ZAMONAVIY TARJIMON DASTURLARNING O'ZBEK-ARAB TILIDAGI TARJIMA SIFATIGA TA'SIRI
Abstract
ZAMONAVIY TARJIMON DASTURLARNING O'ZBEK-ARAB TILIDAGI TARJIMA SIFATIGA TA'SIRI
Full text
523 ZAMONAVIY TARJIMON DASTURLARNING O‘ZBEK-ARAB TILIDAGI TARJIMA SIFATIGA TA’SIRI THE IMPACT OF MODERN TRANSLATION PROGRAMS ON THE QUALITY OF UZBEKI-ARABIC TRANSLATION ВЛИЯНИЕ СОВРЕМЕННЫХ ПРОГРАММ ПЕРЕВОДА НА КАЧЕСТВО ПЕРЕВОДА С УЗБЕКСКО-АРАБСКОГО ЯЗЫКА Sharofiddinova Shirin Xurshidbek qizi O‘zDJTU Tarjimonli fakulteti talabasi [email protected] Annotatsiya. Ushbu maqolada zamonaviy tarjima dasturlarining arab tilidagi tarjima sifatiga ta’siri ilmiy jihatdan tahlil qilinadi.Hozirgi raqamlashtirish davrida sun’iy intellekt asosida faoliayat yuritayotgan tarjima platformalarining imkoniyatlari, afzalliklari va kamchiliklari yoritib beriladi.Xususan, avtomatik tarjima jarayonida arab tiliga xos bo‘lgan grammatik tuzilma, so‘zlarning ko‘p ma’noliligi, ibora va frazeologik birliklarning tarjimasida yuzaga kelayotgan muammolar ko‘rib chiqiladi.Shuningdek maqolada inson tarjimoni va tarjima dasturlari o‘rtasidagi farqlar, ularning tarjimashunoslikdagi o‘rni va kelajakdagi istiqbollari tahlil qilinadi.Tadqiqot natijalari zamonaviy tarjima vositalaridan samarali foydalanish va tarjima sifatini oshirishga xizmat qiladi. Kalit so‘zlar: tarjima dasturlari, sun’iy intellekt, arab tili, avtomatik tarjima, tarjima sifati, tarjimashunoslik. KIRISH Bugungi globallashuv va raqamlashtirish davrida tillararo muloqotning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Xususan, xalqaro siyosat, iqtisodiyot, ta’lim, fan va madaniyat sohalarida tarjima faoliyati muhim o‘rin egallamoqda. Shu jarayonda arab tili ham dunyo miqyosida yetakchi tillardan biri sifatida keng qo‘llanilmoqda. Arab tilida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, diniy manbalar, axborot resurslari va ommaviy axborot vositalari tarjimaga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshirmoqda. So‘nggi yillarda axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi natijasida zamonaviy avtomatik tarjima dasturlari keng ommalashdi ( Hutchins & Somers, 2013). Jumladan, Google Translate, ChatGPT kabi sun’iy intellekt asosida ishlovchi platformalar millionlab foydalanuvchilar tomonidan kundalik tarjima jarayonida faol qo‘llanilmoqda ( Google,2024; OpenAI, 2024). Ushbu dasturlar tezkorligi, qulayligi va bepul foydalanish imkoniyati bilan ajralib turadi. Biroq avtomatik tarjima tizimlarining arab tilidagi tarjimalari har doim ham mukammal va sifatli bo‘lavermaydi. Arab tilining murakkab grammatik tuzilishi, so‘zlarning ko‘p ma’noliligi, nahv va sarf qoidalarining kengligi, ibora va frazeologizmlarning tarjimasi avtomatik dasturlar uchun jiddiy muammolar tug‘dirmoqda (Salomov,2015). Ayniqsa, badiiy, diniy va ilmiy matnlar tarjimasida ma’no buzilishi, stilistik kamchiliklar va mantiqiy xatolar tez-tez uchrab turadi.
