmatik farqlar ushbu yondashuv yordamida aniqlanadi. Komparativ tahlil ikki tilning madaniy-pragmatik kodlari, ekspressivlik darajalari, metaforik resurslari va diskurs strategiyalaridagi farqlanishni ko‘rsatishga xizmat qildi. 4. Korpus lingvistikasi asosidagi tahlil [4]. Korpus metodlari yordamida emotsional birliklarning qo‘llanish chastotasi, semantik maydonlar bo‘yicha taqsimoti, so‘z yasalish modellari va kollokatsion xususiyatlari statistik jihatdan qayd etildi. Bu yondashuv emotsional leksikaning sport diskursida eng faol ishlatiladigan birliklari va ularning tipik kontekstlarini aniqlash imkonini berdi. 5. Semantik-maydon tahlili [5]. Emotsional leksika mazmuniy jihatdan guruhlanib, “g‘alaba”, “mag‘lubiyat”, “jasorat”, “keskinlik”, “kutilmagan holat”, “dramatizm” kabi konseptual maydonlarga ajratildi. Bu metod turli tillarda sport diskursining konseptual manzarasini qiyosiy tahlil qilish, emotsional baholashning kognitiv-madaniy asoslarini yoritish imkonini berdi. 6. Diskurs tahlili [6]. Sport jurnalistika diskursining baholovchanlikni shakllantiruvchi strategiyalari, narrativ struktura, dramatizatsiya elementi, auditoriyani jalb etish mexanizmlari va media ideologiyasi bilan bog‘liq tahlillar ushbu yondashuv 334 asosida amalga oshirildi. Diskurs tahlili emotsional leksikaning faqat semantik emas, balki ijtimoiy-konseptual vazifalarini ham ochib berishga xizmat qildi. Muhokama. 1. Emotsional leksikaning asosiy semantik maydonlari. Korpus asosidagi tahlil ingliz va o‘zbek sport jurnalistikasida emotsional leksikaning bir nechta ustuvor semantik maydonlarda to‘planganini ko‘rsatdi. Eng faol konseptual maydonlardan biri “g‘alaba” bo‘lib, ingliz matnlarida historic win, brilliant victory, o‘zbek matnlarida esa yorqin g‘alaba, ulkan muvaffaqiyat kabi birliklar aniq emotsional baholovchanlikni yuzaga chiqaradi. Bu birliklar sport voqeasining ahamiyatini oshirish, voqelikni dramatik darajada yoritish va auditoriyada ijobiy hissiy kayfiyat shakllantirishga xizmat qiladi. “Mag‘lubiyat” maydoni har ikki tilda ham emotsional intensivlikning yuqori darajada namoyon bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Ingliz matnlarida crushing defeat, painful loss kabi konstruksiyalar sport jamoasining ruhiy holati va mag‘lubiyat og‘irligini kuchaytiradi, o‘zbek matnlarida esa og‘ir mag‘lubiyat, achchiq yo‘qotish kabi ifodalar ko‘proq obrazlilik va milliy hissiyot bilan boyitilgan. “Dramatizm va keskinlik” maydoni sport o‘yinining dinamik tabiatini aks ettiruvchi eng faol semantik guruhlardan biridir. Ingliz matnlaridagi intense moments, dramatic finish kabi birliklar raqobatning keskin bosqichlarini emotsional tasvirlashga qaratilgan bo‘lsa, o‘zbek matnlaridagi keskin bahs, shiddatli o‘yin ifodalari voqea dramatizmini yanada kuchaytiradi. “Jasorat va kurash” maydoni ham sport jurnalistikasida asosiy konseptlardan biri sifatida ajraladi. Ingliz tilidagi heroic effort konstruksiyasi sportchining irodaviy va ruhiy kuchini ta’kidlasa, o‘zbek tilida jasoratli o‘yin kabi birliklar milliy estetik qadriyatlar bilan boyigan holda qo‘llanadi.Umuman olganda, ushbu semantik maydonlarning faol qo‘llanishi sport voqealarining emotsional fonini kuchaytiradi, auditoriyaning hissiy ishtirokini oshiradi va media nutqining ekspressiv potensialini sezilarli darajada kengaytiradi [5]. 