OMON MATJON SATIRASI
Full text
184 3 5 OMON MATJON SATIRASI Munisjon Hakimov, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.18052296 Annotatsiya: Maqolada Omon matjonning satirik she’rlari, ularda ilgari surilgan g‘oyalar tahlilga tortiladi. Shuningdek, shoir she’riyatidagi satiraning o‘ziga xos jihatlari haqida fikr yuritiladi. Kalit so‘zlar: satira, satirik ifoda, hajv, tanqidiy she’r, poetik tafakkur, obraz, lirik qahramon, g‘oya. Аннотация: В статье анализируются сатирические поэмы Амона Матжона, идеи, изложенные в них. Также рассматриваются специфические аспекты сатиры в поэзии поэта. Ключевые слова: сатира, сатирическое выражение, сатира, критическая поэма, поэтическая мысль, образ, лирический персонаж, идея. Annotation: The article analyzes the satirical poems of Amon Matjon, the ideas presented in them. It also discusses the specific aspects of satire in the poet’s poetry. Key words: satire, satirical expression, satire, critical poem, poetic thought, image, lyrical character, idea. Kirish. Adabiyot faqat balandparvoz gap-u ijodkorlik shu balandparvozlik orqasidan qorin to‘ydirish degani emas. Agar shunday bo‘lganida Abdulla Qahhor uning «kuchini o‘tin yorishga sarf»lashni tavsiya etishi tayin edi. Jumladan, o‘zi ishongisi kelmagan she’ri bilan she’rxonni ishontirmoqchi bo‘lgan shoir yuksaklik emas, tubanlik sari harakat qiladi. Aksincha, balandparvozlikdan xoli, haqiqat kuylangan she’r o‘quvchi qalbi va shuuurida betakror iz qoldiradi. Chunki bunda shoir o‘quvchi bilan hamdard, hammaslak. She’rxon go‘yo shoirning lirik qahramoni. Adabiyotlar tahlili. Omon Matjon she’riyati bilan tanish o‘quvchi ana shunday xulosalarga kelishi tabiiy. Uning maqtov, faxr, tantanavorlik aks etmagan, satirik va tanqidiy she’riy asarlari ham adabiyotning bosh maqsadiga xizma qiladi – vijdon bilan hisoblashishga, nafsni tiyishga, ezgulikni ulug‘lashga, halol va haromni farqlashga, insoniyatni o‘zaro totuvlikka, Vatanni sevishga chorlaydi. Gapni chuvalashtirmay misollarga murojaat etaylik. Mana, uning «Bozor hazili» she’ri. She’r 1992-yil – mustaqilikning ilk yillarida yozilgan. Dehqon ham, hunarmand ham – barchasi o‘z mahsulotining egasiga aylanib o‘zi sota boshladi: «O‘z joyida muqim narsa qolgani gumon, Alish-almash, ayirboshlash zamoni kelmish». Xo‘sh, erkinlik zamonida har kim o‘z mulkidan xohlaganidek foydalansa, nima bo‘libdi? Qolaversa, qadimda ham bu yerlardan savdo karvonlari o‘tgan, qimmatbaho buyumlarni bizning mahsulotlarimiz bilan ayriboshlashgan. Lekin shoir masalaning boshqa jihatiga e’tiborni qaratadi. O‘z mulkiga ega bo‘lish degani uni xohlagancha va xohlaganga sotish mumkin degani emas: Nahot, foyda, tama yashar millatsiz, yersiz, Katta-kichik alishmoqda ne tushsa qo‘lga! [1.15]