524 Shu sababli zamonaviy tarjima dasturlarining arab tilidagi tarjima sifatiga ta’sirini ilmiy jihatdan o‘rganish, ularning afzallik va kamchiliklarini tahlil qilish bugungi kunda dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. ASOSIY QISM 2.1. Zamonaviy tarjima dasturlari va turlari Hozirgi axborotlashgan jamiyatda tarjima jarayoni ham raqamli texnologiyalar bilan chambarchas bog‘lanib bormoqda. An’anaviy tarjima usullariga qo‘shimcha ravishda avtomatik tarjima tizimlari keng ommalashmoqda. Bunday tizimlar sun’iy intellekt asosida ishlab chiqilib, til birliklarini tezkor va qulay tarzda bir tildan ikkinchi tilga o‘girish imkonini beradi. Zamonaviy tarjima dasturlari, avvalo, mashina tarjimasi tamoyiliga asoslanadi. Mashina tarjimasi — bu kompyuter dasturlari yordamida inson aralashuvisiz yoki minimal aralashuv bilan matnni avtomatik tarjima qilish jarayonidir (Hutchins & Somers, 2013). Dastlab bunday tizimlar oddiy algoritmlar orqali ishlagan bo‘lsa, hozirgi kunda ular neyron tarmoqlar (neural networks) va sun’iy intellekt yordamida yanada takomillashgan (Nida, 2014). Bugungi kundagi eng mashhur avtomatik tarjima dasturlaridan biri Google Translate hisoblanadi. Ushbu dastur yuzdan ortiq tillarni, jumladan, arab tilini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Google Translate matn, ovoz, rasm va hatto real vaqt rejimidagi suhbatlarni tarjima qilish imkoniyatiga ega (Google, 2024). Talabalar, sayohatchilar, tarjimonlar va keng omma ushbu dasturdan kundalik hayotda faol foydalanib kelmoqda. So‘nggi yillarda sun’iy intellekt asosida ishlab chiqilgan yangi avlod tarjima vositalari ham paydo bo‘ldi. Jumladan, ChatGPT kabi sun’iy intellekt modellaridan ham tarjima jarayonida foydalanilmoqda. Ushbu tizimlar nafaqat so‘zma-so‘z tarjima, balki kontekstga mos holda izohli va ma’noli tarjima berishga ham harakat qiladi. Bu esa tarjima sifatining nisbatan oshishiga xizmat qilmoqda. Badiiy matn sintaksisi tarjimasi uchun mashqlar. Mazkur turdagi mashqlar badiiy tarjima jarayonida asliyat matni sintaksisi va uni tarjima matniga moslashtirish jarayonida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish usullari, asliyat va tarjima tillarining soʼz tartibi borasidagi farqlarni yoʼqqa chiqarish, badiiy matn tarjimasida qoʼllanadigan sintaktik transformatsiyalar inversiya, soʼz qoʼshish, soʼz tushirib qoldirish, transpozitsiyalar, boshqa soʼzlar bilan ifodalash, kengaytirish, soʼz tarkibini oʼzgartirish, antonimik tarjimadan foydalanish koʼnikma va malakalarini rivojlantirishga bagʼishlanadi 58 . Zamonaviy tarjima dasturlarini quyidagi turlarga ajratish mumkin: 1. Onlayn tarjima dasturlari Bu turdagi dasturlar internet tarmog‘i orqali ishlaydi. Ularga Google Translate, Bing Translator kabi platformalar kiradi. Bunday dasturlarning afzalligi — tezkorlik va foydalanishning qulayligi hisoblanadi. Kamchiligi esa internetga bog‘liqligidir. 2. Oflayn tarjima dasturlari 58 Yo’ldoshev U. BADIIY TARJIMANI O‘QITISHDA QO‘LLANADIGAN MASHQ VA TOPSHIRIQLAR TIZIMI //O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI XABARLARI, 2022, [1/9] ISSN 2181-7324.-109 b.