2. Ingliz sport jurnalistikasining xususiyatlari. Ingliz sport jurnalistikasi tahlili emotsional leksikaning qo‘llanishi aniq kommunikativ tamoyillar bilan boshqarilishini ko‘rsatdi. Avvalo, ingliz matnlarida metaforik strukturalar keng tarqalgan bo‘lib, battle, warrior, thriller match kabi birliklar sportni jang, qahramonlik va dramatik qarama-qarshilikka qiyoslash bilan ajralib turadi. Bu holat ingliz media diskursida sportni ijtimoiy-psixologik hodisa sifatida talqin qilishning keng tarqalganligini ko‘rsatadi. Shuningdek, ingliz matnlarida intensifikatorlar faol qo‘llanadi: absolutely, unbelievably, incredibly kabi so‘zlar voqeaga emotsional kuch bag‘ishlaydi, lekin bu kuchaytirish odatda stilistik me’yorni buzmaydi. Bu ingliz jurnalistikasining nisbatan balanslangan, analitik ruh bilan uyg‘unlashgan ekspressivlikni saqlashga intilishini tasdiqlaydi. Ingliz matnlarida baholash ko‘pincha statistik dalillar, faktlar va mantiqiy qaydlar bilan birga keladi, bu esa emotsional leksikaning mantiqiy asoslangan yondashuv bilan uyg‘un qo‘llanilishini ko‘rsatadi [1]. Shunday qilib, ingliz sport jurnalistikasida emotsionallik kuchli bo‘lsa-da, u aniq struktura va professional media etikasi doirasida shakllanadi. 335 3. O‘zbek sport jurnalistikasining xususiyatlari. O‘zbek sport jurnalistikasida emotsional leksika ancha obrazli, jo‘shqin va hissiy kuchga ega bo‘lib, milliy nutq madaniyatining o‘ziga xosliklarini aks ettiradi. Oltin imkoniyat, jonbozlik ko‘rsatdi, shiddatli kurash kabi birliklar o‘zbek sport diskursining emotsional-estetik tabiatini yaqqol ifodalaydi. O‘zbek matnlarida jurnalistning sub’yektiv munosabati va emotsional pozitsiyasi ko‘proq ochiq aks etadi. Bu matnlarda sport jarayonining dramatizmi va sportchilarning ruhiy holati ko‘pincha kuchli ekspressivlik bilan yoritiladi, bu esa o‘quvchi bilan emotsional yaqinlikni ta’minlaydi.Shuningdek, o‘zbek sport jurnalistikasida milliy-madaniy konnotatsiyalar sezilarli bo‘lib, bu sport voqealarini faqat informativ emas, balki tarbiyaviy, motivatsion va ijtimoiy ahamiyatga ega hodisa sifatida ko‘rsatish tendensiyasini yuzaga chiqaradi [7]. 4. Chastotaviy kuzatishlar. Chastotaviy tahlil shuni ko‘rsatadiki, emotsional leksikaning umumiy qo‘llanish darajasi o‘zbek sport matnlarida ingliz matnlariga nisbatan 15–20% yuqori. Bu holat o‘zbek media diskursining ko‘proq ekspressiv, hissiy va qahramonlik ruhiga yo‘naltirilganligini tasdiqlaydi. Ingliz matnlarida emotsional ta’sir ko‘pincha adverbial kuchaytiruvchilar (masalan, unbelievably, incredibly) orqali beriladi, bu esa sintaktik jihatdan ixcham, lekin semantik jihatdan kuchli ifodalilik yaratadi. Aksincha, o‘zbek matnlarida metaforik sifatlar va metafora asosidagi birikmalar (masalan, shiddatli, keskin, oltin) ustunlik qiladi; bu esa ekspressivlikni ko‘proq tasviriy vositalar orqali yuzaga chiqaradi. Mazkur natijalar ingliz va o‘zbek sport jurnalistikasida emotsional leksikaning qo‘llanishi ikki xil stilistik va madaniy kommunikativ an’analar asosida shakllanishini ko‘rsatadi. Natijalar. Tadqiqot natijalari ingliz va o‘zbek sport jurnalistikasida emotsional leksikaning asosiy kommunikativ funksiyalari — dramatizatsiya yaratish, baholovchanlikni shakllantirish, auditoriyani voqea jarayoniga jalb etish — har ikki til diskursida umumiy ekanini ko‘rsatdi. Bu funksiyalar