185 3 5 Shoir shu o‘rinda tinib tinchimagan xalqni bolarilarga qiyoslaydi. Lekin bolarilar «o‘z ishi-la band... Sal xavf sezsa, bir-biriga qalqonu voband». Hayotda ham mehr, odamiylik, birlik, o‘zlik kabi tushunchalarni asrab qolish juda muhim. Mustaqillikka erishilgani barchasi muhayyo degani emas, xalq birdam bo‘lishi, taraqqiyot uchun muntazam kurashishi lozim. Aks holda xalqning erki, o‘zligi yo‘qolishga mahkum. Shuning uchun shoirning qarori qat’iy: Xalqim! Agar istiqboling tag‘in bulutli, O‘tolmasang oldi-sotdi, nafdan nariga – Alishaman, sotvoraman seni bir quti, Bir jamoa, bir ahil uy asalariga! [1.15] Tadqiqot metodologiyasi. Mazkur maqolada adabiy-tahliliy metod asosiy usul sifatida qo‘llanildi. Omon Matjonning satirik she’rlari matn tahlili, g‘oyaviy-badiiy tahlil hamda obrazlar tizimi nuqtayi nazaridan o‘rganildi. Satiraning poetik xususiyatlarini ochishda qiyosiy-tarixiy metoddan foydalanilib, shoir ijodi mumtoz va zamonaviy adabiyot an’analari bilan solishtirildi. Shuningdek, kontekstual yondashuv asosida asarlar yozilgan davr ijtimoiysiyosiy muhit bilan bog‘liq holda tahlil qilindi. Satirik ifodaning estetik va ma’naviy ahamiyatini aniqlashda interpretativ (talqin) metod qo‘llanildi. Tahlillar va natijalar. So‘z Omon Matjonning millat taqdiri bilan bog‘liq satirik she’riyati haqida borar ekan, bu jihatdan uning «Ajoyib g‘alabalar» she’ri ham e’tiborni tortadi. She’r sobiq Ittifoq xalqlarining yetmish yil mobaynida erishgan «minglab tashbehlar bilan jismi jonimizga tomirlab ketgan» g‘alabalari, zafarlari xususida. Lekin shoir ulardan g‘ururlanishga shoshilmaydi. Mohiyat va natijalaga e’tiborni tortadi. Gʻalaba albatta g‘olibniki. Mag‘lub esa «basir, qul, rizqi ham nimchorak». Inqilobdan so‘ng xalqning mulkiga egalik qilgan deya boylarni quloq qildik. Boyliklari esa xalqqa qaytarilishi o‘rniga tashib ketildi. Shuning uchun bu «g‘alaba»dan so‘ng ham «kambag‘alning to‘ymadi qorni». 30-40-yillarda «Biz elni, ilmni, olamni bilgan Xalqning «dushman»larin «yengdik» beomon!» Mustamlakachilarga ziyolilarimizni o‘z qo‘limiz bilan tutib berib erishgan bu «g‘alaba»miz esa avvalgisidan ham o‘tib tushdi. Endi bosqinchilik siyosatini amalga oshirayotganlarni hisob berishga majbur qiladigan kishining o‘zi qolmadi. Aslida esa haqiqiy xalq dushmanlariga yengildik. Jamiyat faqatgina robot yoki quldek hech qarshiliksiz buyruqni bajaradigan bo‘lib qoldi. «Gʻalaba»larimizdan yana biri Ikkinchi jahon urushida «gazanda Gitlerni – qora baloni devni chivin bilan haydagan misol» yengganimiz. Achinarlisi shuki bu jangga millionlab ittifoqlik, xususan, markaziy osiyolik jangchilar hech qanday qurolsiz va tayoyorgarliksiz kiritilavergan. Inson qadri bilan hisoblashishni, ayniqsa, markaziy osiyoliklar haqida gap ketganda, xayolga ham keltirishmas edi. Kam sonli dushmanga qarshi behisob qurbonlarimizning daryo bo‘lib oqqan qoniga bo‘yalgan