525 Bu turdagi dasturlar internetga ulanmasdan ham ishlay oladi. Asosan mobil ilovalar shaklida bo‘ladi. Oflayn tarjima dasturlari sayohat vaqtida yoki internet imkoniyati cheklangan hududlarda ayniqsa foydalidir. 3. Sun’iy intellekt asosidagi tarjima tizimlari Bular eng zamonaviy tarjima vositalari bo‘lib, matnni nafaqat so‘zma-so‘z, balki mazmun jihatidan ham tahlil qilib tarjima qilishga harakat qiladi. Bu turdagi dasturlar badiiy va ilmiy matnlarda ham nisbatan yaxshiroq natija ko‘rsatmoqda. 2.2. Zamonaviy tarjima dasturlarining arab tilidagi afzalliklari Zamonaviy tarjima dasturlarining rivojlanishi tarjima jarayonini sezilarli darajada yengillashtirdi. Ayniqsa, arab tiliga tarjima qilishda ushbu dasturlar tezkorlik, qulaylik va ommaboplik jihatidan muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda Google Translate, ChatGPT kabi dasturlar arab tiliga tarjimada keng qo‘llanilmoqda. Eng muhim afzalliklari: ❖ Tezkorlik ; Inson tarjimoni bir sahifalik matnni tarjima qilish uchun ma’lum vaqt sarflasa, avtomatik dasturlar bu jarayonni bir necha soniya ichida amalga oshiradi. Bu holat ayniqsa shoshilinch axborot, qisqa xabarlar, e’lonlar va kundalik muloqotda juda katta qulaylik yaratadi. ❖ Foydalanishga qulayligi; Tarjima dasturlaridan foydalanish uchun maxsus tayyorgarlik talab etilmaydi. Foydalanuvchi matnni kiritadi va natijani darhol qabul qiladi. Bundan tashqari, ko‘plab tarjima dasturlari mobil telefonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, har qanday joyda va istalgan vaqtda arab tiliga tarjima qilish imkonini beradi. ❖ Ko‘p tillilik imkoniyati ; Zamonaviy tarjima dasturlari yuzdan ortiq tillarni qamrab olgani sababli arab tili boshqa ko‘plab tillar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilinmoqda. Bu esa arab tilini o‘rganayotgan talabalar, tadqiqotchilar va mutaxassislar uchun katta qulaylik yaratadi. ❖ O‘quv jarayonlaridagi yordami; Arab tilini o‘rganayotgan talabalar yangi so‘z va iboralarni tezda tarjima qilish, gap tuzilishini tushunish, mashq va matnlar ustida mustaqil ishlash jarayonida tarjima dasturlaridan samarali foydalanmoqdalar. Bu esa ularning lug‘at boyligini oshirishga va til ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. ❖ Ovoz va rasm orqali tarjima qilish imkoniyati; Ayrim zamonaviy dasturlar matn bilan bir qatorda ovozli nutqni ham tarjima qila oladi. Masalan, arab tilida aytilgan gapni tinglab, uni avtomatik tarzda boshqa tilga tarjima qilib berish imkoniyati mavjud. Shuningdek, rasmga tushirilgan arabcha matnni tanib olib tarjima qilish funksiyasi ham foydalanuvchilar uchun juda katta qulaylik yaratmoqda. ❖ Bepul foydalanish imkoniyati; Aksariyat platformalar foydalanuvchilarga bepul xizmat ko‘rsatadi. Bu esa keng omma uchun arab tiliga tarjimani yanada ommabop va qulay qilib qo‘ymoqda. 2.3. Zamonaviy tarjimon dasturlarida o‘zbek-arab tilidagi tarjima sifatiga ta’sir qilayotgan muammolar
526 Zamonaviy tarjima dasturlari arab tiliga tarjima jarayonida bir qator qulayliklar yaratishiga qaramay, tarjima sifati masalasida jiddiy muammolar ham mavjud. Arab tilining murakkab grammatik tuzilishi, so‘z boyligi va uslubiy xususiyatlari avtomatik tarjima tizimlari uchun katta qiyinchilik tug‘diradi (Salomov,2015). Natijada tarjimada grammatik, semantik va stilistik xatolar ko‘p uchraydi. 