sport media nutqining universal diskursiv xususiyatlari sifatida namoyon bo‘ladi. Biroq emotsional birliklarning tanlanishi, qo‘llanish darajasi va stilistik kuchi har ikki tilda turlicha bo‘lib, bu farqlanish asosan madaniy, psixologik va kommunikativ an’analar bilan belgilanadi [6]. Ingliz sport jurnalistikasi o‘ziga xos neytral, analitik va balanslangan media uslubiga ega. Matnlarda emotsionallik mavjud bo‘lsa-da, u odatda mantiqiy dalillar, statistika va faktlar bilan uyg‘unlashtirilgan holda ifodalanadi. Jurnalistning sub’yektiv hissiyati yaqqol namoyon bo‘lmaydi; aksincha, emotsional birliklar voqeani xolis talqin qilishga xalaqit bermaydigan tarzda, nazorat ostida qo‘llanadi. Bu ingliz media nutqiga xos professional distansiya tamoyillarining saqlanishi bilan bog‘liqdir. O‘zbek sport jurnalistikasida esa aksincha, jo‘shqinlik, obrazlilik, ekspressivlik va hissiy ochiqlik yuqori darajada namoyon bo‘ladi. Jurnalist voqeaga nisbatan shaxsiy munosabatini yashirmaydi; u sportchilarning harakatlarini ko‘pincha metaforalar, kuchli sifatlar, milliy-madaniy assotsiatsiyalar orqali baholaydi. Bunda o‘zbek ommaviy nutq madaniyatining hissiylikka moyilligi, voqealarni yorqin obrazlar bilan tasvirlashga intilishi aks etadi [7]. Shunday qilib, ingliz va o‘zbek sport mediasi o‘rtasidagi farqlar emotsional baholashning til tizimi va madaniy kontekstga uzviy bog‘liqligini yaqqol tasdiqlaydi. Ingliz tilida emotsional vositalar ko‘proq 336 funksional va nazorat ostidagi ekspressivlikka ega bo‘lsa, o‘zbek tilida ular kuchli hissiy ta’sir, obrazlilik va milliy mentalitetga xos ifoda vositalari bilan boyitiladi. Bu holat sport diskursida emotsional leksikaning qo‘llanishi faqat lingvistik omillarga emas, balki jamiyatning kommunikativ ehtiyojlari va estetik qadriyatlariga ham bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Xulosa. Tadqiqot ingliz va o‘zbek sport jurnalistikasida emotsional leksikaning sport voqealarini baholash, dramatizatsiya qilish va auditoriyani jalb etishdagi asosiy kommunikativ vosita ekanini ko‘rsatdi. Har ikki til diskursida emotsional birliklar umumiy funksional-semantik vazifalarni bajarsa-da, ularning tanlanishi va ifodalanish darajasida madaniy omillarga bog‘liq sezilarli farqlar mavjud. Ingliz sport mediasi analitik va balanslangan emotsionallikka tayanadi, o‘zbek mediasi esa jo‘shqin, obrazli va milliy nutq madaniyatiga xos ekspressiv ifodalarga moyildir. Olingan natijalar sport mediadiskursining emotsional mexanizmlarini chuqurroq o‘rganish hamda qiyosiy lingvistik tadqiqotlarni davom ettirish uchun nazariy asos yaratadi. Foydalanilgan adabiyotlar 1 Fairclough N. Media Discourse. — London: Edward Arnold, 1995. — 214 b. 2 Levinson S. C. Pragmatics. — Cambridge: Cambridge University Press, 1983. — 420 b. 3 James C. Contrastive Linguistics. — London: Longman, 1980. — 254 b. 4 Sinclair J. Corpus, Concordance, Collocation. — Oxford: Oxford University Press, 1991. — 179 b. 5 Lehrer A. Semantic Fields and Lexical Structure. — Amsterdam: NorthHolland Publishing Company, 1974. — 132 b. 6 van Dijk T. A. Discourse and Communication: New Approaches to the Analysis of Mass Media Discourse and Communication. — London: Sage Publications, 1985. — 312 b. 7 Wodak R., Meyer M. Methods of Critical Discourse Analysis. — London: Sage Publications, 2001. — 268 b.