186 3 5 «bayrog‘imiz – ol!» Biroq biz yana mustamlakaligimizcha qolaverdik, mag‘lublar taraqqiyotda bizdan ildamlab ketdi: «Yettinchi osmonda yashar hur, ozod!» Paxta hosilini yetishtirish uchun cho‘llar, qo‘riq yerlar o‘zlashtirildi. 1944-yilda O‘zbekiston 820 ming tonna paxta topshirdi. Moddiy, ma’naviy hamda ekologik yo‘qotishlar evaziga erishilgan «Bu o‘zbek dehqoninng erishgan katta g‘alabasi»ning [2.449] o‘ziga xosligi shundaki, «hosilni egamas, hasharchi bo‘lib» topshirdik. Uning taqdiri va foydasi bizga begona. Ana shunaqa ur-surli «g‘alaba»larni ketma-ket zabt etaverib, faqat moddiy boyliklarniigna emas, ma’naviy boyliklarimizni ham qo‘ldan bera boshladik. Milliy bayramlarimizu urf-odatlarimiz tamomila unitilayozdi. Shuncha «g‘alaba»ga erishgan millatning tili Davlat tili sifatida qanoatlantirilmadi. Ittifoq atalmish «qonli kema» bizni minglab yillik tariximiz va madaniyatimiz qirg‘oqlaridan olislarga olib ketdi. Vo ajab! Biz qancha zafar qozonsak, Shuncha bor qul, qaram bo‘lib qolibmiz! [1.85] Xalqimiz peshonasiga ana shunday «g‘alaba»larning bitishiga ham o‘zimiz sabachi. Chunki amirlik va xonliklarga bo‘lingan holda bir-biri bilan ziddiyatda bo‘lgan uchta davlat Chor Rossiyasiga qarshi kurashda birika olmadi. Buyuk Temur davlati o‘rnida parchalangan hokimiyatlar hukmronlik qildi. Shoir to‘rtligida holat o‘ziga xos satik tarzda ifodasini topgan: Ikkiga bo‘lindi bir guruh o‘rtoq, Intilish ozaydi – toraydi so‘qmoq. Bir yalov ostida edilar endi Chiti munda qoldi, munida – tayoq. [1.29] Diqqatimizni «Kul Tigin» bitigidan olingan quyidagi parchaga e’tibor qaratsak: «Beklari, xalqi insofsiz bo‘lgani uchun, tabg‘ach xalqi hiylakor bo‘lgani uchun, toymas bo‘lganligi uchun, firibgar bo‘lgani uchun, og‘a va inini bir-biriga qayragani uchun, begi va xalqini bir-biriga chaqqani uchun turk xalqi ellashgan davlatini qo‘ldan chiqarib yuborgan» [4.25]. Ko‘rinadiki, tashqi kuchlar tomonidan bo‘lib tashlash, bir-biriga qayrash orqali davlatning yo‘q qilinishi turkiy xalqlar uchun azaliy muammo bo‘lgan. Ayni muammo ortidan XVII asr shoiri Turdi Farog‘iy xam: Birni qipchoqu xitoyu, birni yuz, nayman demang, Qirq-u yuz, ming son bo‘lub bir jon oyinlik qiling... [5.131] – deya faryod qilib turli o‘zbek urug‘larini taraqqiyot uchun birlashishga chorladi. Omon Matjonning yuqorida keltirilgan satrlarida ham o‘z so‘zi, ovozi va ozodligiga ega bo‘lish uchun birlashish g‘oyasi an’anaviy davom ettirilsa-da, ifodada satirik tasvirning ustunligi bilan ajralaib turadi. Ya’ni bir bayroq ostida harakat qiluvchi millat ikkiga bo‘linib molmulkni teng bo‘lishgan. Hattoki bayroqni ham. Lekin ikkiga bo‘lingan bayroq endi oddiy latta va tayoqdangina iborat matoh. Endi ular millat emas, olomon. Olomonning boshiga esa