1.Grammatik xatolar Arab tilida so‘zlarning jins (muzakkar–muannas), birlik–ikkilik–ko‘plik shakllari, fe’l zamonlari, aniqlik–noaniqlik kabi grammatik kategoriyalar juda muhim hisoblanadi. Avtomatik tarjima dasturlari ushbu qoidalarni har doim to‘g‘ri aniqlay olmaydi. Natijada gap tuzilishi buziladi, fe’l va ega mos kelmaydi, jumla mazmuni noaniq bo‘lib qoladi. Masalan: ِةعماجلا ىلإ ُتبهذ Google Translate tarjimasi: “U universitetga ketdi.” Izoh: Aslida “Men universitetga bordim” deb tarjima qilinishi kerak edi.Bu yerda ُت 1-shaxs (men), tarjimon dastur esa 3-shaxs (u) deb olgan.Ya’ni shaxs mosligi buzilgan. 2.So‘zlarning ko‘p ma’noliligi (polisemiya) bilan bog‘liq muammolar Arab tilida bitta so‘z bir nechta ma’noni anglatishi mumkin. Avtomatik tarjima tizimi esa ko‘pincha kontekstni to‘liq anglamagan holda so‘zning noto‘g‘ri ma’nosini tanlab oladi. Bu esa tarjima mazmunining butunlay o‘zgarib ketishiga olib keladi. Masalan: ا د يدج ا فظوم ُريدملا َنيع Google translate tarjimasi: “Direktor yangi xodimga ko‘zini tikdi.” Izoh: To‘g‘ri tarjima “Direktor yangi xodimni tayinladi” bo‘lishi kerak edi. َنيعso‘zing ko‘z (ism),tayinlamoq (fe’l) degan ma’nolari ham mavjud. Tarjima jarayonida so‘zning noto‘g‘ri ma’nosi tanlangan va ma’noda g‘alizik paydo qilgan. 3.Ibora, frazeologizm va maqollar tarjimasidagi kamchiliklar Avtomatik tarjima dasturlari ko‘pincha turg‘un birikmalarni so‘zma-so‘z tarjima qiladi. Natijada tarjima mantiqsiz, tushunarsiz yoki kulgili ko‘rinishga kelib qoladi. Aslida esa bunday birliklarni erkin, ma’noga mos tarzda tarjima qilish talab etiladi, bu esa faqat inson tarjimoni orqali mumkin bo‘ladi. Masalan: قّفصُت لا ةدحاو دي Yandex Translate tarjimasi: Bitta qo‘l chapak chalmas. Izoh: Iboraning to‘g‘ri tarjimasi “Bir qo‘l bilan ish bitmaydi” bo‘ladi.O‘zbek tilidagi “Qars ikki qo‘ldan chiqadi” yoki “Yolg‘iz yog‘ochdan darra chiqmas” maqollariga mazmunan mos keladi. Lekin tarjimon dastur bu maqolni so‘zma-so‘z tarjima qilishi noto‘g‘ri tarjimaga sabab bo‘lgan. 4.Badiiy matnlar tarjimasidagi uslubiy xatolar Avtomatik tarjima tizimlari asosan axborot va oddiy matnlar uchun moslashtirilgan. Biroq she’riy asarlar, badiiy tasvir vositalari, kinoya, tashbeh va ramziy ma’nolarni aniqlashda ular katta qiyinchilikka duch keladi. Natijada badiiy matnning estetik qiymati yo‘qolib, oddiy va ravon bo‘lmagan tarjima yuzaga keladi. Masalan: يبلق ىكب ينيع لبق Google translate tarjimasi: “Yuragim ko‘zimdan oldin yig‘ladi.”
527 Izoh: To‘g‘ri tarjima “Ko‘zlarimdan oldin yuragim yig‘ladi” bo‘lishi kerak edi. So‘zlar to‘g‘ri, lekin badiiy ohang yo‘qolgan. 5.Dialekt va adabiy arab tili o‘rtasidagi farqlar bilan bog‘liq kamchiliklar Ko‘plab tarjima dasturlari asosan adabiy arab tiliga moslashtirilgan. Biroq kundalik hayotda ishlatiladigan lahja va shevalar tarjimasida jiddiy xatolar yuzaga keladi. Bu esa real muloqotda noto‘g‘ri tushunishga olib kelishi mumkin. Masalan: ؟كيزإ Google translate tarjimasi: Ahvolingiz qandaydir? Izoh: bu Misr lahjasiga oid so‘z bo‘lib, “Qalaysan?” degan ma’noni anglatadi. Bu so‘zlashuv uslubiga oid so‘z, mashina tarjimon uni rasmiy shaklda tarjima qilgan.Ya’ni so‘zlashuv uslubiga oid so‘zni rasmiy shaklda tarjima qilib qo‘ygan. 2.4. Inson tarjimoni va sun’iy intellekt asosidagi tarjima dasturlari o‘rtasidagi hamkorlik Bugungi kunda tarjima sohasida sun’iy intellekt asosidagi avtomatik tarjima dasturlari tobora keng qo‘llanilmoqda. Biroq ushbu dasturlar inson tarjimonining o‘rnini to‘liq bosa olmaydi. Aksincha, zamonaviy tarjimashunoslikda inson tarjimoni va avtomatik tarjima tizimlarining o‘zaro hamkorligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Inson tarjimoni matnning nafaqat lug‘aviy ma’nosini, balki uning uslubiy, madaniy, kontekstual va emotsional jihatlarini ham chuqur anglay oladi (Nida, 2014). Avtomatik tarjima dasturlari esa, asosan, statistik va sun’iy intellekt modellariga asoslangan holda ishlaydi. Ular katta hajmdagi ma’lumotlarni tezkor qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, inson tafakkuri kabi chuqur tahlil qila olmaydi. Ayniqsa, arab tiliga xos bo‘lgan ko‘p ma’nolilik, ibora va frazeologizmlar, tashbeh va kinoyalarni to‘liq tushunish avtomatik tizimlar uchun murakkablik tug‘diradi. Shu bois zamonaviy tarjima jarayonida ko‘pincha quyidagi model qo‘llaniladi: dastlab avtomatik tarjima amalga oshiriladi, so‘ngra inson tarjimoni tomonidan tahrir va tuzatishlar kiritiladi. Bu usul nafaqat vaqtni tejaydi, balki tarjima sifatini ham sezilarli darajada oshiradi. Ayniqsa, ilmiy-texnik matnlar, hujjatlar va umumiy axborot matnlarida ushbu usul samarali natija bermoqda. Badiiy, diniy va falsafiy matnlar tarjimasida esa inson tarjimonining roli mutlaqo ustun hisoblanadi. Chunki bunday matnlarda matnning ruhiy holati, estetik qiymati va mazmuniy nozikliklari muhim ahamiyat kasb etadi. Bu jihatlar avtomatik tarjima tizimlari tomonidan to‘liq qamrab olinmaydi. Shuningdek, tarjima dasturlari yosh tarjimonlar va talabalar uchun yordamchi vosita sifatida muhim ahamiyatga ega (Abdurahmonov, 2018). Ular orqali talaba yangi so‘zlarni tez o‘rganadi, gap tuzilishini tushunadi va mustaqil mashq qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Biroq tarjima jarayonida faqat avtomatik dasturlarga tayanish talabada mustaqil fikrlash va tahlil qilish ko‘nikmasining susayishiga olib kelishi ham mumkin. XULOSA Zamonaviy texnologiyalarning jadal rivojlanishi tarjima sohasida ham tub o‘zgarishlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Bugungi kunda avtomatik tarjima dasturlari, xususan, sun’iy intellekt asosida ishlovchi tizimlar arab tiliga tarjima
528 jarayonida keng qo‘llanilmoqda. Ular tarjimani tezkor amalga oshirish, qulay foydalanish va keng omma uchun ochiq bo‘lishi bilan ahamiyatlidir. Tadqiqot davomida zamonaviy tarjima dasturlarining arab tilidagi tarjima sifatiga bo‘lgan ta’siri tahlil qilindi. Ularning afzalliklari sifatida tezkorlik, qulaylik, ko‘p tillilik, o‘quv jarayonida yordam berishi, ovoz va rasm orqali tarjima imkoniyatlari qayd etildi. Biroq tarjima sifatida grammatik xatolar, so‘zlarning ko‘p ma’noliligi, ibora va frazeologizmlarning so‘zma-so‘z tarjima qilinishi, badiiy matnlardagi kamchiliklar kabi jiddiy muammolar mavjudligi ham aniqlandi. Shuningdek, inson tarjimoni va avtomatik tarjima dasturlari o‘rtasidagi farq va hamkorlik masalasi ham yoritildi. Avtomatik tarjima tizimlari inson mehnatini yengillashtiruvchi yordamchi vosita sifatida muhim ahamiyatga ega bo‘lsa-da, ular inson tarjimonini to‘liq almashtira olmaydi. Ayniqsa, murakkab, badiiy mаtnlar tarjimasida inson tafakkuri, tajribasi va madaniy bilimlari hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Hutchins, W. J., & Somers, H. (2013). An introduction to machine translation. London: Academic Press. 2. Nida, E. A. (2014). Language, culture, and translation. Leiden: Brill. 3. Komilov, A. (2016). Badiiy matnni tarjima qilish nazariyasi. Toshkent: Fan. 4. Abdurahmonov, Gʻ. (2018). Tarjimashunoslik asoslari. Toshkent: Fan. 5. Salomov, M. (2015). Arab tili grammatikasi va tarjima muammolari. Toshkent: Fan. 6. Google. (2024). Google Translate: Features and updates. Retrieved from https://translate.google.com 7. OpenAI. (2024). ChatGPT and machine translation. Retrieved from https://openai.com