187 3 5 xohlagan ko‘yni solish mumkin. Daho shoirimiz A. Oripovga ko‘ra bu jamiyat «Mashrab osilganda» ham «Cho‘lpon otilganda» ham tomoshaga o‘ch xolos. Uning a’zolari ikkiyuzlamachilik va yolg‘onchilikdan tap tortmaydi, o‘z manfaati yo‘lida yolg‘onni – rostga, rostni – yolg‘onga to‘nkarib turaveradi. Gap ikkiyuzlamachilik, yolg‘onchilik haqida borar ekan, Omon Matjonning «Bu – yolg‘on!..» she’ri e’tiborga molik. She’rda shoir «yolg‘on» so‘zini turli ko‘rinishda turli shaxslar tilidan so‘zlatadi. Shu birgina so‘zni aytish orqali kimdir «erka, to‘q», «ingranadi kimdir bag‘ri qon», «ishshaydi birov», «ko‘krakka mushtladi kimdir». «Erka, to‘q»lar haqiqat yuziga oyoq qo‘ysalar, «bag‘ri qon»lar haqiqat istashadi. «Ishshaygan birov»lar «iflos vijdon bilan g‘olib» (A. Qodiriy) bo‘lsalar, «ko‘krakka mushtla» «pok vijdon bilan mag‘lub», «haqiqa yo‘lida boshi ketsa, «ix» demay»diganlar (A. Qodiriy). Xullas, Shundoq, bitta rost so‘z aytilgunicha Kim qancha jonlarning umidi so‘ndi. [1.317] Omon Matjonning «Tabiatning «Qizil kitob»iga» she’rida ham ekologik muammolar bilan birga vijdon, sadoqat, do‘stlik kabi insoniy tuyg‘ular haqida so‘z yuritiladi. Shoirning boy poetik tafakkuri bu tushunchalarni «Qizil kitob» bilan munosabatga kirishtiradi. «Qizil kitob»da qirilib ketayotgan o‘simlik va jonzodlar nomi kiritilib ular asrab qolishga harakat qilinadi. Demak, «Qizil kitob» qaysidir ma’noda «najot elchisi bo‘lsa, yetdi unga ko‘p gap yozmoqning payti!» Birinchi galda samolyotu mashinalardan chiqayotgan zaharli tutunlar tufayli noyob bo‘lib qolayotgan toza havoni, keyin toza suvni yozishni xohlaydi shoir. Ya’ni shoir ifodada «Qizil kitob» bilan o‘z ma’nosidagi aloqadorlikni darhol to‘lig‘icha uzib ramziylashtirib yubormaydi (tabiat bilan aloqadorlik qiluvchi, noyob bo‘lib borayotgan havo va suv kabi tushunchalar atrofida fikr yuritadi). She’rning so‘nggi bandlaridagi faqatgina kamyoblik ma’nosi orqali «Qizil kitobga» bog‘lanib to‘lig‘icha ramziylik kasb etadigan insoniy fazilatlar bilan bog‘liq ifodadar esa shoir tafakkurining yanada yuqoriroq qatlamda bo‘y ko‘rsatayotganligini akslantiradi. Kitobxon diqqatini insoniy munosabatlarda yo‘qolib borayotgan tushunchalarga qaratadi. «Kimlar pur-to‘kin, Kimlar eng oxirgi bir ko‘makka zor!» Uning nazdiga ko‘ra «qiymati buyuk» DO‘STLIK, «sobit E’TIQOD», tabarruk UDUMlarni ham topish mushkul. Udumlar nainki bir-ikki avlod, Bir Xalq taqdiridan shahodatnoma! [1.143] Omon Matjonning «Falonchining fikri», «Go‘dak fe’lli do‘stimga» she’rlarida jamiyat va shaxslar xarakteridagi illatlar ayovsiz kulguga tortiladi. «Falonchining fikri» she’rida ta’ma kutuvchi amaldorlarning sansolarchiligi, mansabni suiste’mol qilishi fosh etilgan. Yangi ixtiro tasdiqdan o‘tishi uchu hakam oldiga qo‘yiladi. Ammo u «lom-mim – kutganmish bir kishini». Ish haqida biror mard fikr bildirmabdi. Ixtirochi «baland»ga ko‘tarilayotganda: Falonchi so‘z qistiribdi:
188 3 5 «Yosh-da... Gʻo‘r-da... Alanga!... [1.274] – deya uni ishdan ham, taqdirlovdan ham qoldirib yuborishadi. Xullas, «ichgan bir kult arog‘i»yu birovning qizi bilan salomlashgani ham uning boshiga bitgan balo bo‘ladi. Chunki ixtirochi «o‘zni mag‘rur tut»gan, «falonchi»ni eslamagan, «falonchi»ga yoqmaydigan kiyim kiygan. U «Shaxs»larga yoqish uchun: Xushomadni va «xo‘p-xo‘p»ni Hujjat – qasam qilib ol... [1.275] Muammolar oson hal bo‘lishini istagan kishi shunga odatlanishi kerak. Ikkiyuzlamachi va amalparast kimsalar uchun iste’dod, qalb – sariq chaqaga ham arzimas tushunchalar. «Falonchilar qilmaguncha muruvvat» ikki dunyo qorong‘u ularga. Aynan shular – o‘z tinchi, qorin g‘ami uchun yashaydiganlar millatning erki, g‘ururining toptalishiga sabab bo‘lmaganmidi? Shunaqalar sabab Abdurauf Fitrat Miriix yulduzidan: Bormi senda bizim kabi insonlar, Ikki yuzli ishbuzarlar, shaytonlar? [3.36] deya najot tilamaganmidi? «Go‘dak fe’lli do‘stimga» she’rida esa shaxslar xarakteridagi qusurlarni bolaga xos xususiyatga qiyoslash orqali qattiq kulgu ostiga oladi. Bola qilgan xatolari uchun tez-tez kattalardan dakki eshitadi, o‘rni kelganda jazolanadi, so‘ng yig‘laydi, uzr so‘raydi. Bu holat kattalarda yo‘q deysizmi? Yo‘qsa, har qadamda nechun xatolar, Nechun shuncha yig‘i ham iltijolar?! [1.148] Bolaga xos nafsning quli bo‘lish kattalarda ham bor. «Yo‘qsa, ne uchundir buncha to‘ymaslik?» Yomoni shuki, bolaning nafsini biror yegulik yoki o‘yinchoq bilan aldash mumkin, lekin kattalarning nafsi o‘pqon misoli hamma narsani o‘z domiga tortaveradi. Yosh bolada taqlidga moyillik kuchli – kattalardan eshitganini takrorlab yuradi. Shoir kattalardagi laganbardorlik, «soyasiga salom berish» kabi illatlarni shunga o‘xshatadi: Yo‘qsa, nima uchun kattalar zinhor Ne desalar shuni qilamiz takror?! [1.148] She’r so‘ngida kulgu salmog‘i kulminatsiya talabiga ko‘ra ortadi. Endi shoir ayrim shaxslarni emas, millatni go‘dakka qiyoslash bilan she’r talabiga xos obrazlilikni yaratadi. Ya’ni biror nimani talab qilavergan yoki yig‘layotgan bolani kattalar aldashadi, ovutishadi. Agarda hech imkoni bo‘lmasa, onasi uni uxlatadi. Sho‘ro mafkurasi ta’qibi va ta’sirida o‘tgan yetmish yiligi tasavvurimizni ham, tafakkurimizni ham go‘dakniki singari tutishga urinildi. Millatning Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriy, Fayzulla Xo‘jayev, Usmon Nosir kabi uyg‘oq vakillari qatag‘on qilindi. Ming yilliklar osha shakllangan sivilizatsiyamiz ta’qibga uchradi, tariximiz to‘g‘ri baholanmadi. Bu qilmishlarning hammasida millatimizning o‘zligini eslamaslik, mustamlaka bo‘lib qolish, ERK, OZODLIK kabi tushunchalarni yodga olmaslik kabilar maqsad qilib olinga edi:
189 3 5 Yo‘qsa, ne uchundir shuncha ovutmoq, Shuncha aldab, shuncha uyquda tutmoq?! [1.148] She’rning 1975-yilda yozilganligi tutqich bilmas hislar to‘lqinining shoir qalbidan o‘sha mafkura hukmronlik qilgan davrlardayoq otilib chiqqaligidan dalolat! Chunki haqiqiy SHOIR qalbida zamon va makon poylab turmas dardli tuyg‘ular jo‘sh uradi. Shoir ijodida Vatanni asrash, Yurtga sodiqlik shu darajada kuchliki, uning poetik tafakkuri «Playnzliklarning antiqa irimi»da ham bu borada o‘ziga xos obrazlilik yarata olgan. Shoir 1979-yili AQSHning Playnz shahri do‘konlaridan biriga kirganida devorda ignalar qadab tashlangan xaritaga ko‘zi tushadi. Sotuvchi qiz shoirga odatni tushuntiradi: – Sayyoh qaysi yurtga qaymoqchi bo‘lsa, O‘sha joyga mana, igna qadasin! [1.230] Mana shu oddiy detal to‘qqiz banddan iborat kattagina she’rga tayach – tugun vazifasini o‘tagan. Xo‘sh, qahramonimiz igna qadaydimi, yo‘qmi? Qadasa, nima bo‘ladi? Qadamasachi? Shoir igna qadashni vataniga xiyonat deb biladi va taklifni rad etadi. Yurtimiz qalbini bir bor ko‘rsayding, Nayzalar o‘rnini minglab bitmagan. Doro, Iskandarlar tig‘ urgan unga, Endi men sanchishim go‘yo yetmagan. [1.230] Arablar-u Chingiz bosqilarida to‘kilgan qonlarda «Okeanlar kosadan chiqardi». «Hatto toj-taxt deb o‘z elin» ne-ne xonlar qon to‘kmadi bu yurtda. Shunday bag‘ri xun va yara yurtiga shoir qanday qilib igna sanchsin! Uzoqqa bormay Ikkinchi jahon urushini esga oling – «Gitler o‘zbek tuprog‘iga otmasa-da o‘q» jangga ketgan vatandoshlarimizdan kelgan «qo‘rg‘oshindan og‘ir qoraxatlardan» har bir oilaning bag‘ri kemtik. O‘quvchi endi bir to‘xtamga keladi: qahramonimiz ignani qadamaydi! Yo‘q, u ignani qadaydi va bunga tayinli asos topa oladi: Yurtga igna sanchmoq nechog‘lik og‘ir, Lekin qaytib borish istagi zo‘rroq! [1.231] Arablar-u Chingiz bosqiniga qarshi o‘n minglab askarlar jang kilgandir, toj-taxt talashlarida yuz minlab askrlar qubon bo‘lgandir, Ikkinchi Jahon urushida millionlab vatandoshlarimiz halok bo‘lgandir, lekin lirik qahramonning qaynoq qoni ularnikidan-da ustunroq jasorat kursatishga shay! Shuning uchun u vataniga qaytishni, yurtni millionlab askarlarga ishonmasdan o‘zi himoya qilishni istaydi. Xulosa. Kitobxon Omon Matjon she’riyati bilan tanishar ekan, unda catirik ifoda salmoqli mavqega ega ekanligiga guvoh bo‘ladi. Bu she’riyatdagi satira goh u, goh bu ko‘rinishda shaxsni halollik, vijdonlilik, mehr-muhabbatli bo‘lishga; millatni jasurlik, g‘ururlilik, uyg‘oqlikka; insoniyatni birdamlik, ezgulikni ulug‘lashga chorlaydi.
190 3 5 Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yhati: 1. Matjon O. Saylanma. – Toshkent: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1995. 384 b. 2. O‘zbekistonning yangi tarixi. Ikkinchi kitob. – Toshkent: Sharq, 2000. 208 b. 3. Fitrat A. Tanlangan asarlar. – Toshkent: Ma’naviyat, 2000. 688 b. 4. Qadimiy hikmatlar. – Toshkent: GʻASN, 1987. 432 b. 5. Abdullayev V. O‘zbek adabiyoti tarixi. Ikkinchi kitob (qayta ishlangan 3-nashr). – Toshkent: O‘qituvchi. 348 b.